Palmadoshlar, palmalar (Palmae yoki Arecaceae) — bir pallali daraxtsimon oʻsimliklar oilasi. Tropik va qisman subtropiklarda oʻsadigan 240 tacha turkumi, 3400 tacha turi maʼlum. P.ning koʻp turlari Osiyoda (Indoneziya), Afrika va jan. Amerikada, P.ning past boʻyli turi esa Yevropada tarqalgan. Koʻpincha shoxlamay tik oʻsadi. Tanasining boʻyi 60 m cha, diametri 1 m ga yetadi. Baʼzi turlari butasimon, lianasimon (300 m gacha). Barglari patsimon, daraxtsimonlarida tana uchida tuda boʻlib, butasimonlarida esa yer bagirlab osilib yotadi. Barglarining uz. hatto 15 m cha. P. bir va ikki uyli oʻsimlik. Ayrim turlari har yili, baʼzilari faqat bir marta gullab mevalaydi. Toʻpguli yirik, oq, sargʻish yoki koʻkish, ayrim jinsli, baʼzan qoʻsh jinsli mayda gullardan iborat. Mevalari — quruq yoki etli danak: kamroq rezavor-mevasimon, baʼzilari mayda, boshqalari esa kichik xandalakdek keladi. P. 5—12 yoshida gullaydi, 30—50 yil yashaydi.

P. 2 oilachaga boʻlinadi. Koʻpgina P.ning mevasi yeyiladi. Xom mevasidan kokos suti olinadi. Pusti archilgan mevalaridan yogʻ va margarin olishda foydalaniladi (moyli palma). Poya tolalaridan juda pishiq arqon, barg tolalaridan savat, shlyapalar toʻqiladi. Poyasining kraxmalli oʻzagidan sago (sago palmasi, mavrikiya palmasi) olinadi. Finikiya palmasippnt mevasi isteʼmol qilinadi.

P. Kavkazning Qora dengiz sohillarida, Gʻarbiy Gruziyada, Qrimning jan. soqillarida, Turkmanistonning gʻarbiy qismida va boshqa yerlarda qadimdan manzarali oʻsimlik sifatida ekiladi. P. urugʻidan, baʼzi turlari parhishlab koʻpaytiriladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil