Payariq tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Samarqand viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan (markazi Chelak qishlogʻi boʻlgan). 1953-yil Payariq tumanining bir qismidan Narimonov tumani tuzilgan. 1959-yilda Narimonov tumani Payariq tumaniga qoʻshilgan (markazi Narimonov qishlogʻi). 1991-yilda Payariq tumanidan Chelak tumani ajralib chiqqan. 2001-yilda yana Payariq tumani bilan Chelak tumanlari birlashtirilib, ular negizida Payariq tumani tashkil qilindi (markazi Payariq sh.). Payariq tumani oʻrtacha 610 m balandlikda. Shimoli-gʻarbdan viloyatning Qoʻshrabot, gʻarbdan Ishtixon, janubdan Oqdaryo va Jomboy tumanlari, shimoldan Jizzax viloyatining Forish, shimoli-sharqdan Gʻallaorol tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 1,29 ming km². Aholisi 182,9 ming kishi (2003). Tumanda 2 ta shahar (Payariq, Chelak), 6 ta qishloq fuqarolari yigʻini (Guliston, Koʻkdala, Koʻltoʻsin, Sanoat, Choshtepa, Qorasuv) bor. Tuman markazi — Payariq shahri.

Payariq tumani



tuman
Tarkibida Samarqand viloyati
Maʼmuriy markazi Payariq
Hokimi Isroil Jabborov [1]
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Payariq tumani xaritada
39°59′21″N 66°50′45″E / 39.98917°N 66.84583°E / 39.98917; 66.84583

Tabiati. Tuman hududi Nurota togʻ tizmalarining janubida joylashgan. Relyefi shimolida togʻlar, adirlar, togʻ oraligʻi botiqlari, jan. qismi tekislikdan iborat. Tuproqlari, asosan, och boʻz tuproq, togʻ etaklarida toʻq boʻz tuproq, jigarrang va qoʻngʻir togʻ-oʻrmon tuproqlari.

Yovvoyi oʻsimliklardan shuvoqshoʻra aralash efemerlar, bugʻdoyiq va togʻchalachoʻl oʻsimliklari oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, chiyaboʻri, quyon, jayran, jayra, gekkon kaltakesagi, toshbaqa, sariq ilon, echkemar, koʻrsichqon, tipratikan, kalamush, qushlardan soʻfitoʻrgʻay, chumchuq, chugʻurchiq, zargʻaldoq va boshqa uchraydi. Iqlimi keskin kontinental. Yillik oʻrtacha temperatura 13,4°, yanvarning oʻrtacha temperaturasi — 1,2°, iyulniki 27°. Eng yuqori temperatura 45°, eng past temperatura —28°. Vegetatsiya davri 196 kun. Yillik oʻrtacha yogʻin 312 mm, asosan, qishda va bahorda yogʻadi. Togʻlardan oqib tushadigan mayda soylar bahor oylarida Sagʻanoqsoyga borib quyiladi. Janubiy tekislik qismidan Zarafshon daryosining irmoqlari — Qorasuv va boshqa mayda soylar oqib oʻtadi. Ekinlarni sugʻorishda Zarafshon va boshqa daryo hamda soylardan foydalaniladi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, turkman, qozoq, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 142 kishi.

Xoʻjaligi. Tumanda paxtachilik bilan birga don yetishtirish va chorvachilik muhim tarmoqlardan hisoblanadi. Tumanda „Baltimor“ Rossiya — Amerika qoʻshma korxonasida konserva, kompot, tomat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Qurilish oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Paxta tozalash, gʻisht zavodlari bor. Kichik, xususiy korxonalar faoliyat koʻrsatadi. Tumanda shirkat, fermer xoʻjaliklari mavjud. Qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlarga paxta, don, kartoshka, sabzavot va poliz, yem-xashak ekinlari ekiladi. Mevazor, tokzor va tutzorlar bor.

Tuman xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki boqiladi.

Payariq tumanida 98 umumiy taʼlim maktabi, 2 musiqa, 3 sport, 1 futbol maktablari, 2 adabiyot va til markazi, Chelak sanoat-transport, Payariq, Al Buxoriy qishloq xoʻjaligi kollejlari mavjud. Markaziy kutubxona va uning 61 tarmogʻi, 2 bolalar, 1 maxsus kutubxona, markaziy madaniyat uyi, shahar, 24 qishloq madaniyat uylari, 3 avtoklub, xalq teatri ishlab turibdi.

Tumandagi markaziy kasalxona va uning Chelak, N.Azizov, Oxunboboyev, Navoiy, Oqqoʻrgʻon, Koʻltoʻsin hududiy boʻlimlari, 2 tez tibbiy yordam boʻlimi (jami 565 davolash oʻrni), 2 poliklinika, 30 qishloq vrachlik punkti, 47 feldsher-akusherlik punktida 284 vrach, 1825 oʻrta va kichik tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududidan Samarqand — Payariq — Qoʻshrabot yoʻllari orqali Navoiy, Jizzax viloyatiga, Samarqand — Chelak — Mitan orqali Qoʻshrabottumani hamda Navoiy viloyati yoʻnalishi boʻyicha avtobuslar qatnaydi.

Tumandagi tarixiy va meʼmoriy yodgorliklar ichida eng yirigi Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuidir (qarang Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasiga). Payariq shahrining shim. qismida Tohir shayx maqbarasi va masjidi bor. Chelaktepa, Shoʻrtepa, Uchtepa, Yigirmatepa, Ernazartepa, Qorovultepa, Moylitepa, Yoʻltepa kabi tepaliklar saqlanib qolingan.[2]

Manbalar

tahrir
  1. Payariq tumaniga yangi hokim tayinlandi
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil