Polsha bosqini
Polsha bosqini (1939-yil 1-sentyabr — 6-oktabr), "Sentabr kampaniyasi" nomi bilan ham mashhur, 1939-yilgi mudofaa urushi yoki Polsha kampaniyasi (nemischa: Überfall auf Polen, Polenfeldzug ) — Ikkinchi Jahon urushi davrida Polshaning sovet-nemis armiyalari tomonidan egallab olinishi. Sobiq SSSR hamda Fashistik Germaniya oʻrtasida imzolangan Molotov-Ribbentrop paktiga koʻra, nemislar 1939-yil 1-sentabrda Polshaga bostirib kirgan. Sovet armiyasi esa Polshaga 17-sentabr kuni bostirib kirgan. Ushbu bosqin 1939-yil 6-oktabrda sovet-nemis armiyasi gʻalabasi hamda German-Sovet chegara shartnomasi imzolanishi bilan yakunlangan.
17-sentabrda Sovet Qizil armiyasi Molotov-Ribbentrop paktining maxfiy bayonnomasiga koʻra, Kerzon chizigʻidan tashqarida joylashgan hududga bostirib kirdi. Ikkinchi jabhaga duch kelgan Polsha hukumati mamlakat birligini saqlab qolish endi mumkin emas, degan xulosaga keldi va barcha qoʻshinlarni neytral Ruminiyaga favqulodda evakuatsiya qilishni buyurdi. 6-oktabrda Kok jangida Polsha magʻlubiyatidan soʻng Germaniya va Sovet qoʻshinlari Polsha ustidan toʻliq nazoratni qoʻlga kiritdilar. Bosqinning muvaffaqiyati Ikkinchi Polsha Respublikasining tugashini belgiladi.
8-oktabrda, dastlabki harbiy maʼmuriyat davridan soʻng, Germaniya toʻgʻridan-toʻgʻri gʻarbiy Polshani va sobiq erkin shahar Dansigni anneksiya qildi, qolgan hududni yangi tashkil etilgan Uchinchi reyx maʼmuriyati boʻysundirdi. Sovet Ittifoqi oʻzining yangi qoʻlga kiritgan hududlarini Belarus va Ukraina respublikalari tarkibiga kiritdi va darhol sovetlashtirish kampaniyasini boshladi. Bosqindan keyin Polshada partizanlik harakati avj olib ketdi, ular Polshaning gʻarbiy qismida qarshilik harakatlarini boshlab yubordilar.
Urushdan avvalgi holat
tahrir1933-yil 30-yanvarda Germaniyada Natsional sotsialistik ishchi partiyasi rahbari Adolf Gitler boshchiligidagi natsistlar hokimiyat tepasiga keldi[1]. Veymar Respublikasidagi baʼzi dissidentlar uzoq vaqtdan beri Polshaga tegishli hududlarni qoʻshib olishga intilishgan boʻlsa-da, ammo Germaniyaning iqtisodiy inqiroz holatida ekanligi bunga xalal berib kelgan. Gitler hukumati dastlab Polsha bilan yaqinlashish siyosatini yuritgan. 1934-yilgi Germaniya-Polsha hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi pakti imzolanadi. Gitlerning tashqi siyosati Polsha va Fransiya oʻrtasidagi aloqalarni zaiflashtirishga qaratildi va Polshani antikomintern paktiga qoʻshsih orqali Sovet Ittifoqiga qarshi front chizigʻi yaratishga intildi. Agar Sovet Ittifoqiga qarshi urush olib borishga rozi boʻlsa, Polshaga Ukraina va Belorussiyaning shimoliy-sharqidagi hududi beriladi, ammo polyaklar tomonidan kutilgan imtiyozlar ularning Vatanlari Germaniyaga qaram boʻlib qolishini anglatardi. Shu boisdan, Germaniya bilan yaqinlashish siyosatidan voz kechgan Polsha Buyuk Britaniya hamda Fransiya bilan yaqinlashdi.
23-avgust kuni kutilmaganda Molotov-Ribbentrop paktining imzolanishi bilan, Moskvada boʻlib oʻtgan fashist-sovet maxfiy muzokaralari natijasida Germaniya va Sovet Ittifoqi urush boshlangan taqdirda Polshani boʻlib olishni kelishib oldilar. Aslida sovetlar Fransiya yoki Buyuk Britaniyaga Germaniya Polsha uchun urush boshlagan taqdirda yordam bermaslikka kelishib oldilar va shartnomaning maxfiy protokolida nemislar va sovetlar Sharqiy Yevropani, shu jumladan, Polshani boʻlishga kelishib oldilar. Varshava shahri hamda Polshaning gʻarbiy qismlari Germaniyaga, Polshaning sharqiy qismi sobiq SSSR ga berilishi belgilab olindi.
Qarama-qarshi tomonlarning kuchlari
tahrirGermaniya
tahrirGermaniya urushdan avval Polshaga nisbatan sezilarli ustunlikka ega edi. Germaniya bosqin uchun 3472 tank hozirladi, shulardan 2859 tasi Dala armiyasi, 408 tasi zaxira armiyasi tarkibida boʻlgan. Germaniya harbiy havo kuchlari (Lyuftvaffe) va Germaniya harbiy harbiy quruqlik kuchlari (Vermaxt) Polshaga bostirib kirish uchun shay holatga keltirildi.
Polsha
tahrirPolshaning har bir piyoda diviziyasi 16 492 askardan iborat boʻlib, 326 yengil va oʻrta pulemyotlar, 132 ogʻir pulemyotlar, 92 tankga qarshi qurollar va bir necha zenit qurollar bilan jihozlangan. Oʻrtacha nemis piyodalar diviziyasidagi 1 009 ta yengil va yuk mashinalari va 4 842 otlardan farqli oʻlaroq, oʻrtacha Polsha piyodalar diviziyasida 76 ta avtomobil va yuk mashinalari hamda 6 939 ta ot bor edi.