Qizil suvoʻtlarsuvoʻtlar tipi. Bir hujayrali va koʻp hujayrali shakllari bor. Xromatoforida xlorofilldan tashqari, koʻkyashil pigment — fikotsian va qizil pigment — fikoeritrin mavjud. Qizil suvoʻtlarning harakatchan xivchinli davri boʻlmaydi. Tanasi ipsimon, shoxlangan (qalin), plastinkasimon, baʼzilari poya va barglarga boʻlingan. Rangi toʻq qizildan, qora, pushti, sargʻish va baʼzan koʻkimtir kulranggacha. Qizil suvoʻtlarning 600 turkumga mansub 3750 turi bor, ular bangiyalar va floridlar sinfiga boʻlinadi. Bu sinflar bir-biridan koʻpayish organlarining tuzilishi bilan farq qiladi.

Qizil suvoʻtlar koʻpincha dengizlarda (chuqur joylarida), kamdankam chuchuk suvlarda va tuproqda yashaydi. Qazilma formalari boʻr davri qatlamlaridan topilgan.

Anfeltsiya, gelidium, fillofora, furselyariya turlaridan agaragar, karragen, agaroid va boshqalar olinadi. Baʼzi turlari, mas., porfira isteʼmol qilinadi.