Qorabogʻ xonligi (shuningdek, Qorabogʻ; forscha: خانات قره‌باغ; ruscha: Карабахское ханство) hozirgi Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasida boʻlingan tarixiy Qorabogʻ hududini nazorat qilgan avval Eron, keyinroq esa Rossiya hukmronligi ostidagi xonlik. Qorabogʻ xonligi tuzilish jihatidan Eron podsholigiga juda oʻxshash boʻlgan. Mintaqadagi musulmonlarning koʻpchiligi turkiy lahjada gaplashishiga qaramay, XIX asr oxirigacha Qorabogʻda maʼmuriy va adabiy til fors tili boʻlib, arab tilidan faqat diniy ilmlar uchun foydalanilgan.

Qorabogʻ xonligi
1748–1822
Qorabogʻ xonligi xaritasi
Qorabogʻ xonligi xaritasi
Maqom Xonlik
Eron hukmronligi ostida (1748-1813)
Eron va Rossiya oʻrtasidagi bahsli hudud (1805—1813)
Rossiya hukmronligi ostida (1813—1822)
Poytaxt
  • Bayot
    (1748—tax. 1752)
  • Panohobod (hozirgi „Shusha“)
    (tax. 1752–1822)
Rasmiy til(lar) Fors (boshqaruv, sud va adabiyot)
Arab (diniy)
Turk (mahalliy)
Arman (mahalliy)
Kurd (mahalliy)
Xon  
• 1748—1762
Panoh Alixon (birinchi)
• 1762—1806
Ibrohim Xalilxon (ikkinchi)
• 1806—1822
Mehdi Qolixon Javanshir uchinchi va soʻnggi)
Tarix  
• Asos solingan
1748
1813
• Tugatilgan
1822
Avvalgi davlat
Keyingi davlat
Safaviylar Qorabogʻi
Elizabetpol gubernatorligi
Hozirda hududida quyidagilar mavjud

Uni mintaqaning pasttekisliklarida yashovchi turkiy qabilalardan boʻlgan Javanshir vakillari boshqargan. 1747-yilda Javanshir rahbari Panoh Alixon Eron shohi Nodirshoh (h. 1736–1747) vafotidan keyin yuzaga kelgan gʻalayondan foydalanib, Qorabogʻning katta qismini egallab olgan. Keyingi yili Nodirshohning oʻgʻli va vorisi Adelshohga (h. 1747–1748) sodiqligini eʼlon qilgach, shoh uni rasman Qorabogʻ xoni etib tayinlagan. Panoh Alixon davri qurilish ishlari (masalan, Bayot, Shohbuloq va Panohobod qalʼalari) va yangi ittifoqchisi, Varanda meliki (shahzodasi) Shohnazar II yordamida toʻrtta melikdomni boʻysundirishi bilan ajralib turadi.

1762-yilda Panoh Alixon Eronning koʻp qismida oʻz hokimiyatini oʻrnatgan Zand hukmdori Karimxon (h. 1751–1779) hokimiyatini tan olgan. Hukmdor Panoh Alixonni Sherozda garovga saqlab, oʻgʻli Ibrohim Xalilxonni yangi xon etib tayinlagan. 1779-yilda Karimxon vafotidan soʻng Ibrohim Xalilxon oʻz muxtoriyatini saqlab qolishga intilib, Gruziya qiroli Irakliy II bilan ittifoq tuzgan va Rossiya imperiyasi bilan aloqa oʻrnatgan, hatto qisqa muddatga boʻysungan. Ushbu boʻysunish tufayli 1797-yilda Eronning yangi hukmdori Ogʻa Muhammadxon Qojar uni Qorabogʻdan quvib chiqargan. Oʻsha yili Shushada Ogʻa Muhammadxon oʻldirilganidan soʻng Ibrohim Xalilxon Qorabogʻda oʻz hokimiyatini tiklagan. Ogʻa Muhammadxonning vorisi Fath Alishoh (h. 1797–1834) bilan doʻstona munosabatlar oʻrnatgan. Qizini shohga turmushga bergan va shoh uni Qorabogʻ xoni etib tasdiqlagan. 1805-yil may oyida yillik toʻlov evaziga Qorabogʻning tashqi ishlari boʻyicha toʻliq vakolat bergan Kurakchoy shartnomasini imzolab, ruslarga boʻysungan.

Tez orada qiyin ahvolga tushib qolgan Ibrohim Xalilxon yana eronliklar safiga qoʻshilgan. Biroq koʻp oʻtmay, nabirasi Ja’far Qoli ogʻa va rus garnizoni boshligʻi igʻvosi bilan bir guruh rus askarlari tomonidan oʻldirilgan. Haqiqiy hokimiyat ruslar qoʻlida boʻlsa-da, keyinchalik ruslar Ibrohim Xalilxonning oʻgʻli Mehdi Qolixonni xon etib tasdiqlashgan. 1813-yilda Guliston shartnomasini imzolash orqali Eron oʻzining Kavkazdagi koʻp mulkini (shu jumladan Qorabogʻni) rasman Rossiyaga topshirgan. 1822-yilda rus generali Aleksey Petrovich Yermolovning xonliklarni yoʻq qilishga urinishlari natijasida Mehdi Qolixon Eronga qochib ketgan. Oradan biroz vaqt oʻtib esa Qorabogʻ xonligi tugatilgan.

Kelib chiqishi

tahrir
 
Safaviylar davlatining Kavkazortidagi maʼmuriy birliklari

QorabogʻJanubiy Kavkazdagi Armaniston togʻliklarida joylashgan tarixiy hudud[1]. Bu hudud dastlab Arronning janubiy qismi hisoblangan va asosan armanlar yashagan. Ammo turkiy va moʻgʻul bosqinlari tufayli u yerdagi armanlar 11-asrda ozchilikka aylanib, 14-asrga kelib turk-forscha Qorabogʻ nomi asta-sekinlik bilan hududning umumiy nomiga aylana boshlagan. Omon qolgan arman zodagonlarining koʻpchiligi va ularning izdoshlari Qorabogʻning baland togʻlariga koʻchib oʻtib, u yerda hokimiyatni saqlab qolishgan[2]. Amir Temurning 14—15-asrlarda turkman qabilalarini bosib olishi va bosqinchiliklari natijasida pasttekislikdagi arman aholi soni yanada kamayib ketgan. 16-asr boshlariga kelib, Armaniston Usmoniylar imperiyasi (tax. 1299 —  1922) va Safaviylar Eroni (1501-1736) oʻrtasidagi doimiy urushlar markaziga aylangan[3]. Bu esa arman aholisini yanada qisqartirgan[4].

Safaviylar oʻzlarining armanlar yashaydigan hududlarini beglarbegi (general-gubernator) boshqaradigan ikki viloyatga, Qorabogʻ va Erivanga boʻlishgan[5]. Armanistonning Eron tomonidan boshqariladigan qismi Eron Armanistoni yoki Sharqiy Armaniston, Usmoniylar qismi esa Usmoniy Armanistoni yoki Gʻarbiy Armaniston deb atalgan[6]. Qorabogʻ pasttekisliklarida koʻchmanchi turkiy qabilalar hukmronlik qilib, yoz davomida oʻzlari uchun mos yaylov izlab togʻ yonbagʻirlariga koʻchib oʻtgan. Qorabogʻning baland togʻlarida Qorabogʻda hukmronlik qilgan beshta melikdomni (Dizak, Guliston, Jraberd, Xachen va Varanda) tashkil etgan arman meliklari (knyazlari) hukmronlik qilgan. Arman davlatchiligi tushunchasini qoʻllab-quvvatlovchi armanlar hukmronlik qilgan bu bekliklardan Safaviylar Usmoniylar imperiyasiga qarshi kurashda foydalangan[1].

1554-yildan boshlab Qorabogʻ va uning poytaxti Ganja hokimligini turkiy qojar qabilasidan boʻlgan Ziyodoʻgʻli oilasi boshqargan[7][8]. 1722-yilda Safaviylar tuzumi qulagach[izoh 1], gubernatorlik ikki hududga boʻlinib, har biri mahalliy urugʻ tomonidan nazorat qilingan. Ayni shu davrda Panoh Alixon alohida ajralib turgan. U hozirgi Qorabogʻ pasttekisliklarida hukmronlik qilgan turkiy Javanshir qabilasining, shuningdek, Otuziki va Kebirlu qabila ittifoqining rahbari boʻlgan. Safaviylar davri tarixchisi Iskandar Munshiy (vaf. 1632) Javanshir yettita asosiy qizilbosh qabilalariga mansub emas, balki „gʻolom amirlari“ deb ataladigan quyiroq guruhga mansub boʻlganini xabar qilgan. Ravzat us-Safo Noseriyga koʻra, Javansherning keyingi yoʻlboshchilari Javanshir rahbarligini oʻz qoʻliga olgan Sarijalu qabilasiga mansub boʻlgan[10]. Javanshir qabilasi bir necha oʻn yillar davomida qoʻylarini Qorabogʻga koʻchirgan va u yerda yozgi yaylovdan foydalanish evaziga meliklarga yillik soliq toʻlab kelgan. Shunday qilib, Qorabogʻ qabila uchun juda katta ahamiyatga ega boʻlgan[11].

1723-yilda Eronga bostirib kirgan Usmoniylar 1724-yilga kelib uning shimoli-sharqidagi katta hududni bosib olgan. Qorabogʻ va Zangezur arman meliklari yetakchisi Davit Bek boshchiligida Usmonlilarga qarshi tura olgan Eron Armanistonining yagona qismlari boʻlgan[5][12]. Davit Bek 1726—1728-yillar oraligʻida vafot etgan boʻlsa-da, uning vorislari 1735-yilda Usmoniylarni yenggan Nodirxon Afshor boshchiligida Eron qayta tiklangunga qadar togʻlarning koʻpchiligi ustidan nazoratni saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan. Keyingi yili Nodirshoh nomi bilan taxtga chiqib, Afshorlar sulolasiga asos solganini eʼlon qilgan[13].

Nodirshoh Qorabogʻ va Zangezurni yarim avtonom viloyatlar deb tan olib, meliklarni mukofotlagan[13]. Eron Armanistoni Erivan, Naxshivan, Ganja va Qorabogʻ kabi toʻrt xonlikka boʻlingan edi[13]. Xonlik – Eron hukmronligini tan oluvchi merosxoʻr yoki tayinlangan hukmdor tomonidan boshqariladigan maʼmuriy birlik. Hukmdorning unvoni yo beglarbegi yoki xon boʻlib, Usmoniylarning posho unvoni bilan bir xil edi[14]. Nodirshoh ham bir qancha turkiy qabilalarni (jumladan, Javanshirlarni) sodiqliklarini kafolatlash maqsadida Eron hududiga koʻchishga majburlagan[13]. Panoh Alixonning oʻgʻli Ibrohim Xalilxon va javanshir qabilasining qolgan aʼzolari Xurosonga koʻchib oʻtishga majbur boʻlgan[10]. Panah Alixon garovda boʻlgani uchun bundan mustasno edi. Biroq, tax. 1744-yilda akasi Behbud Ali beg qatl etilganidan soʻng, Panoh Alixon lezginlar hududiga qochib, u yerda Nodirshohdan yashiringan[15].

Tarixi

tahrir

Panoh Alixon

tahrir
 
1752-yildan keyin Qorabogʻ xonligining hokimiyat markazi boʻlgan Shushadagi Panahobod qalʼasi xarobalari

1747-yilda Nodirshoh oʻldirilgach, Eronda, ayniqsa, Janubiy Kavkazda gʻalayonlar boshlanib ketgan. U yerda gruzinlar va mahalliy xonlar yer uchun kurashgan[16]. Ayrim turkiy qabilalar uning oʻlimidan foydalanib, Eron Armanistonida oʻz hokimiyatini tiklagan[17]. Qojarlar Ganja, Erivan va Naxichevanda oʻz hokimiyatini tiklagan[18], Panoh Alixon esa besh melikdomdan tashqari butun Qorabogʻni oʻz nazoratiga olgan. Bu vaqtda Ibrohim Xalilxon va qolgan javanshir qabilasi ham Qorabogʻga qaytgan edi[10]. 1748-yilda Panoh Alixon Nodirshohning oʻgʻli va vorisi Adelshohga (h. 1747–1748) sodiqligini eʼlon qilgach, shoh uni rasman Qorabogʻ xoni etib tayinlagan[19].

Koʻp oʻtmay, Panoh Alixon Bayot qalʼasini qurdirgan. Qalʼaga butun oilasi, mulozimlari, ulugʻ kishilari va koʻplab qabila boshliqlarini joylashtirgan[20][21]. Panoh Alixon qisqa vaqtda Sheki xonligi xoni Hoji Chalabiyxon bilan toʻqnashgan. Hoji Chalabiyxonning maqsadlarini jilovlash maqsadida bazʼida Gruziya bilan ittifoq tuzish uchun samarasiz harakat qilgan[21]. 1752-yilda Panoh Alixon hammani Bayotdan yangi qurilgan Shohbuloq qalʼasiga koʻchirgan. Bu bilan beshta arman melikdomlari hukmronlik qiladigan baland togʻlarga yaqin joyga kelgan. Panoh Alixon Varanda meliki Shohnazar II bilan ittifoq tuzib, qolgan meliklarga oʻz taʼsirini oʻtkazib, ularning fuqarolarini oʻziga soliq toʻlashga majbur qilgan[22][23]. Arman manbalari ham, javanshir tarixchisi Mirzo Jamol Javanshir ham aynan Shohnazar II (boshqa meliklar bilan toʻqnash kelgan) sa’y-harakatlari bilan Panoh Alixon baland togʻlarga yoʻl olib, meliklarga hujum qila boshlashga rozi boʻlganini tasdiqlaydi[24].

Panoh Alixon va Shohnazar II birgalikda Shushadagi Varandada Panahobod qalʼasini qurdirgan[25][11]. Panoh Alixon yangi qalʼaga zodagonlar, ulugʻ kishilar va qabila boshliqlarini koʻchirgan. Koʻp qamallarga bardosh beradigan mazkur qoʻrgʻonda Javanshirning kuchi markazlashgan[23]. Javanshir xonlarining Shohnazar II bilan rahbar-qaram munosabatlarining tabiati noaniq, ammo koʻrinadiki, ularning qalʼa ustidan nazorati qalʼaning janubiy qismi, yaʼni musulmonlar yashaydigan qismi bilan chegaralangan[26]. 1757-yilda Qojar boshligʻi Muhammad Hasanxon Qojarning Shushani egallashga urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Shundan soʻng Panoh Alixon Ardabil shahrini egallab, oʻz urugʻdoshi Dargoh Qoli beg Javanshirni hokim qilib tayinlagan, ammo uning bu lavozimda qancha vaqt ishlagani nomaʼlum. Keyinchalik Zand hukmdori Karimxon (h. 1751–1779) hukmronligi davrida shahar hokimi sifatida Nazar Alixon Shohsevon nomi qayd etilgan[27]. 1761-yilning bahorida yoki yozida afshor boshligʻi Fath Alixon Afshor Shushani qamal qilgan. Panoh Alixon Ibrohim Xalilxonni garovga berish evaziga qamalni bartaraf etishga muvaffaq boʻlgan[28].

1762-yilga kelib, Karimxon Eronning koʻp qismida oʻz hokimiyatini oʻrnatib[29], oxir-oqibat Gruziya va Janubiy Kavkazning turli xonlari tomonidan oliy hukmdor sifatida eʼtirof etilgan[30]. Bunga Panah Alixon ham uni tan olib, boshqa xonlar bilan birga Sheroz shahrida garovga saqlangan va u yerda vafot etgan[23].

Ibrohim Xalilxon

tahrir

Hokimiyatni birlashtirishi

tahrir

Karimxon keyinroq Ibrohim Xalilxonni Qorabogʻning yangi xoni etib tayinlagan[23][31]. 1779-yil 1-martda Karimxon oʻlimidan soʻng uning qarindoshlari oʻrtasida hokimiyat uchun kurash boshlangan[32]. Ibrohim Xalilxon boshlangan tartibsizlikdan foydalanib, oʻz maqsadlariga erishgan. U Sharqiy Gruziya (Kartli-Kaxeti) qiroli Irakliy II bilan ittifoq tuzib, oʻz mavqeini oshirib olgan. Sherozda Karimxon qoʻlida nominal garov boʻlgan Eronning boʻlajak shohi Ogʻa Muhammadxon Qojar Eronda oʻz hokimiyatini oʻrnatish va raqiblarini yoʻq qilish bilan butunlay band edi. Eroniylar va ruslar Sharqiy Kavkazni oʻz imperiyalariga qoʻshib olmoqchi boʻlgan bir paytda bu yerdagi davlatlar oʻz muxtoriyatini saqlab qolish uchun kurashar ekan, Gruziya va Qorabogʻning hamkorligi ikkalasi uchun ham juda foydali boʻlib chiqqan[31].

Erondagi tartibsizliklardan, shuningdek, Usmoniylarning Rossiyaga qarshi turishga qodir emasligidan foydalangan harbiy rahbar va davlat arbobi Grigoriy Potemkin boshchiligidagi bir guruh rus siyosatchilari rus imperatori Yekaterina IIni (h. 1762–1796) 1783-yilda Irakliy bilan ikki tomonlama shartnoma (Georgiyevsk shartnomasi) imzolashga koʻndirdilar. Eronga qaramlik tiklanishidan xavotirda boʻlgan Irakliy Rossiya himoyasi evaziga Eronga qaramlikdan voz kechishi kerak boʻlgan shartnoma shartlariga rozi boʻlgan[33]. Bu shartnoma Irakliy va Ibrohim Xalilxon oʻrtasidagi munosabatlarni keskinlashtirgan. Ibrohim ham ruslar bilan aloqa oʻrnatishga harakat qilgan, lekin Yekaterina II xonlar oʻrtasidagi munosabatlarga aralashishni istamasligi sababli bu harakatlarga eʼtibor qilmagan[23].

Ibrohim Xalilxon otasining butun Qorabogʻda hukmronlik qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini davom ettirib, Shohnazar II qoʻllovini saqlab qolishga muvaffaq boʻlib, uning qiziga ham uylangan[34]. Shuningdek, Dizaklik Melik Baxtamni garovga olib, Dizak ham tarkibiga kirgan Erondagi Ardabilga yuborgan. Ibrohim Xalil ham gulistonlik Melik Abovni, ham Jraberdlik Melik Medjlumni qoʻlga olib, ularning mulklarini boshqalarga bergan[35].

Ogʻa Muhammadxon Qojar bilan birinchi ziddiyat

tahrir

Izohlar

tahrir
  1. Safaviylar rejimi 1722-yilda afgʻonlar poytaxt Isfahonni qamal qilganda Safaviylar taslim boʻlganidan keyin qulagan[9].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Tsibenko 2018.
  2. Bournoutian 1994, ss. 15–16.
  3. Bournoutian 1997, s. 82.
  4. Bournoutian 1994, s. 16.
  5. 5,0 5,1 Bournoutian 1994, s. 17.
  6. Bournoutian 1997, ss. 81–82.
  7. Floor 2008, ss. 258–259.
  8. Floor 2021, s. 221.
  9. Matthee 2008.
  10. 10,0 10,1 10,2 Bournoutian 2021, s. 261.
  11. 11,0 11,1 Hewsen 1972, s. 325.
  12. Bournoutian 1997, s. 88.
  13. 13,0 13,1 13,2 13,3 Bournoutian 1997, s. 89.
  14. Bournoutian 1976, s. 23.
  15. Tapper 1997, s. 114.
  16. Bournoutian 2016b, s. 107.
  17. Bournoutian 1997, ss. 90–91.
  18. Bournoutian 1997, s. 91.
  19. Bournoutian 1994, s. 68 (see also note 161).
  20. Bournoutian 1994, s. 51.
  21. 21,0 21,1 Bournoutian 2021, ss. 261–262.
  22. Bournoutian 1994, s. 63 (see also note 141).
  23. 23,0 23,1 23,2 23,3 23,4 Bournoutian 2021, s. 262.
  24. Bournoutian 1994, s. 54 (see note 109).
  25. Bournoutian 1994, s. 71 (see also note 171 and 172).
  26. Akopyan & Petrov 2016, s. 7.
  27. Tapper 1997, ss. 114, 116.
  28. Tapper 1997, ss. 112, 114.
  29. Bournoutian 2021, s. 10.
  30. Bournoutian 2021, s. 234.
  31. 31,0 31,1 Davud 2021.
  32. Perry 1979, ss. 81–82.
  33. Bournoutian 2016b, s. 108.
  34. Hewsen 1972, ss. 325–326.
  35. Hewsen 1972, s. 326.