Rangina Hamidiy (pashtucha: رنګینه حمیدي) (1978-yilda tugʻilgan) – afgʻon-amerikalik yozuvchi, pedagog, siyosatchi va ijtimoiy faol shaxs[1]. Afgʻonistonda ayollar huquqlari himoyachisi sifatida tanilgan. Mamlakatdagi ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun turli ijtimoiy loyihalarda ishtirok etgan. Afgʻonistonda „Tolibon“ hokimiyatni qoʻlga kiritgunga qadar Hamidiy mamlakat taʼlim vaziri boʻlib ishlagan va Afgʻonistonda ushbu lavozimda ishlagan birinchi ayolga aylangan[2]. Afgʻoniston „Tolibon“ tomonidan bosib olinganida Hamidiy mamlakatda qolishga harakat qilgan va afgʻon ayollarining imkoniyatlarini kengaytirishda faol ishtirok etib, insonparvarlik saʼy-harakatlarini davom ettirishga vaʼda bergan[3]. Biroq oradan bir necha hafta oʻtgach, oilasi bilan Arizonaga qochib ketgan[4].

Rangina Hamidiy
Tavalludi 1978
Taʼlimi Virginia universiteti
Kasbi Yozuvchi, pedagog, siyosatchi va ijtimoiy faol shaxs
Otasi Gʻulom Haydar Hamidiy

Yoshlik yillari

tahrir

1978-yilda Afgʻonistonning Qandahor shahrida pushtun oilasida tugʻilgan. Otasi Gʻulom Haydar Hamidiy Qandahor shahri hokimi boʻlgan[5]. 1980-yilda Sovet qoʻshinlari Afgʻonistonga bostirib kirganidan keyin Rangina Hamidiy 1981-yilda toʻrt yoshida oilasi bilan qochqin sifatida Pokistonga hijrat qilgan va Kvettada yashagan[6][7]. Keyinchalik, 1988-yilda oilasi bilan Amerika Qoʻshma Shtatlariga koʻchib oʻtgan va Vashington yaqinida katta boʻlgan. Hamidiy Virginia universitetida diniy va gender tadqiqotlari boʻyicha bakalavr darajasini egallagan.

Karyerasi

tahrir

Rangina Hamidiy 2003-yilda oʻz vatani Afgʻonistonga qaytib kelgan va mamlakatning doimiy fuqarosiga aylangan. 2001-yil 11-sentyabrda AQShda sodir etilgan terrorchilik hujumlaridan soʻng Hamidiy vataniga qaytishga qaror qilgan va oʻz ona yurti Afgʻonistonni qayta qurish va uni rivojlantirishga vaʼda bergan[8]. Yurtiga qaytgach, „Afgʻon fuqarolik jamiyati uchun ayollar daromadini oshirish loyihasi“da menejer boʻlib ishlagan. Hamidiy Qandahor shahrida yashovchi ayollar uchun ijtimoiy dasturlar va tadbirlarni taqdim etish orqali ushbu loyihada kashshof va taniqli faollardan biri sifatida yetakchilik qilgan[1]. U, shuningdek, CNN telekompaniyasining „Qahramon“ mukofoti 2007-yilgi mavsumi uchun tanlab olingan 18 nafar finalistdan biri boʻlgan[6].

2008-yilda Rangina Hamidiy Qandahor viloyatida ayollar tomonidan boshqariladigan „Qandahor xazinasi“ deb nomlanuvchi muassasaga asos solgan. Uning maqolalari Asia Times, The Guardian, The Daily Telegraph, BBC, Amerika ovozi va NPR kabi turli nashrlarda chop etilgan[6]. Hamidiy, shuningdek, Mary Littrell bilan birgalikda 2017-yilda „Embroidering within Boundaries: Afghan Women Creating a Future“ (Tarjima: Chegaralar ichida kashta tikish: afgʻon ayollari kelajak yaratmoqda) nomli kitobini ham nashr ettirgan[9].

Rangina Hamidiy Afgʻoniston Ochiq Jamiyati, Afgʻoniston fuqarolik jamiyati instituti va Afgʻoniston ayollari savdo-sanoat palatasining maslahat kengashlarida faoliyat yuritgan[6].

Taʼlim vazirligi

tahrir

2020-yilda Hamidiy Afgʻoniston Taʼlim vazirligi rahbari etib tayinlangan va mamlakatda oxirgi 30 yil ichida ushbu vazifani bajargan birinchi ayolga aylangan. U, ayniqsa, xotin-qizlarga qaratilgan tashabbuslarni kuchli qoʻllab-quvvatlagan[10]. Oʻsha yilning dekabr oyida Afgʻoniston parlamenti Rangina Hamidiyning bu lavozimda ishlashiga ishonch bildirishdan bosh tortgan. Shundan keyin 2021-yil yanvar oyida Hamidiy taʼlim vazirligining 11-maslahatchisini ishdan boʻshatdi. Ishdan ketgan maslahatchilar yaqin kelajakda yana 1400 nafar xodimni boʻshatish rejasi borligini aytgan. Ulardan biri: „Hamidiy Taʼlim vazirligida qarindosh-urugʻchilikka yoʻl qoʻyadi, u masalalar bilan siyosiy va xolisona tarzda shugʻullanmaydi“ deya daʼvo qilgan[11].

2021-yilning mart oyida Afgʻoniston Taʼlim vazirligi 12 yoshdan oshgan oʻquvchi qizlarga ommaviy tadbirlarda qoʻshiq aytishni taqiqlagan edi. Vazirlik matbuot kotibi Najiba Arianning aytishicha, talabalar va ota-onalarning takliflaridan keyingina mamlakatda shunday qaror qabul qilingan. Bu qaror ijtimoiy tarmoq platformalarida norozilikka, shuningdek, Hamidiyning tanqidiga sabab boʻldi. Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, bu Hamidiy tomonidan qatʼiy diniy parlamentariylarni tinchlantirish uchun ilgari surilgan siyosiy manevrlar boʻlgan[12][13]. Keyinchalik vazirlik taqiqni „notoʻgʻri tushunilgan“ deya taʼriflab, buning COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishini toʻxtatish maqsadida qizlar va oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi ommaviy yigʻilishlarni cheklash choralari bilan bogʻliqligini aytgan. Aprel oyi boshiga kelib, vazirlik ushbu qarorni bekor qilgan. Arian esa xat aslida vazirlikning rasmiy pozitsiyasini aks ettirmaganligini daʼvo qiluvchi bayonot bilan chiqqan. 2020-yilda taʼlim vazirligi talabalarga „islomiy ruh“ni singdirishga yordam berish maqsadida oʻquvchilar maktabda oʻqishning dastlabki 3 yili davomida barcha darslarni masjidlarda olishlari toʻgʻrisida qaror chiqargan va ushbu qaror turli noroziliklarga sabab boʻlgan. Biroq keyinchalik jamoatchilik tanqididan soʻng ushbu qaror ham bekor qilingan[14].

2021-yil iyul oyida Londonda boʻlib oʻtgan Global Taʼlim Sammitida soʻzga chiqqan Hamidiy oʻz mamlakati xavfsizlik kuchlariga „Tolibon“ning butun Afgʻonistonni toʻliq egallashiga yoʻl qoʻymasligiga ishonchi komil ekanligini va ularning mamlakatga qaytishidan qoʻrqishini aytgan. „Mening eng katta qoʻrquvim 1996-yilga qaytish, tom maʼnoda oʻsha vaqtda qizlar maktabdan chiqarib yuborilgan, maktablar yopilgan, ayol oʻqituvchilar, har qanday sohadagi ayol ishchilar oʻz uylariga joʻnatib yuborilgan“, deya nutq soʻzlagan[15].

2021-yilning avgust oyida Kobulning qulashi vaqtida bir qancha nufuzli siyosatchilar, jumladan, Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani ham mamlakatdan qochib ketganida Rangina Hamidiy taʼlim sohasidagi saʼy-harakatlarni davom ettirish maqsadida mamlakatda qolishga qaror qilgan. BBC World Newsga bergan intervyusida Hamidiy Ashraf Gʻanining qochib ketishidan hayratda ekanligini va u duch kelishi mumkin boʻlgan oqibatlardan qoʻrqishini aytgan[16][17]. 2021-yil 23-avgust kuni Afgʻoniston axborot agentligi Hamidiyning „Tolibon“ bilan uchrashuvi aks etgan suratni Tvitterga joylagan. Natijada, koʻpchilik Hamidiyning hali ham taʼlim vaziri vazifasini bajarayotganligini taxmin qilgan[18]. Biroq oʻsha yilning 29-avgust kuni yangiliklar sahifalarining „Tolibon“ haqidagi hikoyalarida Oliy taʼlim vaziri vazifasini bajaruvchi yangi shaxs Abdulboqiy Haqqoniyning soʻzlaridan iqtibos keltirilib, barcha sinflarni jinsiga qarab ajratish talab qilinganligi aytilgan[19].

Hukumat ishlaridan keyingi faoliyati

tahrir

2021-yil 31-avgust kuni Hamidiy oilasi bilan Afgʻonistonni tark etgan. 2022-yil holatiga koʻra, ular Amerika Qoʻshma Shtatlarining Arizona shtatida istiqomat qilishadi. Hamidiyning oʻzi esa Arizona shtat universitetida faoliyat koʻrsatadi[20].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 „Leading Change: Featuring Rangina Hamidi“ (en). Leading Change: Featuring Rangina Hamidi (2013-yil 26-iyul). Qaraldi: 2021-yil 18-avgust.
  2. „Education Cannot Wait Interviews Afghanistan's Minister of Education Rangina Hamidi“. Inter Press Service (2021-yil 12-aprel). Qaraldi: 2021-yil 18-avgust.
  3. „Afghani Education Minister Rangina Hamidi Vows to Stay in Kabul and Fight“ (en). Al Bawaba. Qaraldi: 2021-yil 18-avgust.
  4. „A year later, former Afghanistan education minister reflects on her country“ (en). NPR (2022-yil 18-avgust). Qaraldi: 2023-yil 19-iyul.
  5. „Who is who in Afghanistan?“. www.afghan-bios.info. Qaraldi: 2021-yil 18-avgust.
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 „Minister's Biography | Ministry of Education“. www.moe.gov.af. Qaraldi: 2021-yil 18-avgust.
  7. „Rangina Hamidi“ (en). CCCB. Qaraldi: 2021-yil 18-avgust.
  8. „Activist Rangina Hamidi Works to Improve Lives of Afghan Women | Voice of America – English“ (en). www.voanews.com. Qaraldi: 2021-yil 18-avgust.
  9. Hamidi, Rangina. Embroidering Within Boundaries: Afghan Women Creating a Future (en). Thrums Books, 2017. ISBN 978-0-9984523-0-2. 
  10. „Education Cannot Wait Interviews Afghanistan's Minister of Education Rangina Hamidi“ (en). Inter Press Service News Agency (2021-yil 12-aprel). Qaraldi: 2021-yil 27-avgust.
  11. „Acting Minister Rejected by Parliament Fires 11 Advisers“ (en). Tolo News (2021-yil 14-yanvar). Qaraldi: 2021-yil 27-avgust.
  12. „Afghanistan bans schoolgirls older than 12 from singing — reports“ (en). Deutsche Welle (DW) (2021-yil 10-mart). Qaraldi: 2021-yil 27-avgust.
  13. „Ban on Afghan schoolgirls singing in public slammed“ (en). Al Jazeera (2021-yil 11-mart). Qaraldi: 2021-yil 27-avgust.
  14. „Why did Afghanistan's government try to ban schoolgirls from singing?“ (en). The New Arab (2021-yil 2-aprel). Qaraldi: 2021-yil 27-avgust.
  15. „Afghan education minister insists that women's dark days under the Taliban must not return“ (en). The National (2021-yil 29-iyul). Qaraldi: 2021-yil 27-avgust.
  16. „Might face consequences: Ex-Afghan education minister fearful after Taliban takeover“. India Today (inglizcha). August 17, 2021. Qaraldi: 2021-08-18.
  17. „"Tendré que enfrentarme a consecuencias que nunca imaginé": la exministra afgana que decidió quedarse tras el triunfo del Talibán“ (es). BBC News Mundo. Qaraldi: 2021-yil 18-avgust.
  18. „"Taliban will create an education system that will be unmatched in Asia, head of Taliban's education commission, Abdul Hakim Hemat, says in a meeting at the ministry of education."“ (en). Twitter (2021-yil 23-avgust). Qaraldi: 2021-yil 27-avgust.
  19. „"Taliban: Male and Female Students to Study in Separate Classrooms."“ (en). Tolo News (2021-yil 29-avgust). Qaraldi: 2021-yil 29-avgust.
  20. Chang, Ailsa; Lim, Megan; Handel, Sarah. „A year later, former Afghanistan education minister reflects on her country“ (en). NPR (2022-yil 18-avgust). Qaraldi: 2023-yil 23-aprel.

Adabiyotlar

tahrir
  • Hamidi, Rangina (2017). Chegaralar ichida kashta tikish: afgʻon ayollari kelajak yaratmoqda</nowiki>