Ravvodiylar — VIII-XII asrlarda Gʻarbiy Eronda hukmronlik qilgan sulola. Poytaxti Tabriz shahri. Din Islomning Sunniy oqimi. Davlat tuzumi amirlik monarxiyasi.

Sulolaning kelib chiqishi

tahrir

Ravvodiylar kelib chiqishiga koʻra basralik yamaniylar edi. Ular Abu Ja’far Mansur davrida Gʻarbiy Eronga koʻchirilgandi. Ardabil, Tabriz, Marogʻa, Qoratogʻ va Axarda har xil arab qabilalari oʻrnashgandi, ulardan biri ravvodiylarga mansub azdiy qabilasi boʻlgan. Ozarbayjonga oʻrnashgan boshqa qabilalar kabi ravvodiylar mahalliy aholiga qoʻshilib ketishdi, boshqa manbalarga koʻra, kurdlarga aylanishgan.

Hokimiyat tepasiga kelish

tahrir

Abbosiylar noibi sifatida Ravvod I Ozarbayjondagi Marogʻa, Tabriz, Axar va Vaziganni boshqargan. Undan soʻng oʻgʻli Vajna Tabrizni boshqardi. Horun ar-Rashid davridagi ichki mojarolardan foydalangan Vajna Marogʻani egallab oldi. Lekin qisqa muddatda abbosiylar qoʻshini Vajnani boʻysundirdi. Vajnadan soʻng Tabrizni uning ukasi Muhammad boshqardi. U VIII asr oxiri - IX asr boshida Janubiy Ozarbayjonni amalda mustaqil boshqargan. Ravvodiylarning keyingi yuz yillik tarixi ancha qorongʻu.

Sulolaning kuchayishi

tahrir

Husayn II davrida Tabriz poytaxtga aylantirildi. Uning oʻgʻli Abul Hij Saloriylar sulolasi hukmdori Ibrohimning Rayga qochganidan foydalanib Janubiy Ozarbayjondagi bir qator hududlarni qoʻlga kiritdi. 981-yili Ibrohimni toʻla magʻlub etib uni asirga oldi va saloriylarga qarashli Xoy, Urmiya va boshqa viloyatlarni egalladi. 984-yili esa Arrondan tashqari butun Ozarbayjonni ishgʻol etdi. 987-yili Abul Hij 100 ming kishilik qoʻshin bilan Armanistonga yurish qildi va Dvin shahrini oldi. Lekin keyingi yili Vaspurkanga yurish davomida kechasi oʻz chodirida oʻldirildi. Abul Hijning oʻgʻli Mamlon I 988-yili ravvodiylarning Armanistonga yurishini toʻxtatgan arman va gruzinlarning birlashgan qoʻshinidan magʻlubiyatga uchradi.

Saljuqiylar istilosi

tahrir

Ravvodiylar davlati Mamlon I oʻgʻli Vasxudan davrida oʻz qudratining choʻqqisiga chiqdi. Vasxudan hukmronligi oʻgʻuzlarning yurishi paytiga toʻgʻri kelgan. 1028-yili ravvodiylar Mahmud Gʻaznaviy tomonidan zarbaga uchrashgach, oʻgʻuzlarning 2000 oiladan iborat guruhi Vaxsudan ruxsati bilan Ozarbayjonga koʻchib kelib oʻrnashdi. Shundan soʻng Ozarbayjonga yangidan-yangi oʻgʻuz qabilalari koʻchib kelishi boshlandi. XI asrning 20-40-yillarida koʻchmanchilar toʻrt marta Ozarbayjonga hujum qilishdi, lekin har safar Vaxsudan tomonidan qattiq qarshilikka uchrashdi. Lekin baribir Vaxsudan 1054-yili sulton Toʻgʻrul I ga boʻysunishga majbur boʻldi. Shundan soʻng ravvodiylar 17 yil mobaynida saljuqiylarning vassali sifatida faoliyat koʻrsatdi. 1071-yili sulton Alp Arslon Anadolu yurishidan qaytgach Vasxudanning oʻgʻli Mamlon II ni taxtdan tushirib Ravvodiylar davlatini tugatdi. Tabrizni sultonning noibi boshqaradigan boʻldi.

Sulolaning tugatilishi

tahrir

Vaxsudanning avlodlari ozarbayjonliklar orasida yashashni davom ettirdi. 1107-yili Vaxsudan nevaralaridan biri Ahmadil ibn Ibrohim Alp Arslonning nevarasi Muhammad I ga Hilla amiri Sadaqiy I ga qarshi kurashishda yordam berdi. Buning evaziga Ahmadil Marogʻa va Kursar noibi etib tayinlandi. 1112-yili 5 ming kishilik suvoriy qoʻshinga boshchilik qilib Suriyada salibchilarga qarshi jangda qatnashdi. Ahmadil 1117-yili hashshoshiylarning yollanma qotili tomonidan oʻldirildi. Ahmadilning oʻlimidan soʻng uning quli Oqsunqur yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib Marogʻa shahrini qoʻlga kiritdi, oʻzi esa amir boʻlib oldi va yangi oqsunquriylar sulolasiga asos soldi[1].

Hukmdorlar roʻyxati

tahrir
Ravvodiylar sulolasi hukmdorlari
T/r Hukmdorlar Hukmronlik yillari
1 Ravvod I Ibn Musanno Azdiy ?
2 Vajna ibn Ravvod I ?
3 Muhammad ibn Ravvod I ?
4 Ravvod II ?
5 Husayn I ?
6 Muhammad ibn Husayn I ?-956
7 Husayn II ibn Muhammad 956-961
8 Abul Hij Muhammad 961-988
9 Mamlon I 988-1019
10 Vaxsudan ibn Mamlon 1019-1059
11 Mamlon II ibn Vaxsudan 1059-1071

1. 1054-1071-yillarda Ravvodiylar davlati saljuqiylar vas­sali sifatida faoliyat koʻrsatgan.
2. Ahmadil ibn Ibrohim ibn Vaxsudon 1107-1117-yillarda saljuqiylarning Marogʻadagi noibi boʻlib xizmat qilgan.

Manbalar

tahrir
  1. Vohidov Sh., Qodirov A. Sharqning mashhur sulolari.Toshkent: Akademnashr, 2013. 151-152-betlar