Abdulvohid Yahyo (Rene Genon)

(René Guénondan yoʻnaltirildi)

Abdulvohid Yahyo (arabcha: عبد الواحد يحيى fransuzcha: René Guénon) — taniqli fransuz yozuvchisi, mutasavvifi va mutafakkiri. Yoshligidan, jamiyatdagi turli diniy va traditsion oqimlarga kirib, ularni oʻrganadi. Uning bu qidiruvlari, asosan, undagi haqiqatni topish istagidan kelip chiqqan. Ohiri, islomni tasavvuf orqali taniydi va musulmon boʻladi.

Abdulvohid Yahyo
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 15.11.1886-yil
Vafoti 07.01 1951-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi yozuvchi, mutasavvif, mutafakkir.

Uning „Zamonaviy dunyo boʻhroni“ („La crise du monde moderne“) kitobida, XX asrlar boshida toʻla shakllanishga kirgan, demokratiya va hamda, zamonasining turli falsafiy maktablarini juda chuqur tahlil va oʻtkir tanqid qilgan.

Bolalik davri

tahrir

Islom tasavvufi, hind va xitoy asketizm maktablarini intellektual saviyada o‘rgangan va zamonaviy dunyoni har jihatdan tanqid qilgan qarashlari bilan tanilgan. Asl ismi Rene Genon (Rene Guenon) bo‘lib, Fransiyaning Blua shahrida tug‘ilgan. Ismi-sharifiga ko‘ra, fransuz va katolik oilaning farzandi. Ilk sabog‘ini o‘qituvchi bo‘lgan xolasidan olgan. O‘rta taʼlimni diniy maktabda olgan. 1902-yilda kollejning notiqlik sanʼ­ati bo‘limida o‘qishni boshlab, 1903-yilda falsafa bo‘limiga o‘qishga kiradi va shu yil falsafa-adabiyot ixtisosligi diplomini oladi. 1904-yil oktabrda Parijdagi College Rollin universiteti matematika yo‘nalishiga qabul qilinadi. Sog‘lig‘i to‘g‘ri kelmagani uchun universitetni tashlab Parijda qoladi. Klassik taʼlimdan qoniqmagani bois, intellektual bilimini kengaytirish maqsadida o‘sha davr­da talabda bo‘lgan "nyeo-spiritualiste" doktrinalarini o‘rganishga kirishadi. Do‘sti yordamida „botiniy ilmlar“ bilan shug‘ullangan "occultiste" jamiyatining peshvolari bilan tanishadi. Qisqa vaqtda g‘ayrati va qatʼiyatligi bilan jamiyatga qabul qilish­lariga erishadi.

Oʻsmirlik davri

tahrir

1908-yilda o‘tkazilgan Spiritua­lizm va Mason kongressida kotib sifatida faoliyat yuritadi. Kongressda Ecole Hermâtiquening raisi Papusning „inson ruhining o‘limdan so‘ng boshqa tanada takror dunyoga kelib takomil topishi (tanosuh), shu bois boqiylik (survivance)ka erishishi va bu (spiritualizm)ning ikki asosiy haqiqati ekani“ni aytgani sababli Abdulvohid Yahyo kotiblikni tark etadi. Bu orada L’Eglise Gnostiquening taniqli shaxslari bilan tanishib, ushbu tashkilotga aʼzo bo‘ladi.

Fransiyadagi faoliyati

tahrir

1909-yil noyabr oyida baʼzi do‘stlari bilan hamkorlikda chiqarishni boshlagan "La Gnose" nomli jurnalda ilk maqolasi nashr etiladi. 1910-yilda shvetsiyalik rassom Abdulhodiy (John Gustaf Agueli, 1917-yilda vafot etgan) bilan tanishadi. „La Gnose“da ikki yil davomida Islom tasavvufiga oid maqolalari bosiladi. Al-Azhar universiteti va shoziliyya tariqati shayxi, molikiy mazhabi olimi Abdurrahmon Illish al-Kabirning xalifasi Abdulhodiy vositasida musulmon bo‘ladi. 1912-yilda shoziliyya tariqatiga o‘tadi va Abdulvohid Yahyo nomini oladi. Shu yil iyulida fransuz ayoli bilan oila quradi. 1917-yil oktabrida Jazoirning Satif shahridagi kollejda falsafa hamda fransuz va lotin tillaridan dars beradi. Shaharda arab tili sohasidagi bilimlarini mukammallashtiradi, baʼzi tasavvuf ahllari bilan ham tanishadi. 1918-yil oktabrida Fransiyaga qaytadi va Bluadagi Augustin-Thierry kollejida falsafa o‘qituvchisi sifatida faoliyat olib boradi. Kelasi yildan o‘qituvchilikni tashlab Parijga ketadi. 1920-yilda Parij universitetida kutubxonachi sifatida ishlaydi. Mazkur yillarda uyida hindu, musulmon va nasroniy ziyoratchilarni qabul qilib, ular bilan suhbatlar olib boradi. Baʼzi do‘stlarining uyi­da musulmon, hindu, yahudiy va nas­roniy yoshlar to‘plangan majlislarda ham qatnashadi. Ushbu majlislarda o‘z anʼana va dinlari haqida baʼzi maʼlumotlardan boshqa hech narsani bilmagan, haddan tashqari g‘arblashib ketgan suhbatdoshlariga arab, sanskrit, lotin, yunon, ibroniy, ingliz, nemis, italyan, ispan hamda rus tillarini lahjalari bilan bilgan Abdulvohid Yahyo o‘z tillarida murojaat qilgan.

1925-1927-yillarda yozuvchilar uyushmasiga aʼzo bo‘ladi va "Le Voile d’Isis" jurnalida o‘z g‘oyalarini erkinlik bilan ifoda etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 1928-yilda turmush o‘rtog‘i vafot etadi.

Misrdagi faoliyati

tahrir

1929-yilda misrlik muhandis Hasan Farid Dinaning tul qolgan boy xotini Mariya Shillito (Marie W. Shillito) bilan tanishadi. U Abdulvohid Yahyoning asarlariga katta qiziqish ko‘rsatadi. Dina xonim Abdulvohid Yahyoning kulliyoti va Islom tasavvufiga oid asarlarini nashr qiluvchi bosmaxona qurish niyati borligini maʼlum qiladi. Bu niyatni ro‘yobga chiqarish uchun Misrdan tasavvufiy asarlarni keltirib, ularni tarjima qilishga kelishadi. Bu maqsadni amalga oshirish niyatida 1930-yilda Abdulvohid Yahyo Dina xonim bilan birga Misr­ga safar qiladi. 1931-yilning qishida do‘stlariga Fransiyaga qaytishdan voz kechganini maʼlum qiladi va Qohirada yangi mamlakatning barcha urf va odatlarini o‘zlashtirgan Shayx Abdulvohid Yahyo sifatida yashashni boshlaydi. Bir muddat Sayyid Husayn masjidida tanishgan shoziliy shayxi Saloma ar-Roziyning suhbatlariga qatnaydi. Qohirada kechirgan ilk ikki yilda "Symbolisme de la Croix" (Parij, 1931-yil) va "Les Etats Multiples de l’Etre" (Parij, 1932-yil) nomli asarlarini yozadi. 1931-yilda "Al-Maʼrifa" jurnalida beshta arab tilidagi maqolasi nashr etiladi. 1934-yil iyulida Shayx Muhammad Ibrohimning katta qizi Fotima bilan oila quradi. Ke­yingi yil do‘stlariga maktub yozib Parijdagi uyi­ni bo‘shatish­larini, kitob va hujjatlarini o‘ziga yuborishlarini so‘raydi. Qohirada ing­liz musulmon Shayx Abu Bakr, Lamartin (Lamartine)ning islomni qabul qilib, Ruhiya Nuruddin nomini olgan kichik jiya­ni Valentina de Sen-Puant (Valantine de Saint-Point), amerikalik musulmon Shayx Abdulqodirlar bilan suh­batlarda bo‘lgan. 1944-yilda Shayx Husayn ismli ing­liz musulmon bilan do‘st tutingan. Ushbu yillarda Abdulvohid Yahyoni bir necha marotaba ziyorat qilgan Najmuddin Bammot (1985-yilda vafot etgan) "Visites â Renye Guyenon" sarlavhali xotiralarida u haqida to‘xtalib o‘tadi. 1932-1939-yillar mobaynida Abdulvohid Yahyo o‘quvchi muxlislari bilan ko‘p yozishmalar olib borgani tufayli asar yozish imkonini topa olmaydi.

Abdulvohid Yahyoning asarlari ingliz, italyan, ispan, portugal, nemis va boshqa Gʻarb tillariga tarjima qilingan. Kitoblarida Rene Genon (Rene Guenon) ismini qo‘llagan, faqat arab tilida yozgan maqolalari Abdulhamid Yahyo ismi bilan chop etilgan. U o‘n yetti kitob (ulardan beshtasi arab tilida), 350 ta maqola muallifi. Vafotidan so‘ng maqolalari mavzularga ajratilib, to‘qqiz jild holida nashr etilgan.

Asarlari

tahrir
  • "L’Introductiorı Generale â L’Etu­de des Doc­trines Hindoues" (1921-yil). Ilk asari hisoblangan ushbu kitobning birinchi yarmi Gʻarb dini va madaniyatiga kirishga bag‘ishlangan. Muallif mazkur asarida Sharq va zamonaviy Gʻarb mentaliteti o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatadi hamda "tradition" va "religion" orasidagi farqlarni tahlil qiladi.
  • "Orient et Occident" (1924-yil). Muallif bu asarida Sharq va Gʻarb o‘rtasidagi yaqinlashuv mumkinligiga bo‘lgan ishonchini bayon etadi.
  • "La Crise du Monde Moderne" (1927-yil).
  • "Orient et Occident" asaridagi baʼzi mavzularni bu asarda takror zikr qilishi bilan birga yangi masalalarni ham tadqiq etadi. Asarda zamonaviy dunyoning bashariyat tarixidagi o‘rni, kosmik davrlar haqidagi hindu nazariyasini qisqacha oydinlashtiradi.
  • "Le Symbolisme de la Croix" (1931-yil). Shayx Abdurrahmon Illish al-Kabirga bag‘ishlangan ushbu asar uzoq yillar kuzatuvlarining mahsulidir. Nomidan faqatgina nasroniylikka aloqador ko‘rinsa-da, asarda barcha tasavvuf taʼlimotlariga murojaat qilingan, vahdat al-vujud, marotibi vujud, jihodi akbar va asg‘ar kabi Islom tasavvufining mavzulari yangi uslub orqali tadqiq etilgan.
  • "Les Ğtats multiples de l’Etre" (1932-yil). Marotibi vujud va vahdat al-vujud bilan bog‘liq masalalar zikr qilingan mazkur asar universal metafizika tushunchalari sinteziga bag‘ishlangan.
  • "Aperçus sur l’Initiation" (1946-yil). Mazkur asarda nazariy maʼrifatdan tasavvufiy haqiqatga kirish uchun kerak bo‘lgan vosita va shartlar bayon qilinadi, barcha tasavvufiy doktrinalar, ularning asos­lari va mushtarak jihatlari keng bayon qilinadi.
  • "Le Theosophisme, Histoire d’une Pseudo-religion" (1921-yil);
  • L’Erreur Spirite“ (1923);
  • L’Homme et Son Devenir selon le Vedânta“ (1925);
  • L’Esoterisme de Dante“ (1925);
  • La Metaphysique Orientale“ (1939);
  • Le Roi du Monde“ (1927);
  • "Saint Bernard" (1929);
  • "Autorite spirituel et Pouvoir temporel" (1929);
  • "Le Regne de la Quantite et les Signes des Temps" (1945);
  • Les Principes du Calculinlinitesimal“ (1946);
  • "La Grande Triade" (1946).

Vafoti

tahrir

1947-yilda sog‘lig‘ida boshlangan zaiflashish 1950-yil oxirlarida yanada og‘irlashadi, natijada 1951-yil 7-yanvarda vafot etadi. Ertasi kuni o‘z vasiyatiga ko‘ra, Sayyid Husayn masjidida o‘qilgan janoza namozidan so‘ng, Muqattam tepaligi yaqinidagi Darrosa qabris­toniga dafn qilinadi[1].

Adabiyotlar

tahrir
  • Paul Syerant. Rene Guenon. — Paris: 1953. 7-26;
  • Abdulhalim Mahmud. Al-Faylasӯf al-muslim Rӣnӯ Jӣnӯ va Abdulvāhid Yahyā. — Qohira: 1954;
  • Abdulhalim Mahmud. Al-Madrasa ash-shāziliyya va imāmuhā Abu-l-Hasan ash-Shāzilӣ. — Qohira: 229-341;
  • Paul Chacornac. La Vie Simple de Rene Guenon. Editions Traditionnelles. — Paris: 1958;
  • Jean Robin. Rene Guenon. Temoin de la Tradition. — Paris: 1978. 9, 10, 18, 37, 70, 73, 138, 182, 188, 231;
  • Michel Valsan. L’Islam et la Fonction de René Guénon. — Paris: 1984. 39;
  • "L’Homme et Son Message, René Guénon". — Paris: 1970. 7-35;
  • R. Guénon. "Tevhid" (tarj. Mustafa Tahralı). Kubbealtı Akademi Mecmûası. VIII/4. — İstanbul: 1979;
  • R. Guénon. "Seyfu’l-İslâm" (tarj. Mustafa Tahralı). IX/1 (1980);
  • R. Guénon."Nefsini Bil" (tarj. Mustafa Tahralı). X/3 (1981);
  • R. Guénon. "İslâm Tasavvufu" (tarj. Mustafa Tahralı). XIV/1 (1985);
  • R. Guénon. "Doğu Metafiziği" (tarj. Mustafa Tahralı). MÜİFD. № 3 (1985). 103-122;
  • Mustafa Tahralı. "Fransız Müslüman Abdülvâhid Yahyâ (René Guénon)’nın Eserinde Tasavvuf ve Mistisizm Farkı. Kubbealtı Akademi Mecmûası. X/4 (1981). 21-36;
  • Mustafa Tahrali. „Abdülvâhid Yahyâ (René Guénon)“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 279-282.

Havolalar

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.