Roʻza (fors.) – islomdagi 5 ta rukndan (majburiyat) biri. Roʻza tutish vaqti tong yorishmasdan avval boshlanib, kun botishiga qadar davom etadi. Bu vaqtda yeyish, ichish, jinsiy yaqinlik qilish, nomaʼqul ishlardan tiyilish zarur.

Kirish

tahrir

Roʻza tutish diniy amaliyot sifatida faqat musulmonlarga xos boʻlmagan. U asrlar davomida xristianlik, konfutsiylik, hinduiylik, yahudiylik va taoizm kabi turli dinlar tomonidan ham amalga oshirib kelingan[1]. Qurʼonda Alloh shunday degani bayon etilgan:

Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo‘lsalaringiz.
Baqara surasi, 183-oyat.

Qurʼonda

tahrir

Qur’onda roʻza tutish amaliyoti haqida soʻz yuritilgan. Baqara surasining 183-oyatida musulmonlarga roʻza farz qilingani, shuningdek, roʻza tutishdan ozod qilinadigan holatlar va muqobil yechimlar, masalan, muhtojlarni ovqatlantirish haqida bayon etilgan. 184–185-oyatlarda esa safarda yoki kasal boʻlgan kishilar roʻza tutmasligi mumkinligi va ularni keyinroq shuncha kun davomida tutishlari lozimligi taʼkidlangan. Moida surasining 95-oyatiga koʻra, ro‘za tutish ehrom holatida hayvon so‘yish kabi ba’zi gunohlarning kafforati sifatida qo‘llanilishi mumkin. Baqara surasining 185-oyatida Qur’onni Ramazon oyida nozil qilingani taʼkidlangan. Shuningdek, Qadr surasining 1-oyatida ham Qur’onni „Laylatul-qadr“ kechasida nozil boʻlgani qayd etilgan. Musulmonlar bu kechani Ramazonning so‘nggi o‘n kunligidan birida nishonlaydilar[2].

Islomga koʻra, ramazon oyida roʻza tutish balogʻat yoshiga yetgan, sogʻlom musulmonlarga farz qilingan. Homilador, emizikli ayollar, safarda yurganlar, ogʻir bemorlar, qiyin sharoitlarda ishlovchilar roʻza tutishdan ozod etilgan, uni imkoniyat tugʻilganda ado etishlariga ruxsat berilgan. Roʻzaga toqati yetmaydigan keksalar, surunkali bemorlar roʻza oʻrniga fidya sadaqasi berishi (bir miskinni bir marta toʻydirishi) mumkin. Agar bunga qodir boʻlmasa, Allohga istigʻfor aytadi va duo qiladi. Har bir roʻzador kishiga ramazon oyi davomida faqir-u miskinlarga xayr-u ehson qilish, barcha yomon xulq va feʼl-u atvorlardan, soʻkinish, qargʻash kabi odatlardan saqlanib yurish shart hisoblanadi.

Roʻza hijratning 2-yili farz qilingan, deb sanaladi. Musulmonlar Oy taqvimiga rioya etganlari uchun roʻza yilning turli vaqtlariga toʻgʻri keladi. Shuningdek, boshqa vaqtlarda ham, chunonchi, rajab, shaʼbon va muharram oylarida roʻza tutish (masalan, ashuro roʻzasi) maʼqul hisoblanadi. Ular turli xil muddat davom etadi. Roʻza tutish odati qadimiy dinlar va xalqlarda ham turli shakllarda mavjud boʻlgan[3].

Manbalar

tahrir
  1. IslamReligion.com „The Fourth Pillar of Islam: The Fast of Ramadan“ (en). www.islamreligion.com. Qaraldi: 2020-yil 24-yanvar.
  2. „Islam - Prayer“ (en). Encyclopedia Britannica. Qaraldi: 2020-yil 24-yanvar.
  3.   „Roʻza“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (R-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.

Havolalar

tahrir