Sardoba Qaynar
Sardoba Qaynar[1], Gumbaz[2], Qaynargumbaz[3] yoki Qaynargumbazi[4] — Toshkent viloyati, Ohangaron tumani, Qaynar qishlogʻida joylashgan, taxminan XIX asrda buloq ustida qurilgan, Qoʻqon xonligi meʼmorchiligiga oid gumbazli suv rezervuari xarobasi. Sardobaning Qaynar nomi uning ichidagi qaynab chiqadigan buloq nomidan olingan[5].
Sardoba Qaynar | |
---|---|
Janubi-gʻarbiy tomondan sardobaning koʻrinishi (2017-yil yanvar) | |
Muqobil nomlari | Gumbaz, Qaynargumbaz, Qaynargumbazi |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | meʼmoriy yodgorlik |
Turi | Sardoba |
Manzili | Qaynar qishlogʻi |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 40°58′28″N 69°39′04″E / 40.97438751788784°N 69.65112625864413°E |
Qurilishi boshlangan | XIX asr |
Qurilishi tugagan | XIX asr |
Egasi | Davlat mulki |
Balandligi | |
Balandligi | 10–15 metr |
Tomi | Gumbazsimon |
Oʻlchamlari | |
Diametr | 14–15 metr |
Texnik holati | |
Material | Pishgan gʻisht, tarashlangan toshlar, ganch, ganchxok |
Qavatlar soni | 3 |
Sardoba Qaynar |
Mazkur sardoba Markaziy Osiyodagi eng yirik sardobalar o‘ntaligiga kirgan boʻlib, yodgorlik o‘zining saqlanishi bilan o‘ziga xosdir. Hajmi, ahamiyati va roli jihatidan Raboti Malik, Kasbi kabi sardobalar qatoriga kiradi[2]. Meʼmoriy yodgorlik Toshkent viloyati, Ohangaron tumani, Qaynar qishlogʻida joylashgan boʻlib, ushbu viloyat hududida saqlanib qolingan yagona sardobadir. Respublikada mavjud 57 ta sardobalar orasida hozirgi kungacha suvi ichishga yaroqli sardoba hisoblanadi[2].
Geografik joylashuvi
tahrirSardoba Ohangaron shahridan 7,7 km shimolda 40º58' shimoliy kenglik va 69º39' sharqiy uzoqlikda, dengiz sathidan 648 m balandlikda joylashgan[2]. Sardoba karvonsaroy bilan Qaynar qishlogʻidagi meʼmoriy majmua tarkibidagi yodgorlikdir[6]. Sardoba Ohangaron daryosining oʻng qirgʻogʻidagi yonbagʻirlikdagi Qaynar buloq ustidan gumbazli inshoot qilib qurilgan[4]. Buloq suvi uncha katta boʻlmagan Omonqulsoyga borib quyiladi[7][8]. Qaynargumbaz Toshkent viloyatida saqlanib qolingan yagona sardoba hisoblanadi[3].
Tarixi
tahrirQadimda Qaynar qishlogʻi orqali savdo yoʻli oʻtgan. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu savdo yoʻli XVIII–XIX asrlarda Toshkentni Fargʻona bilan bogʻlovchi katta qatnovga ega yoʻl boʻlgan boʻlib[9], bu yoʻl unga muqobil boʻlgan Toʻytepa orqali oʻtuvchi yoʻlning botqoqliklardan oʻtganligi va oʻtib boʻlmas holatga kelib qolgani uchun muhim ahamiyat kasb etgan[4][9]. Buloq atrofida karvonlar toʻxtab oʻtishgan[9].
Shu bilan birga, hozirgi sardoba yonidan oʻtgan, Yettikent shahri orqali Chochni Iloqning poytaxti Tunkat bilan bogʻlagan ushbu qadimiy savdo yoʻli moʻgʻullar bosqinigacha ham mavjud boʻlgani arxeologik jihatdan aniqlangan[9][10].
Qurilishi bilan bogʻliq taxminlar
tahrirManbalarda qayd etilishicha, inshootning qurilish davri XIX asrga toʻgʻri keladi[6]. Ammo Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-dekabrdagi 335-son qarorida sardoba XVIII asrga[1], 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-son qarorida XIII asrga mansub ekanligi qayd qilingan[11][12]. Shuningdek, sardobaning qurilishini Qoʻqon xoni Umarxon va rafiqasi Nodirabegim nomi bilan ham bogʻlashadi. Umarxon rafiqasining iltimosiga koʻra, uni 1811–1812-yillarda barpo etgan. Sardoba va karvonsaroyning binokori meʼmor Abdurashid Hoʻqandiy hisoblanadi[13]. Folklorshunos olim Isomiddin Yormatov ham sardoba va karvonsaroy 1816-yilda Umarxon buyrugʻi bilan Qurama bekligi hokimi Normuhammadbiy tomonidan qurilgan degan fikrni bildiradi[14].
Olingan maʼlumotlarga asosan sardoba va karvonsaroy Qoʻqon xonlaridan birining buyrugʻi bilan barpo etilgan, biroq mahalliy aholining bir qismi ushbu inshoot qurilishni bir nechta hukmdorlarga, yaʼni Muhammad Alixon (1822–1852) va Mallaxon (1858–1862)[5] nomiga bogʻlashdi[4][9]. Karvon yoʻlini yaxshilash ishlari Mallaxon hukmronligi davrida boshlangan[4].
Toshkent viloyati madaniy meros obidalarini muhofaza qilish va ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi boshligʻi Ilhom Temirov sardoba temuriylar davrida qurilgan, bunga dalil sifatida sardobani qurishda XIV asrga oid gʻishtlardan foydalanilganligini hamda buloqdan uzoq boʻlmagan temuriylar askarlari dafn etilgan ikkita qabriston boʻlgani haqida fikrni bildirib oʻtadi[7].
Oʻrganilish va yoritilish tarixi
tahrirQaynardagi meʼmoriy majmua haqida birinchi qayd 1896-yilda Ye. T. Smirnov tomonidan qilingan boʻlib, bu qayd Mixail Andreyevning ruscha: „Местности Туркестана, интересные в археологическом отношении“ (Turkiston arxeologiya havaskorlari toʻgaragi bayonnomalari) maqolasidagi tahririyat izohida keltirilgan[4][9]. Ehtimol, Smirnov faqat oʻzgalarning soʻzi orqali meʼmoriy yodgorlik haqida eshitgan boʻlsa, shu sababdan bu yodgorlik haqida toʻgʻri boʻlmagan tavsif va ularning joylashuvi Belovutsoy hududida boʻlgan degan xato maʼlumotni bergan. Uning soʻzlariga koʻra, mahalliy aholi inshoot qurilishi haqida hech qanday maʼlumotga ega boʻlmagan. Bu yerda sardoba ichki kirish yoʻliga ega boʻlgan, buloq ustidagi minora sifatida tavsiflangan[9].
Botanik olim P. A. Gomolitskiy 1906-yilda muallifi nomaʼlum boʻlgan Qaynargumbaz fotosuratini topadi. 3-Butunittifoq geologiya qurultoyi tomonidan Leningradda 1928-yili chop etilgan M. E. Mashkovsevning Qoramazor tizmasi haqidagi yoʻlkoʻrsatkichga kiritilgan boʻlib, kitobchada sardoba „Ohangaron daryosining oʻng qirgʻogʻidagi buloq ustidagi gumbaz“ deb nomlangan[4].
1929 va 1934-yillarda mazkur meʼmoriy majmuani tadqiq qilgan olim Mixail Masson (ikkinchi marta Tojik-Pomir ekspeditsiyasi 29-guruhning rahbari sifatida)[4][15] karvonsaroyning barpo etilish davrini Qoʻqon xonligining oxirgi davriga toʻgʻri kelishini tasdiqlagan, lekin sardobaning yoshini kattaroq ekanligini taxmin qilgan. Olimning taʼkidlashicha, uning devoridagi gʻishtlari baʼzilari avvalroq qurilgan inshoot xarobalaridan qolgan eski gʻishtlardan terilgan[4][16]. Bundan tashqari, Mixail Masson tomonidan turli davrlarda inshootda bir necha marotaba taʼmirlash ishlari olib borilganligi ham aniqlangan[4]. Olim aholi bilan sardobaning tarixi (1-tashrifida Qaynargumbaz va Mallaxon oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik toʻgʻrisidagi versiyani yozib olgan) yuzasidan suhbat oʻtkazadi, shuningdek, qadimgi savdo yoʻlining izlarini topadi. 1935-yilda Mixail Massonning ruscha: „Проблема изучения цистерн-сардоба“ nomli monografiyasi chop etilib, unda meʼmoriy yodgorlik tavsifi berilgan[6]. Bundan tashqari, ilmiy guruhning ishining natijalari (jumladan, Qaynardagi tadqiqotlar) olimning 1953-yilda nashr etilgan ruscha: „Ахангеран (археолого-топографический очерк)“ monografiyasida keltirilgan[17].
Olim Mixail Massonning soʻzlariga asosan 1935-yilda sardoba hali toʻliq oʻz koʻrinishini saqlab qolgan[18]. XX asrning 50-yillarida ham inshoot gumbazi buzilmagan[13][18]. Keyinchalik meʼmoriy yodgorlik vayrona holatga kelib qolgan. 1936-yilda karvonsaroy buzilib, gʻishtlari Ohangarondagi shifoxona qurilishida ishlatilgan[13]. 2014-yil holatiga koʻra, sardobaning faqat quyi qismi saqlanib qolingan. Majmua tarkibiga kirgan karvonsaroy qoldiqlari butunlay yoʻq boʻlib ketish arafasida turgan[3].
2015-yilda „Shosh-Iloq“ ilmiy-etnografik ekspeditsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi mutaxassislari birgalikda Qaynargumbazni tadqiqdan oʻtkazishadi[19].
Arxitekturasi
tahrirQaynargumbaz buloq ustida qurilgan gumbazli suv inshoot[9]. Sardobaning balandligi 10–15 metr va diametri 14–15 metrni tashkil qiladi[18]. Sardobaning poydevori yirik toshlardan bunyod qilingan boʻlib, bu esa kichik suv havzasini hosil qilgan. Sardoba uch qavatli qurilgan boʻlib, tomi qubba shaklida boʻlgan, uchala qavatning umumiy balandligi taxminan 6 metrni tashkil etgan[4], sardoba biroz choʻzilgan shaklga ega boʻlgan[2].
Sardobaning kirish qismi ravoqli boʻlgan va shimoli-sharqiy tomonda joylashgan, undan ichkari tomonda esa kichik maydoncha mavjud boʻlgan. Inshootning janub va janubi-sharqiy yoʻnalishlarida yorugʻlik tushishi uchun beshta darcha qurilgan. Gʻarbiy darchasidan tashqariga suv chiqib turishi uchun kichik ariq qazilgan[2][4]. Yuqorida toʻrtburchak tirqishlar va janub hamda shimolga yoʻnalgan ikkita ventilyatsiya tuynuklari boʻlgan boʻlib, ravoqsimon ochiq joyni hosil qilgan. Shimoliy ventilyatsiya tuynugi Mixail Masson tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot vaqtiga kelib yopilib qolingan[4].
Sardoba tomonlari 24, 26 yoki 27 sm, qalinligi 5 sm boʻlgan kvadrat shakldagi pishgan gʻishtdan qurilgan. Pishgan gʻishtlarni tayyorlash ishlari toʻgʻridan toʻgʻri qurilish maydonchasida amalga oshirilgan, chunki Mixail Masson inshoot tagidan oʻchoq shlaklari va shlaklangan gʻishtlarni topgan. Qurilish materiallarining bir qismi qadimiyroq bo'lib, balki avvalgi inshootlarning xarobalaridan olingan boʻlishi mumkin. Gʻishtlar aylana shaklda terilgan, qavatlar esa halqasimon tarzda markazga yoʻnalgan holda yaratilgan. Devorning taxminan 4,5 m balandligida, ichki qismida bir qator taxtalar va qiyshiq yotqizilgan tayoqlar joylashgan. Bu pala-partish qurilganidan dalolat beradi[2]. Bundan tashqari, oldingi taʼmirlash ishlarida yangi gʻishtlar terilishi tufayli halqa qatorlarining buzilishiga olib kelgan. Gʻishtlar orasidagi yoriqlar 1,5–2,5 smni tashkil etgan. Gʻishtdan devorni qurish uchun asosan ganch va ganchxok aralashmasi ishlatilgan, biroq tashqi tomondagi yoriqlar alebastr bilan suvoqlangan, bu esa sardoba karvonsaroy qurilishi bilan birgalikda taʼmirlanganligidan dalolat beradi[4].
Qaynar buloq
tahrirQaynar buloqda (Bosh shtabning topografik xaritasida buloq Gumbaz nomi[8] bilan qayd qilingan) qurilgan inshoot suv rezervuari vazifasini bajargan[4][9]. Suv sardoba devorlariga yaqinlashgan holda deyarli rezervuarni toʻliq toʻldirgan[4].
Buloqning suvi toza boʻlgan. 1929-yilda Mixail Masson sardobadan marinkalarni, jumladan, katta turlarini topadi. Biroq 1934-yilga kelib ularning hammasi tutib olingan[4].
Bugungi holati
tahrirSardoba Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-dekabrdagi „Tarixiy, badiiy yoki o‘zga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan obyektlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida“gi 335-son qaroriga muvofiq tarixiy, badiiy yoki boshqa madaniy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlar roʻyxatiga[1], 2019-yil 4-oktyabrdagi „Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida“gi 846-son qaroriga asosan milliy roʻyxatga kiritilgan[11].
2013-yili Qaynargumbaz Toshkent viloyatining madaniy merosini yaxshilash dasturiga kiritilgan[20]. 2015-yilda meʼmoriy yodgorlikda obodonlashtirish va restavratsiya ishlari olib borilgan[21][22]. 2018–2019[7] va 2019–2020-yillarda sardoba restavratsiya qilingan, ammo restavratorlar inshootning qulab tushayotgan tarixiy qismini saqlab qolish oʻrniga ustidan yangi inshoot qurishadi[23]. Bu esa sardobaning Butunjahon merosi ro‘yxatidan chiqarib yuborilishiga olib kelishi mumkin[23][24].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 „Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-dekabrdagi „Tarixiy, badiiy yoki o‘zga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan obyektlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida“gi 335-son qarori“. lex.uz. 2023-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-avgust.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 Nigora Shamuratova, Raʼno Ibragimova. „Sardobalar tarixi va ularning turizmdagi ahamiyati (Qaynar sardobasi misolida)“. „O‘zbekiston Geografiya jamiyati axboroti“ ilmiy jurnali, 61-jild. 113–188-betlar (2022-yil). 2023-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-avgust.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 Юсупова М. А. „Древняя сардоба Кайнаргумбаз“ (ru). Econews. Экологический портал Узбекистана (2014-yil 5-noyabr). 2015-yil 27-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 12-fevral.
- ↑ 4,00 4,01 4,02 4,03 4,04 4,05 4,06 4,07 4,08 4,09 4,10 4,11 4,12 4,13 4,14 4,15 4,16 Проблема изучения цистерн-сардоба 1935, s. 14–15
- ↑ 5,0 5,1 Boʻri Qodirov. „Buyuk Ipak yo‘lini bog‘lovchi muhim manba“. „Toshkent davlat pedagogika universiteti ilmiy axborotlari“ ilmiy-nazariy jurnali, №4 66-bet (2017-yil). 2022-yil 3-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-avgust.
- ↑ 6,0 6,1 6,2 Археологические памятники Ташкентской области 1973, s. 86
- ↑ 7,0 7,1 7,2 „Yagona sardoba va sirli ziyoratgoh: Toshkent viloyatidagi uncha mashhur boʻlmagan, ammo hayratlanarli joylar — foto“. bugun.uz (2022-yil 12-iyul). 2023-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-avgust.
- ↑ 8,0 8,1 „Лист карты K-42-116 Алмалык. Масштаб: 1 : 100 000. Состояние местности на 1977 год.“ (1986-yil). 2023-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-avgust.
- ↑ 9,0 9,1 9,2 9,3 9,4 9,5 9,6 9,7 9,8 Ахангеран. Археолого-топографический очерк 1953, s. 61
- ↑ Генезис и этапы развития городской культуры Ташкентского оазиса 1982, s. 163
- ↑ 11,0 11,1 „O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi „Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida“gi 846-son qarori“. lex.uz. 2023-yil 7-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-avgust.
- ↑ „Toshkent viloyati madaniy meros obyektlar ro‘yxati“. consumer.uz. 2023-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-avgust.
- ↑ 13,0 13,1 13,2 Moʻmin Qayum. „Nodirabegim qurdirgan karvonsaroy“. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasi, №4 2-bet (25-yanvar 2008-yil). 2023-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-avgust.
- ↑ * Tog‘ etagida Nodirabegim qurdirgan karvonsaroy va sardoba. Ko‘hna manzillar YouTubeda
- ↑ Ахангеран. Археолого-топографический очерк 1953, s. 3–4
- ↑ Ахангеран. Археолого-топографический очерк 1953, s. 62
- ↑ Ахангеран. Археолого-топографический очерк 1953, s. 3–6
- ↑ 18,0 18,1 18,2 * Toshkentnoma. Ohangaron shahridagi Sardoba gumbazi (30.06.2021) YouTubeda
- ↑ „Завершилась научно-этнографическая экспедиция «Шаш-Илак»“ (ru). Культура.уз (2013-yil 17-avgust). 2017-yil 14-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 13-fevral.
- ↑ „Ташкентская область направит $77,7 млн. на развитие туризма“ (rus tilida). uzdaily.uz (2013-yil 29-oktyabr). 2023-yil 7-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 13-fevral.
- ↑ „Toshkent viloyatida 15 ta sayyohlik obyektida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda“. kun.uz (2015-yil 23-sentyabr). 2023-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-avgust.
- ↑ „Toshkent viloyatidagi „Sardoba Qaynar“ majmuida restavratsiya ishlari boshlanadi“ (2015-yil 16-fevral). 2023-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-avgust.
- ↑ 23,0 23,1 „Еще одной сардобе не повезло: реставраторы повредили очередной памятник“ (rus tilida). hook.report (2020-yil 21-avgust). 2023-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-avgust.
- ↑ „МАРШ ВАНДАЛИЗМА. В УЗБЕКИСТАНЕ «ЗАРЕСТАВРИРОВАЛИ» ЕЩЕ ОДИН ПАМЯТНИК АРХИТЕКТУРЫ – САРДОБУ КАЙНАР“ (rus tilida) (asiaterra.info) (2020-yil 23-avgust). 2023-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-avgust.
Adabiyotlar
tahrir- Массон М. Е. Проблема изучения цистерн-сардоба. Ташкент: Издательство комитета наук при СНК УзССР, 1935 — 45-bet.
- Массон М. Е. Ахангеран. Археолого-топографический очерк. Ташкент: Издательство Академии наук УзССР, 1953 — 149-bet.
- Буряков Ю. Ф. Генезис и этапы развития городской культуры Ташкентского оазиса.. Ташкент: Издательство «Фан» Узбекской ССР, 1982 — 212-bet.
- Буряков Ю. Ф. и другие. Археологические памятники Ташкентской области. Ташкент: Издательство «Фан» Узбекской ССР, 1973 — 114-bet.