Shamsiddin So‘zaniy
Shamsiddin So‘zaniy(arabcha:شمس الدين سوزاني — Shamsiddin So‘zaniy — Toʻliq ismi:Shamsiddin Muhammad ibn Ali So‘zaniy (Hakim So‘zaniy) (1041-1174)) — shoir.
Shamsiddin So‘zaniy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1041-yil |
Vafoti | 1174-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | shoir |
Hayoti
tahrir„So‘zangar“, yaʼni mahoratli „igna yasovchi“ bo‘lganligi sababli, „So‘zaniy“ nomi bilan tanilgan. Shamsiddin So‘zaniy 1041-yilda Nasaf shahrida tavallud topgan bo‘lib, yoshlik yillari shu yerda o‘tgan. So‘ngra tahsil olish uchun Buxoro shahriga borgan. Bu yerda bir so‘zangar (igna yasovchi)ga shogird tushib, mahoratli usta bo‘lib yetishgan. Ayni paytda, g‘azal va qasidalari bilan tanilgan. Tojikistonda chop etilgan “Suxanvaroni sayqali ro‘yi zamin” tazkirasida ta’kidlanishicha, So‘zaniy Buxoroda tahsilini tugatgach, Qoraxoniylar saltanatining o‘sha paytdagi siyosiy markazi bo‘lgan Samarqand shahriga kelgan va xon saroyiga xizmatga kirgan. Bu davrda u So‘zaniy Samarqandiy nomi bilan ham shuhrat topadi. Davlatshoh Samarqandiy o‘zining “Tazkiratu-sh-shuaro” kitobida So‘zaniy haqida shunday yozadi: “...xushta’b va zarifsuxan odam edi. Yoshligida puxta tahsil oldi, ammo ta’bi hazilga juda moyil edi. U tahsil olgan madrasa ulamolari o‘zaro til biriktirib, hamxonalaridan birini So‘zaniyni hajv qilishga ko‘ndirdilar. U kishi So‘zaniyga nozik hajvlar aytgan va So‘zaniy unga munosib javob bergan. U hajvlarni ushbu kitobda keltirish munosib emasdir...”. Mazkur tavsifdan ko‘rinadiki, Shamsiddin So‘zaniy mohir so‘z ustasi bo‘lgan va “Askiya” uslubida ajoyib javoblar qaytargan. Ammo ba’zi manbalarga ko‘ra, umrining oxirida hajv va hazillaridan voz kechib, tavba qilgan.
Faoliyati
tahrirSo‘zaniy Am’aqi Buxoriy, Sanoiy, Anvariy, Muizziy, Adib Sobir, Rashid Samarqandiy kabi shoirlar bilan zamondosh bo‘lgan. Ularning mushoira va ijodiy davralarida ishtirok etgan. Ayni paytda, Lomeiy Buxoriy, Jannatiy, Shams Xola, Shatranjiy kabi shoirlarga ustozlik qilgan. Shamsiddin So‘zaniy 80 yildan ortiqroq umr ko‘rgan va 1174-yili vafot etgan. Samarqanddagi Chokardiza qabristonida imom Abu Mansur Moturidiy va Shahobiddin Abu Hafs Umar Nasafiy qabri yoniga dafn etilgan. Shamsiddin So‘zaniyning 10-12 ming misrani o‘z ichiga olgan she’rlar devoni Dushanbe shahrida saqlanmoqda. Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHQMdagi “Majma’u-l-g‘aroyib” tazkirasida ham Shamsiddin So‘zaniy ijodidan namunalar bor. Abdurahmon Jomiy o‘zining “Baho-riston” asarida Shamsiddin So‘zaniy haqida qisqacha ma’lumot berib, she’rlaridan namuna keltiradi. Jomiydek adabiyot bilimdoni e’tiboriga sazovor bo‘lishning o‘ziyoq Shamsiddin So‘zaniy she’riyat san’atini puxta egallagan ijodkor bo‘lganligidan dalolat beradi.[1]
Vafoti
tahrirU 80-yildan ortiqroq umr ko‘rgan va 1174-yilda vafot etgan. Samarqanddagi Chokardiza qabristonida imom Abu Mansur Moturidiy va Shahobiddin Abu Hafs Umar Nasafiy qabri yoniga dafn etilgan.
Manbalar
tahrir- ↑ O‘rta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 624.
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |