Shaqpaqti — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumanidagi Ustyurt platosining janubi-sharqiy qismidagi gaz kondensat koni.

Shaqpaqti gaz koni
Shoxpaxta gaz koni
Umumiy maʼlumot
Turi Gaz kondensat koni
Manzili Ustyurt platosi
Shahar Qoʻngʻirot
Mamlakat Qoraqalpogʻiston
Koordinatalar 42°40′17″N 56°23′48″E / 42.67132723973454°N 56.39676545401055°E / 42.67132723973454; 56.39676545401055
Qurilishi boshlangan 1962-yil
Egasi Davlat mulkiga tegishli
Boshqa oʻlchamlari Gaz qazib olish hajmi 2,5 milliard m3
Map
Shaqpaqti gaz koni xaritada

Joylashuvi

tahrir

Shaqpaqti Qoʻngʻirot shahridan 220 kilometr janubi-gʻarbda joylashgan. Kon shimoli-gʻarbdan janubi-sharqqa yoʻnalgan, oʻlchami 16x8 kilometrli Shaqpaqti antiklinal burmasida joylashgan.

Tarixi va faoliyati

tahrir

Unda jami 14 ta quduq qazilgan, ular yura, boʻr, paleogen va neogen davri jinslarini ochgan. Gaz tarkibi yura va trias davri choʻkindilarini oʻz ichiga oladi. Yura (qalinligi 760—955 m) hamda boʻr yotqiziqlari (qalinligi 1370—1420 m) toʻq kulrang gil, alevrolit, qumtoshdan tarkib topgan. Paleogen davri jinslari 40—55 metrli karbonat, qumtosh va mergeldan, neogen yotqiziqlari 100—115 metrli gil va ohaktoshlardan iborat. Shaqpaqti gaz konida gaz yura yotqiziqlarida boʻlib, 8 ta gorizont mavjud. Qumtosh va alevrolit jinslar kollektor vazifasini oʻtaydi. Gorizontlar 1700—2230 metr oraliqda ochilgan. Qatlamning dastlabki bosimi 22,7 MPa, gaz debiti kuniga 114,6—510,0 ming/m3. Yura va boʻr yotqiziqlaridagi suvning minerallashganligi 125—205 g/l.

Shaqpaqti koni 1962-yilda ochilgan va 1971-yilda ishga tushirilgan[1][2]. 1974-yilda konda yillik gaz qazib olish hajmi 2,5 milliard kub metrni tashkil etib, tabiiy gazni sanoat darajasida qazib olish boshlandi.

Kondagi dastlabki gaz zaxiralari 39,9 milliard m³ ni tashkil etgan. 2004-yilning avgust oyidan beri 2018-yilgacha Shaqpaqti konidan qazib olingan gaz hajmi 4 milliard kub metrdan ortiqni tashkil etgan. 2017-yilda qazib olingan gaz 311,4 million kub metrga, 2018-yiling boshidan 15-avgust kuniga qadar esa bu koʻrsatkich 176,4 million kub metrga yetgan[3].

Xalqaro aloqalari

tahrir

Ishlab chiqarish operatori Rossiyaning Zarubejneftegaz-GPD Sentralnaya Aziya konsorsiumi (QK Zarubejneftegaz va Gazprom) hisoblanadi. 2004-yilda Shaqpaqti konini qoʻshimcha oʻzlashtirish boʻyicha „Oʻzbekneftgaz“ milliy xolding kompaniyasi va „Zarubejneftegaz“ yopiq aksiyadorlik jamiyati hamda „Gas Project Development Central Asia AG“ kompaniyasidan iborat tarkibdagi investorlar konsorsiumi oʻrtasida 15 yilga moʻljallangan „Mahsulot taqsimoti toʻgʻrisida“gi bitim imzolandi[4]. Bitimga muvofiq Shaqpaqtini rekonstruksiya qilish va qoʻshimcha rivojlantirish borasida „Gazprom International“ kompaniyasining tajriba loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun operator boʻlgan „Zarubejneftegaz-GPD Sentralnaya Aziya“ MChJ operatsion kompaniyasi (hozirda „Gazprom International“ ning operatsion tuzilmalaridan biri) tashkil etildi. Uning maqsad va vazifalari – konni oʻzlashtirish va rivojlantirish, xom ashyoni qazib olish va tashish, tegishli infratuzilmani qurish, gazni tozalash, uni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish, shuningdek ushbu ishlar bilan bevosita bogʻliq boʻlgan boshqa faoliyatlarni tashkil etishdan iboratdir. Shaqpaqtida ishlab chiqarilgan gaz Qoraqalpogʻiston kompressor stansiyasiga, soʻngra „Oʻrta Osiyo — Markaz“ gaz quvuri orqali isteʼmolchilarga yetkaziladi. 2013-yil davomida „Gazprom International“ mutaxassislari tomonidan yettita quduqda taʼmirlash ishlari olib borildi va toʻrtta yangi quduq foydalanishga topshirildi, shu tarzda Shaqpaqtidagi mavjud quduqlar zaxirasi 20 taga yetkazildi. Konda oʻrtacha kunlik gaz qazib olish esa (ishlab chiqarish jadvalidagi tuzatishlar hisobga olingan holda) 940 ming kub metrni tashkil etdi[5].

2018-yilning avgust oyida Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan Oʻzbekiston — Rossiya hamkorligida Shaqpaqti konida qoʻshma gaz ishlab chiqarish litsenziyasini yana besh yilga uzaytirish boʻyicha farmon imzolandi; gaz qazib olish boʻyicha amaldagi litsenziyaning muddati 2019-yilning mart oyida tugar edi. Litsenziya muddatini yana 5 yilga uzaytirish shu yilning may oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro iqtisodiy forum davomida „Oʻzbekneftgaz“ aksiyadorlik jamiyati va „Gazprom“ davlat aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida tegishli hujjatning imzolanishi bilan tasdiqlangan[3].

Manbalar

tahrir