Hojiakbar Shayxov
Hojiakbar Shayxov (1945-yil 25-mart, Chuguchak, Shinjon, Xitoy – 2002-yilda 27-mayda Toshkent) – fantastik va publitsistik janrlar yozuvchisi. Oʻzbek ilmiy badiiy fantastikasining asoschilaridan biri. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1997-yil).
Hojiakbar Shayxov | |
---|---|
Tavalludi | 25-mart 1945-yil |
Vafoti | 2002 |
Ijod qilgan tillari | Oʻzbek tili |
Fuqaroligi | SSSR va Oʻzbekiston |
Tarjimayi holi
tahrirHojiakbar Shayxov 1945-yil 25-martda Xitoyning Shinjon viloyati, Chuguchak shahrida tavallud topgan[1]. Yozuvchining ota-bobolari asli toshkentlik boʻlib, Shayxov Tillashayx hamda Saidazimboy Muhamadboy oʻgʻlining avlodidan boʻlgan. 1928-yilda Sharqiy Turkistonga koʻchib ketishgan va 1955-yilda Oʻzbekistonga qaytib kelishgan.
1963-yilda Toshkentdagi oʻrta maktabni bitirgan. 1971-yilda Toshkent politexnika institutining energetika fakultetini energetik ixtisosligi boʻyicha tugatgan. 1978—1981-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Elektronika institutida yetakchi muhandis, 1981—1984-yillari „Yosh gvardiya“ nashriyotida boʻlim mudiri, 1984—1989-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, 1999—2000-yillarda oʻzi asos solgan „Sirli olam“ jurnali va uning ilovasi „Qalb koʻzi“ gazetasida bosh muharrir[2], 1996—2000-yillari „Yozuvchi“ nashriyotining direktori, 2001—2002-yillarda Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari boʻlib faoliyat yuritgan. 2002-yil 27-mayda Toshkentda vafot etgan[1].
Oilasi
tahrirBuvasi (ona tomonidan) Gʻulom qori Tillashayx oʻgʻli, otasi Islomshayx Baxromshayx oʻgʻli, onasi Muyassarxon Gʻulom qori qizi. Yozuvchi oilasidagi 9 farzand biri boʻlgan. Opasi Maʼsudaxon shifokor, opasi Nazira (1943-yil 10-avgust) tibbiyot fanlari nomzodi, ukalari Anvar shifokor, Shuhrat tibbiyot fanlari nomzodi, Shavkat iqtisod fanlari nomzodi, Sanʼat texnika boʻyicha mutaxassis, Asad texnika fanlari nomzodi, singlisi Guli tibbiyot fanlari doktori, professor.
Ijodiy faoliyati
tahrirHojiakbar Shayxov 10 dan ziyod ilmiy-fantastik hikoyalar, qissalar va romanlar muallifi. „Rene jumbogʻi“ (1977), „Zalvorli odimlar“ (1977), „Yettinchi operatsiya“ (1979), „Gʻaroyib koʻlanka“ (1980), „Olmos jilosi“ (1983), „Soʻnggi ajdarning halokati“ (1985), „Hayotbaxsh xayollar“ (1985), „Ajdodlar xotirasi“ (1986), „Yonar dare“ (1986), „Maktab sahnasi“ (1988), „Sehrli qiz“ (1989), „Telba dunyo“ (1990), „Tutash olamlar“ (1996), „Jodugarning eri“ (1999), „Ikki jahon ovorasi“ (2001) va boshqa fantastik qissa hamda romanlari, „Fan fidoyisi“ (1987), „Zamin shaydosi“ (1990) publitsistik asarlari bor. Asarlarida ezgulik va yovuzlik, toʻgʻrilik va egrilik, bagʻrikenglik va xudbinlik oʻrtasidagi kurash ilmiy-fantastik shakllarda oʻziga xos yoʻsinda aks ettirilgan. Voqealar silsilasi qanchalik gayritabiiy, qahramonlar esa qanchalik gʻaroyib boʻlmasin, voqealar yerdagina emas, butun koinotda, qoʻshni sayyoralarda roʻy bermasin, ular oxir-oqibat qay bir tomonlari bilan odamlarning bugungi hayoti va tashvishlariga bogʻlanib ketgan. AQShda chop etilgan jahonning eng yetuk fantast yozuvchilar haqidagi ensiklopediyasiga oʻzbek adabiyot vakili sifatida kiritilgan[3].
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 „Hojiakbar Shayxov (1945-2002)“. ziyouz.com. 2024-yil 18-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 19-noyabr.
- ↑ „Taʼziyanoma: Hojiakbar Shayxov“. Xalq soʻzi gazetasi, №112 (2940) 2-bet (2002-yil 28-may). 2024-yil 19-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 19-noyabr.
- ↑ „Taʼziyanoma: Hojiakbar Shayxov“. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati gazetasi, №23-24 (3658) 3-bet (2002-yil 7-iyun). 2024-yil 19-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 19-noyabr.