Sojiylar
Bu maqola ayni damda faol tahrirlanyapti. Iltimos, mazkur ogohlantirish xabari sahifadan olib tashlanmagunga qadar sahifaga oʻzgartirishlar kiritmay turing. Aks holda, tahrirlar toʻqnashuvi yuz berishi mumkin. Bu sahifa oxirgi marta 09:33, 24-dekabr 2024 (UTC) (4 soat avval) da tahrir qilingan. |
Sojiylar (ساجیان sâjiyân, Banu Soj nomi bilan ham tanilgan)(879 – 929) – Janubiy Ozarbayjonda hukmronlik qilgan sulola. Bu sulola vakillari Afshin laqabiga ega boʻlishgan[1]. Sojiylar Ozarbayjon va Armanistonning bir qismini dastlab Marogʻa va Bardadan, keyin esa Ardabildan boshqargan[2].
Kelib chiqishi
tahrirSojiylar sulolasi Ustrashonadan kelib chiqqan deb hisoblansa-da, ularning etnik mansubligi munozarali. Markaziy Osiyo tarixshunosligida Sojiylar Markaziy Osiyodagi Ustrushona viloyatidan boʻlgan qadimiy turklarga mansub deb qaraladi[3]. Sojiylar sulolasi Ustrushona viloyatidagi sugʻdiylardan kelib chiqqan hisoblanib, Gʻarb tarixshunosligida forsiy sifatida talqin qilinadi[2][4][5].
Tashkil topishi
tahrirArab qoʻshinining koʻplab mashhur sarkardalari, jumladan, al-Afshin Haydar ibn Kovus ushbu urugʻga mansub. Umaviylar, keyinroq Abbosiylarning Vizantiya imperiyasiga qarshi toʻxtovsiz urushlari chegarani mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyodan Ozarbayjonga va Shimoliy Anadoluga koʻplab turk qabilalarini koʻchirishga majbur qiladi. Natijada turkiy jangchilar Abbosiylar qoʻshinining asosiy negiziga aylandi. Sojiylar sulolasi asoschisi Abu Soj Devdod abbosiylar qoʻshinining eng tajribali sarkardalaridan boʻlgan. U hurramiylarga qarshi olib borilgan urushda bevosita ishtirok etib Madoin va Vositdagi isyonlarni bostirgan, keyinroq Ahvoz va Kufaga noib boʻlgandi. Koʻrsatgan xizmatlari uchun Sojiylarga Ozarbayjon hokimiyati beriladi.
Muhammad ibn Soj hukmronligi davri
tahrirAbu Sojning oʻgʻillari Muhammad va Yusuf ham mahoratli sarkardalardan sanalgan. Sojiylar hukmronligi davrida Ozarbayjonning janubiy qismida mustaqil davlat tashkil topdi. Sojiylar davlatining oʻz puli bor edi. IX asr oxiridan Muhammad ibn Abu Soj nomi zarb qilingan tangalar muomalaga kiritilgan. Muhammad 889-yili abbosiylarning Armaniston va Ozarbayjondagi noibi boʻldi. Oradan koʻp oʻtmay oʻzini mustaqil hukmdor deb eʼlon qildi, biroq maʼlum muddat Bagʻdodga boʻysunishga majbur boʻldi. 901-yili oʻlatdan vafot etdi. Muhammadning oʻgʻli Devdod hokimiyatni meros qilib oldi. U bungacha otasining Armanistondagi noibi edi. Lekin Devdod oʻsha yiliyoq amakisi Yusuf tomonidan agʻdarildi.
Yusuf ibn Soj hukmronligi davri
tahrirYusuf ibn Soj hukmronligi davrida Sojiylar davlati yanada kuchaydi. Uning davrida Ozarbayjon yana biroz muddat qaram boʻldi. Abbosiy hukmdor Muqtadir Yusufga qarshi katta qoʻshin bilan bordi va uni 120 000 dinor hajmida oʻlpon toʻlashga majbur qildi. Bir necha yildan soʻng urush qaytadan boshlandi. Yusuf 918-yili abbosiylar qoʻshinini yengib Rayni bosib oldi. 919-yili Ardabil ostonalarida yangi toʻqnashuv yuz berdi. Bu safar Yusuf magʻlub boʻlib asirga tushdi va Bagʻdodga olib borib zindonga tashlandi. Uning oʻrniga davlatni 4 yil gʻulomi Sobuq boshqardi. 923-yili Muqtadir har yili 500 000 dinor miqdorida oʻlpon toʻlash majburiyatini yuklab Yusufni ozod qildi. Biroq keyingi yili Yusuf mustaqillikka erishdi va abbosiylardan Hamadonni tortib oldi. 928-yili qarmatlarga qarshi yurish jarayonida halok boʻldi.
Tanazzul
tahrirTaxtga jiyani Abul Musofir chiqdi. Lekin 929-yili vafot etadi. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, Abul Musofirni Ardabilda zaharlab oʻldirishgan, boshqa maʼlumotlarda oʻzining soqchilari isyon koʻtarib oʻldirgani aytiladi. Taxt avval isyonchi gʻulomlar sardori Muflih Yusufiyga, 932-yili amir Daysam ibn Ibrohimga oʻtdi. 957-yili Sojiylar davlati hududi Daylamiylar qoʻshini tomonidan istilo qilindi[6].
Manbalar
tahrir- ↑ Vohidov Sh., Qodirov A. Sharqning mashhur sulolalari. Toshkent: „Akademnashr“, 2013. 123-124-betlar
- ↑ 2,0 2,1 Bosworth, C. E. (1989). "Azerbaijan iv. Islamic History to 1941". in Yarshater, Ehsan. Encyclopædia Iranica, Volume III: Ātaš–Bayhaqī, Ẓahīr-al-Dīn. London and New York: Routledge & Kegan Paul. 224–231 b. ISBN 978-0-71009-121-5. https://iranicaonline.org/articles/azerbaijan-iv.
- ↑ Vohidov Sh., Qodirov A. Sharqning mashhur sulolalari. Toshkent: „Akademnashr“, 2013. 123-124-betlar
- ↑ Bosworth, Clifford Edmund. The New Islamic Dynasties: A Chronological and Genealogical Manual. New York: Columbia University Press, 1996 — 147-bet.
- ↑ Minorsky, V.. Studies in Caucasian History. Cambridge University Press, 1957 — 111-bet.
- ↑ Vohidov Sh., Qodirov A. Sharqning mashhur sulolalari. Toshkent: „Akademnashr“, 2013. 123-124-betlar