Surunkali glomerulonefrit – buyrak koptokchalari, kanalchalari va toʻqimasining surunkali immun yalligʻlanish kasalligi, uzoq vaqt davomida qaytalanuvchi va kuchayib boruvchi proteinuriya va gematuriya bilan yuzaga chiqib, sekin-asta buyrak funksional faoliyati buzilishiga olib keladi. U aholi orasida keng tarqalgan va surunkali buyrak yetishmovchiligining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi[1].

Etiologiyasi va patogenezi

tahrir

Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, surunkali glomerulonefritning kelib chiqishida infeksiya, sovuq qotish kabi omillarning ahamiyati katta ekanligi keltirilgan boʻlsada, aksariyat holatlarda bu omillar bilan kasallik oʻrtasida boʻgʻliqlik mavjudligi aniqlanmagan. Surunkali glomerulonefritning patogenetik rivojlanishiga taʼsir qiluvchi omil antigeni qonga tushganidan soʻng, antitanachalar hosil qiluvchi hujayralar B – limfotsitlarni faollashtiradi va ular oʻz navbatida unga qarshi antitanachalar ishlab chiqara boshlaydi. Antigen va antitanachalar birga immun komplekslarni hosil qiladi. Hosil boʻlgan immun komplekslarning bir qismi neytrofillar tomonidan bartaraf etiladi, ikkinchi qismi esa qon orqali ichki aʼzolarga hamda buyrakka yetib keladi va buyrak koptokchalarida oʻtirib qoladi. Shundan soʻng komplementlarning faollashuvi yuz berib, ular bazal membranani shikastlay boshlaydi. Glomerulonefritning ushbu shaklida antitanachalar buyrak toʻqimasining oʻzgargan oqsillariga nisbatan yuzaga kelib, bu oʻz navbatida jarayonni surunkali kechishiga sabab boʻladi[2].

Klinik manzarasi

tahrir

Surunkali glomerulonefritda bemorlar baʼzi hollarda umumiy holsizlik, quvvatsizlik kabi shikoyatlarni bildirishlari mumkin. Umumiy siydik tahlilida nisbiy zichlik meʼyorida, baʼzan kunda 1-2 g gacha proteinuriya, mikrogematuriya, uncha koʻp boʻlmagan silindruriya (gialinli va eritrotsitar) aniqlanadi. Surunkali glomerulonefritning bu turi birlamchi va ikkilamchi boʻlishi va ayni vaqtda boshqa klinik shakllariga transformatsiyalanishi mumkin. Aksariyat hollarda surunkali buyrak yetishmovchiligi belgilari kasallikning 10-15-yillarida rivojlanadi. Surunkali glomerulonefrit nefrotik sindrom bilan kechganda yaqqol namoyon boʻlgan shish (gidrotoraks, gidroperikard, assit, anasarka), giperproteinuriya (kun davomida 3,5 g dan koʻp) disproteinemiya, gipoproteinemiya, giperlipidemiya kabi belgilar bilan bir qatorda silindruriya, mikrogematuriya, kamqonlik, ECHT oshishi, tuz-suv muvozanatining buzilishi hamda qonning ivish tizimidagi oʻzgarishlariga xos. Surunkali glomerulonefrit ushbu klinik shakli nefrotik kriz, tromboemboliyalar bilan asoratlanishi mumkin. Surunkali glomerulonefrit arterial gipertenziya bilan kechganda bemorlarning bir qismida umuman shikoyat boʻlmasligi, ayrimlarida esa kuchli bosh ogʻrigʻi, bosh aylanishi, koʻz oldi xiralashishi, koʻrishning yomonlashishi, yurak sohasida ogʻriq, yurak urib ketishi, havo yetishmasligi bezovta qilishi mumkin. Perkussiyada yurak chegarasini chapga kengayganligi, koʻz tubidagi oʻzgarishlar aniqlanadi. Siydik tahlilida yuqori boʻlmagan proteinuriya, mikrogematuriya, nisbiy zichlikning va koptokchalar filtratsiyasining erta pasayishi kuzatiladi. Ushbu guruh bemorlarida oʻtkir chap qorincha yetishmovchiligi (yurak astmasi, oʻpka shishi) rivojlanishi mumkin. Bunda oʻpka auskultatsiyasida har ikkala tomonda oʻrta va katta pufakli nam xirillashlar eshitiladi. Surunkali glomerulonefritga chalingan ayrim bemorlarda yuqorida sanab oʻtilgan simptom va sindromlar birga qoʻshilib kelishi kuzatiladi va bunday holatlarda ular shish, arterial gipertenziyaga xos boʻlgan shikoyatlar bildiradi. Ushbu guruh bemorlarda buyraklarning funksional holati keskin yomonlashadi va erta surunkali buyrak yetishmovchiligi belgilari paydo boʻladi. Surunkali glomerulonefrit klinik namoyon boʻlishida ikkita – buyrak faoliyatining kompensatsiya va dekompensatsiya davrlari farqlanadi. Dekompensatsiya davrida buyraklarning funksional faoliyati keskin yomonlashganligi sababli buyrak yetishmovchiligi belgilari yuzaga keladi. Bemorlardagi mavjud umumiy holsizlik, bosh ogʻrigi kabi shikoyatlarga koʻngil aynishi, teri qichishi, ogʻizdan ammiak hidi kelishi, koʻrishning buzilishi kabi shikoyatlar qoʻshiladi. Amaliy tibbiyotda surunkali glomerulonefrit qoʻzish yoki remissiya davrida ekanligini toʻgʻri baholay olish muhim. Chunki undan kelib chiqib bemorga tegishli muolajalar tavsiya etiladi. Surunkali glomerulonefritning qoʻzgʻalish davriga xos boʻlgan belgilar:

  • toʻsatdan paydo boʻlgan nefrotik sindrom;
  • davolash qiyin boʻlgan arterial gipertenziya;
  • proteinuriyaning keskin oshib borishi (5-10 marta);
  • eritrotsituriyani keskin oshib borishi (5-10 marta);
  • disproteinemiya yuzaga kelishi;
  • immun koʻrsatkichlardagi keskin oʻzgarishlar.

Surunkali glomerulonefritning remissiya davriga xos boʻlgan belgilar:

  • proteinuriya va eritrotsituriyani kamayishi va yoʻqolishi;
  • arterial gipertoniyaning meʼyoriy darajasiga tushishi[3][4].

Diagnostikasi

tahrir

Surunkali glomemlonefritni tashhislashda umumiy siydik tahlili muhim ahamiyatga ega. Unda turli darajadagi proteinuriya, mikro va makrogematuriya (siydik ranggini qizarishi yoki „goʻsht yuvindisi“ ga oʻxshash tusda boʻlishi), silindrlar (gialinli, donador, eritrotsitar, mumsimon) va epitelial hujayralar aniqlanadi. Tashhisni tasdiqlashda siydik bilan bir qatorda umumiy qon tahlili, biokimyoviy, immunologik, UTT, rentgen (urologik kasalliklarni inkor qilish uchun) va morfologik tekshirishlar muhim ahamiyatga ega[5].

Davolash

tahrir

Surunkali glomemlonefritga shubha boʻlgan barcha bemorlar zudlik bilan ixtisoslashgan shifoxonaga yotqiziladi. Shifoxona sharoitida ularga yotoq tartibi, osh tuzi (kuniga 1-2 g) va suv (kun davomida ajratgan siydik miqdori va unga qoʻshimcha 200-400 ml suyuqlik ichish mumkin) chegaralangan parhezga qatʼiy amal qilinadi. Asosiy patogenetik davo sifatida glukokortikosteroidlar, qatʼiy koʻrsatmalar boʻlganda sitostatiklar, antikoagulyantlar va antiagregantlar buyuriladi. Ammo yuqori qon bosimi mavjud boʻlganda gormonlarni buyurish qarshi koʻrsatma hisoblanadi. Shishlarni bartaraf etish uchun siydik haydovchi vositalar (furosemid, uregit va boshqalar), arterial gipertenziyada esa kalsiy antagonistlari buyuriladi[6].

Profilaktikasi

tahrir

Surunkali glomerulonefritning birlamchi profilaktikasi infeksiya oʻchoqlarini bartaraf etish, ish joyida va uyda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, organizmni chiniqtirish kabi tadbirlardan iborat. Ikkilamchi va uchlamchi profilaktika doimiy patogenetik dorilarni ushlab turuvchi dozalari yordamida oʻtkaziladi va bemorlar dispanser nazoratida saqlanadi[7][8].

Yana qarang:

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. „Surunkali glomerulonefrit“.
  2. Surunkali glomerulonefrit. www.ziyo.uz.com — 573-bet. Qaraldi: 2024-yil 15-oktyabr. 
  3. „Surunkali glomerulonefrit“.
  4. Surunkali glomerulonefrit. www.ziyo.uz.com — 574-bet. Qaraldi: 2024-yil 15-oktyabr. 
  5. Surunkali glomerulonefrit. www.ziyo.uz.com — 575-bet. Qaraldi: 2024-yil 15-oktyabr. 
  6. „Surunkali glomerulonefrit“.
  7. „Surunkali glomerulonefrit“.
  8. Surunkali glomerulonefrit. www.ziyo.uz.com — 575-bet. Qaraldi: 2024-yil 15-oktyabr.