Tatabbuʼ
Tatabbuʼ [a. تتبع] – biror narsaning ketidan tushish, izidan borib tekshirish: ta’qib qilish[1]. Nizomiy vafotidan 100 yil oʻtib, Hindistonda tugʻilib oʻsgan forsiyzabon turk shoiri Xusrav Dehlaviy Nizomiy “Xamsa”siga birinchi boʻlib tatabbu yozadi va “xamsachilik” an’anasini boshlab beradi[2].
Nomlanishi
tahrirTatabbu’ nazira ham deb yuritiladi. Oʻrta Sharq adabiyotida oʻtmishda yoki zamondosh adib asariga oʻxshatma tariqasida orginal asar yozish va shunday asarning oʻzi tatabbu’ yoki nazira bogʻlash boʻladi. Chinakam ijodiy naziralarda unga asos boʻlgan asar mavzusi rivojlantirilib, yangi muammo va motivlar bilan boyitilib, yangi obraz va xarakterlar yaratiladi. Naziraning yaqqol timsoli xamsachilikdir[3].
Tatabbu’ – oʻzga bir shoir she’ridan ta’sirlanib, undagi vazn, qofiya va radifni saqlagan holda asar yaratish boʻlganidan oʻxshatma va javobiya deb ham yuritiladi. Tatabbu’ Musulmon Sharqi adabiyotida adabiy aloqa va oʻzaro ta’sirning keng tarqalgan shakllaridan boʻlib, salaflar yoki zamondosh shoirlar bilan muayyan tarzda oʻzaro ijodiy musobaqaga kirishish bilan bogʻliq an’ana hisoblangan. Bunda musobaqalashayotgan shoir biror asarga javob bitar ekan, unga ijodiy yondashishi, tanlangan mavzu, vazn va qofiya doirasida yangi fikr ayta olish imkoniyatiga ega boʻlishi talab qilingan.
An’ana
tahrirNazira (arab.) — Sharq adabiyotidagi an’anaviy usullardan biri; oʻtgan yoki zamondosh adib asariga oʻxshatma tariqasida yozilgan asar. Nazirani mumtoz shoirlar tatabbu deb ham yuritishgan. Alisher Navoiy oʻz “Xamsa”sining Nizomiy “Panj ganj”iga tatabbu deb ataydi. Iste’dodli naziragoʻy adiblar ma’lum bir asarga ijodiy yondashib, shu asar mavzusini boyitish va rivojlantirish, yangi muammo va gʻoyaviy motivlarni koʻtarish, yangi obraz va xarakterlar yaratishni maqsad qilgan. Oʻtmish shoirlarining yaxshi asarlariga nazira yozish oʻzbek adabiyotida ham uchraydi. Habibiy, Sobir Abdulla, Charxiy va boshqa shoirlar tatabbu’lar bitganlar[4].
Adabiyotshunoslikda
tahrirTatabbuʼ - “ergashmoq”, “izidan bormoq” maʼnosini ifodalovchi soʻz boʻlib adabiyotshunoslikda ijodkorning boshqa shoir bilan bellashish, musobaqalashish maqsadida uning biror asariga javob yozish usuli shu soʻz bilan ataladi. Musobaqalashayotgan shoir biron asarga javob bitar ekan, oʻsha asar muallifi bilan bir xil imkoniyatga ega boʻlishi zarur. Shuning uchun ham javob oʻsha asarda tanlangan mavzu, vazn va qofiya doirasida yozilishi shart. Tatabbuʼlar sheʼriyatning istalgan janri yoki shakli asosida – farddan dostongacha yozilishi mumkin. Adabiyotimizdagi tatabbu’lar koʻproq gʻazal va doston shakllarida bitilgan[5].
Baholanishi
tahrirTatabbuʼ aslida arabcha soʻz boʻlib, kimningdir izidan borish, izlash, taqlid qilish, oʻrganish, mos kelish, qayta yaratish kabi maʼnolarni bildiradi. Koʻrinadiki, tatabbuʼ istilohiy xususiyatlarga ega. Shu sababli uning maʼno doirasi keng. Tatabbuʼga adabiy istiloh sifatida yondashib, uni izdoshlik, ijodiy ergashish va payravlik tarzida sharhlash xato emas. Ammo tatabbuʼni taqlid sifatida baholab boʻlmaydi[6].
Janrlar
tahrirTatabbu’ she’riyatning istalgan janri yoki shakli asosida: farddan dostongacha yozilishi mumkin. Mumtoz she’riyatimizda, xususan Alisher Navoiy ijodida tatabbu’ asosan gʻazal, qasida va doston shaklida bitilgan. Navoiyning lirik tatabbu’lari “Devoni Foniy” tarkibidan oʻrin olgan boʻlib, ular ulugʻ shoirning oʻz salaflari va ustozlariga yuksak ehtiromi mahsulidir. Devondagi gʻazallarning 300 dan ortigʻi aynan tatabbu’ asosida yaratilgan boʻlib, eng koʻp tatabbu’ Hofiz Sheroziy gʻazallariga bogʻlangan 200 dan ortiq tatabbu’ bor[7].
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
- ↑ O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Davlat ilmiy nashriyoti, 2006 — 11-bet.
- ↑ M. Xayrullayev. Ma'naviyat ildizlari. Markaziy Osiyolik mashhur siymolar, allomalar, adiblar. Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2008 — 210-bet.
- ↑ Ensiklopedik lug‘at, 2-tom. O‘zbek sovet ensiklopediyasi bosh redaksiyasi, 1988 — 553-bet.
- ↑ O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi. Davlat ilmiy nashriyoti, 2006 — 37-bet.
- ↑ Mumtoz badiiyat lugʻati. Yangi asr avlodi, 2008 — 136-bet.
- ↑ Shamsiyeva Z.. Oʻzbek mumtoz adabiyotida tatabbuʼ tarixidan. Filologiya ufqlari jurnali (6-son), 2021.
- ↑ Dilnavoz Yusupova. Aruz qoidalari va mumtoz poetika asoslari, 2018 — 195-bet.