Taxtaqoracha dovoni jangi – 731-yil iyul oyida Umaviylar xalifaligining yirik arab qoʻshini bilan Turkash xoqonligi kuchlari oʻrtasida boʻlib oʻtgan jang.

Taxtaqoracha dovonidagi jang
Arablarning Oʻrta Osiyoga istilosi
Sanalar (731-yil iyul)
Urush yeri Taxtaqaracha dovoni (hozirgi O‘zbekiston)
Natija arablar g‘alabasi
Qoʻmondonlar
Junayd ibn Abdurahmon al-Murriy Suluk
Gurek

Jang turgashlarning arablar nazoratidagi Samarqand shahrini qamal qilishi bilan boshlandi. Shahar garnizoni qoʻmondoni Savr ibn al-Xurr al-Aboniy Xurosonning yangi noibi Junayd ibn Abdurahmon al-Murriydan yordam soʻradi. Junayd qoʻshini shaharga yoʻl olganida, dovonda turgashlar hujumiga uchradi. Arablar dovondan chiqib, Samarqandga yetib borishga muvaffaq boʻlgan boʻlsa-da, ular juda katta talafot koʻrdi – taxminan 25–30 ming kishi. Turgashlarga orqa tomondan zarba berish buyurilgan Savroning oʻn ikki ming kishilik guruhi esa deyarli butunlay yoʻq qilindi. At-Tabariy solnomasida Umaviylar davrining eng batafsil tasvirlangan janglaridan biri boʻlgan bu toʻqnashuv musulmonlarning Oʻrta Osiyoga yurishini oʻn yilga toʻxtatib qoʻydi.

Dastlabki

tahrir

Transoksiana (arabcha „Movarounnahr“) VII asr oʻrtalarida arablar Fors va Xurosonni bosib olganidan soʻng, xalifa al-Valid I (705715) hukmronligi davrida Umaviylar sarkardasi Qutayba ibn Muslim tomonidan zabt etilgan. 719-yilda mahalliy hukmdorlar xitoyliklar va ularning turgash vassallaridan xalifalikka qarshi harbiy yordam soʻrashdi[1]. 720-yilda turgashlar mintaqadagi musulmonlarga qarshi bir qator hujumlarni boshladi[2]. Umaviylar noiblariga dastlab tartibsizliklarni bostirish va mahalliylashtirishga muvaffaq boʻldi, biroq Fargʻona vodiysi ustidan nazoratni yoʻqotdilar[1]. Keyingi bir necha yil davomida Umaviylar qoʻshinlari oʻz hududlarini turklar hujumidan himoya qilish uchun mudofaaga oʻtishga majbur boʻldi. Mahalliy aholini tinchlantirish va ularning ishonchini qozonish uchun yangi islomga kirgan mahalliy aholi uchun soliqlarni bekor qilish kabi choralar koʻrildi, ammo bu tadbirlar ishonchsiz edi va tez orada butunlay bekor qilindi. Shu bilan birga, arablarning mahalliy arab va eronzabon aholiga nisbatan shafqatsiz munosabati mahalliy hukmdorlarni ulardan tobora uzoqlashtirdi. 728-yilda turgashlar qoʻllab-quvvatlagan keng koʻlamli qoʻzgʻolon sodir boʻldi. Bu xalifalik kuchlarining Samarqand atrofidagi kichik bir hududdan tashqari Transoksiananing katta qismini tark etishga majbur boʻlishiga olib keldi[1].

Vaziyatni oʻzgartirish umidida 730-yil boshida xalifa Hishom ibn Abdul-Malik (723743) Xurosonga yaqinda Sindni tinchlantirishda oʻzini koʻrsatgan tajribali Junayd ibn Abdurahmon al-Murriyni yangi hokim etib tayinladi. Transoksianadagi arablarning xavfsizligi bilan bogʻliq murakkab vaziyat shundan koʻrinadiki, Junaydga Oksdan oʻtgach yetti ming otliq askarga hamroh boʻlish zarurati tugʻildi. Bu safar chogʻida u oʻzidan oldingi Ashras as-Sulamiy qoʻshini bilan birlashmoqchi boʻlganda turgash xoqoni hujumiga duch keldi. As-Sulamiy oʻtgan yili qattiq kurash davomida Buxoroga yetib kelgan edi. Garchi Junayd va uning hamrohlari qiyin ahvolda qolgan boʻlsa-da, ular turgash qoʻshinlarining hujumlarini qaytarib, as-Sulamiy kuchlari bilan birlashishga erishdilar. Turgashlar qoʻshini shimolga, Samarqand tomon chekinganidan koʻp oʻtmay, Buxoro va Soʻgʻd oʻlkasining katta qismi yana arablar nazoratiga oʻtdi. Musulmon qoʻshini ularning ortidan borib, shahar devorlari yonidagi jangda gʻalaba qozondi. Shundan soʻng Junayd oʻz qoʻshinlari bilan qishlash uchun Marvga yoʻl oldi[1]. Qish paytida Oksning janubida, Toxaristonda qoʻzgʻolonlar koʻtarildi. Ilgari bu hudud eng tinch va muammosiz musulmon boshqaruviga boʻysungan hududlardan biri edi. Junayd qoʻzgʻolonni bostirish va yangilarining oldini olish uchun Balxga borishga va mintaqada xalifalikning 28 mingga yaqin jangchisini joylashtirshga majbur boʻldi. Bu uning qoʻshinini juda zaiflashtirib qoʻydi. 731-yil boshlarida turgashlar Samarqandni qamal qilishga kirishdi. Shahar garnizoni qoʻmondoni Savra ibn al-Xurr al-Aboniy yordam soʻrab Junaydga murojaat qildi. Oʻrta Osiyodan kelgan urush faxriylarining qoʻshin toʻplanishini kutish va Oksni 30 ming kishidan kam boʻlgan qoʻshin bilan kesib oʻtmaslik haqidagi maslahatiga qaramay, Junayd zudlik bilan Samarqandga yordam berishga qaror qildi[3].

Jang tavsifi

tahrir

Junayd Buxorodan sharqqa, Samarqandga boradigan va turgfshlar yerlaridan oʻtadigan qadimgi fors shohlik yoʻlidan yurish imkoniga ega emasdi[4]. Buning oʻrniga u oʻz qoʻshinini Samarqanddan taxminan 70 kilometr janubdagi Kishga boshlab bordi. U yerda aygʻoqchilaridan turgashlar arablarning harakat yoʻnalishidagi quduqlarni buzish uchun otryadlar yuborganligi haqida xabar oldi. Dastlab, Junaydning maslahatchilari al-Muxtaraka qishlogʻi orqali Kish va Samarqand orasidagi Zarafshon tizmasi atrofidan gʻarbga yurishni taklif qilishdi. Ammo arab qoʻshinlari yetakchilaridan biri al-Mujashir ibn Muzaxim as-Sulamiy bu rejaga qarshi chiqdi, chunki turgashlar bu yoʻl boʻylab ishlov berilmagan oʻtloqlarni osongina yoqib yuborishlari mumkin edi. Buning oʻrniga as-Sulamiy tik, ammo qisqa – taxminan 2 kilometrlik – Taxtaqoracha dovoni orqali toʻgʻriroq yoʻlni taklif qildi va bunday manyovr turgashlarni dovdiratib qoʻyishi mumkinligini taʼkidladi[5]. Junayd al-Mujashirning maslahatiga amal qilib, dovon kiraverishida joylashdi. Bu qarorni „begona“ Junaydga ishonmagan qoʻshin tushunmadi. Odatdagi qabila janjallari yana boshlanib, baʼzi askarlar qocha boshladi. Junayd taxminan 28 ming kishi bilan yoʻlini davom ettirdi[6]. Keyingi voqealarning borishi at-Tabariyning „Paygʻambarlar va shohlar tarixi“ asarida batafsil tasvirlangan. Bu asar esa oʻz navbatida urush voqealaridan taxminan yuz yil oʻtib yozilgan avvalgi tarixchi Abul-Hasan al-Madoiniyning ishiga tayanadi.

Taxtaqoracha dovonida toʻqnashgan ikki qoʻshin ikki xil harbiy falsafani ifodalardi. Umaviylar qoʻshini ham yengil, ham ogʻir otliqlardan iborat boʻlsa-da, ularning asosini piyodalar tashkil qilardi[7][8]. Jangda arab otliqlari koʻpincha dastlabki bosqichlarda otishma bilan cheklanardi. Keyin esa otdan tushib, piyoda saf tortib jang qilishardi. Bu koʻchmanchi turgashlarga xos boʻlgan qoʻshinda otliq askarlarning ustunligidan keskin farq qilardi. Ularning chavandozlik sanʼatidagi, ayniqsa otliq kamonchilikdagi tengsiz mahorati va tabiiy chidamliligi ularni juda xavfli raqiblarga aylantirardi. Ular qanotlarni harakatlantirish, pistirma va soxta chekinish bilan juda harakatchan jang uslubini qoʻllashardi[9]. Tarixchi Xyu Kennedining yozishicha, „koʻchmanchilar (turgashlar) mahalliy Eron knyazlari bilan ittifoq tuzganlarida, ehtimol, ilk musulmon qoʻshinlari duch kelgan eng shafqatsiz raqibni namoyon etishgan“[10].

Soʻgʻdiyona, Shosh va Fargʻona hukmdorlari qoʻshini yordamida turgashlar Kish shahrini tark etganlaridan ikki kun oʻtib, Samarqanddan 24 kilometr narida, tushlik paytida dovondagi umaviylar qoʻshiniga hujum qildilar. Usmon ibn Abdulloh ibn ash-Shihir qoʻmondonligidagi arab avangardi tor-mor etildi. Ammo Junayd qoʻshinning asosiy qismini shoshilinch ravishda joylashtira oldi. U qoʻshinlarni qabilaviy mansubligiga koʻra, oʻng tomonga Tamim va Azd, chapga Rabia qabilalarini joyladi. Arablar shoshilinch ravishda oʻz saflari oldida tuproq toʻsiqlar qurdilar va turgashlarning arablarning oʻng qanotiga qarshi qaratilgan dastlabki hujumi qaytarildi. Junayd dastlab jangni boshqarish uchun markazda turdi, keyin Azd qabilasi jangchilari safiga qoʻshildi. Ular uni dushmanlik bilan kutib olishdi: ularning bayroqdori qoʻmondonga: „Agar gʻalaba qilsak, bu sening shon-sharafing boʻladi; agar halok boʻlsak, biz uchun yigʻlamaysan“ dedi. Dastlab arablar turgashlarning otliq hujumini otda turib qarshi olishdi, ammo talafotlari koʻpaygach, Junayd ularga otdan tushib, piyoda jang qilish va nayzalar devori hosil qilishni buyurdi. Bu chora musulmonlarga oʻz mavqelarini saqlab qolishga yordam berdi. Natijada ikkala tomon ham charchadi va jang bir kunga toʻxtadi[11]. Arablar orasida eng ogʻir talafotni Abdulloh ibn Muammar ibn Sumayr al-Yashquriy qoʻmondonligi ostida Kish yaqinida toʻplangan orqada qolganlar va yuklarni tashuvchi aravalar koʻrdi: ular turgashlar hujumiga uchradi va deyarli butunlay yoʻq qilindi[12].

Ertasi kuni turgashlar arablarga qarshi yangi hujumlar boshladi, ammo ular qaytarildi. Turgashlar har safar yaqinlashganda arablar shiddatli qarshi hujumlar uyushtirdi va xoqon oʻz qoʻshinlariga arablar qarorgohiga hujum qilish oʻrniga uni qamal qilishni buyurdi[13]. Dastlabki hujumni toʻxtatgach, Junayd Samarqandga, Savrga choparlar yuborib, yordamga kelishni va turgashlarning orqa tomoniga zarba berishni buyurdi. Savra va Samarqand garnizoni dastlab bunday qadamga qarshi chiqdi, chunki bu amalda oʻz joniga qasd qilish missiyasi ekanligini bilishardi. Ammo Junaydning tahdidlari Savrani boʻysunishga majbur qildi. Shaharda kichik bir garnizon qoldirib, Savra 12 ming kishini Samarqanddan olib chiqdi va mahalliy yoʻl koʻrsatuvchi yordamida togʻlardan oʻtib, Junayd kuchlaridan 5-6 kilometr masofada joylashdi[14]. U yerda unga turgashlar qarshilik koʻrsatdi. Xabarlarga koʻra, ular Samarqandning soʻgʻd begi Gurekning maslahati bilan quruq oʻtloqlarga oʻt qoʻyishgan. Savraning kichik zobitlari piyodalarning nayzalar devori ortida sekinroq yurishini maslahat berishdi (bu Umaviylarning odatiy otliq askarlarga qarshi taktikasi edi)[15]. Ammo Savra askarlari charchaganini va umidsizlikka tushganini bilgani uchun, turgashlar safining hech boʻlmaganda bir qismini yorib oʻtish va Junaydga yetib olish umidida, ularga qarshi otliqlar hujumini boshlashga qaror qildi. Gamilton Gibbning taʼrifiga koʻra, „issiqlik va chanqoqlikdan aqldan ozgan“ Savra qoʻshinlari turgashlarga hujum qilib, ularning jang saflarini yorib oʻtdi. Biroq, koʻp oʻtmay jang tartibsizlikka aylandi, chunki har ikki tomonga tutun, chang va yonib turgan olov xalaqit berdi. Oqibatda, arab qoʻshini jipsligini yoʻqotib, turgash otliq askarlari tomonidan tarqatib yuborildi va qism-qism qilib yoʻq qilindi. Mingta gvardiyachidan tashqari barcha halok boʻldi[16].

Junayd Samarqandga kirib borish uchun Savraning hujumidan foydalandi. Ammo qoʻshin dovondan oʻtgach, zobitlar uni shaharga borish oʻrniga qarorgoh qurishga va tunni oʻsha yerda oʻtkazishga koʻndirdilar. Bu maslahat toʻgʻri boʻlib chiqdi, chunki turgashlar ularni ochiq joyda quvib yetishi va ehtimol yoʻq qilib yuborishi mumkin edi. Turgashlar hujumni qayta boshlaganlarida, qarorgohni mustahkamlash ishlari hali tugallanmagan edi. Bu paytda arablar shunchalik ogʻir ahvolda edilarki, Junayd hatto qoʻshindagi qullarga, agar jang qilsalar, ozodlik berishni vaʼda qildi. Koʻpchilik shunday qildi va egar koʻrpalarini zirh sifatida ishlatdi. Turgashlarning hujumlari qaytarildi va ogʻir yoʻqotishlarga qaramay, Umaviylar qoʻshini deyarli uch kun davom etgan jangdan soʻng Samarqandga yetib keldi[5].

Natijalar

tahrir

Junayd Samarqandda taxminan toʻrt oy, 731-yilning oktyabrigacha qoldi, bu esa uning qoʻshiniga kuch toʻplashiga imkon berdi. Shu orada turgashlar Buxoroga yetib kelib, uni qamal qildilar. Junayd ular bilan yana jangga kirishishga qaror qildi va noyabr oyining boshida turgashlarni magʻlub etib, Buxoro qamalini bekor qilishga erishdi. Soʻngra Junayd Marvga qaytdi, Samarqandda esa 800 kishilik garnizonni qoldirdi. Turgashlar qishlash uchun shimolga ketganidan keyin, u shaharning musulmon aholisini koʻchirdi[1].

Garchi Samarqand ozod etilgan va arab qoʻshini qirilib ketishdan qutulgan boʻlsa-da, jang „arablarning toʻliq gʻalabasi boʻlmadi“[17]. Sharqshunos Xolid Blankinshipning soʻzlariga koʻra, musulmonlar koʻrgan katta yoʻqotishlar tufayli bu „eng yaxshi holatda pirr gʻalabasi“ edi[18]. X asr tarixchisi Ibn Asom al-Kufining fikricha, musulmonlar orasidagi qurbonlar soni 43 yoki 48 ming jangchidan iborat qoʻshinning kamida 20 ming kishisini tashkil etgan, oʻsha davr tarixchilari va shoirlari esa bu raqamni 50 ming kishigacha oshiradilar[19]. Turgashlar ham katta talafot koʻrgan boʻlsa-da – Ibn Asom 10 mingdan ortiq halok boʻlganlar haqida maʼlumot beradi – dovondagi arablarning yoʻqotishlari musulmonlarning Markaziy Osiyodagi mavqei tez orada yomonlashuviga olib keldi. Junayd 734-yil boshida vafot etguniga qadar Xuroson noibi boʻlib qoldi, ammo bu vaqtga kelib musulmonlar Oksdan shimoldagi hududlar ustidan nazoratni yoʻqotdilar, faqat Buxoro, Kesh va Chagʻoniyon viloyati bundan mustasno edi[20].

Dovondagi voqealar Xuroson qabilasining umaviylar tuzumi va uning noiblariga qarshi noroziligini yanada kuchaytirdi. At-Tabariy, shuningdek, jangdan oldin Xuroson zodagonlarining yana bir vakili Junaydga aytgan soʻzlarini keltiradi (ehtimol, keyinroq qoʻshilgan): „Ilgari Xuroson qoʻshinlarining baʼzilari qays qabilasidan boʻlgan dabdabani yaxshi koʻradigan odam qoʻlida halok boʻladi, deyishardi. Endi sizning oʻsha odam boʻlib qolishingizdan qoʻrqamiz“[21]. Blankinship taʼkidlashicha, mintaqa aholisi keyinchalik xalifalik qoʻshinlari tarkibida jang qilganligi haqida hech qanday maʼlumot yoʻq, bu esa ularning yoʻq qilingani yoki jang qilishni toʻxtatgani haqidagi fikrga olib keladi. U agar arablar tomonida xurosoniklardan birortasi jang qilgan boʻlsa ham, ularning soni unchalik koʻp boʻlmaganini taʼkidlaydi. Blankinship bu jangni Oʻrta Osiyoning arablar tomonidan zabt etilishi tarixida „burilish nuqtasi“ deb ataydi. Xuroson tarixining keyingi davri notinch boʻlib, mahalliy aholi orasida ham, ilgari bu yerga koʻchib kelgan arablar orasida ham qoʻzgʻolonlar va umaviylarga qarshi targʻibot ishlari avj oldi. Shu sababli xalifalar dovondagi jangdan soʻng qoʻshinni kuchaytirish uchun yuborilgan 20 ming iroqlikka qoʻshimcha ravishda yana 20 ming suriyalik sodiq jangchini bu yerga yuborishga majbur boʻldilar. Faqat 739741-yillarda, Turkash xoqonligi qulab, uning rahbari Suluk oʻldirilgandan soʻng, Xurosonning yangi noibi Nasr ibn Sayyor xalifalikning Transoksiyadagi mavqeini sezilarli darajada tiklay oldi va musulmonlar nazoratini yana Samarqandgacha kengaytirdi[9].

Dovondagi muvaffaqiyatsizlik, Ardebil jangi va shunga oʻxshash boshqa halokatlardan soʻng, chegaralarni mustahkamlash zarurati xalifalikdan juda katta insoniy va moliyaviy resurslarni talab qildi. Umaviylar rejimining asosiy tayanchi boʻlgan qudratli Suriya qoʻshinining kuchlarining tarqalib ketishi va viloyatlardan kelgan yangi askarlar bilan „qorishtirilishi“ oxir-oqibat 740-yillardagi fuqarolar urushlari paytida Umaviylar sulolasining qulashining asosiy omillaridan biriga aylandi[22].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Blankinship 1994; Gibb 1923.
  2. Blankinship 1994, ss. 109–110.
  3. Blankinship 1994; Gibb 1923; Kennedy 2001.
  4. Kennedy 2001, s. 29.
  5. 5,0 5,1 Kennedy 2001; al-Tabari 1989; Kennedy 2007.
  6. Kennedy 2001; Blankinship 1994; Kennedy 2007.
  7. Blankinship 1994, s. 126.
  8. Kennedy 2001, ss. 23–25.
  9. 9,0 9,1 Blankinship 1994; Kennedy 2007.
  10. Kennedy 2007, s. 236.
  11. al-Tabari 1989; Kennedy 2001; Kennedy 2007.
  12. al-Tabari 1989; Gibb 1923.
  13. al-Tabari 1989, s. 76.
  14. Gibb 1923; al-Tabari 1989; Kennedy 2007.
  15. Kennedy 2001, ss. 25–26.
  16. Gibb 1923; Kennedy 2007; al-Tabari 1989; Kennedy 2001.
  17. Shaban 1979, s. 113.
  18. al-Tabari 1989, s. xv, foreword by K.Y. Blankinship.
  19. Blankinship 1994, s. 327, note 86.
  20. Blankinship 1994, ss. 161, 176.
  21. Kennedy 2001; Blankinship 1994.
  22. Blankinship 1994; Kennedy 2001.