Toqi Sarrofon
Toqi Sarrofon (forscha — sarroflar toqi) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik va pul almashtiradigan bosh savdo markazlaridan biri boʻlgan. Mazkur meʼmoriy yodgorlik Shayboniy hukmdor Ubaydulaxon davrida 1534–1535-yillarda bunyod etilgan[1]. Hozirgi kunda Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
Toqi Sarrofon | |
---|---|
Muqobil nomlari |
Toqi Sarrofon Sarroflar toqi |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Tarixiy obida |
Turi | toq |
Shahar | Buxoro |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Qurilishi boshlangan | 1534—1535-yillar |
Texnik holati | |
Material | pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch |
Qavatlar soni | 1 |
Toqi Sarrofon Vikiomborda |
Tarixi
tahrirXVI asrda Buxoro xonligini Shayboniylar sulolasi boshqargan davrda qurilgan eng yirik 4 ta savdo bozlaridan biri hisoblangan. Ushbu savdo markazi Buxoro shahrining shahriston qismida, Shohrud arigʻining ustida qurilgan. Mazkur toqda pul almashtiradigan doʻkonlar, masjid va Sarrafon hammomi mavjud. Toqi Sarrafonda koʻpincha sarroflar oʻtirib, xorijiy mamlakat pullarini almashtirganliklari va pul maydalaganliklari uchun Toqi Sarrafon sifatida mashhur boʻlgan. Toq soʻzi qadimiy meʼmorchilik terminlaridan biri boʻlib, arabcha bino va yarim sharsimon qilib ishlangan tom maʼnosini bildiradi[2]. Buxoro xonligida ustida yopilgan bozor toq deyilgan. Toqi Sarrafon ham ana shunday bozor rastalaridan biri hisoblangan. Sarrof bu pul maydolovchi demakdir. Izlanishlar natijasida bu bozor hududida IX asr Somoniylar davrida aholi yashaganligini koʻrsatadi. XIII asrga kelib bu yerda yongʻin sodir boʻlganligi va yongʻin Chingizxon faoliyati bilan bogʻliqligi haqida maʼlumotlar mavjud. Shayboniylar davrida Buxoro xususiy tadbirkorlik, qarz berish va pul almashtirish markaziga aylangan. Buxoroda sarroflar nomi bilan bogʻliq uylar, savdo gumbazi, karvonsaroy, masjid, hammom va boshqalar mavjud boʻlgan. Toqning janubi-sharqiy ravoqli yoʻlagidagi bitik 1980-yilda qayta tiklangan. Kitobadada koʻk rangda Qur’oni Karim kitobining Niso surasi 103-oyati nasx xatida tilla rang bilan bitilgan[3]. Toqi Sarrafon masjid darvozasi tepasidagi yozuvda „Bu qurilish Ubaydulloh Bahodirxon hukmronlik qilgan davrda 1534–1535-yillarda tugallangan“–degan maʼlumot keltirilgan. Ushbu bitikni buxorolik husni xat sohibi Muhammad Darvish Qoʻnoq yozgan[4]. XX asr 80-yillarida olib borilgan taʼmirlash ishlarida toqning masjidi kiraverishidagi bitiklar qayta tiklangan va taʼmirlash ishlari olib borilgan. Mazkur toqda hozirgi kunda hunarmadchillik ustaxonalari va savdo rastalari faoliyat olib bormoqda.
Meʼmorchiligi
tahrirToqi Sarrafon pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan bunyod etilgan. Toqi Sarrafon eng kichik gumbazdir. U toʻrtta ravoqdan tashkil topgan gumbazdan iborat. Toq „chorzamin“ usulidagi gumbazi bilan ajralib turadi[5]. Toqi Sarrafon ikki koʻcha chorrahasida boʻlib, ulardan biri Registonga qarab borgan.
Bu toqning gumbazi bir-birini kesib oʻtadigan toʻrtta mustahkam peshtoq ustiga qurilgan. Peshtoqlar tagidan „Chorzamin“ deb atalgan Buxoro meʼmorchiligiga xos gumbaz bilan qoplangan yoʻl oʻtgan. Bino naqshlari hozigi kunda saqlanib qolmagan, faqatgina masjidning kirish va chiqish yoʻlagi tepasida mozaik kanos qoldiqlari bitik topib oʻrganilgan. Bino 8 qirrali (tarhi 25x24 metr), gumbazining ichki diametri 12 metr, tashqi gumbaz balandligi 16,55 metr, 4 toqi ustiga oʻrnatilgan, shaharning janubidagidagi chorraha ustini berkitib turadi. XVI asr ikkinchi yarmida zalning 4 kesik burchaklaridan biriga masjid, boshqasiga Sarrofon hammomi, qolgan 2 tasiga sarrofon doʻkonlari kelib tutashgan.
Manbalar
tahrir- ↑ Ражабов 2016, s. 173.
- ↑ Бобожонов 2017, s. 111.
- ↑ Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 403.
- ↑ Бухоро шарқ дурдонаси 1997, s. 104.
- ↑ Пугаченкова 1979, s. 5.
Adabiyotlar
tahrirIlmiy adabiyotlar
tahrir- Ражабов Қ, Иноятов С.. Бухоро тарихи. Tошкент: Тафаккур нашриёти, 2016 — 460-bet. ISBN 978-9943-24-119-0.
- Бобожонов Ш. Шариф шаҳар ёдгорликлари (Бухоро тарихий обидаларига саёҳат). Бухоро: Бухоро нашриёти, 2017 — 310-bet.
- Пугаченкова Г. Тим ва тоқлар. (инглиз, рус, ўзбек тилларида). Тошкент: Ўзбекистон нашриёти, 1979 — 14-bet.
- Абдухолиқов Ф, Ртвиладзе Э, Раззоқов А, Раҳимов К, Ҳакимов А, Абдуҳалимов Б, Мансуров А, Маннонов А, Муҳамедов Н. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро. Тошкент: Uzbekistan Today, 2016 — 560-bet. ISBN 978-9943-4510-5-6.
- Азизхўжаев А Масъул муҳаррир. Бухоро шарқ дурдонаси. Tошкент: Шарқ нашриёти, 1997 — 232-bet.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |