Abu'l-Wafa Tuzun[1], asosan Tuzun (arabcha: توزون‎) nomi bilan mashhur, dastlab eroniy hukmdor Mardaviy ibn Ziyorga, keyin Abbosiylar xalifaligiga xizmat qilgan turk askar. Abbosiylar qoʻshinida rahbarlik lavozimiga koʻtarilib, hamdoniy Nosir ad-Davlani Bagʻdoddan quvib chiqargan va 943-yil 31-mayda amir ul-umaro lavozimini egallab, xalifalikning amaldagi hukmdoriga aylangan. Tuzun 945-yilning avgustida, Bag‘dod va Abbosiy xalifaligi buvayhiylar qo‘liga o‘tishidan bir necha oy oldin vafotiga qadar shu lavozimda qolgan.

Abulvafo Tuzun
توزون‎
Abbosiylar xalifaligining amir ul-umarosi
Mansab davri
943-yil 31-may – 945-yil avgust
Monarx al-Muttaqiy
al-Mustakfiy
Oʻtmishdoshi Nosir ad-Davla (942-yil 18-fevral — 943-yil 11-may)
Vorisi Ibn Sherzod (945-yil avgust — 945-yil 21-dekabr)
Shaxsiy maʼlumotlari
Vafoti 945-yil avgust
Bagʻdod

Ilk faoliyat davri

tahrir

Tuzun turkiy qul askar (gʻulom yoki mamluk) boʻlib, dastlab avtonom eroniy hukmdor Mardaviy ibn Ziyorga xizmat qilgan. 935-yilda Mardaviy o`ldirilgandan so'ng, uning ko`plab askarlari Abbosiylarning Vositdagi noibi Ibn Raiq qoʻl ostida xizmat qila boshlagan. Ibn Raiq ushbu askarlar yordami bilan 936-yilda xalifa ar-Radiydan amir ul-umaro unvoni bilan xalifalik hududlarini samarali boshqarish taklifini olishga muvaffaq boʻlgan[2]. Ibn Raiqning dastlabki harakatlari eski xalifa qoʻshinini tarqatib yuborish, turkiy qoʻshinlarni xalifa va uning saroyini nazorat qilish uchun kurashda asosiy kuch omillaridan biri boʻlishi taʼminlash boʻlgan. Tez orada bu kurashga Jaziradagi hamdoniylar va Basra baridiylari kabi shuhratparast kuchlar ham qoʻshilgan[3]. Bu murakkab kurashda Ibn Raiq 938-yilda Tuzun kabi bir paytlar Mardavijga xizmat qilib, keyin g‘arbga kelgan Bajkam tomonidan taxtdan ag‘darilgan. Ibn Raiq 941-yilda, Bajkam vafotidan so‘ng o‘z mavqeini tiklagan, biroq tez orada o‘ldirilgan. Keyingi yili Hamdoniylar amiri Nosir ad-Davla uning o‘rniga kelgan[1][4].

 
9—10-asrlar Iroq xaritasi

Bu davrda Tuzun ancha faol boʻlgan. Birinchi marta 941-yil boshida, baridiylar Bagʻdodga qarshi harakat qilganda tilga olinib, Bajkam u va Nushtakinga dushmanga qarshi turish vazifasini topshirgan. Madharda boʻlgan jangda dastlab Bagʻdod qoʻshinlari yengilayotgan boʻlsa-da, oxir-oqibat Tuzun va Nushtakin gʻalaba qozonib, baridiylarni magʻlub etgan[5]. Biroq, Bajkam 21-aprel kuni kurd bosqinchilari tomonidan oʻldirilgach, tartibsizliklar boshlangan. Xalifa al-Muttaqiy oʻziga vazir tayinlasa-da, tez orada bu lavozimga baridiylar yetakchisi [[[Abu Abdulloh al-Baridiy]]ni tayinlashga majbur boʻlgan. Baridiy bu lavozimda armiya qoʻzgʻoloni natijasida Daylamiylar yetakchisi Kurankij amir ul-umaro etib tayinlangunga qadar qolgan (1-iyul)[6]. Bu orada Bajkam vafotidan keyin Tuzun, Nushtakin, Xajxaj va boshqa bir qancha turk harbiylari dastlab shimolga, Mosulga borib, Nosir ud-Davlaning xizmatiga kirishga harakat qilgan, lekin u harbiylarni rad etgan. Natijada ular Ibn Raiqqa murojaat qilishgach, u fursatdan foydalanib, eski lavozimini tiklab olgan (23-sentyabr)[7]. Biroq noyabr oyida Tuzun va boshqa turk rahbarlari Ibn Raiqga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarib, uni baridiylar qoʻlida qoldirishgan. Bu dushman kuchini oshirib, ularni Bagʻdodga yurishga undagan. 942-yil 7-martda baridiy qoʻshinlari shaharga kirgach, Ibn Raiq va xalifa Hamdoniylardan yordam soʻrash uchun shimolga chekingan[8]. Poytaxt rahbari, baridiylar oilasi yetakchisi Abul Husayn Tuzunni shaharning sharqiy qismi, Dajla daryosining narigi tomoniga sohib ash-shurta etib tayinlagan. Baridiy hukmronligi tez orada obroʻsini yoʻqotgan. Chunki ularning intizomsiz Daylamilari talon-taroj qilishi narxlarning keskin koʻtarilishi va soliqlarni yigʻish bilan birga obroʻsiga putur yetkazgan. Tuzun va boshqa turklar Abul Husaynni qoʻlga olish uchun til biriktirgan. Biroq Nushtakin xiyonat qilib, baridiylar saroyiga hujum oldindan ogohlantirilgan Daylamiy qoʻshinlari tomonidan qaytarilgan. Shundan soʻng Tuzun Bagʻdodni tark etib, koʻp turklar bilan shimolga, Mosulga yoʻl olgan[9]. Bu holatdan kuchaygan Hamdoniylar janubga, Bagʻdodga yurish qilgan. Baridiylar esa shaharni tashlab ketishgan. Shundan soʻng Hamdoniylar tomonidan Ibn Raiqning oʻldirilishi (942-yil 11-aprel) va bir necha kundan soʻng Nosir ad-Davlaning amir ul-umaro lavozimiga tayinlanishi sodir boʻlgan. Tuzun oʻz navbatida daryoning ikki qirgʻogʻida poytaxt sohib ash-shurtasi lavozimi bilan taqdirlangan[10].

Baridiylar Vositdagi qarorgohidan Hamdoniylarga qarshi chiqishda davom etgan. Tuzun Sayfuddavla laqabi bilan tanilgan Nosir ad-Davlaning ukasi Ali qoʻl ostida dushmanga qarshi yuborilgan qoʻshin qoʻmondonlaridan biri boʻlgan. 942-yil 16-avgustdan 19-avgustgacha davom etgan al-Madain yaqinidagi qizgʻin kurashda Hamdoniylar va turk qoʻshinlari Basradagi asl qarorgoh uchun Vositni tark etgan baridiylarni magʻlub etgan[11]. Sayfuddavla Vositni egallagan. Biroq 943-yilning bahoriga kelib turk qoʻshinlari va ularning rahbarlari, asosan, Tuzun va Xajxaj maoshlari kechikkani uchun notinch va isyonkor boʻlishgan. Ibn Miskavayhning soʻzlariga koʻra, Sayfuddavla ukasini kamsitib, Suriyadagi oʻz rejalari uchun ularni oʻziga jalb qilmoqchi boʻlgan. Nihoyat, 943-yil 7-mayga oʻtar kechasi turk qoʻshinlari Sayfuddavla qarorgohiga hujum qilib, unga oʻt qoʻyishgan. Hamdoniylar sahrodan Bagʻdodga qochib ketishga muvaffaq boʻlgan. Vositda turk zobitlari Tuzunni oʻzlariga boshliq (amir) deb e’tirof etib, unga qadimgi fors odatiga koʻra mirta va oʻtlar olib kelishgan. Xajxaj esa bosh qoʻmondon (sipohsolor) etib tayinlangan[12].

Xalifalik amir ul-umarosi

tahrir

Turk qoʻzgʻolonidan xabar topgan baridiylar Vositga qarshi harakat qila boshlagan. Tuzunga elchi joʻnatib, Bagʻdodga yurishga chaqirgan va Vositda dehqonchilik soligʻ huquqini talab qilishgan. Tuzun beparvo javob bergan. Biroq tez orada uning aygʻoqchilari Xajxaj baridilar tomoniga oʻtishni reja qilayotgani haqida xabar qilgan. 20-may kuni Tuzun oʻz askarlari bilan Xajxajni gʻaflatda qoldirib, toʻshagida ushlagan va koʻzini koʻr qilgan[13]. Tuzun Vositni qoʻriqlash uchun Qaygʻalogʻ boshchiligida 300 kishi qoldirib, Bagʻdodga yurish qilgan. Shaharda Sayfuddavla xalifaga qarshilik koʻrsatishga va’da bergan boʻlsa-da, turklar yaqinlashgach, Hamdoniylar va uning zobitlari shimolga qochib ketgan. 3-iyun kuni Tuzun poytaxtga kirib kelgach, xalifa unga amir ul-umaro nomini bergan[14].

Tuzunning birinchi harakati Qaygʻalogʻ baridiylar bosimi ostida tark etgan Vositga qarshi janubga yurish boʻlgan. Janubga ketayotib, oʻziga shaxsiy kotib etib tayinlagan baridiy Muhammad ibn Shirzod bilan uchrashgan[15]. Tuzun Ummon hukmdori Yusuf ibn Vojihning kutilmaganda toʻgʻridan-toʻgʻri Basraga hujumiga duch kelgan baridiylar bilan tinchlikka erishgan. Bitim Tuzun va Abu Abdulloh al-Baridiyning qizi oʻrtasidagi nikoh ittifoqi bilan mustahkamlangan[16][17]. Bagʻdodda esa Tuzun va baridiylar oʻrtasida osoyishtalik oʻrnatilgani haqidagi xabar ma’qullanmagan. Vazir Abul Husayn ibn Muqla Tuzunga ham, ayniqsa, Ibn Shirzodga ham ishonmagan. Turklarning moliyaviy talablarini qondira olmay, oʻz mavqeidan ajralib qolishdan qoʻrqib, Hamdoniylar bilan aloqa oʻrnatgan. Nosir ad-Davlaning amakivachchasi Abu Abdulloh al-Husayn boshchiligidagi Hamdoniylar qoʻshini Bagʻdodning Harb darvozasi oldida paydo boʻlgan. Vazir ham, xalifa ham u tomoga oʻtib, shimolga, Mosulgacha kuzatib qoʻyilgan. Bu voqealarni eshitgan Tuzun tezda al-Baridiyga Vositning dehqonchilik soligʻini topshirib, oʻz qoʻshinlari bilan Bagʻdodga qaytib kelgan[18].

Tuzun Hamdoniylar ortidan shimolga yurib, Tikrit yaqinidagi ikki jangda Sayfuddavlani magʻlub etgan va Mosulni egallagan. Aka-uka Hamdoniylar va xalifaning Mosulni tark etib, Nusaybinga borib, u yerdan xalifa va uning atrofidagilar Sayfuddavla hamrohligida Raqqaga joʻnab ketishgan. 944-yil 26-mayda Tuzun va Hamdoniylar oʻrtasida shartnoma tuzilgan. Unga koʻra, Nosir ad-Davla Iroqning markaziy qismidagi xalifalikning asosiy yerlariga boʻlgan daʼvolaridan voz kechishi evaziga Jazira ustidan nazorati va Suriyaga nisbatan daʼvolarini tan olingan. Hamdoniylar har yili 3,6 million dirham oʻlpon toʻlashlari shart boʻlgan[19][20]. Bu orada turli sarkardalar hukmronligidan norozi boʻlib, oʻz mansabining mustaqilligi va nufuzini tiklashga uringan xalifa al-Muttaqiy Misrning qudratli va amalda mustaqil hukmdori boʻlgan Muhammad ibn Tugj al-Ixshid bilan aloqaga chiqqan edi. Ixshid bunga javoban Suriya boʻylab yurish boshlab, 944-yil avgustida Raqqada xalifa bilan uchrashib, al-Muttaqiyni Misrga koʻchishga koʻndirmoqchi boʻlgan. Al-Muttaqiy taklifni rad etib, Tuzunning vaʼdalariga ishongani uchun Bagʻdodga qaytgan. Xalifa poytaxtga yaqinlashgach, Tuzun uni kutib olgan va koʻzini koʻr qilib, al-Mustakfiy foydasiga taxtdan tushirgan[21][22].

945-yil avgustda vafotiga qadar Tuzun Bagʻdodda hukmronlik qilgan. Biroq uning mavqeiga yangi kuch – Buvayhiylar, xususan, Ahmad ibn Buyaning ambitsiyalari tobora koʻproq tahdid sola boshlagan. Buvayhiylarning 944-yilda Bagʻdodga qilgan birinchi hujumi qaytarilgan. Biroq, Tuzun vafotidan keyin Muhammad ibn Shirzod oʻz hokimiyatini mustahkamlay olmagani sababli 946-yil 17-yanvarda Ahmad yangi amir ul-umaro va xalifalik hukmdori sifatida Bagʻdodga kirgan[23].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Donohue 2003, s. 9.
  2. Kennedy 2004, s. 195.
  3. Kennedy 2004, ss. 195, 204.
  4. Kennedy 2004, ss. 195–196.
  5. Amedroz & Margoliouth 1921, s. 9.
  6. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 9–18.
  7. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 20–24.
  8. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 25–26.
  9. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 27–28.
  10. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 28–30.
  11. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 31–32.
  12. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 43–46.
  13. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 46–47.
  14. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 47–49.
  15. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 49–50.
  16. Bowen 1928, ss. 382–383.
  17. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 49, 51–52.
  18. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 52–54.
  19. Kennedy 2004, s. 270.
  20. Amedroz & Margoliouth 1921, ss. 54–55.
  21. Kennedy 2004, ss. 196, 312.
  22. Bacharach 2006, ss. 55–56.
  23. Kennedy 2004, s. 196, 214–215.

Adabiyotlar

tahrir
Oldingisi Abbosiylar xalifaligining amir ul-umarosi
943-yil 31-may — 945-yil avgust
Keyingisi