Urologiya (yunoncha: "oὖrón" siydik va "lógía" o‘rganish) — klinik tibbiyot sohasi; siydik aʼzolari sistemasi, jinsiy aʼzolar kasalliklarini, ularning kelib chiqish sabablarini oʻrganadi, shuningdek, bu kasalliklar diagnostikasi, davosi hamda oldini olish usullarini ishlab chiqadi.

Urologiya

Urologiya 20-asrda xirurgiyadan mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. Urologik kasalliklar qadimdan maʼlum. Abu Ali ibn Sino qovukdagi toshlarni tushirish sir-asrorlarini bilgan. Lekin ilmiy urologiya 19-asrda shakllandi. 1869-yilda G. Simon (Angliya) birinchi marta siydik nayini kateterlash, kasallangan buyrakni operatsiya yoʻli bilan olib tashlashga muvaffaq boʻldi. Fransiyalik F. J. Gyuyon, L. Mersye, J. Albarran; angliyalik G. Tompson, P. Freyer; avstriyalik L. Dittel U.ning rivojiga munosib hissa qoʻshdilar. Urologiyaning rivoji, asosan, sistoskopiya va rentgen nurlari orqali tekshirish usullarining kashf etilishi bilan bogʻliq. 20-asrda diagnostika va davolashning yangi usullari — xromotsistoskopiya (F.Felker va E. Iozef, Germaniya, 1903), retrograd piyelografiya (A. Lixtenberg va F. Felker, Germaniya, 1906), ekskretor urografiya (M. Svik, A. Lixtenberg, Germaniya. 1929) va boshqa ishlab chiqildi. Buyrak yetishmovchiligida gollandiyalik olim V. Kolf klinikada birinchi marta sunʼiy buyrak ishlatdi (1944).

Oʻzbekistonda urologiyaning rivoji 1924-yilda Oʻrta Osiyo universitetining tibbiyot fakultetida urologiya kafedrasi hamda 25 oʻrinli urologiya klinikasi tashkil etilishi bilan bogʻliq. 60–70-yillarda radiologik, angiografik, urodinamik, kompyuter tomografik tekshiruvlarning amaliyotga kirib kelishi bilan urologiyda jarroxlik usullari takomillashdi; TUR, perkutan operatsiyalar, buyrak toshlarini masofadan parchalash yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi kunda laparoskopik operatsiyalar (qarang Laparoskopiya) keng qoʻllanmoqda. Bunda O.M.Muxtorov, I.P.Pogorelko, T.N.Pozdnyakova, D.L Arustamov va boshqalarning hissasi katta boʻldi.

Toshkentdagi urologiya klinikasi asosida 1990-yil Respublika urologiya ilmiy markazi tashkil etildi, 2002-yilda u Respublika ixtisoslashgan urologiya markaziga aylantirildi. 1932-yildan Tashkent Vrachlar malakasini oshirish institutida urologiya kafedrasi va klinikasi faoliyat koʻrsatmoqsa. 1997-yil klinika qoshida Toshkent shahar urologiya markazi tashkil etildi, unda Oʻzbekiston Respublikasi viloyat hamda tuman shifoxonalarida urologiya boʻlimlarini ochish, ularni malakali kadrlar va mutaxassislar bilan taʼminlash ishlari amalga oshiriladi.

Respublika klinikalarida urologik kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolashda ultratovushli skanirlash, ularning endoskopik va rentgenologik apparatlar, tashqi toʻlqin yordamida buyrak va siydik yoʻli toshlarini maydalash dastgoxlari bilan jihozlanishi urologiya sohasining jahon talablari darajasiga koʻtarilishiga imkon berdi. Yirik kasalxonalar tarkibida nefrologiya boʻlimlari va markazlarining tashkil etilishi tufayli oʻtkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan bogʻliq tadqiqotlar rivojlandi. Oʻtkir buyrak yetishmovchiligida „sunʼiy buyrak“ apparati yordamida qonni tozalash (gemodializ) usuli ishlab chiqildi.

Soʻnggi yillarda Respublikamizda shoshilinch tibbiy yordam markazi hamda viloyat markaziy shifoxonalari qoshida urologiya boʻlimlarining ochilishi Oʻzbekistonda urologiyaning rivojlanishida muhim bosqich boʻldi.



Manbalar tahrir