Uzbekistan Airways Technics MChJ (UAT) – „Oʻzbekiston havo yoʻllari“ milliy aviakompaniyasining tarkibiy boʻlinmasi. Samolyotlar, dvigatellar va butlovchi qismlarga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash sohasida qariyb 100 yillik tajribaga ega kompaniya. UAT majmuasi Boeing 757, 767, 787, Airbus 300, 310, 318, 319, 320, 321 kabi samolyotlarga va ularning butlovchi qismlariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlashni amalga oshiradi[1]. Kompaniyaning taʼmirlash sohasidagi imkoniyati Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Yevropa hamda Bermud orollari, Rossiya Federatsiyasi, Kuvayt aviatsiya boshqarmalari tomonidan tan olingan[1][2].

Uzbekistan Airways Technics
Sobiq nomi Fuqaro aviatsiyasining 243-sonli zavodi
Turi Samolyotlarga texnik xizmat koʻrsatish
Tarmogʻi Aviatsiya
Egasi Oʻzbekiston havo yoʻllari
Qachon asos solingan 12-noyabr, 1924-yil (100 yil avval) (1924-11-12)
Joylashuvi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston, Toshkent shahar, Sergeli tumani
Toshkent xalqaro aeroporti hududida
Vebsayti airtech.uz

Kompaniya yiliga kamida 10 ta xorijiy aviakompaniya samolyotlariga texnik xizmat koʻrsatadi va taʼmirlaydi[3].

Uzbekistan Airways Technics Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti hududida joylashgan. Geografik joylashuvi istalgan toifadagi havo kemalarini qabul qilish, saqlash, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash imkonini beradi. UATning angar hududlari Toshkent aeroportining taksi yoʻllari tizimiga ulangan.

Samolyotlar taʼmirlash majmuasi maydoni 17 280 kv metrni tashkil etadi. Majmua bir vaqtning oʻzida 3 ta keng fyuzelajli samolyotlarni qabul qila oladi va ularga barcha turdagi bazaviy texnik xizmatlarni koʻrsata oladi[4].

Uzbekistan Airways Technics ICAO, Yevropa aviatsiya xavfsizligi (EASA PART-66 va 145)[1] va Yevropa normalari (EN4179) talablariga javob beradi[4].

Tarixi

tahrir

Dastlabki davri

tahrir

Kompaniyaning tashkil topish tarixi 1924-yil 12-noyabrda Dobrolet jamiyati qoshida birinchi samolyot taʼmirlash ustaxonalari ochilgan paytdan boshlanadi. Ustaxonalardagi 15 nafar harbiy aviamexanik bir dvigatelli K-4 va K-5 samolyotlarini, Germaniyaning Yunkers, Farman samolyotlari, Yunkers va BMW aviamotorlarini taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish bilan shugʻullangan[5].

1937-yil Fuqaro aviatsiyasining 243-sonli samolyot taʼmirlash zavodi ochiladi va unda ANT-9, R-5, P-5, G-1, G-2, K-4, K-5, U-2 kabi samolyotlarni, BMW-123A, L-5 dvigatellari taʼmirlashni amalga oshirgan. Keyingi yillarda TB-3, Li-2 samolyotlari va M-17, M-34, ASh-62IR dvigatellarini ketma-ket taʼmirlash oʻzlashtirilgan.

Ulugʻ Vatan urushidan keyin zavod fuqarolik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun yangi uskunalar bilan jihozlandi. Koʻp yillar davomida zavod Il-12, Il-14, Yak-12, Il-18 samolyotlaridan tashqari uzoq masofaga uchadigan Il-62 samolyotlarini, Il-76 transport samolyotlarini, birinchi keng fyuzelajli Il-86 samolyotlari, AI-25 dvigatellari va TA-6, TA-6A, TA-8 yordamchi quvvat bloklarini taʼmirlashga ixtisoslashgan.

1991-yildan boshlab rivojlanishi

tahrir

Oʻzbekiston havo yoʻllari milliy aviakompaniyasi tomonidan Gʻarbda ishlab chiqarilgan texnikalar – Airbus 310, Boeing 757/767 va BAe146/AVRO146-RJ xarid qilinishi bilan ularga texnik xizmat koʻrsatishni oʻzlashtirish zarurati tugʻildi va 1997-yilda zavodda Gʻarb texnikalariga texnik xizmat koʻrsatish markazi tashkil etildi[6]. 1998-yilda Markaziy Osiyoda birinchi C-check Airbus 310 samolyotlaridan birida amalga oshirildi, 1999-yildan boshlab Boeing 767 va BAe146/AVRO146-RJ, 2000-yildan esa Boeing 737 samolyotlarida C-check texnik xizmat koʻrsatib kelinmoqda.

2002-yilda Fuqaro aviatsiyasining 243-sonli zavodi „Uzbekistan Airways Technics“ aviatsiya korxonasi deb nomlandi[7], 2006-yilda uning tarkibiga sharqda ishlab chiqarilgan samolyotlarga texnik xizmat koʻrsatuvchi Aviatsiya texnika majmuasi davlat unitar korxonasi kiritildi.

2010-yil noyabr oyida Airbus 320 samolyotini qabul qilib olgan Uzbekistan Airways Technics mutaxassislari ushbu turdagi samolyotlarga birinchi marta A-check, 2011-yilda esa C-check texnik xizmat koʻrsatishni amalga oshirdi[8]. 2010-yilda kompaniya mijozlari orasida Qozogʻistonning SCAT aviakompaniyasi paydo boʻldi[8].

2016-yilda Uzbekistan Airways Technics bazasida Boeing 787 Dreamlinerning kompozit qismlarini taʼmirlash markazi foydalanishga topshirildi[9][10].

2018-yil Oʻzbekiston Tashqi savdo vaziri Afgʻoniston Transport vaziri Muhammad Hamid Tahmasiy bilan uchrashuvda UAT Afgʻoniston samolyotlari uchun texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirishi maʼlum boʻldi[3]. Oʻtgan davr mobaynida afgʻon samolyotlariga xizmat koʻrsatgani haqida maʼlumot mavjud emas.

2023-yil fevral oyida UAT hududidagi 39 gektar maydonda erkin bojxona zonasi tashkil qilindi. EBZda ehtiyot qismlarni saqlashga moʻljallangan 2 ta omborxona mavjud[11]. 2021-yil 30-apreldagi PQ-5100-sonli Prezident qarori[12] hamda 2021-yil 21-oktyabrdagi VMQ-652-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori[13] bilan erkin bojxona zonasi tashkil etishning huquqiy asoslari yaratildi. EBZ tashkil qilingandan keyin texnik xizmat koʻrsatishga kelgan ilk samolyot SCAT Airlinesning Boeing 737-300 samolyoti boʻldi[14].

Faoliyati

tahrir

Uzbekistan Airways Technics xizmat koʻrsatish quvvatlariga quyidagilar kiradi:

  1. Samolyotlarni taʼmirlash majmuasi.
  2. Samolyotlarni boʻyash uchun angar.
  3. Gʻarbda ishlab chiqarilgan butlovchi qismlarga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ustaxonasi.
  4. Yumshoq uskunalar ishlab chiqarish sexi.
  5. Asosiy metrologik xizmat va kimyoviy analitik laboratoriya.
  6. Samolyot korpusi va samolyot kompozit qismlarini taʼmirlash ustaxonasi.
  7. Oʻqitilgan va sertifikatlangan xodimlar samolyot komponentlarini buzilmaydigan sinov (NDT) usullaridan foydalangan holda tekshirishni amalga oshiradi.
  8. Samolyotning tashqi va ichki qismini yuvish joyi.

2014-yil holatiga koʻra, aviakorxona tarixi davomida 80 mingdan ortiq samolyotlarni kapital taʼmirdan chiqargan[5][15].

2017-yilda Uzbekistan Airways Technics Tojikistonning Tajik Air aviakompaniyasiga tegishli Boeing 757-200 hamda 767-300 samolyotlarini taʼmirdan chiqardi. 767-300 ning dvigateli, gʻildiragi hamda avtopilot tizimidagi kamchiliklar bartaraf etildi[16].

COVID-19 pandemiyasi davrida 2020-yil UAT oʻzining bosh kompaniyasi – Oʻzbekiston havo yoʻllariga tegishli ikkita Boeing-767-300-ER yoʻlovchi samolyotini Boeing-767-300-PTC yuk samolyotiga aylantirdi. Qayta jihozlangan yuk samolyoti 180 kub metr yuk koʻtarish imkoniyatiga ega boʻldi[17] [18].

2021-yil 29-oktyabrda UAT xodimlari Buxoro xalqaro aeroportida Rossiyaning Smartavia aviakompaniyasiga tegishli Airbus 320NEO samolyotining CFMI Leap-1A dvigatelidagi parrak qurilmasining 4-kurakchasini almashtirdi[2].

2022-yilda UAT Aviastar-TU (Rossiya), Aero Nomad Airlines (Qirgʻiziston), SCAT Airlines, Gryphon Air Cargo (Gruziya), ACM AIR (Turkiya), Silk Avia, Asia Sky Lines (Tojikiston) aviakompaniyalari uchun texnik xizmat koʻrsatish, toʻliq boʻyash, katta hajmli texnik xizmat koʻrsatish kabi ishlarni amalga oshirdi[19]. Xususan, birinchi marta Boeing 737 MAX 8 samolyotini toʻliq boʻyadi. Boʻyash Akzo Nobel tomonidan ishlab chiqarilgan qoplamalar yordamida Intermediate Coat Paint System Base Coat/Clear Coat (baza + lak) yordamida amalga oshirildi[20][21].

2023-yilda kompaniya Germaniyaning Condor aviakompaniyasiga tegishli Boeing 757-300 samolyotini kapital taʼmirlash (D-check) tekshiruvi va boʻyash ishlarini amalga oshirdi. Taʼmirlangan va yangi liveryaga boʻyalgan samolyot Turkiyaning Mavi Gök aviakompaniyasiga topshirildi[22].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 „Uzbekistan Airways Technics performs its first ever Boeing 737 C-check“. Russian Aviation INSIDER (2020-yil 17-mart). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  2. 2,0 2,1 „Rossiyaning nosozlikka uchragan samolyoti Buxoro xalqaro aeroportida ta'mirlandi“. Kun.uz. Web Expert (2021-yil 1-noyabr). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  3. 3,0 3,1 „Uzbekistan Airways Technics to provide MRO for Afghan aircrafts“ (en). The Tashkent Times (2018-yil 9-aprel). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  4. 4,0 4,1 „«Uzbekistan Airways Technics» MCHJ“. uzairways.com. Oʻzbekiston havo yoʻllari. Qaraldi: 25-sentabr 2024-yil.
  5. 5,0 5,1 „Uzbekistan Airways Technics отметит 90-летие“ (ru). Gazeta.uz. Afisha Media (2014-yil 7-noyabr). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  6. „FUQARO AVIATSIYASINING “UZBEKISTAN AIRWAYS TECHNICS” AVIAKORXONASI BAZASIDA G‘ARBDA IShLAB ChIQARILGAN SAMOLYoTLARGA TEXNIK XIZMAT KO‘RSATISh MARKAZINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA“. lex.uz. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi. Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  7. „G‘ARBDA IShLAB ChIQARILGAN SAMOLYOTLARGA TEXNIK XIZMAT KO‘RSATISh MARKAZINI TAShKIL ETISh BO‘YIChA LOYIHANING IKKINChI BOSQIChINI AMALGA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA“. lex.uz. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi. Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  8. 8,0 8,1 „Российские и казахстанские самолеты обслужат в Ташкенте“ (ru). Gazeta.uz. Afisha Media (2010-yil 15-yanvar). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  9. „Журналисты из СНГ посетили Uzbekistan Airways Technics“ (ru). Sputnik Oʻzbekiston. Sputnik (2016-yil 2-dekabr). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  10. „Фото: Boeing и НАК открыли Центр по ремонту композитных компонентов самолетов“ (ru). Gazeta.uz. Afisha Media (2016-yil 28-yanvar). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  11. Kim, Yelena. „В UzAirways Technics открыли свободную таможенную зону“. Kursiv.uz. Kursiv Media (2023-yil 23-fevral). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  12. „Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida“. lex.uz. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi. Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  13. „“Uzbekistan Airways Technics” MChJ erkin bojxona zonasi hududiga tovarlarni olib kirish, olib chiqish, havo kemalarini ta’mirlashda foydalanish, ularni tegishli rejimlarga rasmiylashtirish, shuningdek, ushbu tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida“. lex.uz. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi. Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  14. „На территории Uzbekistan Airways Technics создана свободная таможенная зона“ (ru). Dunyo News (2023-yil 24-fevral). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  15. „Uzbekistan Airways Technics aviakorxonasi tashkil topganiga 90 yil to‘ladi“. Daryo.uz. Simple Networking Solutions (2014-yil 9-noyabr). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  16. „Uzbekistan Airways Technics тожик учоқларини таъмир қила бошлади“. Ozodlik radiosi (2017-yil 3-may). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  17. „Uzbekistan Airways Boeing-767 yo‘lovchi samolyotlarini yuk tashuvchiga aylantirmoqda“. Gazeta.uz. Afisha Media (2020-yil 21-aprel). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  18. „Uzbekistan Airways переоборудует пассажирские самолеты в грузовые“ (ru). Kun.uz. Web Expert (2020-yil 21-aprel). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  19. „Uzbekistan Airways Technics 2022-yil yakunlari“. Oʻzbekiston havo yoʻllari (2023-yil 6-yanvar). Qaraldi: 25-sentabr 2024-yil.
  20. „На базу «Uzbekistan Airways Technics» впервые прибыл Boeing 737 MAX 8“ (ru). Darakchi.uz (2022-yil 9-avgust). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  21. „OOO «Uzbekistan Airways Technics» впервые принял на покраску воздушное судно Boeing 737-MAX 8“ (ru). Yangi Oʻzbekiston gazetasi (2022-yil 9-avgust). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.
  22. „Uzbekistan Airways Technics приняла воздушное судно турецкой авиакомпании“ (ru). Kultura.uz (2023-yil 5-fevral). Qaraldi: 28-sentabr 2024-yil.

Havolalar

tahrir