Silk Avia

O‘zbekiston mintaqaviy aviakompaniyasi

Silk Avia, rasmiy „Silk Avia“ MCHJ – Toshkent shahrida tashkil etilgan Oʻzbekistonning mintaqaviy aviakompaniyasi[1]. Kompaniya Oʻzbekiston havo yoʻllari milliy aviakompaniyasining tarkibida boʻlib, uning bazasi Samarqand xalqaro aeroportida joylashgan[2][3][4].

Silk Avia
IATA ICAO Identifikatori
US USA SILK
Tashkil topgan 2021-yil 6-iyul
Boshlangan amaliyotlari 2023-yil 25-aprel
Havo tuguni Samarqand xalqaro aeroporti
Park hududi 7
Parvoz yoʻnalishlari 16
Egasi Oʻzbekiston havo yoʻllari
Muhim shaxslar Raʼno Joʻrayeva (Bosh direktor)
Sayti silk-avia.com

Tarixi

tahrir

Tashkil etilishi

tahrir

„Silk Avia“ ichki turizm va biznesni rivojlantirish maqsadida 2021-yil 6-iyulda Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati tarkibida tashkil etilgan[5][6].

2021-yil noyabr oyida Dubai Airshow 2021 aviasalonida Uzbekistan Airports yangi aviakompaniya haqida ilk taqdimotni oʻtkazgan[4][3].

Silk Avia oʻzini Oʻzbekiston havo yoʻllari milliy aviatashuvchisiga raqobatchi sifatida emas, balki ichki aviatashuvlarni tashkil etishda hamkor sifatida ishtirok etadi. Kelajakda aviakompaniyani xususiy sektorga oʻtkazish rejalashtirilgan[6].

Keyinchalik, aviakompaniya ATR turidagi samolyotlardan foydalanishi maʼlum qilingan[7][8].

„Uzbekistan Airports“ AJ bosh direktori Raʼno Joʻrayeva parvozlar uchun ATR rusumidagi samolyotlarni tanlanishi haqida quyidagicha fikr bildirgan[9]:

Biz yaqin kelajakda toʻliq ATR samolyotlaridan iborat park bilan oʻz faoliyatimizni boshlaymiz, bu bizni juda xursand qilmoqda. Yangi arzon aviakompaniya sifatida biz qaysi samolyotlar eng yaxshi yechim boʻlishini batafsil koʻrib chiqdik. ATR 72-600 rusumini tanlaganimiz biz uchun eng toʻgʻri qaror boʻldi, chunki bu samolyotlar yoʻlovchilarimizga eng zamonaviy, qulay va ishonchli xizmatni eng arzon va barqaror tarzda taqdim etishimizni taʼminlaydi.

Dastlabki faoliyat

tahrir

Silk Avia Fransiya-Italiya Avions de Transport Régional (ATR) konserni tomonidan ishlab chiqarilgan ATR 72-600 va ATR 42-600 samolyotlaridan foydalanishini eʼlon qilgan[10].

Aviakompaniya oʻz faoliyatini ilgari Bangkok Airways tarkibida parvoz qilgan uchta samolyot bilan boshlagan. Birinchi samolyot 2023-yil 21-mart kuni Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelgan[11].

2023-yil 20-iyunda Parijdagi Le-Burje xalqaro aviakosmik koʻrgazmasida Nordic Aviation Capital (NAC) kompaniyasidan yana ikkita samolyotni lizing asosida olish toʻgʻrisida kelishuv eʼlon qilingan[12]. Shuningdek, ATR bilan beshta yangi ATR 72 samolyotini sotib olish va global texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnomalar imzolangan[13][14].

Yangi samolyotlar Pratt & Whitney PW127XT dvigatellari bilan jihozlangan boʻlib[10], bu texnik xizmat koʻrsatish xarajatlarini 20 foizga va yoqilgʻi sarfini 3 foizga qisqartirish imkonini beradi[15][16][17].

ATR kompaniyasining bosh ijrochi direktori Natalie Tarno Laud (talaffuzi: Natali Tarno Laud) Silk Avia bilan hamkorlik haqida quyidagi fikrlarni bildirgan[18]:

Oʻzbekistondek tez rivojlanayotgan mamlakatda Silk Avia ichki turizmni rivojlantirish va iqtisodiyotni ragʻbatlantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, mintaqaviy parvozlar sonining 10 foizga oshishi mahalliy yalpi ichki mahsulotning 5 foizga oʻsishiga olib kelishi mumkin. ATR esa ishonchli va hamyonbop mintaqaviy samolyotlarni taqdim etish orqali bu jarayonga oʻz hissasini qoʻshmoqda. Biz Markaziy Osiyoda ATR uchun yangi bozorni ochayotgan Silk Aviani yangi hamkorimiz sifatida kutib olishdan mamnunmiz.

Silk Avia 2023-yil 20-aprelda havo operatori sertifikatini olgan. Shu oyda kompaniya ekipajlarni tayyorlash maqsadida texnik parvozlarni amalga oshirgan. Birinchi sinov parvozi 20-aprel kuni Toshkent-Nukus yoʻnalishida boʻlib oʻtgan. Parvoz 2 soat davom etgan[19]. Nukus aeroportida samolyot anʼanaviy suv arkasi bilan kutib olingan. Keyinchalik, Nukus – Navoiy – Toshkent yoʻnalishlarida ham sinov parvozlari oʻtkazilgan[20].

Texnik parvozlar ATR oʻquv markazi mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan. Silk Avia kelajakda Oʻzbekistonda ATR oʻquv markazini ochishni rejalashtirmoqda[16]. Shuningdek, aviakompaniya Uzbekistan Airways Technics bilan samolyotlarga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha hamkorlik qilishini eʼlon qilgan[21].

Muntazam parvozlarning boshlanishi

tahrir

Texnik parvozlardan soʻng, Silk Avia muntazam reyslarni 2023-yil 25-apreldan amalga oshira boshlagan. Birinchi tijorat parvozi 24-aprel kuni US-131 reysi orqali Toshkent-Samarqand-Toshkent yoʻnalishida amalga oshirilgan[22]. Aviakompaniya 2023-yil 1-iyundan boshlab Toshkentdan Fargʻona va Nukusga, shuningdek, Fargʻonadan Urganch, Buxoro va Navoiy shaharlariga muntazam parvozlarni yoʻlga qoʻygan[23].

Uzbekistan Helicopters kompaniyasi Silk Avia brendi ostida Let L-410 Turbolet samolyotlaridan foydalanib, qisqa masofali parvozlarni yoʻlga qoʻygan[24]. Bu samolyot kichikroq aeroportlar va yoʻlovchi oqimi past boʻlgan yoʻnalishlarga xizmat koʻrsatishga moslashtirilgan. 2024-yil mart oyida Nukus va Mo‘ynoq oʻrtasida muntazam parvozlar yoʻlga qoʻyilib, Silk Avia tarmogʻi yanada kengaytirilgan[25]. 2024-yil iyul oyiga kelib, aviakompaniya Toshkentdan Qoʻqon, Shahrisabz va Zominga yangi yoʻnalishlarni ochgan[26][27].

2024-yil sentyabr oyida Shahrisabz aeroporti qayta ochildi. Shu oyning oʻzida Silk Avia Toshkent-Shahrisabz yoʻnalishi boʻyicha aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻygan. Bundan oldinroq, 2024-yil iyul oyida mazkur aviakompaniya ATR 72 rusumli samolyotlardan foydalanib, yangi ochilgan Qoʻqon aeroportiga parvozlarni boshlagandi[28][29].

2024-yil 8-oktyabrdan boshlab Silk Avia Fargʻonadan Samarqandga va Qoʻqondan Buxoroga muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda. 2024-yil 11-oktyabrdan boshlab esa Qoʻqondan Termizga qoʻshimcha haftalik parvoz yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, barcha parvozlar ATR 72 rusumli samolyotlarda amalga oshirilmoqda[30].

Silk Avia reyslarida yoʻlovchilarga faqat 0,25 litr suv taqdim etiladi. Aviakompaniya boshqa xizmatlarni, jumladan, ovqatlanish va koʻrpa-yostiq bilan taʼminlash xizmatlarini koʻrsatmaydi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, qoʻshimcha xizmatlarni cheklash orqali aviachiptalar narxi sezilarli darajada arzonlashadi, bu esa aviakompaniyaning temir yoʻl transportiga raqobatdoshligi oshishini taʼminlaydi[24].

Silk Avia faoliyatining dastlabki oyida 330 tadan ortiq parvozni amalga oshirdi va 12 000 nafardan ziyod yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan[31].

Tarkibiy oʻzgarishlar

tahrir

2023-yil oktyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Aviatsiya faoliyatini samarali tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi qaroriga muvofiq, „Oʻzbekiston Havo Yoʻllari“ (Uzbekistan Airways) milliy aviakompaniyasi tarkibida bir qator oʻzgarishlar amalga oshirilgan[32][33].

Qarorga koʻra:

  • „Silk Avia“ kompaniyasining 100% kapitali „Uzbekistan Helicopters“ ustav kapitaliga oʻtkazilgan[34].
  • „Uzbekistan Airports“ tomonidan xarid qilingan uchta ATR 72-600 samolyoti „Uzbekistan Helicopters“ tasarrufiga oʻtkazilgan[35].
  • „Uzbekistan Helicopters“ kompaniyasiga ATR 72-600 samolyotlari sonini koʻpaytirish vazifasi yuklatilgan[36].

Ushbu oʻzgarishlar Oʻzbekiston aviatsiya sohasini rivojlantirish va samaradorligini oshirish maqsadida amalga oshirilgani qayd etilgan[37][38].

Xalqaro parvozlar

tahrir

2024-yil avgustida aviakompaniya oʻzining birinchi xalqaro parvozini Qirgʻizistonning Issiqkoʻl viloyatiga amalga oshirgan. Shu oyning oʻzida Samarqanddan Qozogʻistonning Turkiston shahriga muntazam reyslarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan[34][39][40].

Aviaparki

tahrir
 
Silk Avianing ATR 72 samolyoti parvozga tayyorlanmoqda.
 
ATR 72 samolyotidan yoʻlovchilar tushmoqda.
 
Silk Avianing ATR 72 samolyoti Urganch xalqaro aeroportiga qoʻndi.

2024-yil oktyabr oyi holatiga koʻra, Silk Avia ATR konserni va Chexiyaning Let Aircraft Industries kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan turbovintli, oʻrta masofali samolyotlar bilan parvozlarni amalga oshiradi.

Silk Avia aviaparki
Samolyot Xizmatda Buyurtmalar Oʻrindiqlar Manbalar
ATR 72-600 5 8 72 [8][41][42][43][37]
Let L-410 Turbolet 2 2 19 [44][27]
ATR 42-600 - 2 46 [10][37]
Jami: 7 12

Parvoz manzillari

tahrir

Silk Avia Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning bir qancha mamlakatlarida ichki va xalqaro parvozlarni amalga oshiradi[45].

Mamlakat Shahar Aeroport Izoh Manbalar
  Oʻzbekiston Respublikasi Samarqand Samarqand xalqaro aeroporti Baza [24][46][37][47]
Toshkent Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti [45][24][46]
Urganch Urganch xalqaro aeroporti

[46][45]

Buxoro Buxoro xalqaro aeroporti [24][46]
Navoiy Navoiy xalqaro aeroporti [24][46]
Qarshi Qarshi xalqaro aeroporti [24][46]
Namangan Namangan xalqaro aeroporti [24][46]
Shahrisabz Shahrisabz aeroporti [29][45]
Zomin Zomin aeroporti [45][27]
Qoʻqon Qoʻqon aeroporti [48][26]
Fargʻona Fargʻona xalqaro aeroporti [45][30]
Termiz Termiz xalqaro aeroporti [45][49]
  Qoraqalpog'iston Respublikasi Moʻynoq Moʻynoq aeroporti [25][50][23]
Nukus Nukus xalqaro aeroporti [25][23]
  Qirgʻiziston Respublikasi Tomchi Issiqkoʻl xalqaro aeroporti Mavsumiy [51][52][53]
  Qozogʻiston Respublikasi Turkiston Hazrati Sulton xalqaro aeroporti [54]

Yana qarang

tahrir


Manbalar

tahrir
  1. „В Ташкенте встретили новый самолет авиакомпании «Silk Avia»“ (ruscha). Yuz.uz (2024-yil 17-fevral). Qaraldi: 2024-yil 9-oktyabr.
  2. „Silk Avia aviakompaniyasi uchun 70 o‘rinli uchta samolyot kelishi kutilmoqda — Ra’no Jo‘rayeva“. Gazeta.uz (2022-yil 27-mart). Qaraldi: 2024-yil 9-oktyabr.
  3. 3,0 3,1 „A new airline, Silk Avia, is being established in Uzbekistan“ (inglizcha). Silk Avia (2024-yil 11-yanvar). Qaraldi: 2024-yil 14-oktyabr.
  4. 4,0 4,1 „Silk Avia on ch-aviation“ (inglizcha). ch-aviation. Qaraldi: 2024-yil 17-oktyabr.
  5. „Biz haqimizda - Silk Avia“. Silk Avia. Qaraldi: 2024-yil 19-oktyabr.
  6. 6,0 6,1 „O‘zbekistonda yangi Silk Avia aviakompaniyasi tashkil etilmoqda“. Interfax.uz (2021-yil 26-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 9-oktyabr.
  7. ATR (2024-yil 19-fevral). „Silk Avia introduces first new ATR 72-600 in Central Asia“. Press-reliz.
  8. 8,0 8,1 „Silk Avia получила самолет ATR 72-600“ (ruscha). Uzdaily.uz (2024-yil 16-mart). Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  9. Cross, Lee. „ATR 72 Chosen for Uzbekistan Start-Up, Silk Avia“ (inglizcha). Airways NOTAM (2022-yil 23-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 21-oktyabr.
  10. 10,0 10,1 10,2 „Авиакомпания Silk Avia получит 7 новых самолетов и создаст собственный тренажерный центр“ (ruscha). aviaport.ru (2023-yil 26-iyun). Qaraldi: 2024-yil 5-oktyabr.
  11. „Yangi Silk Avia aviakompaniyasining birinchi samolyoti 21 mart kuni yetib keladi“. Gazeta.uz (2023-yil 19-mart). Qaraldi: 2024-yil 6-oktyabr.
  12. „NAC has executed a lease agreement for 2 new ATR 72-600s with Silk Avia“ (inglizcha) (2023-yil 20-iyun). Qaraldi: 2024-yil 5-oktyabr.
  13. „Silk Avia aviakompaniyasi 10 ta samolyot xarid qiladi“. spot.uz (2022-yil 26-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 6-oktyabr.
  14. „Silk Avia havo kemasi parki yangi ATR 72-600 bilan to‘ldirildi!“. silk-avia.com (2024-yil 16-mart). Qaraldi: 2024-yil 8-oktyabr.
  15. „O‘zbekiston Airbus va ATR'dan 17 ta samolyot sotib oladi“. Kun.uz (2022-yil 23-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 7-oktyabr.
  16. 16,0 16,1 Мадиева, Рисолат. „Silk Avia o‘zining o‘quv markazini yaratadi“. Yuz.uz. Янги Ўзбекистон (2023-yil 26-iyun). Qaraldi: 2024-yil 5-oktyabr.
  17. „Silk Avia and ATR sign an agreement for the purchase of five ATR 72-600 aircraft“ (inglizcha). Uzdaily.uz. Qaraldi: 2024-yil 8-oktyabr.
  18. Schuurman, Richard. „Silk Avia opens up Uzbekistan for ATR“ (inglizcha). AirInsight Group (2022-yil 23-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 6-oktyabr.
  19. „Silk Avia havo operatori sertifikatini olib texnik reyslarni boshladi“. silk-avia.com. Qaraldi: 2024-yil 6-oktyabr.
  20. „Silk Avia havo operatori sertifikatini olib texnik reyslarni boshladi“. joqargikenes.uz (2023-yil 20-aprel). Qaraldi: 2024-yil 18-oktyabr.
  21. „"UAT" MCHJ Silk Avia aviakompaniyasi bilan birgalikda ATR-72 samolyotlariga texnik xizmat ko'rsatish jarayonini o'zlashtirmoqda“. Airtech.uz (2022-yil 23-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 18-oktyabr.
  22. „Silk Avia o'zining ilk koʻrgazmali parvozini amalga oshirdi“. silk-avia.com (2023-yil 2-may). Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  23. 23,0 23,1 23,2 „Silk Avia to begin flights connecting Uzbekistan's regions“ (inglizcha). Turkic World (2024-yil 30-mart). Qaraldi: 2024-yil 5-oktyabr.
  24. 24,0 24,1 24,2 24,3 24,4 24,5 24,6 24,7 „Silk Avia tijoriy reyslarni yo‘lga qo‘yadi“. gazeta.uz (2023-yil 22-aprel). Qaraldi: 2024-yil 2-oktyabr.
  25. 25,0 25,1 25,2 „Silk Avia Nukus-Mo‘ynoq-Nukus yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi“. Spot.uz (2024-yil 27-mart). Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  26. 26,0 26,1 „Silk Avia will have daily flights to Kokand“ (inglizcha). Glosema Group (2024-yil 15-iyul). Qaraldi: 2024-yil 5-oktyabr.
  27. 27,0 27,1 27,2 „Silk Avia возобновляет регулярные рейсы по маршруту Ташкент — Заамин“ (ruscha). Spot.uz (2024-yil 24-iyun). Qaraldi: 2024-yil 3-oktyabr.
  28. „Silk Avia chiptalar sotuvi boshlanganini e'lon qiladi“. silk-avia.com (2024-yil 21-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 21-oktyabr.
  29. 29,0 29,1 „“Silk Avia” Тошкентдан Шаҳрисабзга мунтазам авиақатновлар йўлга қўймоқда“. anhor.uz (2024-yil 9-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 3-oktyabr.
  30. 30,0 30,1 „Silk Avia oktabrdan O‘zbekiston bo‘ylab uchta yo‘nalishda parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda“. spot.uz (2024-yil 24-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  31. „Faoliyatining birinchi oyida Silk Avia 12 000 dan ortiq yo'lovchini o'z manziliga eltib qo'ydi“. silk-avia.com (2023-yil 7-iyun). Qaraldi: 2024-yil 9-oktyabr.
  32. „Авиция фаолиятини самарали ташкил этишга оид қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида“. lex.uz (2023-yil 16-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 9-oktyabr.
  33. „Silk Avia aviakompaniyasi Uzbekistan Helicopters tarkibiga o‘tkazilmoqda“. Xabardor.uz (2023-yil 19-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 5-oktyabr.
  34. 34,0 34,1 „Tashkent Formalizes Change in Silk Avia Ownership and Fleet Expansion“ (inglizcha). airguide.info (2023-yil 23-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 5-oktyabr.
  35. „Uzbekistan Helicopters becomes the owner of Silk Avia“ (inglizcha). Uzdaily.uz (2023-yil 19-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  36. Fayzullaev, Ulugʻbek „“Aviatsiya faoliyatini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-337, 16.10.2023 y) qabul qilindi“. Toshkent viloyati adliya boshqarmasi (2023-yil 23-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 20-oktyabr.
  37. 37,0 37,1 37,2 37,3 Jarvis, Howard. „Tashkent formalises change in Silk Avia ownership“ (inglizcha). ch-aviation (2023-yil 23-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  38. „Uzbekistan Airports’ning Silk Avia’dagi ulushi Uzbekistan Helicopters’ga o‘tkaziladi“. Daryo.uz (2023-yil 19-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 6-oktyabr.
  39. „Авиакомпания Silk Avia с 16 июня запустит рейсы из Ташкента на побережье озера Иссык-Куль“ (ruscha). aviapages.ru (2024-yil 29-may). Qaraldi: 2024-yil 5-oktyabr.
  40. „Silk Avia запускает регулярный рейс Ташкент — Тамчы — Ташкент“ (ruscha). News Kg (2024-yil 21-may). Qaraldi: 2024-yil 5-oktyabr.
  41. „Минтранс прокомментировал передачу Silk Avia в структуру Uzbekistan Airways“. spot.uz (2023-yil 6-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  42. Тен, Александр. „Silk Avia получила четвертый самолет“ (ruscha). Kursiv Media Узбекистан (2024-yil 17-fevral), s. 1-2. Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  43. „Лоукостер Узбекистана приобретет 12 самолетов концерна ATR“ (ruscha). report.az (2024-yil 22-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  44. „Aviakompaniya faoliyati to'g'risidagi hisobot“. Uzairways.com. Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  45. 45,0 45,1 45,2 45,3 45,4 45,5 45,6 „Live Flight Tracker - Real-Time Flight Tracker Map“ (inglizcha). flightradar24.com. Flightradar24. Qaraldi: 2024-yil 10-mart.
  46. 46,0 46,1 46,2 46,3 46,4 46,5 46,6 „Yo‘nalishlar“. Silk Avia. Qaraldi: 2024-yil 3-oktyabr.
  47. Новикова, Анастасия. „Авиакомпания Silk Avia намерена развивать региональные рейсы“ (ruscha). ПЛОВ (2024-yil 28-mart). Qaraldi: 2024-yil 5-oktyabr.
  48. „Silk Avia Toshkent-Qo‘qon yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi“ (2024-yil 29-mart). Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  49. „Все рейсы“. Silk Avia. Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  50. „Uzbek Silk Avia to launch flights on Bukhara-Urgench-Bukhara route“ (inglizcha). AzerNews (2024-yil 10-aprel). Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  51. „Silk Avia Issiqko‘lga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yadi“. spot.uz (2024-yil 17-may). Qaraldi: 2024-yil 3-oktyabr.
  52. „Uzbekistan's Silk Avia launches regular flights to Kyrgyzstan's Issyk-Kul“ (inglizcha). Turkic World (2024-yil 18-may). Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  53. Ismoilov, Kamol. „Uzbekistan's Silk Avia launches regular flights to Kyrgyzstan's Issyk-Kul“ (inglizcha). Trend News Agency (2024-yil 18-may). Qaraldi: 2024-yil 4-oktyabr.
  54. „Silk Avia Samarqanddan Qozog‘istonning Turkiston shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda“. spot.uz (2023-yil 10-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 3-oktyabr.

Havolalar

tahrir
Ushbu maqolani tinglang (12 daqiqa)
noicon
 
Bu audiofayl ushbu maqolaning 29-oktyabr, 2024-yil(2024-10-29) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.