Vezikulopustuloz — chaqaloqlar orasida keng tarqalgan kasallik boʻlib, bunda badanga turli kattalikdagi maddalar toshadi. Kasallik goʻdak hayotining dastlabki kunlaridayoq namoyon boʻlishi mumkin[1]. Bunda bolaning boshi, badanining serburma sohalari va oyoq-qoʻllariga chetlari qizil yalligʻlangan hoshiya bilan chegaralangan pustulalar chiqadi; pustulalar bitta, ikkita yoki bir nechta boʻlishi mumkin. Gistologik tadqiqotlar yalligʻlanishli oʻzgarishlar ekkrin ter bezlarining ogʻiz qismida boʻlishini koʻrsatadi. Kasallik faqat ter bezining yoʻli yuzaki yalligʻlanishi bilan kechsa pustulalar hosil boʻladi(perioporit). Pustulalar kattaligi bugʻdoydek boʻlib, ichidan quyuq yiring chiqadi va tezda qurib, poʻst hosil qiladi. Poʻst tushib ketgandan soʻng terida iz qoilmaydi. Aksariyat bemorlarda ter bezlarining yoʻli hamda uning tutamlari yiringli yalligʻlanadi; dermaning chuqur qatlamida aniq chegaralangan konsistensiyasi qattiq, koʻkimtir qizil-rangli tugunchalar paydo boʻladi. Ularning kattaligi noʻxatdek, keyinchalik yongʻoqdek boʻlib ketadi. Tugun oʻrtasi yumshab zararlangan soha terisi yupqa tortadi, bosganda bilqillab turadi, yorilsa qon aralash yiring oqib chiqadi. Yarada nekrotik oʻzak boʻlmaydi. Kasallik pirovardida chandiqlanish kuzatiladi. Aksariyat bemorlarda yalligʻlanish tuguncha 1-2 ta baʼzan bir nechta boʻladi. Koʻproq bola badanining oʻrin koʻrpasiga tegib ishqalanadigan joylari, boshi, boʻyin, bel, dumg;aza sohasi zararlanadi. Abssesslanish davrida umumiy darmonsizlik, haroratning koʻtarilishi (38-39 °C) hosizlanish va umumiy dispeptik holatlar kuzatiladi. Ayniqsa, ilk goʻdaklik chogʻida kasallik ogʻir kechadi[2]. Davo choralari oʻz vaqtida koʻrilishiga qaramay, nimjon bolalarda kasallik har 10-30 kunda qaytalanib turadi, otit, zotiljam, meningit, osteomiyelit, paraproktit va sepsis (bakteriyemiya) kabi ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin. Bolalarga koʻplab toshadigan abssess yoki soxta furunkulozni follikulit yoki furunkuloz bilan taqqoslanadi. Maʼlumki follikulit yoki furunkuloz, asosan, kattalarda uchraydi hamda uning pustula markazidan soch chiqib turadi va yorilganda ichidan nekrotik oʻzak chiqadi. Shuningdek, papulonekrotik teri silining boshlangʻich bosqichi bilan qiyoslanadi. Teri siliga chalingan bemorlarda Pirke reaksiyasi musbat boʻlib, boshqa aʼzolarda sil oʻchoqlari aniqlanadi. Kasallik oqibati bolaning umumiy ahvoliga bogʻliq boʻlib, ayniqsa, distrofiyaga uchragan bolalarda ogʻirroq kechadi. Baʼzan zotiljam yoki sepsis qoʻshilib bola nobud boʻlishi mumkin. Shuning uchun bemor bola albatta kasalxonada davolanishi lozim.

Manbalar

tahrir
  1. Eshboyev, E.H. Teri va tanosil kasalliklari — 62-64-bet. 
  2. „Везикулопустульоз“. Qaraldi: 2024-yil 13-may.