Voqif Sultonli
Voqif Sultonli (ozarbayjoncha: Vaqif Sultanlı, 26-mart 1958-yilda tug’ilgan, Shahsevan qishlog’i, Kurdamir tumani, Ozarbayjon) — Ozarbayjon adibi, adabiyotshunos, tarjimon va publisist, filologiya fanlari doktori, professor.
Voqif Sultonli | |
---|---|
Tavalludi |
26 mart 1958 |
Fuqaroligi | Ozarbayjon |
Taʼlimi | Boku davlat universiteti |
Kasbi | nosir, adabiy tanqidchi, tarjimon |
Millati | Ozarbayjonli |
Mukofotlari | Turk tiliga xizmat mukofoti 2003 |
Hayoti
tahrirVoqif Sultonli 1958-yil 26-martda Ozarbayjon Respublikasining Kurdamir tumanining Shahsevan qishlog’ida tug’ilgan.
Koʻhnabozor qishloq maktabini bitirgan (1964-1974). Oʻrta maktabda oʻqish barobarida Kurdamir tumanidagi musiqa maktabida ham tahsil olgan (1970-1975). Bir muddat Kurdamir tumani elektr tarmoqlari boʻlimida xodim boʻlib ishlagan (1974-1976).
Ozarboyjon davlat universitetining filologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan (1981).
Mehnat faoliyatini Ismoilli tumanidagi Qalajiq qishloq maktabida ona tili va adabiyoti oʻqituvchisi boʻlishdan boshlagan. Keyin Ozarboyjon Davlat Universitetining Zamonaviy Ozarboyjon adabiyoti kafedrasi aspiranturasida tahsilni davom ettirgan.
"Ozarboyjon dramaturgiyasida xarakter muammolari (1970-1980)" mavzusida nomzodlik (1984), "Muhammad Amin Rasulzodaning hayoti va adabiy faoliyati" mavzusida doktorlik dissertatsiyasini (1997) himoya qilgan. 1999-yildan Boku davlat universiteti Ozarboyjon adabiyoti tarixi kafedrasida professor lavozimida ishlab kelmoqda.
U ijtimoiy faoliyat bilan ham muntazam shugʻullanib keladi. 1991-yilda Butunjahon ozarboyjonshunoslar uyushmasini tashkil qilgan va uning raisi etib tayinlangan.
Amerikaning “Ozodlik” va “Ozod Yevropa” radiostansiyalari Ozarboyjon tahririyatida adabiy eshittirishlar boʻyicha muxbir boʻlib ishlagan (1995-1998). Polshada ("Xudafərin" - 1995), Shvetsiyada ("Araz" - 1996-1997), AQShda chop etilgan ("Dünya azərbaycanlıları" - 2000-2012 ) jurnallarining bosh muharriri boʻlgan.
Turkiyada faoliyat koʻrsatib kelgan Kipr-Bolqon-Yevrosiyo turkiy adabiyotlari tuzilmasining (KİBATEK) Kavkaz boʻlimi rahbari.
1999 yilning iyun-oktyabr oylarida Buyuk Britaniyaning Edinburg universitetida Ingliz filologiyasi va Gʻarb madaniyati mutaxassisligi boʻyicha ilmiy tajribalar olib borgan.
Hasanbek Zardobiy mukofoti (1995), Kipr-Bolqon va Yevroosiyo turkiy adabiyotlar tuzilmasining (KİBATEK) Turk tiliga xizmat mukofotiga (2003), Misr Madaniyat vazirligining faxriy yorligʻiga (2014), Turkiy tilning uygʻonish harakati tashkilotining Alohida xizmatlari uchun mukofotiga (2017) loyiq koʻrilgan.
Dunyo ozarboyjonlari kongressining (DAK) Shvetsiya (2001), Gollandiya (2002), Germaniya (2004), Belgiya (2008) va Buyuk Britaniyada (2010) oʻtkazilgan qator qurultoylarida Boshqaruv hay’atining raisi etib saylangan.
2012-yilda tuzilgan va markaziy idorasi Pekin shahrida joylashgan Xalqaro Epos tadqiqotlari jamiyatining (The International Society for Epic Studies) a’zosi.
2018-yilda AQShda joylashgan Xalqaro yozuvchilar uyushmasining a’zosi etib saylangan (International Writers Association). Asarlari AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Daniya, Misr, Eron, Rossiya, Ukraina, Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlarda nashr qilingan.
Dunyoning turli mamlakatlarida oʻtkazilgan xalqaro simpozium, konferensiya, forum va seminarlarda qatnashgan, Ozarboyjon adabiyoti va madaniyatini targʻib etib kelgan.
Oilali, ikki nafar farzandi bor.
Badiiy ijodi
tahrirAdabiy ijodni juda erta boshlagan boʻlsa-da, “Yovshan hidi” nomli ilk hikoyasi 1980 yilda “Ozarboyjon ayoli” jurnalida nashr qilingan. Oʻsha davrdan boshlab, hikoyalari, tarjimalari, ilmiy-publisistik maqolalari muntazam ravishda chop etila boshlagan.
Muallifning koʻpchilikning e’tiborini qozongan “Oʻlim uyqusi” (1982) romanida qabristonning koʻchirilishi hodisasini jamiyat hayotida yuz berayotgan xaos, toʻqnashuv sifatida jonlantiradi. Bu xaos tasvirlangan obrazlarning ichki-ma’naviy dunyosini oshkor etishga imkon beradi. Qabristonni tekislagan buldozerchining oʻz joniga qasd qilishi bilan yakunlanngan qissada yozuvchi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga qarshi chiqishi halokatga olib ketishini ifodalagan.
Real va shartli-metaforik uygʻunlik bilan qalamga olingan “Inson dengizi” (1992) romani muallifining badiiy ijodida alohida oʻrin tutadi. Hodisalar oʻtgan asr 80-yillarida boʻlib oʻtadi. Romanda oʻlim jazosidan qutulib, begona shaharda yashirinib umr kechirgan qahramon timsolida jamiyatning axloqiga va madaniyati bilan toʻqnashgan begonalashuv muammosi badiiy yechimini topgan.
Oʻziga xos bayon tarzi bilan ajalib turadigan “Sahro jangi” (2010) romanida tasvirlangan hodisalar zamonlar kesimida kelajakdan voz kechib, oʻtmishga yuz burgan qahramonning qismati fonida koʻrsatib berilgan. Hodisalarning bu kenglikda ifodalanishi muallifga inson va dunyo haqida falsafiy tushunchalarning aks ettirish imkonini bergan. “Sahro jangi” bugungi kunda hukmronlik qilayotgan begonalashuv, xotiralarning yoʻqolishi singari ma’naviy tanazzul va gumanitar oʻzgarishlar muammosiga e’tiroz sifatida yaratilgan.
Voqif Sultonlining “Oq yoʻl”, “Sahardagi tuman”, “Yaproqsiz novdalarning yashil nagʻmasi”, “Darvish”, “Gʻor”, “Qutb kechasi”, “Vatan”, “Orol”, “Sarob”, “Teskari oqim”, “Soqov halqa”, “Kul qafas”, “Yoʻl-yoʻl uy” va boshqa hikoyalari til va uslub xususiyatlari bilan ajralib turadi. Adibning “Uchrashuv”, “Qumri navosi”, “Humoyun” va boshqa hikoyalari tarixiy mavzuda yozilgan. U shuningdek, lirik romantik uslubda yozilgan koʻplab mitti hikoyalar – miniatyuralarning ham muallifidir.
Ilmiy faoliyati
tahrirBadiiy ijod bilan bir qatorda san’atning nazariy estetik masalalari bilan ham shugʻullanib kelayotgan muallifining adabiy tanqid va adabiyotshunoslik bilan bogʻliq izlanishlari “Muhammad Amin Rasulzodaning adabiy olami” (1993), “Ogʻir yoʻlning yoʻlovchisi” (1996), “Ozodlik ufqlari” (1997), “Ozarboyjon muhojirat adabiyoti”, (1998), “Adabiy-nazariy illyustratsiyalar” (2000), “Umrning najot sohili” ((2004), “Adabiy tanqidni oʻqitish masalalari” (2007), “Ozarboyjon adabiy tanqidi” (2012), “Istiqlol sevgisi” (2014) va boshqa kitoblarda oʻz aksini topgan. Muallifning adabiyotshunoslikdagi faoliyatida Ozarboyjon muhojirat adabiyoti bilan bogʻliq tadqiqotlari muhim oʻrin tutadi.
U koʻpgina publisistik maqolalar, adabiy tanqid va adabiy jarayonlar bilan bogʻliq ilmiy-publisistik maqolalaning ham muallifidir. Voqif Sultonlining ilmiy faoliyatining katta qismini xalqaro konferensiya, simpozium, forum va seminarlarda oʻqigan ma’ruzalari tashkil qiladi.
Tarjimonlik faoliyati
tahrirVoqif Sultonli tarjima faoliyati bilan shugʻullanadi. Rashod Nuri Guntekinning “Xazonrezgi” va “Tegirmon” romanlarini, Sergey Jitomirskiyning ”Sirakuzalik olim” tarixiy qissasini, shuningdek, Ervin Shtritmatter, Yaroslav Gashek, Veri Meri, Gustav Stopka, singari adiblarning hikoyalarini Ozarboyjon tiliga tarjima qilgan. Muhammad Amin Rasulzodaning “Panturonizm haqida” asarini rus tilida (hamkorlikda) tarjima qilgan.
Kitoblar (Ozarbayjon tilida)
tahrir- O'chirilgan yulduzlar (povest va hikoyalar). Boku: Yozichi, 1988, 136 s.
- Inson dengizi (roman va hikoya). Boku: Yoshlik, 1992, 279 p.
- Muhammad Amin Rasulzodaning adabiy olami (darslik). Boku: ODU nashriyoti, 1993, 153 s.
- Ogʻir yoʻlning yoʻlovchisi (portret-monografiya). Boku: Azernashr, 1996, 196 s.
- Ozodlik ufqlari (maqolalar to'plami). Boku: Shirvanneshr, 1997, 208 s.
- Ozarboyjon muhojirat adabiyoti (darslik). Boku: Shirvannashr, 1998, 160 s.
- Qul bozori (hikoyalar, miniatyuralar, sarguzashtlar, esselar). Boku: Yoshlik, 1999, 120 s.
- Adabiy-nazariy illyustratsiyalar (nazariy parchalar). Boku: Azernashr, 2000, 54 s.
- Oʻlim uyqusi (povest, hikoya va esselar). Boku: Turon, 2002, 160 s.
- Umrning najot sohili (dialog-monografiya). Boku: Azernashr, 2004, 208 s.
- Adabiy tanqidni o'qitish masalalari (uslubiy qo'llanmalar). Boku: Azernashr, 2007, 124 s.
- Ozarbayjon adabiy tanqidi (darslik). Boku: Azernashr, 2009, 204 s.
- Bo'shlik vodiysi (povest va hikoyalar). Boku: Azernashr, 2010, 184 s.
- Ozarbayjon adabiy tanqidi (darslik). Yaxshilangan II nashr, Boku: Azernashr, 2012, 224 s.
- Inson dengizi (roman). II nashr, Boku: Azernashr, 2014, 256 s.
- Istiqlol sevgisi (monografiya). Boku: Elm va tahsil, 2014, 252 s.
- Sahro jangi (roman). Boku, Azernashr, 2015, 184 s.
- Ozarbayjon adabiy tanqidi. Yaxshilangan III nashr, Boku: Nurlar, 2019, 312 s.
- Bibliografiya. Boku: Nurlar, 2019, 192 s.
Kitoblar (O'zbek tilida)
tahrir- Oʻlim uyqusu (Povest va hikoyalar), O'zbek tiliga tarjima qilingan Rustam Jabborov, Toshkent, İjod Press, 2017, 192 s.