Xristianlikning boʻlinishi

Xristianlikning ikki alohida cherkovga boʻlinib ketishi

Xristianlikning boʻlinishi (shuningdek, Sharq-Gʻarb boʻlinishi yoki Buyuk boʻlinish) — 1054-yilda katolik cherkovi va sharqiy pravoslav cherkovi oʻrtasida aloqaning uzilishi[1]. Diniy tafovut va nizolar 1054-yilda rasman boʻlinishga olib kelgan[1][2][3]. Eng katta tortishuvlar Muqaddas ruhning kelib chiqishi, yevxaristiya marosimida xamirturushli yoki xamirturushsiz non ishlatish kerakligi, ikonoklazma, 800-yilda Buyuk Karlning Rim imperatori sifatida toj kiyishi va Rim Papasining barcha cherkovlar ustidan toʻliq hokimiyatga ega boʻlish daʼvosi kabi masalalarni oʻz ichiga olgan[4].

Xristianlikning boʻlinishi
Xristianlikning boʻlinishi vaqtida mavjud
boʻlgan davlatlarning eski chegaralari
Sana1054-yil 16-iyul — hozirgacha
SababDiniy tafovutlar va nizolar
IshtirokchilarPapa Leo IX
Patriarx Michael I Cerularius
Oqibatlari
Xristianlikning katolik va sharqiy pravoslav
cherkovlariga boʻlinib ketishi

1054-yilda ikki eng qudratli patriarxal cherkov rahbarlari — Rim Papasi va Konstantinopol patriarxi bir-birini cherkovdan chetlashtirgan. Har biri boshqa tomonni bidʼatchilikda ayblagach, gʻarb va sharq cherkovlari oʻrtasidagi munosabat keskinlashgan. Shu sababli boʻlinish Sharq-Gʻarb boʻlinishi deb ham ataladi. Ushbu boʻlinish katolik va pravoslav cherkovlari oʻrtasida bugunga qadar saqlanib qolgan tafovutlarni yuzaga keltirgan.

Buyuk boʻlinish kelajak avlodlarga katta taʼsir koʻrsatgan, chunki cherkovlar oʻrtasidagi kelishmovchilik hech qachon batamom hal etilmagan. Katolik va pravoslav xristianlari bir-biridan tobora uzoqlashib borgan va XX asrga kelibgina murosaga kelish uchun amaliy qadam tashlangan. Biroq XI asrdagi boʻlinishdan oldin ham sharq va gʻarb cherkovlari oʻrtasida ziddiyatlar mavjud boʻlgan[5].

Olimlar Buyuk boʻlinish sanasi borasida turli fikrlarni ilgari surgan. Bu voqea 1009-yil[6], 1204-yil[7], 1484-yil[8] va 1756-yil[9] bo‘lgan deb taxmin qilinadi. Boshqa manbaga koʻra, boʻlinish ancha oldin boshlangan boʻlgan: 867-yillar atrofida Papa Nikolay va Vizantiya patriarxi Fetiy oʻrtasidagi aloqalar batamom uzilgan, biroq bu 1054-yilga kelib rasman tasdiqlangan[10].

Sabablari

tahrir

Yepiskoplar oʻrtasida hokimiyat uchun kurash

tahrir

II asr boshlarida Rim imperiyasi gullab-yashnagan va 5 million kvadrat mil maydonni oʻz ichiga olgan edi. Rim imperatorlari bunday katta hududni boshqarishga qiynalishgan. Shu sababli 330-yilda imperator Konstantin imperiyani 2ga ajratgan: Gʻarbiy Rim imperiyasi va Sharqiy Rim imperiyasi (Vizantiya imperiyasi). Konstantinopol shahri poytaxt etib belgilangan.

Varvar qabilalarining bosqini va 395-yilda Rimning qulashidan soʻng, Rim yepiskopining hokimiyati kuchayib borgan. Biroq 537—752-yillarda yepiskoplar, hatto Rim yepiskopi ham, Vizantiya imperatorining farmoni bilangina tayinlangan. Bu holat VIII asr, Vizantiya imperiyasiga yangi din — Islomning kirib kelishi natijasida imperiyaning zaiflashuvigacha davom etgan. Bu paytda, Gʻarbiy Rim imperiyasi qayta kuchayib borayotgan edi. Rim yepiskopi yangi imperator sifatida Buyuk Karl tojini kiygan. Shundan soʻng, yepiskop Rim imperatorlarining farmoni bilan tayinlanish oʻrniga, ularni oʻzi tayinlaydigan boʻlgan. Rim yepiskopi hokimiyatni asta-sekin qoʻlga olib, toʻrt rivojlangan shahar — Iskandariya, Antioxiya, Konstantinopol va Quddus ustidan hukmronlik oʻrnatishga harakat qilgan.

Xristianlik
 

 

Xristianlik

Vizantiya imperiyasidagi cherkovlar mahalliy ruhoniy va yepiskopga tayangan. Gʻarbiy Rim imperiyasida esa hokimiyat ancha markazlashgan boʻlib, Rim yepiskopiga tayangan. Hokimiyat tuzilmasidan tashqari, gʻarbiy va sharqiy cherkov yoʻnalishlari ham bir-biridan farq qilgan.

Cherkovlardagi tafovutlar va nizolar

tahrir

Geografiya va madaniyat

tahrir

Imperiya 330-yilda imperator Konstantin tomonidan ikkiga boʻlinishi va Rim varvarlarga yengilishi sabab cherkovda siyosiy birlik yoʻqolgan. Natijada, gʻarbiy cherkov barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash borasida Rim yepiskopiga tayanishga majbur boʻlgan. Shundan soʻng, gʻarb va sharqdagi xristianlar siyosiy jihatdan ajralib, har biri oʻzining alohida rahbar va tiliga ega boʻlgan. Sharqdagilar yunonchada, gʻarbdagilar esa lotin tilida soʻzlashgan. Ikkala tilni ham biladiganlar juda kam boʻlgan, shu sabab ular bir-biri bilan fikr almashib, biror narsa oʻrganmagan.

Diniy ikonalarga ehtirom koʻrsatish masalasi uzoq vaqt davomida cherkovda bahsli mavzu boʻlib kelgan. Sharqiy cherkovda ikonalar maʼlum muddat taqiqlangan va oʻrniga xochlardan foydalanilgan. Gʻarbiy cherkovda esa ikonalar doimiy qoʻllanilgan.

Sharqiy va gʻarbiy cherkovlar dinga amal qilish va Xudoga munosabat jihatidan ham farq qilgan.

  • Sharqda ruhoniylar oila qurishi mumkin boʻlgan, gʻarbda esa ruhoniylar turmush qurmaslikka majbur boʻlgan.
  • Sharqda diniy marosimlarda non faqat xamirturushli boʻlishi talab etilgan. Gʻarbda esa oddiy nonga ruxsat etilgan.
  • Sharqiy cherkovga tashrif buyuruvchilar nonni baʼzan sharobga botirishgan, gʻarbda esa bunga hech qachon yoʻl qoʻyilmagan.
 
Papa Leo IX

Dindagi ushbu tafovutlar ikkala guruh vakillarining ham bir-biriga nafrat koʻzi bilan qarashiga olib kelgan. Biroq Rim yepiskopining sharq yepiskoplari bilan maslahatlashmay Nicean eʼtiqod bayonini oʻzgartirishi sharqiy cherkov uchun tub burilish nuqtasi boʻlgan. Yepiskop Leo IX tomonidan kiritilgan oʻzgarish nafaqat boshqa yepiskoplarga hurmatsizlikni ifodalagan, balki diniy taʼlimotda ham katta farq yuzaga keltirgan.

  • Dastlabki eʼtiqod bayoniga koʻra, Muqaddas Ruh Ota Xudodan kelib chiqqan.
  • Leo kiritgan (bugungi kungacha saqlanib qolgan) oʻzgarishga koʻra, Muqaddas Ruh Ota Xudodan va O‘gʻil Xudodan kelib chiqqan.

Sharq yepiskoplari buni Ota Xudoning ulugʻvorligini yerga urish deb baholashgan, chunki ular Oʻgʻil Xudo va Muqaddas ruhni Ota Xudodan kelib chiqqan deb bilishgan. Rim Yepiskopi esa eʼtiqod mazmunini oʻzgartirib, Muqaddas ruhni Ota Xudo va Oʻgʻil Xudodan kelib chiqqan deb talqin qilgan. Ikki guruhning Xudoga boʻlgan munosabati va ibodat usulidagi bu kabi farqli jihatlar keyinchalik boʻlinishga olib kelgan.

Yepiskoplarning tortishuvi

tahrir

Bunday farqli jihatlar ortib borayotgan bir paytda, yepiskoplar Leo IX va Michael Cerularius oʻzlariga tegishli hududlarni, ayniqsa, cherkov urf-odat va gʻoyalarining birlashish ehtimoli yuqori boʻlgan markaziy qismni nazorat qilib turishgan.

Italiyadagi yunon tilida soʻzlashuvchi sharqiy cherkovlarga ishlarni gʻarbga xos lotincha usulda bajarish tayinlangan. Konstantinopoldagi baʼzi cherkovlar ham gʻarb uslubida ibodat qilishni afzal koʻrishgan, biroq Konstantinopol yepiskopi Michael Cerularius bunga qarshi boʻlgan. Ushbu cherkovlarga farmonga boʻysunish yoki cherkovni yopish talabi qoʻyilgan. Leo IX ularni himoya qilish uchun xat yoʻllagan. Michael Cerularius unga javob maktubi joʻnatgan, Leo esa boshqa bir xat bilan birga oʻz vakillarini yuborgan. Ammo xatning ochilganini koʻrib ranjigan sharq yepiskopi uni eʼtiborsiz qoldirgan.

Bu maktub almashinishlar bilan ziddiyat yanada kuchaygan. Oxir-oqibat, Rim yepiskopi vakillari Konstantinopoldagi Aya Sofya cherkoviga ibodat vaqtida bostirib kirib, soʻnggi xatni altar ustiga qoʻygan. Bu xatda Michael Cerulariusning cherkovdan chetlatilgani yozilgan edi. Bunga javoban, Michael ham Leoni cherkovdan chetlatishga farmon bergan[11].

 
Konstantinopol yepiskopi Michael Cerularius

Oqibatlari

tahrir

Cherkovning boʻlinishi

tahrir

1054-yilda gʻarb va sharq cherkovlari rahbarlari bir-birini cherkovdan chetlatgach, ular ikki alohida cherkovga boʻlingan: Rim katolik cherkovi va sharqiy pravoslav cherkovi. Birlashishga qaratilgan chaqiriqlar 1962-yilgacha javobsiz qolgan. Oʻsha yili boʻlib oʻtgan Ikkinchi Vatikan Kengashida Papa, yaʼni Rim yepiskopi, sharqiy pravoslav cherkovining muqaddas marosimlarini tan olgan. 1965-yil Papa Paul IV va Konstantinopol partiarxi 911 yillik uzilgan aloqalardan soʻng, yepiskoplarning bir-birini cherkovdan chetlatish qarorini bekor qilishgan.

Papa hokimiyatining mustahkamlanishi

tahrir

Rim yepiskopi gʻarb dunyosida allaqachon qudratga ega edi, ammo 1054-yilgi Buyuk boʻlinishdan soʻng, u gʻarbiy xristianlar nazarida yagona qonuniy yepiskopga aylangan. Papa oʻz hokimiyatini XIV asrda sodir boʻlgan navbatdagi boʻlinish — Gʻarbiy boʻlinishgacha mustahkamlab borgan. Sharqdagi Konstantinopol, Antioxiya, Iskandariya shaharlari esa diniy nizolar va Islomning yoyilishiga qarshi kurashgan. Bu ikki omil hokimiyatni zaiflashtirgan.

Vizantiya imperiyasining zaiflashuvi

tahrir

1054-yilgi boʻlinish juda katta va muhim voqea edi, biroq tortishuvlarning aksariyati yuqori martabalilar — yepiskoplar va ularning vakillari oʻrtasida boʻlgan. Cherkov boʻlingan kunda koʻplab oddiy xristianlar bu holatni payqamagan boʻlishi mumkin. Bu hozirgi kunda cherkov rahbarlari konferensiya yoki anjumanda hal qilib boʻlmaydigan diniy kelishmovchilikka duch kelgani kabi boʻlardi. Mojaro kattalashishib ketishi mumkin edi, ammo bu yangilik oddiy aholi hayotiga taʼsir etishi uchun vaqt ketgan boʻlishi mumkin.

Biroq ikki tomon oʻrtasida yetarlicha farqlar va kelishmovchiliklar mavjud edi, shuning uchun ular bir-birini „oʻzga guruh vakili“ deb hisoblagan. Gʻarblik xristianlar ibodat nonini sharobga botiradigan va turmush qurgan ruhoniylari boʻlgan sharqlik „gʻalati“ xristianlarga past nazar bilan qarashgan. Sharqdagi xristianlarning ham oʻz tanqidiy qarashlari boʻlgan.

 
To‘rtinchi Salib yurishi davomida katolik qo‘shinlari tomonidan pravoslavlarning poytaxti Konstantinopolning bosib olinishi va talon-taroj qilinishi

1204-yilga kelib, „oʻzga guruh vakili“ ga „dushman“ sifatida qaralgan. Toʻrtinchi Salib yurishlarida gʻarblik xristian askarlar Quddusni musulmonlar hukmronligidan qaytarib olish uchun jangga kirganlar. Ular yoʻlda Konstantinopolni sharqiy pravoslav xristianlari hukmronligidan shafqatsizlarcha tortib olishgan. Britainnica nashri maʼlumotlariga koʻra, „Minglab pravoslav xristianlari oʻldirilgan, cherkov va ikonalar vayron qilingan. Bu sharq va gʻarb oʻrtasida oʻchmas dushmanlik paydo qilgan.“ Shubhasiz, hujum haqidagi xabar yepiskoplarning cherkovdan chetlatilishi toʻgʻrisidagi xabardan tezroq tarqalgan va kuchliroq taʼsir koʻrsatgan.

Bu vayronagarchilikdan soʻng, Vizantiya imperiyasi 1261-yilda Konstantinopolni qayta egallagan, biroq davlat ilgarigidek qudratli emas edi. Deyarli 200 yildan keyin (1451-yilda), Konstantinopol musulmonlar hukmronligidagi Usmonli imperiyasiga oʻtgan. Bir vaqtlar Xristian cherkovi Turkiyada, yaʼni Konstantinopol (hozirgi Istanbul) joylashgan mamlakatda gullab-yashnagan edi. Avliyo Pavel oʻsha yerlik boʻlgan. Efes cherkovi va Bibliyada tilgan olingan boshqa cherkovlar ham shu yerda joylashgan edi. Biroq bu hududda hozirda atigi 171 000 xristian qolgan[11].

Yoʻnalishlar

tahrir

Xristianlikda eng birinchi boʻlinish jarayoni IV—V asrlarga toʻgʻri keladi. Bu davrda Iso Masihni talqin qilishda farqlanuvchi ikki yoʻnalish: monofizilar va nestorianlar yuzaga kelgan. Birinchi guruh vakillari Iso Masihni faqatgina Xudo timsolida koʻrishgan. Nestorianlarning fikricha esa, Iso ham odam, ham Xudo tabiatiga ega boʻlgan[12][13].

1054-yilgi boʻlinishdan soʻng, Rim Papasi qoʻl ostidagi yeparxiyalar katolik (butun dunyo) cherkovi, Konstantinopol patriarxi humkronligidagi yeparxiyalar esa pravoslav (ruscha pravoslavie — „chin eʼtiqod“) cherkovi deb nomlangan[14].

Pravoslavlik

tahrir

Pravoslavlik xristianlikning sharqiy yoʻnalishi sifatida shakllangan boʻlib, asosan, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Bolqon yarim oroli atrofidagi hududlarda tarqalgan.

Pravoslavlik taʼlimoti asoslarini xristianlarning muqaddas kitobi — Bibliya va Muqaddas rivoyatlar (IV—VIII asrlarda oʻtkazilgan Butun Olam Soborlari qarorlari) tashkil etadi. Shuningdek, cherkovda yetti sirli marosimning barchasi tan olinadi. Taʼlimotiga koʻra, sirli marosimlar davomida Xudo tomonidan savob nozil boʻladi.

Pasxa eng muhim bayram hisoblanib, undan soʻng pravoslavlik dinining oʻn ikki kunlik muhim bayramlari nishonlanadi[15].

Katoliklik

tahrir

Katoliklik xristianlikning eng yirik yoʻnalishi boʻlib, Gʻarbiy Yevropa, Boltiqboʻyi, Ukraina va Belorussiya, Lotin Amerikasi va AQSHda keng tarqalgan.

Katolik taʼlimotining asosini ham muqaddas kitob — Bibliya va Muqaddas rivoyatlar tashkil etadi. Biroq pravoslav cherkovidan farqli ravishda, katolik cherkovi ilk yetti Butun Olam Soborlarining qarorlari qatorida keyingi soborlarning qarorlarini, shuningdek, papalar yoʻllagan maktub va farmonlarini ham Muqaddas rivoyat sifatida qabul qiladi.

Katolik taʼlimotida ham yetti sirli marosim tan olinsa-da, ularning talqinida farqlar mavjud. Masalan, choʻqintirish marosimida dinga kirayotgan odam suvga botirilmaydi, balki unga suv sepiladi. Miro surtish (konfirmatsiya) marosimi esa goʻdaklikda emas, 7—8 yoshlik paytida oʻtkaziladi. Ushbu marosimda bola oʻzi tanlagan yana bir ismga ega boʻladi. Shuningdek, din gʻoyalari va amallarining mohiyatini ongli ravishda qabul qilib, ularga amal qilishni boshlaydi[15].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Cross & Livingstone 2005, s. 706.
  2. D'Agostino 2008.
  3. Bayer 2004.
  4. Lembke 2010.
  5. „The Great Schism of 1054 | History, Causes & Effects“. Qaraldi: 16-dekabr 2024-yil.
  6. John S. Romanides. The theologian in the service of the church in ecumenical dialogue, 1980. Qaraldi: 18-dekabr 2024-yil. 
  7. Robert M. Haddad. The Stations of the filioque, 2002. 
  8. Robert M. Haddad. The Stations of the filioque, 2002. 
  9. Frazee, Charles. World History the Easy Way: A.D. 1500 to the present. Barron's Educational Series — 105-bet. ISBN 978-0-8120-9766-5. 
  10. Qoʻllanma 2023, s. 75.
  11. 11,0 11,1 „What Is the Great Schism of 1054?“. biblestudytools.com. Qaraldi: 17-dekabr 2024-yil.
  12. A.E. Abdusamedov 2008, s. 244.
  13. J. Abduxoliqov, S. Yuldosheva 2004, s. 99.
  14. A.V. Narbekov 2007, s. 105.
  15. 15,0 15,1 A.Ochildiyev, D.Rahimjonov 2013, s. 177.

Adabiyotlar

tahrir
  • Cross, Frank Leslie; Livingstone, Elizabeth A. „Great Schism“, . The Oxford Dictionary of the Christian Church. Oxford: University Press, 2005. ISBN 978-0-19-280290-3. 
  • D'Agostino, Michele Giuseppe „it“, . Il primato della sede di Roma in Leone IX (1049-1054): studio dei testi latini nella controversia greco-romana nel periodo pregregoriano. San Paolo, 2008. ISBN 978-88-215-6062-0. OCLC 470997792. 
  • Bayer, Axel. Spaltung der Christenheit: das sogenannte Morgenländische Schisma von 1054 (de). Böhlau, 2004. ISBN 978-3-412-14204-9. 
  • Lembke, Martin (Spring 2010), Meetings with the World's Religions (lecture), Lund University: Centre for Theology and Religious Studies
  • Dinshunoslik. О‘quv qо‘llanma.. Samarqand: „Samarqand davlat сhеt tillar instituti“ nashriyoti, 2023 — 236-bet. Qaraldi: 17-dekabr 2024-yil. 
  • Abdusamedov, A.. Dinshunoslik., Toshkent, 2008 — 244-bet. Qaraldi: 18-dekabr 2024-yil. 
  • Abduxoliqov, J.; Yuldosheva, S.. Dinshunoslik, Toshkent, 2004 — 99-bet. Qaraldi: 18-dekabr 2024-yil. 
  • Narbekov, A.. Dinshunoslik asoslari: Oʻquv qoʻllanmasi.. Toshkent: Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2007 — 211-bet. Qaraldi: 17-dekabr 2024-yil. 
  • Ochildiyev; Rahimjonov. Dinshunoslik asoslari. Toshkent: „Toshkent islom universiteti“ nashriyot-matbaa birlashmasi, 2013 — 320-bet. Qaraldi: 17-dekabr 2024-yil.