Xususiy huquq — bu jismoniy va yuridik shaxslarning ehtiyojini qondirish va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquq sohasidir. Masalan, fuqarolik, oila, mehnat huquqi va boshqalar. Ommaviy huquq — bu umumiy ommaviy va davlat manfaatlarini muhofaza qilishga qaratilgan huquq sohasidir. Masalan, konstitusiyaviy, jinoyat, maʼmuriy huquq va boshqalar.

Xususiy va ommaviy huquqning dastlabki koʻrinishi

tahrir

Xususiy va ommaviy huquqning dastlabki koʻrinishi qadimgi Rim imperiyasiga borib taqaladi. Unda „jus publicum va jus privatum“ ajaratilgan boʻlib, ularga Rim yuristlari tavsif berishgan. Masalan, tabiiy huquq tarafdori boʻlgan mashhur rimlik yurist Ulpian „ad statum rei Romanae spectat“, yaʼni ommaviy huquq Rim davlatining holati va maqomiga taalluqli, „ad Singulorum itilitatem“, yaʼni xususiy huquq esa alohida shaxslar foydasiga tegishli deya fikr yuritgan[1]. Qadimgi davrlarda Rim huquqshunoslari tomonidan huquqning xususiy (jus privatum) va jamoat (jus publicum) ga boʻlinishi qonun bilan himoyalangan manfaatlarning mohiyatini farqlashning asosiy mezoni deb hisoblagan[2].

Yurisprudensiyada huquq tizimi

tahrir

Koʻpgina jahon davlatlarida yurisprudensiyada huquq tizimi ikkiga ajratiladi: xususiy huquq va ommaviy huquq. Fuqarolik huquqi (ashyo huquqi, majburiyat huquqi, savdo huquqi, oila huquqi, meros huquqi, tijorat huquqi) xususiy huquqqa tegishlidir. Ommaviy huquqqa esa davlat, moliya, jinoyat, protsessual va xalqaro huquq kiritiladi. Davlatda amal qilayotgan barcha huquqiy normalar toʻplami xususiy huquq va ommaviy huquqqa boʻlinadi. Ushbu qonun taqsimoti tabiiy boʻlib, shaxs va davlat (davlat hokimiyati organi) oʻrtasidagi munosabatlar xarakteridan kelib chiqadi. Ommaviy va xususiy huquq oʻrtasidagi farqlar nafaqat huquqiy munosabatlar subyektlari manfaatlari yoki tartibga solinadigan munosabatlar tabiatidagi farq bilan, balki huquqiy tartibga solish usullari (metodlari) oʻrtasidagi farq bilan ham bogʻliqdir. Ommaviy huquq jamoat munosabatlarini huquqiy tartibga solishning imperativ (avtoritar) usuli bilan tavsiflanadi. Xususiy huquqda tomonlarning nisbatan xatti-harakat erkinligi, huquqiy munosabatlardagi teng mavqeyi bilan tavsiflanadigan dispozitiv (avtonom) usul ishlaydi. Roman-german oilasiga mansub Oʻzbekistonning ham huquq tizmi shu tartibda ikkiga boʻlinadi.

Oʻzbekiston qonunchiligi boʻyicha xususiy va ommaviy huquq

tahrir

Xususiy-huquqiy munosabatlar quyidagicha tavsiflashimiz mumkin:

huquqiy munosabatlar taraflarining tengligi;

huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining nisbatan erkinligi va mustaqilligi;

— oʻzaro subyektiv huquq va majburiyatlar;

— shaxsiy („xususiy“) manfaat bilan shartlangan subyektlarning xatti-harakatlarini tanlash erkinligi[3].

Ommaviy va davlat manfaatlari muhofaza qilishga qaratilgan huquq sohasi boʻlgan — ommaviy huquqqa Oʻzbekiston qonunchiligidan misol sifatida MJtK 54-moddasi "Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi"[4]. Ushbu moddada ommaviy huquqning jamiyatni boshqarish, aholini ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, fuqarolarning hayoti, sogʻligʻini himoya qilishga xizmat qilish kabi xususiyatlari aks etgan. Fuqarolik kodeksining 364-moddasi xususiy huquqqa misol boʻla oladi: „Agar taraflar oʻrtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi“[5]. Endi biz bu moddani huquqiy jihatdan tahlil qiladigan boʻlsak, bunda ommaviy huquq kabi jamiyat manfaati emas, alohida shaxslar manfaatlari eʼtirof etilgan boʻlib, huquq va majburiyatlar ham ular tomonidan belgilanadi, oʻzgartirilib, bekor qilinishi mumkin. Shuningdek biz yana xususiy huquqqa Oila kodeksining 19-moddasini[6], yaʼni oilada er va xotinning teng huquqliligini; Mehnat kodeksining 35-moddasini[7], yaʼni taraflarning jamoa shartnomasini tuzish zarurligi kabi moddalarni; Ommaviy huquqqa esa Jinoyat kodeksining 157-moddasini[8], yaʼni davlatga xoinlik qilish — oʻn yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanish haqidagi moddalarni misol keltirish mumkin. Umumiy olganda ommaviy huquqda bir tarafda davlat boʻladi va boshqarish kuchiga ega boʻladi, xususiy huquqda esa davlat qatnashmaydi. Davlat siyosiy va shaxsiy manfaatlarni qondirish va himoya qilish uchun ishlab chiqilgan institutdir hisoblanganda, ommaviy huquqning faoliyat sohasi xususiy huquqqa nisbatan ustun boʻlmasligi kerak, chunki fuqarolik jamiyatida davlat hokimiyati uning institutlaridan biridir. Davlat tashkilotlari faoliyati, fuqarolar va davlat tashkilotlari oʻrtasidagi munosabatlar, davlat organlarining oʻzlari oʻrtasidagi munosabatlar ommaviy huquq sohasida nomayon boʻladi. Ommaviy huquq — bu davlatning ommaviy huquq sohasidagi faoliyatini (davlat qonuni, maʼmuriy huquq, jinoyat huquqi, sud va sud protsesslari) tartibga soluvchi huquqiy normalar va munosabatlardir, yaʼni davlat manfaatlari ifodalangan munosabatlar. Ommaviy huquq munosabatlarni gorizontal emas, vertikal ravishda tartibga soladi, yaʼni boʻysunish munosabatlari ustun boʻladi[3]. Ommaviy huquqning asosiy vazifasi davlat tomonidan chiqarilgan umummajburiy normalar orqali jamiyatni bir xil tartibga solishdir. Garchi ommaviy huquq davlat va uning hokimiyat faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlsa-da, shu bilan birga, u shaxsning asosiy huquqlari va erkinliklarini, ularni himoya qilishni, shuningdek hokimiyat oʻzboshimchaliklarni cheklaydigan tamoyillarni ifoda etadi. Genetika nuqtayi nazaridan ommaviy huquqning ildizlari, xuddi xususiy huquq singari, ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirishda yotadi. Jamiyat barqarorligi va uning hayotiy faoliyati, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalar institutlarining faoliyati xususiy huquqni amalga oshirish uchun oʻziga xos shart va kafolat boʻlib xizmat qiladi.

Xususiy va ommaviy huquq rivoji

tahrir

21 asrning boshlaridan butun dunyoda jamiyat hayotining barcha sohalari boʻyicha jarayonlar tez sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Dunyo xalqlari hozirgi kunda nafaqat iqtisodiyot sohasida, balki huquq, huquqni tushunish va huquqni qoʻllash borasida ham keng hamkorlik qilishga intilmoqdalar. Huquqiy voqeliklar talqiniga tizimli yondashuv oʻtgan asrning oʻrtalaridan boshlab vaqt oʻtgani sayin sezilarli darajada faollashdi. Obyektiv huquqqa normalarning oddiy yigʻindisi emas, balki yuridik normalarning mukammal tizimi sifatida qarash uning boy ichki olamini, ijtimoiy vazifasi va tabiatini teran anglash imkonini beradi. Boshqacha aytganda, huquqning tizimi, u bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning mazmuniga, tabiati va ichki tizimiga bevosita bogʻliq[3].

Tizim soʻzi yunonchadan „yaxlit“ va „qismlardan iborat“ degan maʼnoni beradi. Huquq tizimi esa — bu huquqning tashqi tuzilishi, uning ichki arxitekturasi, tarkibi boʻlib u huquqning qanday tuzilmalardan iborat ekanligi va qismlari oʻrtasidagi munosabat, aloqadorlik va nisbatni koʻrsatadi. Huquq tizimi obyektiv xarakterga ega. Buning maʼnosi shuki, mavjud ijtimoiy munosabatlar va ularning real manzarasi huquq tizimini belgilovchi omil hisoblanadi. Hammaga maʼlumki, har qanday huquq davlat tomonidan oʻrnatilgan va bajarilishi hokimiyat vositalari bilan taʼminlanadigan normalar yigʻindisidan iborat. Bu normalar uning qismlari oʻzaro muvofiqlik, bogʻliqlik, asosida birlashadi. Bu tizim bir paytda umumiylik va alohidalik, mustaqillik va bogʻliqlik, oʻxshashlik va farqlanish xususiyatlariga egadir[9]. Xususiy huquq nodavlat faoliyatni tartibga soluvchi huquqiy normalar va munosabatlarni oʻz ichiga oladi.  Bu fuqarolar oʻrtasidagi mulk munosabatlari, oilaviy munosabatlar, mualliflik huquqi, jamoat tashkilotlari, kooperativ tashkilotlar, boshqa birlashmalar oʻrtasidagi munosabatlar, bir soʻz bilan aytganda, shaxsiy manfaat ifodalangan munosabatlar. Xususiy huquq — bu davlat aralashmaydigan hamma narsa. Xususiy-huquqiy munosabatlar subordinatsiya munosabatlarida emas, balki shartnomaviy munosabatlarda oʻz aksini topadi. Subordinatsiya — bu (lotincha — boʻysunish) shaxslarning har qanday munosabatlardagi ierarxik tizimda tutgan oʻrnidir. Xususiy huquq ishtirokchilarning oʻzlariga mustaqil ravishda, oʻz xohishlariga koʻra va oʻz manfaatlariga koʻra oʻz huquqlari va majburiyatlarini belgilash imkoniyati beriladi. Xususiy huquqning doirasi — bu insonning ijodiy tashabbusi sohasi, uning noyob qobiliyatlaridan foydalanish va ehtiyojlarini qondirishdir.

Havolalar

tahrir

[1]"Xususiy huquq: tarixi, xususiyatlari, tarmoqlari, manbalari, misollari"

[2]"Xalqaro xususiy huquq" darslik.

[3]"Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga Konferensiyasi ustavi".

[4]"Ommaviy huquqning maʼnosi".

Manbalar

tahrir
  1. I.B. Noviskiy.. Rim huquqi (rus tilida). Moskva: "ТЕИС", 1977 — 245-bet. ISBN 5-86409-002-6. 
  2. N.P. Azizov. Davlat va huquq nazariyasi. Darslik (o'zbek). Toshkent: O’zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2018 — 228-bet. 
  3. 3,0 3,1 3,2 X.T. Odilqoriyev. Davlat va huquq nazariyasi. Darslik (o'zbek). Toshkent: "AL-Faba-Servis", 2009 — 582-bet. 
  4. „"Ma'muriy javobgarlik to'g'risida"gi kodeks“ (o'zbek) (1995-yil 1-aprel). Qaraldi: 2022-yil 24-iyul.
  5. „O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi.“ (1997-yil 1-mart). Qaraldi: 2022-yil 24-iyul.
  6. „O’zbekiston Respublikasi "Oila kodeksi"“ (1998-yil 1-sentyabr). Qaraldi: 2022-yil 24-iyul.
  7. „O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi.“ (1996-yil 1-aprel). Qaraldi: 2022-yil 24-iyul.
  8. „O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi.“ (1995-yil 1-aprel). Qaraldi: 2022-yil 24-iyul.
  9. Sh. A. Saydullayev. “Давлат ва ҳуқуқ назарияси”. Darslik (o'zbek). Toshkent: “Fan va ta’lim poligraf” MChJ, 2018 — 220-bet. ISBN 978-9943-380-96-7.