Muhammad Rahimxon II

("Feruz"dan yoʻnaltirildi)

Feruz, Muhammad Rahimxon II (1845 – Xiva – 1910) – Xorazm (Xiva) xoni (1864–1910); oʻzbek qoʻngʻirotlar sulolasidan, shoh va shoir, bastakor[1].

Muhammad Rahimxon II
Tavalludi 1845
Vafoti 1910
Fuqaroligi Xiva xonligi
Unvoni General (1904)
Bolalari Asfandiyorxon
Otasi Said Muhammadxon

Hayoti

tahrir
 
Muhammad Rahimxon II farmoni

1864-yilda otasi Said Muhammadxon vafotidan keyin hokimiyat tepasiga Muhammad Rahimxon II keldi.

U ziyoli hukmdor, yoshligida Xivadagi Arab Muhammadxon madrasasida tahsil olgan. Uning ustozlari atoqli oʻzbek shoiri va tarixchisi Ogahiy edi.

Muhammad Rahimxon II davrida Rossiya, Usmonlilar imperiyasi, Eron va Afgʻoniston bilan diplomatik aloqalar oʻrnatilgan.

Muhammad Rahimxon II Xorazmning oxirgi mustaqil xoni edi. 1873-yilda qarshiliklarga qaramay, xonlik Rossiya protektorati ostida qoldi. 1896-yildan general-leytenant, 1904-yildan otliq general. 1902-yilda imperator Nikolay II ga „Oliy hazrat“ unvonini berdi.

Xiva shahridagi Arab Muhammadxon madrasasida tahsil koʻrgan, davlat, huquq ilmini zamonasining mashhur mudarrisi, shoir va olim, Yusufxoʻja oxun va boshqalardan ilm oʻrgangan. Ogahiy Feruzga ustozlik qilgan, unga sheʼriyat sirlarini oʻrgatgan, tarix, tarjima ilmidan saboq bergan. Otasi Sayid Muhammadxon vafotidan soʻng (1864) Xiva taxtiga oʻtirgan. Bu voqea munosabati bilan Ogahiy Feruzga bagʻishlab qasidalar bitgan. 1873-yil Xiva xonligiga K. P. fon Kaufman boshchiligidagi Rossiya armiyasi hujum qilib, xonlikning asosiy shaharlari va poytaxtni bosib olgan. Gandimiyon shartnomasi (1873-yil 12-avgust)ga koʻra, Xiva xonligi podsho Rossiyasiga qaram boʻlib qolgan. Feruz ana shunday murakkab sharoitda yarim asrga yaqin muddat davomida Xiva xonligini boshqargan. Feruz saroyga adabiyot va sanʼat arboblarini toʻplagan. Ogaqiy, Komil, Tabibiy va boshqalar taʼsirida oʻzi ham Feruz (baxtli, gʻolib) taxallusi bilan sheʼrlar yozgan[2].

Feruz kitobat ishlariga katta ahamiyat bergan: devon tuzish, tarix yozish, tarjima ishlarini rivojlantirgan. Xorazmda tarjima maktabi yaratgan. Fors va arab adabiyotining eng nodir tarixiy, adabiy, ilmiy asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildirgan. Uning hukmronligi davrida Ogahiy va Bayoʻniylar tomonidan Xorazm tarixiga oid asarlar yozilgan. Komil Xorazmiy mumtoz maqomlar uchun nota yozuvini ixtiro qilgan. Xivada bosmaxona (toshbosma) tashkil ettirgan. Unda Xorazm shoirlari haqidagi „Majmuat ushshuaro“ tazkirasi, Alisher Navoiy asarlari, Xorazm shoirlari devonlari nashr qilingan. Feruz Hindiston, Arabiston, Eron, Turkiya savdogarlari orqali Xorazmga chet ellardan noyob kitoblar keltirtirgan va ularni koʻp nusxalarda koʻchirtirgan, tarix va adabiyotga oid kitoblardan iborat boy kutubxona yaratgan. Feruz meʼmorlik, naqqoshlik, xattotlik kabi sanʼat turlarini ham rivojlantirgan. Bu davrda fotografiya va kino sanʼati vujudga kelgan, obodonchilik ishlari amalga oshirilgan. Feruz 1871-yil Kyxira Ark qarshisida oʻz nomi bilan ataluvchi 2 qavatli Madrasa qurdirgan (qarang Muhammad Rahimxon madrasasi). Feruzning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan 30 dan ortiq Madrasa, masjid, minora, xonaqolar qad rostlagan. Feruz yerlarni suv bilan taʼminlash, bogʻrogʻlar barpo etish ishiga ham alohida ahamiyat bergan. Uning buyrugiga muvofiq, Qoʻngʻirot tumani sarhadida katta ariq bunyod etilgan. Hozirda ushbu ariq „Xon arigi“ deb ataladi.

Feruz mumtoz sheʼriyatning anʼanaviy janrlarida lirik sheʼrlar yaratgan. Sheʼrlari, asosan, ishq-muhabbat mavzuida. Ishq va hayot, sevgi va sadokat Feruz ijodining gʻoyaviy asosini tashkil qiladi. Ular ohangdorligi, tasviriy-ifodaviy boʻyoqlarga boyligi va shaklan rangbarangligi bilan ajralib turadi. Uning koʻpchilik gʻazallari oʻz zamonasida sozandalar va guyandalar tomonidan kuyga solib kuylanib kelingan. Sheʼrlariga „Devoni Feruz“ nomi bilan tartib bergan (1879). Bu devon Muhammad Sharif tomonidan qayta kuchirilgan (1900). Feruzning uzi Paxlavon Mahmudning 350 ruboiysini qoʻlda koʻchirib, kitob holiga keltirgan. Feruz Shashmaqom kuylarini oʻrgangan, saroyda maqom ansamblini tuzgan. „Navo“, „Dugoh“, „Segoh“ maqomlariga bogʻlab kuylar yaratgan. Feruz Sayd Mahruyjon majmuasitsati Sayid Mohi Ruyi Jahon maqbarasida dafn qilingan. Sheʼrlar devoni nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. № 3442, 1119)da saqlanadi.

Shoir sheʼriyatining bosh mavzui – ishq. Uning „Ul oy vasfini vird etsam zabonda“, „Olsa jonim qoshu ko`zing, ikki lab“, „Soldi olam ichra g`avg`o, ey malaksiymo, ko`zing“, „Gulshan ichra sarv yoxud ul qadi mavzunmudur“ kabi ishqiy gʻazallari juda mashhur.

Oʻzbek qoʻngʻirotlari sulolasi vakillari orasida Muhammad Rahimxon II alohida ajralib turdi. Shu bilan birga, Xorazmda uning hukmronligidan oldin ham madaniy anʼanalar mavjud boʻlgan: asarlar tarjima qilingan, qoʻlyozmalar koʻchirilgan, turli kutubxonalar tashkil etilgan[3].

Muhammad Rahimxon II, sharqning boshqa hukmdorlari singari, shariat qonunlarining homiysi boʻlishga intilgan. Xorazm saroyi tarixchisi, shoir Muhammad Yusuf Bayoniyning yozishicha, Xiva shahrida uning qoshida oʻn beshdan ortiq masjid va madrasalar qurilgan[4]. Madrasalardan biri uning shaxsiy mablagʻlari evaziga qurilgan va uning sharafiga Muhammad Rahimxon II madrasasi deb nomlangan. Bu yillarda tarixchi Ogahiy Xorazm tarixini yozgan. Xorazmning mashhur kishilari qatorida bastakor, xattot, rassom Komil Xorazmiy (18251899) ham bor edi.

Muhammad Rahimxon davridagi Xiva xonlari arxivi 1873-yilda Peterburgga olib ketilib, keyinchalik P. P. Ivanov tomonidan topilgan.

1874-yilda Xorazmda Muhammad Rahimxon II homiyligida Otajon Abdalov litografik kitoblarni chop etish boʻyicha Oʻrta Osiyoda birinchi bosmaxona tashkil etadi. Unda nashr etilgan ilk kitoblardan biri Alisher Navoiyning „Xamsa“, shoir Munisning „Devon“i va boshqalardir[3].

Vafoti

tahrir

1910-yilda Muhammad Rahimxon II vafot etdi va hokimiyat tepasiga uning oʻgʻli Asfandiyorxon (1910–1918) keldi.

Rasmlari

tahrir

Nashr qilingan asarlari:

tahrir
  • Feruz Muhammad Rahimxon. Ne boʻldi, yorim kelmadi. Toshkent, 1991.
  • Feruz Muhammad Rahimxon. Ne boʻldi, yorim kelmadi. Toshkent, 1994.
  • Feruz. Elga shohu ishqqa qul. Toshkent.

Adabiyot

tahrir
  • Rahim Davlatyor, Matrasul Shoʻxnazar. Feruz. Shoh va shoir qismati. Toshkent, 1993.
  • Avaz Komil. „Garchi erurman toleʼi Feruz“. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasi, 1994-yil 30-sentabr.
  • Jumaxoʻja Nusratullo, Adizova Iqboloy. Feruz adabiy muhiti. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasi, 1994-yil 1-iyul.

Manbalar

tahrir
  1. Veselovskiy N. I., Ocherk istoriko-geograficheskix svedeniy o Xivinskom xanstve. Spb, 1877,s.244
  2. „Муҳаммад Раҳимхон II – Феруз (1845-1910)“ (2018-yil 15-avgust). Qaraldi: 2023-yil 25-oktyabr.
  3. 3,0 3,1 Эркинов 2012.
  4. „МУХАММАД РАХИМ-ХАН II – ПРАВИТЕЛЬ ХИВИНСКОГО ХАНСТВА“. Qaraldi: 2023-yil 25-oktyabr.