Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammad
Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammad (arabcha: عبد الله بن أبی بکر بن محمد — Abu Muhammad Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammad ibn Amr ibn Hazm al-Madaniy al-Ansoriy) — siyrat, mag‘oziy va hadis olimi.
Abu Muhammad Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammad ibn Amr ibn Hazm al-Madaniy al-Ansoriy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 684-685-yil (hijriy 65-yil) |
Vafoti |
milodiy 747-748-yil (hijriy 130-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | siyrat, mag‘oziy va hadis olimi |
Hayoti
tahrirXazraj qabilasining mashhur Bani Najjor oilasiga mansub. Katta bobosi Amr ibn Hazm Payg‘ambarning xizmatlarida bo‘lgan. Boshqaruvchi va Islomdan taʼlim beruvchi murabbiy sifatida Najronga yuborilgan. Bobosi Muhammad ibn Amr umaviylarning Madinaga bosqini vaqtidagi Harra urushida vafot etgan. Otasi Abu Bakr esa Madinada qozilik va voliylik qilgan. Unga shuningdek, Umar ibn Abdulaziz tomonidan hadis to‘plash vazifasi topshirilgan. Abdulloh ibn Abu Bakrning ukasi Muhammad bir muddat Madina qoziligida faoliyat olib borgan. Uning o‘zi hech bir rasmiy vazifani qabul qilmagan.
Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammad o‘zi mansub bo‘lgan Ibn Hazm oilasining Masjid an-Nabaviydagi ilm halqasida otasidan hadis, fiqh, siyar va mag‘oziy ilmlarini o‘rgangan. U, shuningdek, Anas ibn Molik, Abbod ibn Tamim, Urva ibn Zubayr kabi nufuzli shaxslardan hadis o‘rganadi. Az-Zuhriy, Molik ibn Anas, Ibn Jurayj, Sufyon ibn Uyayna va Hishom ibn Urvalar Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammad va uning shogirdlaridan hadis rivoyat qilganlar.
Shogirdlari
tahrirSiyar va mag‘oziy sohasida eng mashhur shogirdi Ibn Ishoqdir. Ibn Ishoq, al-Voqidiy, Ibn Hishom, Ibn Sa’d, al-Balozuriy, at-Tabariy va Ibn Kasir kabi mualliflarning asarlarida Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammaddan rivoyat qilingan xabarlarni kuzatgan Y. Gorovis (J. Horovitz), uning mag‘oziy bilan shug‘ullangan buyuk olim bo‘lganini aytgan. Uning fikricha, olimning jiyani Abdulmalik ibn Muhammad al-Qoziy qalamiga mansub "Kitāb al-mag‘āzӣ" asarining asl muallifi ham Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammad o‘zi bo‘lishi mumkin. Zero, az-Zahabiy ham "Siyar aʼlām an-nubalā" asarida Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammad "Mag‘āzӣ" kitobini yozganini taʼkidlagan.
Faoliyati
tahrirAbdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammad tomonidan rivoyat qilingan xabarlar tahlil etilganda, aslida u Payg‘ambarning g‘azotlari bilan chegaralanib qolmaganiga guvoh bo‘lish mumkin. Ularda johiliyat davrining baʼzi muhim voqealari, Payg‘ambar hayotlarining ilk yillari, ularning huzurlariga kelgan qabila boshliqlari, Ul Zot yuborgan elchilar, maʼmurlar va qo‘shni hukmdorlarga yozgan maktublari, Payg‘ambar vafotlaridan keyingi kelishuvlar, Ridda urushi, Umar davrining baʼzi muhim voqealari va uning shahid etilishi haqidagi maʼlumotlar xronologik tarzda keltirilganini ko‘rish mumkin. Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammadning Islom davlati diplomatik hujjatlarini keyingi davrlarga yetkazishda ko‘rsatgan xizmatlari beqiyosdir.
Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammad siqa deb eʼtirof etilishiga qaramay, xabarlarni naql qilishda ko‘pincha rivoyat silsilasini zikr etmaydi. Naqllarining bir qismini otasining xolasi Amra bint Abdurrahmondan rivoyat qilgan. Payg‘ambarning baʼzi maktublarini ham rivoyat qilgan. Payg‘ambarning Himyariy podshohlariga yozgan maktublari va katta bobosi Amr ibn Hazm Najronga safar qilayotganida Ul Zot tomonlaridan berilgan maktub shular jumlasidandir.
Vafoti
tahrirAbdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammad taxminan 747-48 (hijriy 130-yil)da vafot etgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Ibn Hishom. As-Sӣra. — Qohira: 1955;
- Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Madina: 1983. 283;
- Xalifa ibn Xayyot. At-Tabaqāt. — Damashq: 1966-67. II, 661;
- Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. — Haydarobod: 1941-60. III, 54;
- Az-Zahabiy. Siyar. V, 314-315;
- Mustafa Fayda. "Abdullah b. Ebû Bekir b. Muhammed". TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 95.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |