Abdulloh ibn Musʼab
Abdulloh ibn Musʼab (arabcha: عبد الله بن مصعب — Abu Bakr Abdulloh ibn Mus’ab ibn Sobit ibn Abdulloh ibn Zubayr, taxminan 114/732, ? — 184/800, Raqqa) — voliy, shoir va muhaddis.
Abu Bakr Abdulloh ibn Mus’ab
ibn Sobit ibn Abdulloh ibn Zubayr | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 732-yil (hijriy 114-yil) |
Vafoti |
milodiy 800-yil (hijriy 184-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | voliy, shoir, muhaddis |
Hayoti
tahrirAsharai mubashsharalardan bo‘lgan Zubayr ibn Avvomning nabiralaridan biri. Otasi Mus’ab zohidligi va taqvodorligi bilan mashhur bo‘lgan muhaddisdir. Abdulloh ibn Mus’ab „Oid al-kalb“ laqabi bilan ham tanilgan. „Kuchuk ziyoratchisi“ maʼnosini anglatuvchi bu laqab bilan chaqirilishiga, bemorligida ziyoratiga kelmagan do‘stiga „Kuchuging ham kasal bo‘lganida yo‘qlashni kanda qilmadim“, deb yozgan sheʼri sabab bo‘lgan. Muso ibn Uqba, Hishom ibn Urva va Abu Hozim Salama ibn Dinorlardan hadis rivoyat qilgan. Rivoyat qilgan hadislarini yozmay, yodlash bilan cheklangani uchun Yahyo ibn Maʼiyn unga unchalik eʼtimod qilmagan. Ammo Imom al-Buxoriy va Ibn Abu Hotimlar uni tanqid qilmaganlar. Hasanning nabirasi, „An-Nafs az-zakiyya“ nomi bilan tanilgan Muhammad ibn Abdulloh (vafoti: 145/762-yil) oldin umaviylarga, keyinroq abbosiylarga qarshi kurashga kirishganida Abdulloh ibn Musʼab ham sheʼrlari bilan ushbu kurashda qatnashadi. Otasi va yaqinlari, Muhammad ibn Abdulloh bila birga halok bo‘ladilar. U xalifa Mansur vaziyatni to‘liq nazorat ostiga olib, ziddiyatlarni bartaraf qilguniga qadar yashirinib olgani sababli o‘limdan qutulib qoladi.
Faoliyati
tahrirShoirligi bilan birga kuchli notiq bo‘lgani uchun abbosiy xalifalaridan Mahdiyning eʼtiboriga tushadi va xos maslahatchilaridan biriga aylanadi. Shu bois unga Yamoma voliyligi beriladi (784-yil). Biroq voliylikdan ko‘ra, u xalifa suhbatlarida ishtirok etishni afzal ko‘radi va qisqa muddat o‘tgach yana saroyga qaytadi. Keyinchalik Hodiy va Horun ar-Rashidlarga ham nadim bo‘ladi. Horun ar-Rashid Madinaga voliy bo‘lishiga undayvergach, Abdulloh ibn Musʼab o‘ziga buyuriladigan amrlardan xohlaganini bajarish sharti bilan rozi bo‘ladi. Ketidan Yaman voliyligi ham zimmasiga yuklatiladi. Ibn Kasir ham taʼkidlaganidek, ushbu vazifani adolat bilan yuritishiga qaramay, zimmasiga og‘ir mas’uliyatlar olishni yoqtirmagan, tabiatan bebosh va erkin bo‘lishni xushlagan kishi bo‘lgani uchun Abdulloh ibn Musʼab takror Horun ar-Rashid yoniga qaytadi. Xalifa huzurida turli odamlar, xususan, Muhammad ibn Abdullohning kurashini davom ettirgani uchun qamoqqa olingan ukasi Yahyo ibn Abdulloh bilan bahslashadi. Xalifalarning unga hurmat ko‘rsatishlari va ularga yaqinligi sababli g‘ururlanib, baʼzi-baʼzida umaviylar hamda Umar va Ali avlodlarini ranjitadigan sheʼrlar aytgani, shu bois ular ham uning nasabiga til tekkizishgani, natijada o‘zi noqulay vaziyatda qolgani haqida rivoyatlar bor. Shuningdek, Alining hurmatini joyiga qo‘ygani va qurayshliklar bilan yaxshi munosabatda bo‘lgani haqida ham rivoyatlar mavjud. Ayrim manbalarda keltirilgan Bag‘doddagi xalifa saroyida madinaliklarning tarafini olgani uchun Imom Molik ibn Anas Abdulloh ibn Musʼabni „muborak“, deb maqtagani, Imom ash-Shofeʼiyning yaqin do‘sti bo‘lgani haqidagi rivoyatlar uning ijobiy tomonlarini namoyon etadi.
Vafoti
tahrirAbdulloh ibn Musʼab Horun ar-Rashid bilan safardalik vaqtida, 184-yilning rabi’ul-avval oyida, taxminan, yetmish yoshida vafot etgan. O‘g‘illaridan biri „Kitāb nasab Quraysh“ asari muallifi Mus’ab, ikkinchisi esa, Madinada ikki yil voliylik qilgan Bakkordir. Abdulloh ibn Musʼabning turli asarlarda tarqoq holda uchraydigan sheʼrlarini jamlagan bir devoni borligi haqida so‘z yuritilsa-da, bu devon bugungi kunimizga qadar yetib kelmagan. Shu bois aslida Abdulloh ibn Musʼabning qalamiga mansub bo‘lib, boshqa shoirlarga nisbat qilingan sheʼrlar, degan gaplarga oydinlik kiritishning imkoni yo‘q[1].
Adabiyotlar
tahrir- Az-Zubayriy. Nasab Quraysh. — Qohira: 1982. 242;
- Abu-l-Faraj. Maqātil at-tālibiyyӣn. — Bayrut: „Dor al-maʼrifa“. 285, 286, 306, 307, 472-479;
- Ibn an-Nadim. Al-Fihrist. — Tehron: 1971. 184;
- Xatib al-Bag‘dodiy. Tarӣx Bag‘dād. — Qohira: 1931. X, 173-176;
- Az-Zahabiy. Siyar. VIII, 517;
- Ibn Kasir. Al-Bidāya. — Qohira: 1932-39. X, 185;
- Ibn Hajar. Lisān al-mӣzān — Bayrut: 1971. III, 361-362;
- Sezgin. GAS. II, 647-648;
- M. Yaşar Kandemir. „Abdullah b. Mus‘ab“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 121-122.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |