Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad al-Mustazhir (arabcha: arabcha: أبو عبد الله محمد بن أحمد المستظهر), al-Muqtafiy li-amrulloh (المقتفي لأمر الله) shoh nomi bilan mashhur (1096-yil 9-aprelda tugʻilgan – 1160-yil 12-martda vafot etgan)[1] 1136–1160-yillarda Bagʻdodda Saljuqiylar taxtdan voz kechishga majbur qilgan xalifa ar-Rashidning oʻrniga taxtga oʻtirgan. Saljuqiy turklari oʻrtasida davom etayotgan tarqoqlik va toʻqnashuvlar al-Muqtafiyga, nafaqat, Bagʻdodda oʻz hokimiyatini saqlab qolish, balki uni Iroq boʻylab kengaytirish imkoniyatini ham bergan.

Al-Muqtafiy
arabcha: المقتفي لأمر الله
Xalifa
Amir al-Moʻminin
Bagʻdod xalifaligining 31-xalifasi
Abbosiy xalifalar Bagʻdodda
Saltanat 1136-yil 17-sentyabr – 1160-yil 12-mart
Oʻtmishdoshi Ar-Rashid
Davomchisi Al-Mustanjid
Tugʻilishi 1096-yil 9-aprel
Bagʻdod, Bagʻdod xalifaligi
Vafoti 1160-yil 12-mart (64 yoshda)
Bagʻdod, Bagʻdod xalifaligi
Turmush oʻrtogʻi
Farzandlari Al-Mustanjid
Abu Ali
Zubayda
Kirmon xotun
Toʻliq nomi
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad al-Mustazhir al-Muqtafiy li-amrulloh
Sulola Abbosiylar
Otasi Al-Mustazhir
Onasi Ashin
Dini Islom, Ahl as-Sunna val-Jamoa

Hayoti

tahrir

Abu Abdulloh Muhammad, boʻlajak xalifa al-Muqtafiy 1096-yil 9-aprelda tugʻilgan. Otasi Abbosiylar xalifasi al-Mustazhir (h. 1094–1118)[1], onasi suriyalik Ashin ismli choʻri boʻlgan[2]. Otasining vafotidan keyin 1118-yil 6-avgustda al-Muztazhirning oʻgay ukasi al-Mustarshid[2] taxtga oʻtirgan. Al-Mustarshid (h. 1118–1135) xalifa sifatida 16 yil hukmronlik qilgan, ammo hukmronligining soʻnggi 3 yili Saljuq sultoni Mas’udga (uning noibi) qarshi urushlar bilan oʻtgan. Damashq qamal qilinganidan koʻp oʻtmay, al-Mustarshid 1133-yilning yanvar oyida Bagʻdodda Saljuqiy sultoni Mas’udga qarshi harbiy yurish boshladi. Raqib qoʻshinlari Hamadon yaqinida toʻqnash keldi. Oʻz qoʻshinlari tomonidan tashlab ketilgan xalifa asirga olinib, saroyini tark etmaslik vaʼdasi bilan afv etildi. Biroq sulton yoʻqligida chodirda Qur’on oʻqiyotgan paytida oʻldirilgan holda topildi. Bir qancha taxminlarga koʻra, u xalifaga dushmanlik qilgan Hashshoshiylar josusi tomonidan oʻldirilgan. Zamonaviy tarixchilar aynan sulton Mas’ud ushbu qotillikni qoʻzgʻatgan deb gumon qilishadi, biroq ikki mashhur tarixchilar Ibn al-Asir va Ibn al-Javziy ushbu masalada bunday taxmin yuritmaganlar. Al-Mustarshid qizil sochli, koʻk koʻzli va sepkilli odam boʻlgan[3].

1135-yil 29-avgustda al-Mustarshidning oʻrniga uning oʻgʻli va merosxoʻri ar-Rashid billoh taxtga oʻtirdi. Otasi al-Mustarshid singari, ar-Rashid ham Saljuqiylardan harbiy mustaqillikka (oʻz qoʻshinini shakllantirish) erishish uchun urinib koʻrdi. U otasining oʻlimi uchun qasos olish maqsadida sulton Gʻiyosiddin Mas’udning elchisini haqorat qildi, undan katta boylik talab qilib, olomonni uning saroyini talon-taroj qilishga undadi. Ar-Rashid Imoduddin Zangiy tomonidan qoʻllab-quvvatlanar edi. Oʻzining elchisi Dubay ibn Sadaqaning oʻldirilgani haqida xabar topgan Mas’ud shosha-pisha poytaxtga borib, shaharni qamal qildi. Yaxshi himoyaga ega boʻlgan Bagʻdod dastlab hujumga qarshilik koʻrsatdi, lekin oxir-oqibat, xalifa va Zangiy muvaffaqiyatdan umidlarini uzib, Mosulga qochib ketishdi. Sulton hokimiyati qayta tiklandi, kengash oʻtkazilib, xalifa taxtdan olindi va uning amakisi al-Muqtafiy yangi xalifa etib tayinlandi. Ar-Rashid billoh esa Isfahonga qochib ketdi, u yerda 1138-yilning iyun oyida 4 nafar Nizoriy ismoiliylar tomonidan oʻldirildi. Bir hafta davomida Alamutda sobiq xalifaning oʻlimi nishonlandi[4].

Hukmronligi

tahrir

Al-Muqtafiy 1136-yil 17-sentyabrda xalifa deb eʼlon qilindi[1]. U Bagʻdod ustidan oʻz nazoratini saqlab qolish uchun Saljuqiylarning ichki janglaridan foydalanishga muvaffaq boʻlgan va hatto asta-sekinlik bilan Iroqning katta qismi ustidan oʻz hukmronligini kengaytirishga erishgan[1].

1148-yilda al-Muqtafiy sulton Mas’udga qarshi qoʻzgʻolon koʻtardi va Bagʻdodga yurish qilgan bir guruh saljuqiy sarkardalariga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib bordi[1]. Baʼzi manbalarga koʻra, keyingi yilda ham shunga oʻxshash urinish sodir etilgan va saljuqiylar xalifa qoʻshinlari tomonidan magʻlubiyatga uchratilgan[1]. 1152-yilning oktyabr oyida sulton Mas’udning vafotidan keyin saljuqiylar oʻrtasida sultonlik uchun kurash boshlandi. Bu voqealarda, shuningdek, al-Muqtafiy ham faol rol oʻynadi. Mas’udning vafotidan bir necha oy oʻtgach, al-Muqtafiy Vosit va al-Hillani qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi[1]. Saljuqiylar vorisligi uchun kurashda xalifa sulton Mas’udning jiyani Muhammad II ga qarshi Mas’udning ukasi Sulaymonshohni qoʻllab-quvvatladi. Buning evaziga esa Iroq ustidan hokimiyat boshqaruviga aralashmaslik vaʼdasini oldi[1].

Muhammad Sulaymonshohni magʻlub etganidan soʻng, saljuqiylar Bagʻdodga yurish qilib, xalifani sharqiy chorakda panoh topishga majbur qildi va 1157-yilda shaharni qamal qilishga kirishdi[1]. Muhammad Hamadonda Malikshoh III tomonidan koʻtarilgan isyon bilan toʻqnash kelgani sababli qamaldan voz kechdi. Oradan vaqt oʻtishi bilan al-Muqtafiy Muhammad bilan munosabatlarni yaxshiladi[1]. Oʻzining soʻnggi yillarida al-Muqtafiy Tikritga 2 marta samarasiz hujum uyushtirdi, biroq uning oʻrniga Lihf shahrini egallay oldi[1].

Avn ad-Din ibn Hubayra xalifaning vaziri etib tayinlandi va 1165-yil 27-mart kuni yaʼni vafotiga qadar bu lavozimni 16 yil davomida ushlab turdi[5].

Al-Muqtafiyning xalifaligi davrida salib yurishlari avjiga chiqdi. Mosul otabegi va Zangiylar sulolasining asoschisi Zangiy jasur va saxovatli jangchi sifatida yuksak hurmatga sazovor boʻldi. Ogʻir ahvolda qolgan sulton Zangiy shoshilinch ravishda Bagʻdodga yordam soʻrab murojaat qildi. Sulton va xalifa 20 000 askarni unga yordam berish uchun yubordi. Biroq aslida saljuqiylarda ham, xalifada ham, ularning amirlarida ham salibchilarga qarshi urushga ishtiyoq yoʻq edi.

Al-Muqtafiy zamonaviy musulmon tarixchilari tomonidan fazilatli, qobiliyatli va jasur shaxs sifatida taʼriflanadi. 25 yillik xalifaligi davrida u Iroq va Suriya boʻylab dushmanlarga qarshi koʻplab kichik yurishlarni amalga oshirgan.

1139-yilda al-Muqtafiy tomonidan Nestorian patriarxi Abdisho III ga berilgan himoya xartiyasi 1926-yilda ossuriyalik olim Alphonse Mingana tomonidan nashr etilgan[6].

Oilasi

tahrir

Al-Muqtafiy sulton Muhammad I Tapar va uning xotini Nistandar Jahonning qizi Fotima xotunga uylangan. Ular 1137-yilda turmush qurishgan[7]. 1147-yil sentyabrda Fotima xotun vafot etgan[8]. Uning kanizaklari orasida yunon millatiga mansub Tovus ismli qiz bor edi. Tovus keyinchalik boʻlajak xalifa al-Mustanjidni dunyoga keltirgan[9]. Al-Muqtafiyning Ummu Abu Ali ismli yana bir kanizagi boʻlib[10], u xalifaning oʻgʻli Abu Alining onasi boʻlgan. Ummu Abu Ali oʻgʻlining muvaffaqiyatga erishishini xohlagan va 1160-yilda erining vafotidan keyin koʻplab amirlarni oʻz tomoniga ogʻdirgan. Yangi tayinlangan xalifani oʻldirish maqsadida ularning choʻrilarni xanjar bilan qurollantirgan. Biroq al-Mustanjid bu fitnani aniqlab, isyonchi oʻgʻil va onani qamoqqa tashlagan[11].

Al-Muqtafiyning Zubayda ismli qizi bor edi[12]. U keyinchalik sulton Gʻiyosiddin Mas’udga unashtirilgan[13]. Sulton Mas’ud Zubaydaga 100 000 dinor mahr bergan[14] va ular 1140-yilda turmush qurishgan[15][11]. Oʻsha vaqtda Zubayda hali yosh boʻlganligi sababli toʻy 5 yilga kechiktirilgan[11]. Biroq 1152-yilda Mas’udning oʻlimi tufayli ular hech qachon nikohdan oʻtishmagan[14]. Xalifaning yana bir qizining ismi Kirmon xotun boʻlib, u sulton Muhammad II ga unashtirilgan edi[16]. Ular 1158-yilning oxiri yoki 1159-yilning boshida turmush qurishgan. Biroq Muhammadshohning kasalligi tufayli hech qachon nikohdan oʻtmagan. Sultonning oʻlimidan soʻng Kirmon xotun 1160-yilning noyabrida Arslonshohga turmushga chiqqan[17].

Oʻlimi

tahrir

Al-Muqtafiy 1160-yil 12-martda 64 yoshida vafot etgan. Uning oʻrniga al-Mustanjid nomi bilan mashhur boʻlgan oʻgʻli Yusuf hokimiyat tepasiga kelgan. Al-Mustanjid 1124-yilda tugʻilgan va otasi al-Muqtafiyning vafotidan keyin 36 yoshida taxtga oʻtirgan.

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 Zetterstéen 1993.
  2. 2,0 2,1 الدكتور, عبد القادر بوباية ،الأستاذ. الاكتفاء في اخبار الخلفاء 1–2 ج2. Dar Al Kotob Al Ilmiyah دار الكتب العلمية, 2009 — 487, 492-bet. 
  3. Amin Maalouf. The Crusades Through Arab Eyes. Saqi, 15 July 2012 — 81-bet. ISBN 978-0-86356-848-0. 
  4. Daftary, Farhad. The Isma'ilis: Their History and Doctrines (en). Cambridge University Press, 1992 — 384-bet. ISBN 978-0-521-42974-0. 
  5. Makdisi 1971.
  6. Mingana, A. (1926). "A Charter of Protection Granted to the Nestorian Church in AD 1138 by Muktafi II, Caliph of Baghdad". Bulletin of the John Rylands Library 10 (1): 126–133. doi:10.7227/BJRL.10.1.6. 
  7. Hanne, Eric J.. Putting the Caliph in His Place: Power, Authority, and the Late Abbasid Caliphate. Fairleigh Dickinson University Press, 2007 — 170-bet. ISBN 978-0-8386-4113-2. 
  8. al-Athīr, ʻIzz al-Dīn Ibn. The Chronicle of Ibn Al-Athīr for the Crusading Period from Al-Kāmil Fīʼl-taʼrīkh: The years 541–589, Crusade texts in translation. Ashgate, 2006 — 16-bet. ISBN 978-0-7546-4078-3. 
  9. Al-Khudari, S.M.. Bangkit Dan Runtuhnya Khilafah Bani Abbasiyah, Bangkit dan Runtuhnya Daulah Islamiyah. Pustaka Al-Kautsar — 748-bet. 
  10. Hanne, E.J.. The Caliphate Revisited: The Abbasids of 11th and 12th Century Baghdad. University of Michigan, 1998 — 366-bet. ISBN 978-0-599-08368-4. 
  11. 11,0 11,1 11,2 Richards 2010.
  12. Rudainy. „The Role of Women in the Būyid and Saljūq Periods of the Abbasid Caliphate (339-447/9501055&447-547/1055-1152): The Case of Iraq“. University of Exeter (2015-yil 12-iyun). Qaraldi: 2024-yil 14-aprel.
  13. Hillenbrand, C.. A Muslim Principality in Crusader Times: The Early Artuqid State, Nederlands Historisch-Archeologisch Instituut in het Nabije Oosten İstanbul: Uitgaven van het Nederlands Historisch-Archaeologisch Instituut te Istanbul. Nederlands Historisch-Archaeologisch Instituut te Istanbul, 1990 — 98 and n. 58-bet. ISBN 978-90-6258-066-8. 
  14. 14,0 14,1 Roded, R.. Women in Islamic Biographical Collections: From Ibn Saʻd to Who's who. L. Rienner Publishers, 1994 — 122-bet. ISBN 978-1-55587-442-1. 
  15. الجوزي, سبط ابن. مرآة الزمان في تواريخ الأعيان 0. مؤسسة الرسالة العالمية, 2013 — 321–22-bet. 
  16. Bakikhanov, Abbas-Kuli-aga. The Heavenly Rose-garden: A History of Shirvan & Daghestan. Mage Publishers, 2009 — 62-bet. ISBN 978-1-933823-27-0. 
  17. Ḣamd Allāh AḢMAD IBN ABĪ BAKR IBN NAṠR. Histoire des Seldjoukides et des Ismaéliens ou Assassins de l'Iran, extraite du Tarikhi Guzideh ou Histoire Choisie d'Hamd-Allah Mustaufi. Traduite du persan et accompagnée de notes historiques et géographiques par M. Defrémery. (Extrait ... du Journal Asiatique.)., 1849 — 95–96-bet. 

Adabiyotlar

tahrir
  • Tor, D. G. (2017). "The Political Revival of the Abbasid Caliphate: Al-Muqtafī and the Seljuqs". Journal of the American Oriental Society 137 (2): 301–314. doi:10.7817/jameroriesoci.137.2.0301. 
  • Richards, D.S.. The Chronicle of Ibn Al-Athir for the Crusading Period from Al-Kamil Fi'L-Ta'Rikh.: The Years 491-541/1097-1146 the Coming of the Franks and the Muslim Response, Crusade texts in translation. Ashgate, 2010. ISBN 978-0-7546-6950-0. 
  • This text is adapted from William Muir’s public domain, The Caliphate: Its Rise, Decline, and Fall.
Al-Muqtafiy
Banu Hoshim Cadet branch
Tavalludi: 9-aprel 1096 Vafoti: 12-mart 1160
Sunniylik unvonlari
Oldingisi Musulmon xalifalar
Bagʻdod xalifaligi

1136-yil 17-sentyabr – 1160-yil 12-mart
Keyingisi