Abdullatif al-Bag‘dodiy
Abdullatif al-Bag‘dodiy (arabcha: عبد اللطيف البغدادي — Muvaffaquddin Abdullatif ibn Yusuf ibn Muhammad) — tabib, faylasuf, ko‘p qirrali Islom olimi.
Muvaffaquddin Abdullatif ibn Yusuf ibn Muhammad | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1162-yil (hijriy 557-yil) |
Vafoti | milodiy 8.11.1231-yil (hijriy 12.1.629-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | tabib, faylasuf, ko‘p qirrali Islom olimi |
Hayoti
tahrirAbdullatif al-Bag‘dodiy 1162-yil (hijriy 557-yil)da Bagʻdodda tavallud topgan. Past bo‘yli, zaif ko‘rinishga ega bo‘lgan. Shu sababdan Ibn Nuqta va Ibn Labbod kunyalari bilan ham zikr qilinadi. Asli mosullik oilaga mansub bo‘lib, otasi Yusuf va amakisi Sulaymon diniy hamda dunyoviy ilmlarda peshqadam olimlardan bo‘lganlari maʼlum. Zamondoshi bo‘lgan Ibn Abu Usaybiya o‘zining „Uyӯn al-anbā’“ nomli asarida zikr qilishicha, Abdullatif al-Bag‘dodiy juda kichik yoshda — „o‘yin zavqini totmasdanoq“ tahsilini boshlagan. Qur’oni karimni yod olganidan so‘ng, avval hadis, keyin fiqh, til va adabiyot sohalaridagi asosiy matnlarni o‘rganib, ijoza olgan. Keyinchalik ilm talabida davrining ilm va madaniyat markazlariga safar qiladi. Borgan har joyida ilm bilan mashg‘ul bo‘ladi, ilmiy majlislarda qatnashadi. Mag‘ribdan Bag‘dodga kelgan Ibn at-Totliydan falsafiy ilmlarni o‘rganganidan keyin, bir muddat Ibn Sino, Bahmanyor va al-Gʻazzoliy asarlarini o‘qiydi. 1189-yilda Mosulga safar qiladi va zamonasining taniqli olimi Kamoluddin ibn Yunus bilan tanishib, undan saboq oladi. Mosuldalik chog‘ida Ibn Muhojir madrasasi va Dor al-hadisda mudarrislik qilgan Abdullatif al-Bag‘dodiy as-Suhravardiy asarlarini tadqiq etadi va uni keskin tanqid qiladi. 1190-yilda Shomga safar qilib, Tojuddin al-Kindiy bilan munozaralarda bo‘ladi va uning ilmiy ustunligi qisqa vaqt ichida atrofga yoyiladi. Bir yildan so‘ng Quddus va Misrga safar qiladi. Misrda Abu-l-Qosim ash-Shoriiy, Yosin as-Simyoiy va mashhur yahudiy faylasufi Ibn Maymun kabi davrining buyuk olimlari biloan tanishadi. Abdullatif al-Bag‘dodiy Abu-l-Qosim ash-Shoriiydan al-Forobiy, Iskandar Afrodisiy va Femistiy (Themistius) kabi Aristotel shorihlarining asarlarini o‘rganadi. Sayohatlari chog‘ida o‘sha davrlarda bu yerlarga hokim bo‘lgan Ayyubiy xonadonidan o‘ziga nisbatan katta qiziqishni ko‘radi, xususan, Salohuddinning iltifotlariga erishadi. U Misrdan yana Quddusga, u yerdan Shomga qaytadi. Abdullatif al-Bag‘dodiy 1199-1201-yillar mobaynida Misrda bo‘ladi, mazkur yillarda u yerda vujudga kelgan qiyinchilik, Misr xalqining moddiy va maʼnaviy parishonligiga guvoh bo‘ladi. U o‘zining "Al-Ifāda va-l-i’tibār" nomli katta asarida mazkur iqtisodiy va ijtimoiy inqirozni batafsil bayon qilgan. Abdullatif al-Bag‘dodiy 1206-yilda Quddusdagi Masjid al-Aqsoda, 1207-yilda esa Shomning Aziziyya madrasasida mudarrislik qiladi. Uning Shomdagi darslari, asosan, tibbiyot bilan bog‘liq bo‘lgan. Zero, uning tib ilmi bilan bog‘liq muhim asarlarini shu yerda yozganligi haqida taxminlar mavjud.
Faoliyati
tahrirAbdullatif al-Bag‘dodiyning hayoti qizg‘in ilmiy faoliyat bilan kechgan. 629/1230-yilda haj ibodatini ado qilish uchun safarga chiqib, vatani Bag‘dodga boradi va mazkur yilda vafot etadi. Baʼzi mualliflar Abdullatif al-Bag‘dodiyni Islom falsafasining hech bir maktabini tan olmagan faylasuf, deb eʼtirof qilsalar-da, uni Aristotel anʼanasining Islom olamidagi davomchisi, deb hisoblash mumkin. Chunki u Aristotelning fizika, metafizika, psixologiya va tabiiy fanlar sohasiga taalluqli asarlari ustida tadqiqot olib borgan, baʼzida ularni izohlagan, baʼzan esa hoshiyalar yozish bilan tushuntirishga harakat qilgan. Al-Forobiyning mantiq kulliyotiga ham sharh va hoshiyalar yozgan. U, shuningdek, Ibn Sinoning baʼzi nazariyalariga raddiyalar bergan. Bizgacha yetib kelgan "Fӣ mā baʼd at-tabӣ’a" nomli asarini ham Aristotelga nisbat berilgan, O‘rta asr nasroniy va Islom dunyosida mashhur bo‘lgan "Al-Xayr al-mahz" asari taʼsirida yozgan. Bularning barchasi Abdullatif al-Bag‘dodiyning al-Forobiy-Ibn Sino maktabiga bog‘liq mashshoiy faylasuf bo‘lganini ko‘rsatadi. (Mashshoiylik yoki mashshoiy maktabi — tabiiy falsafaning taʼsiridan so‘ng, Islom falsafasida boshlangan rasionalistik falsafiy tendensiyaning tizimlashuvidan hosil bo‘lgan maktab. Yunoncha peripatetizmning arabcha atamasi va aristotelizmning Islom falsafasiga taʼsiri ostida bo‘lgan falsafiy harakat).
Ijodi
tahrirManbalarda Abdullatif al-Bag‘dodiy qalamiga mansub asarlarning keng ro‘yxati mavjud. Uning tibbiyot, falsafa, mantiq va boshqa fanlarga oid 160 dan ortiq asarlari bor. Bulardan 53 tasi tibbiyot va farmakologiya, 4 tasi zoologiya, 4 tasi botanika, 22 tasi mantiq, 18 tasi falsafa, 13 tasi nahv, 8 tasi hadis, 2 tasi tafsir, 2 tasi fiqh, 2 tasi kalom, 10 tasi metodologiya va tarix, 4 tasi axloq va siyosat mavzulariga bag‘ishlangan. Qolganlari esa til, adabiy tanqid, matematika, sayohat xotiralari, minerologiya kabi sohalarga oiddir. Bizgacha bu asarlardan bir nechtasigina yetib kelgan, xolos.
Ular ichida Abdullatif al-Bag‘dodiyning Gʻarb va Islom olamida mashhur bo‘lgan „Al-Ifāda va-l-i’tibār“ asari ham bor. Misrdalik chog‘ida yozilgan, hajm jihatidan kichik, biroq mohiyatan boy bo‘lgan mazkur asar o‘sha davrdagi Misrning geografiyasi, topografiyasi, ijtimoiy va iqtisodiy ahvoli haqida qimmatli maʼlumotlar beruvchi muhim manbadir. Asar XVIII boshlaridan eʼtiboran Gʻarb dunyosida ham mashhur bo‘lgan, lotin, nemis va fransuz tillariga tarjima qilingan. Muallifning besh hissiyotni tibbiy nuqtai nazardan tadqiq qilgan ikki maqolasi "Maqālatān fi-l-havās" va qand kasalligi haqidagi asari "Risāla fi-l-maraz al-musammā diyabitis" nomi bilan nashr etilgan (Quvayt, 1972-yil). Qand kasalligi ustida xitoylik hakim Li Xsyuan VII asrda ilk tadqiqotlarni olib borgan bo‘lsa-da, Abdullatif al-Bag‘dodiy bu kasallikning jigar bilan bog‘liq ekani va unga taʼsirini ilk marotaba isbot qilgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Abdullatif al-Bag‘dodiy. Maqālatān fi-l-havās. — Quvayt: 1972;
- Ibn al-Qiftiy. Inbāh ar-ruvāt. II, 193-196;
- Az-Zahabiy. Siyar. XXII, 320-323;
- As-Subkiy. Tabaqāt ash-shāfi’iyya. VIII, 313;
- Hoji Xalifa. Kashf az-zunӯn. I, 30, 696;
- II, 1169, 1274, 1315, 1361, 1466, 1937, 1996;
- Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. — Qohira: 1934-35. V, 132;
- S. M. Stern. "Abd al-Latif al-Baghdadi". EI2 (Ing.). I, 74;
- Brockelmann. GAL. I, 632-633; Suppl., I, 880-881;
- Sezgin. GAS. III, 30-31, 33, 411; IV, 9-10, 289; VI, 100; VII, 143-144;
- M. Th. Houtsma. „Abdüllâtif“. İA. I, 92; Mahmut Kaya. „Abdüllatîf el-Bağdâdî“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 254-255.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |