Asadullabek — XIX asrda Markaziy Osiyoda yashagan mashhur tabiblardan biri. Asadullabek Qoʻqon xonlari Sayyid Bahodir Muhammad Mallaxon, Xudoyorxon, Buxoro amiri Muzaffar, Yettishahar hukmdori Muhammad Yoqubbek Badavlat, Qoʻqon xonligi amirlashkari Alimqul, Markaziy Osiyo boʻylab sayohat qilgan birinchi amerikalik diplomat Yujin Skayler (1840-1890)lar bilan shaxsan koʻrishgan, Qoʻqonning turli xonlariga shaxsiy shifokor — xon tabibi boʻlgan.

Asadullabek
Tavalludi XIX asr birinchi yarmi
Fuqaroligi avval Qoʻqon xonligi, soʻngra Rossiya imperiyasi
Kasbi Tabib - Shifokor
Unvoni Xon tabibi

Kelib chiqishi

tahrir

Yujin Skayler maʼlumotlariga koʻra, „Toshkentning mashxur shifokorlaridan biri“ va aslida Kavkazda tugʻilgan, eroniy kishidir. Asadullabek yoshlik davrida Markaziy Osiyoga kelib qolgan boʻlib, kelib qolish sababini oshkor qilishni xohlamaydigan kishi boʻlgan. Asadullabek Qoʻqon amirlashkari Alimqul va Muhammad Yoqubxonning yaqin doʻsti. Skayler uning qayerda tibbiy taʼlim olganini bilmaydi va buni oʻzining asarida qayd etib oʻtadi. Asadullabek rus tilini ham bilgan[1]. U haqida maʼlumotlar faqat Yujin Skaylerning „Turkiston: Rossiya Turkistoni, Qoʻqon, Buxoro va Gʻuljaga sayohat qaydlari“ (1876) asari orqali yetib kelgan. Asadullabek hayoti haqida Yujin Skayler asaridan boshqa manbalarda maʼlumotlar uchramaydi.

Xon tabibi

tahrir

Asadullabek Qoʻqon xoni Mallaxonga qilingan suiqasd voqealari guvohi boʻladi. Asadullabekning xon tabibi darajasiga chiqishi voqealarini Yujin Skaylerga hikoya qilib beradi. Asadullabek Turkiston shahriga 1856-yil keladi va bu yerda bir yil yashaydi. Bu paytda Rossiya Qoʻqon xonligini bosib olish harakatiga tushgandi. Joʻlakda ruslarga qarshi chiqqan Qoʻqon xonligi qoʻshini boshliqlaridan biri yaralangan Botirbekni qoʻshin qoʻmondoni Xinoyatshox buyrugʻiga koʻra daʼvolaydi. Asadullabek toʻrt kunda Botirbekni hushiga keltirib, sakkiz kunda u ancha oʻziga kelgach, oʻn ikki tilla mukofat olib, Xinoyatshox va Muhammad Yoqubbek oldinroq ketganidan Toshkentda kutib turish boʻyicha buyruq oladi. Bir hafta oʻtgach Asadullabekka bir ot va kishi berilib, Mallaxon huzuriga chaqiriladi. Xonning oʻzi Oʻratepani egallash uchun joʻnab ketganligi uchun Toshkentda Asadullabek Alimqul va xonning jiyani Shohmurodbek bilan tanishadi. Shundan keyin Asadullabek Qoʻqonga joʻnab, u yerda tibbiyot amaliyotini boshlaydi va xonning tabibi boʻladi. Kunlik maoshi bir tilla etib belgilanadi. Yujin Skayler u bilan suhbatlashganda bir tilla taxminan sakkiz shilling boʻlganini yozadi[2].

Mallaxon qatli guvohi

tahrir

Sayyid Bahodir Muhammad Mallaxon 1862-yil 24-fevralda suiqasd natijasida oʻldiriladi[3]. Mallaxon oʻldirilishi koʻplab manbalarda keltirilgan boʻlsada, Asadullabek Mallaxonning yaqin doʻsti va tabibi boʻlganidan, uning qanday oʻldirilganligiga ham guvoh boʻladi va bu jihatdan u bergan maʼlumotlar juda qimmatlidir. Asadullabek maʼlumotlariga koʻra, tunda kunboʻyi may ichib, qattiq uyquga ketgan xonga qoʻshni xonadan joy olib, tunda xonning eshigi tashqaridan qulflanganini va „xon shu yerda“ degan tovushlarni eshitadi. Tunda xonning xonasiga bostirib kirib, uni kaltaklab, pichoqlari bilan zarba berishadi. Xon oʻzini himoya qilishga urinsa-da, ammo soʻngida fitnachilar tomonidan oʻldiriladi. Keyin fitnachilar Asadullabekni ham xonning eng yaqin doʻstlaridan biri boʻlgani uchun oʻldirishmoqchi boʻlishganini eshitadi, biroq ulardan biri Asadullabekni yoqlab, uning ajnabiyligi va tabibligi, bu yerda vaqtincha yashayotgani, hech kimga yomonlik qilmayotganini aytib uni oʻlimdan saqlab qoladi. Fitnachilar soʻngra oʻsha paytda Qoʻqonda yashagan Shohmurodni topishib, keng odatga koʻra oq kigizga oʻtqazib, uni xon sifatida olqishlashgan[1]. „Tarixi jahonnomayi“da yozilishicha ham Mallaxon tunda bolta bilan oʻldiriladi[4].
Ertalab koʻchalarda Mallaxonning oʻldirilganligi va Shohmurod xon etib eʼlon qilinganligi maʼlum qilinadi. Barcha rasmiylar va Qoʻqonning oliy tabaqasi saroyga, uning huzuriga salom uchun joʻnaydi. Shohmurodxon Asadullabekka saroy tabibi boʻlishini aytib, shundan soʻng Asadullabekga bir sidra ust-bosh, salla va tilla toʻla hamyon berdi. Pulni olib uyiga keltirgach, keyinroq u bilan birga yashagan Yoqubbek bilan boʻlishib oladi.

Alimqul vafoti haqida

tahrir

Rossiya tomonidan Toshkentga birinchi hujum qilinganda Asadullabek Toshkentda boʻlib, Qoʻqon amirlashkari Alimqul yaralanganida ham yonida boʻladi. Alimqulning yaralanishi va oʻlimi uning atrofdagilarga qattiq taʼsir qiladi. Alimqulning kiyimlari birin-ketin yechib olinganda, tabib ularni ushlab turish uchun yonidagilarga beradi va bu orqali vafot etayotgan odamga toza havo bermoqchi boʻladi. Bu kiyim-kechaklarni qabul qilganlar darhol olib ketishdi, shuning uchun tabib Asadullabek uni oʻzining kiyimi bilan yopishga majbur boʻladi. Toshkent bosib olingandan soʻng, Asadullabek rus tilini bilganligi sababli ruslarga xizmat qiladi va u yerda bir muddat qoldi; lekin nihoyat, general Chernyayevdan oʻz ishlarini hal qilish va qoldirib ketgan xotinini qaytarish uchun Qoʻqonga borishga ruxsat oladi[5].

Amir va xon eʼtiborida

tahrir

Qoʻqonga kelganida Skayler talqinicha Buxoro amiri Muzaffar shaharni bosib olgan edi va Asadullabek darhol rus josusi deb eʼlon qilinadi. U amir huzuriga olib kelinib, darhol qatl etilmoqchi boʻlganida, Asadullabek Toshkentda Qoʻqon xonligi uchun jang qilganini, shu paytgacha Alimqul bilan birga boʻlganini aytib, amirdan rahm-shafqat soʻraydi. Endi ruslardan qutulishga muvaffaq boʻlganini va umrining oxirigacha Qoʻqonda tinch-totuv yashashni xohlayotganini aytadi. Uning soʻzlaridan keyin amir Muzaffar boshidan zardoʻzli qalpoqchani olib, unga tashlab yuboradi va u nafaqat jonini saqlab qolishligini, balki Asadullabekni saroy tabibi qilib, Buxoroga olib borishini aytadi. Amir darhol Asadullabekka kiyim va pul hamyonini berishni buyurdi. Asadullabek amir Muzaffarning taklifini qabul qilishni istamaydi, chunki Buxoroga borishni xohlamaydi. Asadullabek amir joʻnaydigan kungacha kutib turdi. Amir Buxoro amirligiga qaytayotganda Asadullabek va oilasi uchun toʻrtta arava joʻnatadi, lekin u xotini bilan maslahatlashib, askarlarni aldab qochib ketadi va amir Qoʻqonni tark etguncha yashirinib yuradi. Soʻngra deyarli pulsiz qolgani uchun Qoʻqonga qaytadi va u yerda yashirinib yurdi. Lekin xotinini bozorda mirshablardan biri tanib qoladi. Ilgari Asadullabekning doʻsti boʻlgan mirshabboshi uning oldiga kelib, hech narsadan qoʻrqmaslik kerakligi, chunki amir ketib, Xudoyorxon Asadullabekka juda yaxshi munosabatda ekanligi xabarini beradi. Keyin Asadullabek Xudoyorxon saroyiga chaqirilib, amir huzuriga borishga ruxsat berilmasligi va himoya qilinishi haqida xabar beriladi. Oradan bir necha kun oʻtgach, amir xonga maktub yoʻllab, xondan Asadullabekni taʼqib qilishni va Buxoroga joʻnatish va jazolashni talab qiladi. Asadullabek Qoʻqonni tark etishga qaror qildi va oʻta xavfli vaziyat tufayli xotini bilan ajrashib, uni tashlab ketishga majbur boʻladi[6].

Toshkentga qaytish

tahrir

Asadullabek togʻlar orasidan yolgʻiz oʻtib, Toshkentga yetib boradi. General Chernyayevning oʻrniga tayinlangan general Romanovskiy va uning zobitlari Asadullabekni aygʻoqchi deb hisoblashadi. Lekin uni kafillikka olib himoya qilingach, Toshkentda qolib yashay boshlaydi. Garchi Xudoyorxon tomonidan Qoʻqonga, shuningdek, uni butunlay kechirganini eʼtirof etgan amir Muzaffar tomonidan Buxoroga tez-tez taklif qilinsa ham Toshkentni tark etmaydi. Skayler Toshkentdaligi paytlarida eski doʻsti Yettishahar hukmdori Yoqubxondan elchi orqali Qoshg‘arga borishga undagan xabar oladi, ammo bormay Toshkentda qoladi. Toshkentga qaytib kelgach, Qoʻqon xonining singlisi Alimqulning beva xotiniga uylanadi, lekin u Skayler Toshkentdaligi vaqtida (1873-yil) allaqachon vafot etgan boʻlib, Asadullabekning bu vaqtda tatar xotini va bolalari bor edi[7]. Asadullabekning keyingi hayoti haqida maʼlumotlar aniqlanmagan.

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Skayler Y. Turkiston: Rossiya Turkistoni, Qoʻqon, Buxoro va Gʻuljaga sayohat qaydlari. Tarjimon Z. A. Saidboboyev. -Toshkent:"Oʻzbekiston" NMIU, 2019. 64-65-betlar.
  2. Skayler Y. Turkiston: Rossiya Turkistoni, Qoʻqon, Buxoro va Gʻuljaga sayohat qaydlari. Tarjimon Z. A. Saidboboyev. -Toshkent:"Oʻzbekiston" NMIU, 2019. 65-66-betlar.
  3. Vohidov Sh. Qoʻqon xonligi tarixi (xonlik tarixi — manbalarda). 1-jild. -Toshkent, 2014. 22-bet.
  4. Avaz Muhammad Attor Xoʻqandiy. Tarixi Jahonnamoyi. Toshkent — 2012. 266-267-betlar.
  5. Schuyler E. Turkistan notes of a journey in Russian Turkistan, Khokand, Bukhra, and Kuldja. Volume I. New York: Scribner, Armstrong & CO.,1877. 93 p
  6. Schuyler E. Turkistan notes of a journey in Russian Turkistan, Khokand, Bukhra, and Kuldja. Volume I. New York: Scribner, Armstrong & CO.,1877. 93-95-p
  7. Skayler Y. Turkiston: Rossiya Turkistoni, Qoʻqon, Buxoro va Gʻuljaga sayohat qaydlari. Tarjimon Z. A. Saidboboyev. -Toshkent:"Oʻzbekiston" NMIU, 2019. 67-bet.