Bogʻcha darvoza

Xiva shahridagi tarixiy ob’yekt
(Bog‘cha darvozadan yoʻnaltirildi)

Bogʻcha darvoza – Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik; Ichan qalʼaning shimoliy qismidagi 6 gumbazli darvoza.

Bogʻcha darvoza
Shimoliy darvoza

Bogʻcha darvozaning old tomondan koʻrinishi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Meʼmoriy yodgorlik
Turi Darvoza
Manzili „Ichan qalʼa“ mahallasi, Zargarlar koʻchasi, 14-uy
Shahar Xiva shahri
Mamlakat Oʻzbekiston
Koordinatalar 41°22′54″N 60°21′40″E / 41.38170857218824°N 60.36122192510731°E / 41.38170857218824; 60.36122192510731
Qurilishi boshlangan XVIII asr
Qurilishi tugagan XIX asr
Egasi Davlat mulkiga tegishli
Balandligi
Balandligi 13,5 m
Binoning ichki maydoni 18x16 m
Map
Bogʻcha darvoza xaritada
Bogʻcha darvoza

Xiva shahrida dunyoning toʻrt tarafiga qaratib qurilgan toʻrt darvoza bor. Darvozalardan Ichan qalʼaga kirilgan. Ular Bogʻcha darvoza, Polvon darvoza, Tosh darvoza va Ota darvoza hisoblanadi[1]. Shimoliy darvoza oldida Xiva xonining bogʻchasi va shu bogʻchaning hovuzi boʻlgani uchun bu darvoza „Bogʻcha darvoza“ nomi bilan atalgan.

Bogʻcha darvoza reja asosida qurilgan boʻylamasiga nosimmetrik shaklga ega boʻlgan koʻplab tuynuklarga ega boʻlgan bino. Binoning ikkita chetida gumbazga ega boʻlgan bino mavjud. Xar bir gumbazli binoda toʻrtadan kamonchilar uchun maxsus shinaklar bor. Bogʻcha darvozaning ichki qismida ikkita gumbaz mavjud yon tomonidagi toʻrtta xona kichik gumbazlari bilan bostirib qurilgan.

Darvozaning hozirgi koʻrinishi XIX asrga tegishli boʻlib, u bugungi kunda „Ichan qalʼa“ mahallasi, Zargarlar koʻchasi, 14-uyda joylashgan. Tarixiy obyekt Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulkiga tegishli[2].

Gumbazlarning koʻndalang yon tomonlarida toʻrtburchak gumbazli qorovul xonalari va gumbazli binoning butun eni boʻylab ichan qalʻaga kirayotgan karvonlardan toʻlov oladigan bojxonachilar xonalari joylashgan. Darvoza shimoldan janubga qarab choʻzilgan koʻplab koʻp xonali imoratlar kompleksidan iborat. Jang jadallar vaqtida bu darvoza boshqa darvozalar singari himoya vazifasini ham oʻtagan.

Gumbazli binolar ikki qavat fasadli ichi boʻsh boʻlgan toʻrtburchak oʻtish yoʻllari orqali bir biri bilan bogʻlangan. Darvozaning tepasidagi oʻtish yoʻlagida – ravoq bor, uning ustida minoralar koʻtarilib oʻziga xos ishlov berilgan. Darvozaning Ichan qal’aga qaragan janubiy tomoni tashqi shimoliy darvozaga juda oʻxshash boʻlsada u hajm jihatidan kichikroq va shimoliy darvozaning oldi tomoni singari ravoqlar mavjud emas.

Darvozaning tashqi tomonlariga naqshlar bilan ishlov berilmagan. Yagona tashqi berilgan ishlov – bu ikkita gumbazli binolarning gumbazlari hisoblanadi. Tarixda Urganchdan shu darvozdan chiqilganligi bois baʼzida Urganch darvoza nomi bilan ham atalgan.

Oʻlchamlari

tahrir

Umumiy – 18,0x16,0 m;

balandligi – 8,5 m;

gumbazlarning diametri – 4,2 m;

yon pozitsiyalar uzunligi – 3,2 m;

shimoliy tomonda joylashgan minoralarining diametri 4,2 m;

balandligi – 13,5 m;

umbazlarning balandligi – 7,0 m[3]

Tarixi va qurilish uslubi

tahrir

Obyekt XVIII asr oxirida qurilgan va XIX asr oʻrtalarida Rahimqulixon tomonidan qayta taʼmirlangan[4].

Darvozaxona tarhi 18x16 m, barcha gumbazlari shaklan bir xil. Ikkita katta gumbaz dalon (yoʻlka) ustida boʻlib, yoniga doʻkonlar qurilgan. Bogʻcha darvozaning old tomoniga ikkita burj – guldastalar (balandligi 13,5 m) ishlangan. Darvoza usti ravoqli. Sirti va ichki tomoni bezaksiz[5]. Darvozaning balandligi 8,5 metrni tashkil qiladi[6].

Bogʻcha darvoza ichki tuzilishi shimoldan janubga choʻzilgan koʻp xonali imorat boʻlib, u shahar himoyasi vazifasini bajargan va kechalari berkitib qoʻyilgan. Darvozani qadimda oʻnga yaqin mirshablar qoʻriqlashgan va ularning maoshi toʻrt tilladan oʻn tillagacha etib tayinlangan. Bogʻcha darvozaning ichki qismi ikkita katta gumbaz va oʻrta yoʻlak chekkalaridagi toʻrtta xonasi kichik gumbazlar bilan bostirilgan. Bu xonalar qadimda bojxona va qorovulxona vazifalarini bajargan[4].

Bogʻcha darvoza Sovet davrida birinchi marta 1959—1960-yillarda va Oʻzbekiston mustaqillik yillarida 1997-yili qayta taʼmir qilingan.

Bugungi kunda darvoza ichida doʻkon va sartaroshxona faoliyat olib bormoqda.

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. „Hali ham odamlar yashaydigan tirik qadimiy shahar – Ichan-qal’adan fotoreportaj“ (2022-yil 23-aprel). Qaraldi: 2023-yil 17-oktyabr.
  2. „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-oktyabr.
  3. Маньковская Л., Булатова В. Памятники зодчества Хорезма 1978, s. 102.
  4. 4,0 4,1 „Bog‘cha darvoza“. Qaraldi: 2023-yil 17-oktyabr.
  5. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
  6. „Ichan Qal’a – shahar ichidagi shahar“ (2023-yil 21-iyul). Qaraldi: 2023-yil 17-oktyabr.