Botmon (arab.) – ogʻirlik oʻlchov birligi. Yaqin va Oʻrta Sharqmamlakatlari (Arabiston, Misr, Suriya, Iroq, Eron, Turkiya, Hindiston) da, shuningdek Oʻrta Osiyoda qoʻllanib kelingan. Shariatga koʻra, botmon (manni sharʼiy) asosan 0,832 kg ni tashkil qilgan, lekin turli mamlakatlar va turli davrlarda uning mezoni har xil boʻlgan. Oʻrta Osiyoda ham botmonning vazni oʻzgarib turgan. Maye, XIX asrda Xorazmda botmon 20,16 kg dan 40,95 kg gacha, Buxoro va Samarqandda asosan 8 pud (131,044 kg), Fargʻonada 8—10 pud (131,044—163,805 kg) boʻlgan. Bu oʻlchov paxta va mevalarni oʻlchashda qoʻllangan. 1884-yil maʼlumotlariga koʻra, Qoʻqonda 1 botmon 10 pudga, yaʼni 163,805 kg ga teng boʻlib, donlarni ulchashda qoʻllangan. Toshkent va Chimkentda 1 botmon 10,5 pud (171,995 kg) boʻlgan. Oʻrta Osiyoning koʻp joylarida botmon yer sathini oʻlchash birligi sifatida ham qoʻllanilib, 1 botmon yer deganda 1 botmon don ekiladigan maydon tushunilgan. Masalan, Samarqandda 1 botmon (8 pud) bugʻdoy 1,63881 ga yerga sepilganligi sababli, shunday kattalikdagi yer bir botmon deb atalgan. Hozirgi vaqtda botmon taxminan bir gektarga teng sath oʻlchov birligi hisoblanadi. Baʼzi Sharq mamlakatlarida botmondan ogʻirlik oʻlchov birligi sifatida foydalaniladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil