Armaniston bayrogʻi

(Flag of Armeniadan yoʻnaltirildi)

Armanistonning milliy bayrogʻi (shuningdek Arman trikolori ham deyiladi; armancha: Եռագույն — Yeṙaguyn) — Armaniston Respublikasining davlat ramzlaridan biri. Bayroq tuzilishi toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi matodan tashkil topgan boʻlib, uch xil rangdagi gorizontal chiziqlardan iborat: yuqori qismi – qizil, markazida – koʻk va pastki qismi – olovrang rangidadir. Bayroqning eni boʻyiga nisbatan 1:2 oʻlchamga ega.

Armaniston bayrogʻi
armancha: Եռագույն
Mamlakat Armaniston
Tasdiqlangan sanasi 1918-yil 28-may
Qayta tasdiqlangan sanasi 1990-yil 24-avgust
Mutanosibligi 1:2
Muallifi Stepan Malxasyans
Dizayni qizil, koʻk va olovrang ranglarni aks ettirgan gorizontal trikolor
Boshqa variatsiyalari
Mutanosibligi 1:2
Avvalgi bayroqlar

Armaniston bayrogʻi 1990-yil 24-avgustda Armaniston respublikasining Oliy soveti tomonidan tasdiqlangan. 2006-yil 15-avgustda Armaniston Milliy assambleyasi „Armaniston Respublikasining davlat bayrogʻi haqida“gi yangi qonunni qabul qildi.

Armaniston oʻz tarixi davomida juda koʻplab bayroqlarga ega boʻlib kelgan. Qadimgi davrlarda siyosiy faoliyat olib borgan arman sulolalari oʻz bayroqlarida turli xil ramziy jonivorlarni tasvirlab kelganlar[1].

XX asrda Armaniston SSR SSSR ramzlari tushirilgan hamda turli xil koʻrinishdagi bayroqlarga ega boʻlgan.

Maʼnosi

tahrir

XX asr boshlarida bayroqdagi bu ranglar quyidagi maʼnolarni anglatgan: qizil rang — genotsid davrida oʻldirilgan bir yarim million arman millatiga mansub kishilarning qoni ramzi, koʻk – Armanistonning tinchligi, osuda osmoni va olovrang – arman xalqining qoʻrqmas, jasur va dovyurakligi ramzi sanaladi[2].

Ranglar

tahrir
 
Luzinyan sulolasining bayrogʻi (1342—1375, zamonaviy arman bayrogʻi ranglariga oʻxshash ranglardan foydalanilgan Armanistonning soʻnggi qirollik sulolasi)

2013-yil 1-yanvardan Armaniston bayrogʻining tegishli ranglarini belgilovchi „Armaniston Respublikasining davlat bayrogʻi. Umumiy texnik shartlar“ nomli ՀՍՏ 50-2012 davlat standarti qabul qilindi[3].

Koʻpincha, norasmiy, ogʻzaki talqinda bayroqdagi uchinchi rang „olovrang“ emas, balki „oʻrik rangi“ tarzida ifodalanib kelinadi[4][5][6].

2012-yilda Armaniston milliy standartlar instituti Armaniston bayrogʻining tuzilishi va ranglari boʻyicha tegishli normalarni eʼlon qildi. Unga koʻra Armaniston bayrogʻi ranglari rang tizimlarida quyidagicha tasniflanadi:[7]

Scheme Qizil Koʻk Olovrang
RAL 3020 5005 1003
Pantone 485 286 1235
CMYK 0-100-100-0 100-80-0-0 0-35-100-0
RGB 217-0-18 0-51-160 242-168-0
RGB hex triplet D90012 0033A0 F2A800

Tarixi

tahrir

Armanistonning joriy bayrogʻi qadimgi arman bayroqlaridan anchagina farq qiladi. Qadimgi davrlarda bayroq oʻrniga ajdar, burgut, arslon yoki turli ilohiy ramzlar oʻyilgan yogʻoch tugʻlardan foydalanilgan[1]. Bu kabi tugʻlardan faqatgina urush vaqtida foydalanilgan boʻlib, jangdan avval bu tugʻlarni urush maydoni atroflariga suqib chiqilgan. Keyinchalik, ayniqsa armanlar xristianlikni qabul qilishgach, hukmdor sulolalar turli xil bayroqlardan foydalanishgan.

Armanistonning ilk tarixiy davrlarida bayroq tushunchasi mavjud boʻlmagan. Bayroqdan foydalanish anʼanasi keyinchalik Aleksandr Makedonskiy yurishlaridan soʻng shakllana boshlangan[8]. Ilk arman bayrogʻi aynan Artasheslar sulolasiga tegishli boʻlib, ular oʻz hukmronligi ramzi sifatida qizil matoga tushirilgan, bir-biriga qarab turgan ikki burgut va sakkiz qirrali yulduz tasviri tushirilgan bayroqni qabul qilganlar. Arshaklar sulolasi davriga kelib bayroq rangi va dizayniga oʻzgartirishlar kiritilgan. Oʻsha davrga oid tangalar hamda qirollar tojida ayni shu ikki burgut va markazdagi yulduz tasvirlarini uchratish mumkin[9].


Milodiy 428-yilda yuz bergan arablar bosqini oqibatida Armaniston hududi Umaviylar xalifaligiga qaram boʻlib qolgan va sharqiy qismi hozirgi Bokudan Darbandgacha, gʻarbiy chegarasi Furot daryosi oʻzanigacha, shimolda Terek daryosi va janubda Urmiya koʻligacha boʻlgan hududni egallagan yangi Armaniston amirligi davlati tashkil topgan. Amirlikning bayrogʻi oʻzida hech bir shaklni aks ettirmagan qora tusdagi matodan iborat boʻlgan[10].

Armaniston 885-yilga kelib arablardan mustaqil boʻldi. Mamlakatni boshqaruvini oʻz qoʻliga olgan yangi sulola oʻziga ramz sifatida antik davrdan qolgan odatiy bayroqlardan farqli oʻlaroq, toʻq qizil fondagi oq leopard va xristianlik xochi aks etgan bayroq tasvirini tanlagan. Hozirda bu leopard ramzi Armanistonning madaniy poytaxti hisbolangan Gyumri shahrining bayrogʻida mavjud[10].

1080-yilda Armaniston hududi kengayib, uning togʻoldi hududlaridanda uzoqroqqa choʻzilgan Kilikiya arman qirolligi tashkil topdi. Deyarli toʻrt asr davom etgan ushbu qirollikda hukmdor sulola uch marta almashdi va ularning har biri oʻz sulolasining ramzini mamlakat bayrogʻi oʻlaroq qoʻlladi. Armanistondagi saljuqiylarning dastlabki bosqinlaridan qochgan qochqinlar oq fonda tasvirlangan qizil sher rasmini oʻz bayroqlarida akslantirishdi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay mazkur bayroq orqa foni oqdan sariqqa oʻzgartirildi[10].

Kilikiy sulolalardan birinchisi boʻlmish Rubenlar davrida mamlakat bayrogʻi qizil arslon tasvirlangan oq mato koʻrinishida boʻlgan. Bayroqning boshqa variantida xoch oldida turgan tojdor arslon tasviri mavjud. Hozirgi Armaniston gerbida ham aynan shu arslon tasvirlangan[10].

Xetumiylar davrida mamlakat bayrogʻi sulola gerbi tushirilgan qizil rangdagi matodan iborat boʻlgan. Xetumiylar sulolasining gerbida sariq qalqon ichida ikki oyoqda turgan qizil rangdagi arslon tasviri boʻlgan. Arslonning koʻzi, tirnoqlari, tili va toji moviy rangda boʻlib, hozirgi Armaniston bayrogʻidagi ranglar shu bayroq ranglariga oʻxshashdir[10].

Luzinyanlar sulolasi oʻz gerbiga ega boʻlgan ammo bayrogʻiga ega boʻlmagan, Ular Kilikiya hukmronligini qoʻlga kiritgach, gerbga moslab bayroq ham tayyorlangan[10].

XVII—XVIII asrlar

tahrir
 
  Arman xalqining dengiz savdo bayrogʻi

1688-yil 22-iyunda Britaniyaning Ost-Indiya kompaniyasi Madrasdagi arman savdogarlari bilan „Ost-Indiyaning arman millati bilan kelishuvi“ deb nomlangan shartnomani imzoladi[11], unga koʻra armanlar oʻz oziq-ovqat tashuvchi kemalarida oʻzlarining bayroqlarini ilib yurish huquqiga ega boʻldilar. Ularning kemalari qizil-sariq-qizil rangdagi oʻz bayrogʻiga ega boʻlib, bayroq markazida Hind okeanining koʻplab portlarida hurmat qozongan Tangri qoʻzisi surati tushirilgan[12].

XIX asr

tahrir
 
  1885-yildagi koʻrinishi
 
  Alishan bayrogʻi

Armanistonni Forslar va Usmoniylar imperiyasi oʻzaro boʻlib olishgandan soʻng bir qancha vaqt davomida Armaniston oʻz bayrogʻiga ega boʻlmadi. 1885-yilda Parijdagi arman talabalari assotsiatsiyasining iltimosiga koʻra arman katolik ruhoniysi Gevond Alishan yangi bayroq loyihasini ishlab chiqdi. Arman talabalari assotsiatsiyasi shu bayroq ostida yozuvchi Victor Hugoning dafn marosimida qatnashdilar. Bu gorizontal trikolor teskari aylantirilgan zamonaviy Bolgariya bayrogʻiga oʻxshardi. Yuqoridagi chiziq qizil rangda boʻlib, Pasxaning birinchi yakshanbasi ramzi („Qizil yakshanba“), oʻrta chiziq „Yashil yakshanba“ ramzi oʻlaroq yashil rangda, ostki chiziq oq rangda boʻlib, hech qanday maʼnoni anglatmagan, u shunchaki vizual koʻrinish uchun qoʻshilgan[1].

Alishan Fransiyada arman bayrogʻining yana bir koʻrinishini yaratgan boʻlib, u hozirda „arman millatchilari bayrogʻi“ deb ataladi. U fransuz vertikal trikolorini eslatadi. Unda aks etgan, chapdan oʻngga qarab yotqizilgan qizil, yashil, koʻk ranglar Nuh paygʻambar Ararat togʻida koʻrgan kamalak ramzi hisoblanadi[1].

Kavkazorti Respublikasi

tahrir
 
  Kavkazorti Respublikasining bayrogʻi (1918)

1828-yilda rus—fors urushi oqibatida Turkmanchoy sulhi tuzilib, Armanistonnig Eron tarkibidagi sharqiy qismi Rossiya imperiyasiga qoʻshib olinadi. Rossiya imperiyasining qulashidan soʻng Armaniston oʻz mustaqilligini eʼlon qilib, Gurjiston va Ozarbayjon bilan qoʻshilishi oqibatida bir yildan kamroq vaqt mavjud boʻlgan Kavkazorti Respublikasiga asos solindi. Respublika rasmiy ravishda oʻz ramzlariga ega boʻlmagan. Lekin ayrim tarixchilar Germaniya bayrogʻiga oʻxshash sariq, qora va qizil chiziqlardan iborat boʻlgan trikolorni Kavkazorti Respublikasining bayrogʻi deb fikr bildirishadi[13]. Respublika 1918-yilning 26-mayida Gurjiston demokratik respublikasi eʼlon qilingan kundan barham topdi. Ikki kundan soʻng (28-may) Birinchi Armaniston Respublikasi va Ozarbayjon demokratik respublikasi eʼlon qilindi[14].

Armaniston Demokratik Respublikasi

tahrir
 
  Armaniston Demokratik Respublikasning bayrogʻi, 1918—1920

Armaniston Demokratik Respublikasi oʻz mustaqilligini eʼlon qilgandan soʻng, Armaniston bayrogʻi hozirgi koʻrinishiga ega boʻldi. Uning koʻrinishi Rubenlar sulolasining qulash davrlaridagi bayrogʻiga oʻxshash qizil, koʻk, sariq koʻrinishga ega boʻldi (Kilikiy arman qirolligi)[15]. Bundan tashqari yana kamalakrang bayroq gʻoyasi ham ilgari surilgan, lekin u maʼqullanmagan. Bu bayroqning prototipini Yerevandagi Martiros Saryan uy-muzeyida koʻrish mumkin. Armaniston Demokratik Respublikasi bayrogʻining qabul qilinishiga yosh mamlakat Milliy yigʻinida soʻzga chiqqan Stepan Malxasyantsning doklad materiallari katta taʼsir oʻtkazgan. Qizil, koʻk va olovrang kombinatsiyasi „kishiga yoqimliroq koʻringani uchun“ sariq rang tezda olovrangga oʻzgartirilgan[1]. Mutanosibligi 2:3 oʻlchamda[16].

Shoʻrolar Armanistoni va Kavkazorti SFSR

tahrir
 
  Kavkazorti SFSRning bayrogʻi 1922—1936

1920-yil 29-noyabrda bolsheviklar tomonidan Armaniston SSR eʼlon qilingan. 1922-yil 2-fevral kuni Armaniston SSR shoʻrolarining I qurultoyida respublika konstitutsiyasining qismi sifatida yangi bayroq koʻrinishi ham qabul qilindi. Bu koʻrinish bor-yoʻgʻi bir oy amalda boʻldi. Sababi 12-martda Armaniston SSR Gurjiston SSR va Ozarbayjon SSR bilan qoʻshilib, Kavkazorti SFSR deb yuritila boshlandi[14].

1922-yil 30-dekabrda Kavkazorti SFSR SSSRga birikkan toʻrt respublikadan biri edi. Yangi koʻrinishdagi bayroq qizil fonda sariq oʻroq va bolgʻa tasviri tushirilgan hamda sans-serif shrifti bilan sariq rangdagi „ZSFSR“ degan yozuvli koʻrinishga ega boʻldi. 1936-yilda Kavkazorti Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi barham topdi[14].

Armaniston SSR bayrogʻi

tahrir

SSSR respublikalaridan biri sifatida Armaniston SSR oʻzining birinchi bayrogʻini 1936-yilda qabul qildi. Unda qizil fonda sariq oʻroq va bolgʻa, ularning ostida „ՀԽՍՀ“ (hXSh: „haykakan Xorhrdayin Sotsialistikan hanrapetutyun“, kirillchada: „haykakan Xorhrdayin Sotsialistakan hanrapetutyun“) abbreviaturasi bor edi. 1940-yilda bayroqdagi abbreviatura „ՀՍՍՌ“ (ASSR)ga oʻzgartirildi („hayastani Sovetakan Sotsialistakan Respublika“, kirillchada: „haястани Советакан Социалистакан Республика“). 1952-yilda yangi bayroq qabul qilindi. Undan abbreviatura olib tashlanib, oʻrniga gorizontal koʻk chiziq paydo boʻldi. Bu bayroq 1990-yilgacha amalda boʻldi. 1990-yil 23-avgustda Armaniston mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilgach, tez orada shoʻrolar davrigacha boʻlgan bayroq qayta tiklandi[17].

 
Arman millatiga mansub vermaxt legionerlarining bilak nishoni

Armaniston bayrogʻi natsist Germaniyasi saflarida xizmat qilgan arman askarlari (Arman vermaxti legioni) tomonidan ham qoʻllangan[18][19].

Oʻxshash bayroqlar

tahrir

Rossiyaning Rostov oblasti Myasnikovskiy rayoni (rayon markazi — Chaltir qishlogʻi) 1998—2011-yillarda Armaniston bayrogʻidan asos qilib olingan bayroqdan foydalangan. Bu rayonning etnik tarkibi 60% arman millatiga mansubligi bilan bogʻliq[20].

Tan olinmagan Togʻli Qorabogʻ respublikasining bayrogʻi ham aynan Armaniston bayrogʻi ranglarini takrorlaydi. Bu ranglar Armaniston va Togʻli Qorabogʻ respublikasi xalqi oʻzaro tarixiy, madaniy bogʻliqligi ramzidir. Togʻli Qorabogʻ respublikasi bayrogʻi Armaniston bayrogʻidan faqat oq rangdagi chiziqli naqshi bilan ajralib turadi[21].

Oʻxshash rangdagi bayroqlar:   Venesuela bayrogʻi;   Ekvador bayrogʻi;   Kolumbiya bayrogʻi.

Bayroq kuni

tahrir

Armanistonda har yili 15-iyulda bayroq kuni nishonlanadi[22].

Munitsipial bayroqlar

tahrir

Galereya

tahrir

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 1,8 „The Evolution of the Armenian Flag“. Armenianheritage.com. 2001-yil 4-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 5-yanvar.
  2. „Armenia“. Vexilla Mundi. Qaraldi: 2007-yil 6-yanvar.
  3. Государственный флаг Республики Армения. Общие технические условия (PDF), 2014-10-22da asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 2016-11-21
  4. „Նայիր նրան՝ երեք գույնով“. 2019-yil 7-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 7-oktyabr.
  5. „ՀԱՅԿԱԿԱՆ ԴՐՈՇ“. 2019-yil 7-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 7-oktyabr.
  6. „Karmir Kapuyt Ciranaguyn Կարմիր Կապույտ Ծիրանագույն“ (ru). 2019-yil 4-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 7-oktyabr.
  7. „HST 50-2012 - General Specifications of the Republic of Armenia flag (AM)“. 2017-yil 14-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 23-yanvar.
  8.   Flag of Armenia YouTubeda //19-yanvar 2023-yil
  9. „Historic Armenian Coats of Arms“. peopleofar.com (2014-yil 20-mart). Qaraldi: 2022-yil 30-sentyabr.
  10. 10,0 10,1 10,2 10,3 10,4 10,5 „Armenia Flag Map and Meaning“. mappr.co. Qaraldi: 2023-yil 2-may.
  11. Ferrier, Ronald. „The Agreement of the East India Company with the Armenian nation, 22nd June 1688.“ Revue des Études Arméniennes n.s. 7 (1970): 427-43.
  12. Mauro, Frédéric. „Merchant Communities: 1350—1750.“The Rise of Merchant Empires: Long Distance Trade in the Early Modern World, 1350—1750. Ed. James Tracy. Cambridge: Cambridge UP, 1990. 255-86.
  13. „Закавказская Федерация (Transcaucasian Democratic Federative Republic)“ (Russian). Russian Centre of Vexillology and Heraldry (2003-yil 30-may). 2006-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 27-dekabr. (Wayback Machine saytida 2006-06-22 sanasida arxivlangan)
  14. 14,0 14,1 14,2 Sovetskaya Armeniya
  15. „Республика Армения (Republic of Armenia)“ (Russian). Russian Centre of Vexillology and Heraldry (2003-yil 28-mart). 2006-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 9-yanvar. (Wayback Machine saytida 2006-06-22 sanasida arxivlangan)
  16. „Armenia: First Republic (1918–1921)“. Flags of the World. Qaraldi: 2007-yil 9-yanvar.
  17. K SOYuZU SUVYeRYeNNIX NARODOV. Sbornik dokumentov
  18. „Эдуард А. Абрамян // Из истории Армянского Легиона“. roa.ru. 2018-yil 30-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 21-avgust. (Wayback Machine saytida 2010-08-02 sanasida arxivlangan)
  19. „Книга: Восточные легионы и казачьи части в Вермахте“. www.e-reading.club. Qaraldi: 2016-yil 22-avgust.
  20. Национальный состав населения Ростовской области: Итоги Всероссийской переписи населения 2002 года. Статистический сборник. Ростов-на-Дону: Ростовстат, 2005. 
  21. „Republic of Artsakh“ (inglizcha) (2021-yil 24-aprel). Qaraldi: 1-may 2023-yil.
  22. „Flag of Armenia“ (inglizcha). theflager.com. Flager (2020-yil 13-avgust). 2023-yil 30-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30-aprel 2023-yil.

Havolalar

tahrir