Humayd al-Kashshiy
Abd ibn Humayd Al-Kashshiy(arabcha:عبد بن حميد الكشي — Abd ibn Humayd Al-Kashshiy — Toʻliq ismi:Abdulhamid ibn Humayd ibn Nasr Abu Muhammad Hofiz Keshiy (786-863)) — Muhaddis va mufassir.
Humayd al-Kashshiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 786-yil |
Vafoti | 863-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | muhaddis |
Tarixi
tahrirKesh (hozirgi Shahrisabz)ning muhaddis va mufassir allomalaridan biri, Imom Buxoriy singari toʻrt buyuk muhaddislarning ustozi, „Hofizu-l-hadis“, „Sohibu-l-musnadi-l-kabir“ va „Sohibu-t-tafsiri-l-kabir“ nomlari bilan mashhur boʻlgan muhaddis Abd ibn Humayd ibn Nasr Kashshiy (Keshiy)dir. Abd ibn Humayd Al-Kashshiy 170/786-yil Keshda tavallud topgan. Baʼzi manbalarda esa keyinroq tavallud topgan deb taʼkidlanadi. Abd ibn Humayd Al-Kashshiy ulugʻ muhaddis, mufassir, faqih va tilshunos boʻlib, „Imom“, „Hofiz“, „Hujjat“, „Javvol“ kabi yuksak laqablar bilan taʼriflangan. Abd ibn Humayd Al-Kashshiy baʼzi tarixiy asarida „Kashshiy“, „Kesiy“, „Laysiy“ va „Kaʼbiy“ kabi nisbalar bilan ham keltirilgan.[1] Abd ibn Humayd Al-Kashshiy hadis, tafsir, arab tili grammatikasi va hanafiylik fiqhiga oid asar tasnif etganligi manbalarda taʼkidlangan. Abd ibn Humayd Al-Kashshiy toʻplagan hadislarining sahihligi va sanadining ishonchliligi boʻyicha Movarounnahrdan chiqqan ilk muhaddislardan biridir. Abd ibn Humayd Al-Kashshiy boshlangʻich taʼlimni Movarounnahrda Buxoro, Samarqand va Kesh olimlaridan olgan. Shamsiddin Zahabiyning „Tarixu-l-islam“ asarida keltirilishicha, Abd ibn Humayd Al-Kashshiy ilm yoʻlida ikki yuzdan ziyod joyga safar qilgan va qaysi joyga borsa shu joyning eng ulugʻlari bilan suhbatda boʻlib, ularning ilmidan bahramand boʻlgan va hadislarni isnodi bilan jamlagan. Abd ibn Humayd Al-Kashshiyning ustozlari va u kishi hadis keltirgan muhaddislar — Abu Dovud Taylosiy, Nazr ibn Shomil Marvaziy, Yahyo ibn Odam, Yazid ibn Horun, Abu Bakr ibn Abu Shayba, Abulvolid Taylosiy, Abu Ali Hanafiy, Abdurrahmon ibn Abdulloh Dashtakiy, Umar ibn Yunus Yamomiy va Voqidiy kabi muhaddis, roviy va mufassirlardir. Abd ibn Humayd Al-Kashshiy oʻzining „Tafsiru-l-kabir“ va „Musnadu-l-kabir“ asarida ular haqida maʼlumotlar bergan va ulardan rivoyat qilgan hadislarni oʻz musnadiga kiritgan. Abd ibn Humayd Al-Kashshiyning ustozi Abulvolid Taylosiydan olti mashhur muhaddisning biri — Imom Abu Dovud ham hadis rivoyat qilgan.[2]
Faoliyati
tahrirAbd ibn Humayd Al-Kashshiy hadislarni jamlash, kitoblar tasnif qilish bilan birga koʻplab shogirdlar ham chiqargan. Abd ibn Humayd Al-Kashshiy haqida Imom Buxoriy oʻzining „Aʼlamuchun-nubuvvat“ asarida Muslim ibn Hajjojning ulugʻ shayxlaridandir" — deb yozgan.[3] Shamsiddin Zahabiyning „Siyaru aʼlami-n-nubala“ asarida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Muslimlar Abd ibn Humayd Al-Kashshiydan hadis rivoyat qilib, u kishiga shogird boʻlganligi haqida keltirilgan.[4] Allomaning oʻgʻli Muhammad ibn Abd ham oʻz davrining yetuk alloma va roviylari qatorida ekanligi manbalarda yozilgan. Abd ibn Humayd Al-Kashshiyning Ibrohim ibn Hazm ibn Faxr Lahmiy Shoshiy, Abulmaʼoz Ubodiy ibn Idris ibn Buxosh Keshiy, Sahl ibn Shazoviy Buxoriy, Bakr ibn Mirzabon, Shurayh ibn Abu Abdulloh Nasafiy Zohid, Muhammad ibn Abd ibn Omir Samarqandiy, Ibrohim ibn Huzaym ibn Qamir Shoshiy, Abu Sayyid Hotam ibn Hasan Shoshiy, Salmon ibn Isroil ibn Jobir Xoʻjandiy, Abu Saʼidshoh ibn Jaʼfar ibn Habib Nasafiy, Abu Bakr Muhammad ibn Umar ibn Mansur Keshiy, Muhammad ibn Muso ibn Huzayl Nasafiy va Mahmud ibn Anbar ibn Naʼim Azdiy Nasafiy kabi koʻplab movarounnahrlik shogirdlari boʻlgan.[5] Abd ibn Humayd Al-Kashshiyning „Musnadi Abd“ va „Tafsiri Abd“ asaridan saylanmalari bizgacha yetib kelgan va bu asar Qohirada „Maktabatu-s-sunna“ matbaasida muhaqqiqlar Subhil Badriy Somaro-niy va Mahmud Muhammad Xalil Saʼidiylar tomonidan tadqiq etilib, 1408/1988-yilda „Muntaxab min Musnadi Abd ibn Humayd“ („Abd ibn Humaydning Musnadidan saylanmalar“) nomi bilan nashr etilgan.[6] Abd ibn Humayd Al-Kashshiy muhaddis, faqih boʻlishi bilan birga mufassir ham boʻlgan. Allomaning yana bir muhim asari „Tafsiri Abd ibn Humayd“ muhaqqiq Muxlif ibn Banihi Urf tomonidan oʻrganilib 2004-yilda „Dor ibn Hazm“ matbaasida „Qitʼatun min tafsiru-l-imam Abd ibn Humayd“ yaʼni („Imom Abd ibn Humaydning tafsiridan bir parcha“) nomi bilan bir jildda nashr etilgan. Bugungi kunda dunyo qoʻlyozmalar fondida muhaddisning 24 nusxa qoʻlyozma asar saqlanmoqda. Abd ibn Humayd Al-Kashshiy umrining oxirgi vaqtlarini oʻz yurti Keshda tafsir va hadis ilmidan saboq berish bilan oʻtkazganligi manbalarda qayd etilgan. „An-nujumu-z-zohira fi muluk Misr va-l-Qohira“ va „Mirʼotu-l-jinon va ibratu-l-yaqzon fi maʼrifati havodisi-z-zamon“ kitob-larida Abd ibn Humayd Al-Kashshiyning 249/863-yilda Keshda vafot etgan deb keltiriladi.[7]
Asarlari
tahrir- „Musnadi Abd ibn Humayd“,
- „Tafsiri Abd ibn Humayd“,
- „Sulosiyot Abd ibn Humayd Kashiy“,
- „Kitobu-l-huruf va-l-muʼjam“,
- „Tasarruf“,
- „Kitob faʼaltu va afʼaltu“.
Manbalar
tahrir- ↑ Abu Muhammad Mahmud ibn Ahmad Hanafiyil Magʻoniy axyor. J. 3. — B. 304
- ↑ Shamsiddin Zahabiyil Siyaru aʼlami-n-nubala. J.12. — B. 23
- ↑ Shamsiddin Zahabiyil Tarixu-l-islam. J.4. — B. 42
- ↑ Ibn Kasir. Bidoya va-n-nihoya. J.6. — B. 144
- ↑ Xatib Bagʻdodiyil Tarixu-l-Bagʻdod. J.3. — B. 147
- ↑ Ibn Qiftiyil Inbaxu-r-ruvat ala anbaxi-n-nuxat. J.3. — B. 40
- ↑ Kamaliddinov Sh. S. Kitob al-ansob. — B. 149.