Ibrohim Rahim (toʻliq ism-sharifi Rahimov Ibrohim Abdurahimovich; 1916-yil 15-oktyabr, Fargʻona viloyati Quva tumani — 2001-yil 22-noyabr, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1976), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1966). Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Oʻzbekiston Respublikasi radiosida siyosiy eshittirishlar boʻlimi bosh muharriri (1946—1947), „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasi boʻlim mudiri (1950), muharrir (1950—1961), Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi (1957—1963), „Oʻzbekfilm“ kinostudiyasi direktori (1962-1966), Oʻzbekiston Davlat Kinomatografiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari (1963-1964), „Guliston“ (1966—1969), „Mushtum“ (1971 — 1984) jurnallari bosh muharriri.

Rahimov Ibrohim Abdurahimovich
Tavalludi 15-oktyabr 1916-yil
Vafoti 22-noyabr 2001-yil(2001-11-22)
(85 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi SSSR va Oʻzbekiston
Kasbi jurnalist, dramaturg, ssenarist
Mukofotlari Mehnat shuhrati ordeniXalqlar doʻstligi ordeni«Mehnatda jasorat ko’rsatgani uchun (Harbiy jasorati uchun) yubiley medali. Vladimir Ilich Lenin tavalludining 100 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan»

Biografiyasi tahrir

Ibrohim Rahim 1916-yil 15-oktyabrda Farg‘ona viloyati Quva tumani Soykeldi qishlog‘ida tavallud topgan. Oʻzi tugʻilib-oʻsgan kolxoz xoʻjaligida mehnat qilgan. 1930-yillar boshida qishloq maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan, Quva tumani bolalar kommunistik tashkiloti raisi sifatida ham ish olib borgan. 1933-yilda Ibrohim Rahim Toshkentga ko‘chib o‘tadi va O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti organi — „Kolxoz yo‘li“ gazetasi tahririyatida jurnalist bo‘lib faoliyat yurita boshlaydi.

Ijodiy faoliyati tahrir

Ibrohim Rahim oʻzining adabiy faoliyatini 1936-yilda sheʼrlar, chizmalar, ocherklar yozish bilan boshlaydi va ilk ijod namunalari „Kolxoz yo‘li“ gazetasi, „Lenin uchquni“ mehnatkashlar gazetasi, „Yesh leninchi“ komsomol gazetasi sahifalarida chop etila boshlaydi.

Ibrohim Rahimning ilk dostoni — „Bahodir“ (1939) Belorussiya davlatida chegarachilar hayoti toʻgʻrisida yozilgan. Shoir ushbu sheʼri uchun 1938-yilda O‘zbekistonning eng yaxshi shoirlari ishtirok etadigan respublika yopiq adabiy tanlovining ikkinchi darajali mukofotiga sazovor bo‘ladi. Shoirning ushbu sheʼriga shoir Hasan Po‘lat tomonidan taqriz yozilgan boʻlib, Hamid Olimjon, Satti Husayn kabi taniqli shoirlar ham ushbu ijod namunasi haqida iliq fikrlar bildirishgan.

Harbiy xizmat tahrir

Ibrohim Rahim 1937-yil oktyabr oyida Qizil Armiya safiga chaqirtiriladi. Sovet Armiyasining kichik komandirlar kursida kursant, kichik komandir, siyosiy instruktor oʻrinbosari, oʻtish parki siyosiy instruktori boʻlib xizmat qiladi. 1938-yilda Ibrohim Rahim Belorussiya maxsus harbiy okrugi Qizil Armiya shoir va yozuvchilar konferensiyasining delegati boʻlgan.

1930—1940-yillarda Sovet-Fin urushida ham ishtirok etadi. Keyinchalik, „Qizil O‘zbekiston“ tahririyatida adabiy hamkorlikda faoliyat yuritib, u yerdan 1941-yil 23-iyunda Ikkinchi jahon urushining dastlabki kunlarida armiya safiga safarbar etiladi. Urush boshlanishi bilan Ibrohim Rahim 158-sapyorlar batalyonida sapyorlar boʻlimi komandiri etib tayinlanadi. Moskva yaqinidagi fashist qoʻshinlarini magʻlubiyatga uchratishda, Gʻarbiy, Belorussiya va boshqa frontlar qismlari tarkibida boʻlgan janglarda rota siyosiy instruktori, batalyon komissari, 1942-yil 18-noyabrdan 1943-yil 22-yanvargacha „Krasnoarmeyskaya pravda“ gazetasining oʻzbek tilidagi nashri muharriri oʻrinbosari boʻlib xizmat qiladi. 1944-yil noyabr oyida Ibrohim Rahim 5-gvardiya tank armiyasining 3-gvardiya tank korpusi va 19-gvardiya tank brigadasining muhandislik xizmati boshligʻi sifatida faoliyat olib boradi.

1944-yil 1-iyuldan 13-iyulgacha Borisov, Minsk, Vilnyus shaharlarini ozod qilishda jonbozlik koʻrsatadi.

1945-yil 27-fevralda Chojnitsa shahri gʻarbida dushman mudofaasini buzib oʻtishda ishtirok etadi. 4 mart kuni Boltiq dengizi sohiliga chiqish, Kezlin shahrini egallash va Sharqiy Pomeraniyada nemis qoʻshinlari guruhini oʻrab olish, 12-mart kuni Dierscheid va Noyshtadt shaharlarini egallashda va Gdinya shimolidagi Danzig koʻrfazining qirgʻoqlariga kirish, 30-mart kuni nemislarning Danzig guruhini magʻlubiyatga uchratishda ishtirok etgani, nemislarning Boltiq dengizidagi eng muhim porti va dengiz bazasi — Gdansk shahri va qalʼasini egallab olishda faollik koʻrsatganligi uchun Oliy qoʻmondon minnatdorchiligini qabul qiladi. SSSR bosh marshali I. V. Stalin va Polshaning „Zasluzonym na pole chwaly“ bronza medali va „Medal za Warszawe 1939—1945“ medallari bilan taqdirlanadi.

Ibrohim Rahim Germaniyaning Shtutgart shahrida harbiy faoliyatini tugatadi va 1946-yil oktyabr oyida mayor unvoni bilan armiyadan demobilizatsiya qilinadi.

Urushdan keyingi ijodi tahrir

Ibrohim Rahim urushdan keyin ham oʻzining ijodiy faoliyatini davom ettiradi. 1946-yilda O‘zbekiston radioqo‘mitasining siyosiy eshittirishlar bo‘limi bosh muharriri bo‘lib ishlagach, 1947-yilda shu yerdan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti Ibrohim Rahimni O‘zbekiston KP MK huzuridagi Oliy partiya maktabiga o‘qishga yuboradi. 1950-yilda Oliy partiya maktabining jurnalistika fakultetini tamomlab, 1950-yildan 1953-yil iyungacha „Qizil O‘zbekiston“ gazetasining targ‘ibot bo‘limi mudiri bo‘lib faoliyat koʻrsatadi.

Ibrohim Rahim oʻzining urushdan keyin yaratgan „Sen tugʻilgan kun“ (1967), „Mangulik qoʻshigʻi“ (1970) qissalarida, „Fidoyilar“ (1972), „General Ravshanov“ (1985) romanlarida Ikkinchi jahon urushi qahramonlarining hayoti, oʻzbek xalqining urush yillaridagi mehnatkashligi va jasoratini aks ettiradi. Shuningdek, uning „Ixlos“ (1958), „Taqdir“ (1964), „Tinimsiz shahar“ (1968), „Oqibat“ (1992) kabi romanlari yangi yerlarni oʻzlashtirish, yoshlar oʻrtasidagi doʻstlik va muhabbat, Toshkent zilzilasida oʻzbek xalqining sabr va matonati hamda qahramonliklarini oʻziga xos tarzda yoritib beradi.

Ibrohim Rahimning mustaqillik yillarida yozgan qissa, hikoya va ocherklari „Qurboningman“ (1996), „Hayotni asrang, odamlar“ (1997) toʻplamlarida jamlangan. Shuningdek, yozuvchining „Jonim fido“, „Chaqmoq“ dramalari (1974), „Zangori olov kishilari“ (1961), „Qalbingda quyosh“ (1963), „Farhodning jasorati“ (1969), „Ahmad Fargʻoniy“ (2000) kinossenariylari ham mavjud.

Ibrohim Rahim Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1983) hisoblanadi. Ijodiy faoliyati davomida „Doʻstlik“ (1996), „El-yurt hurmati“ (1998) ordenlari va boshqa bir qancha mukofotlar bilan mukofotlangan[1][2][3][4].

Mukofotlari tahrir

Ibrohim Rahim urushlarda koʻrsatgan jasorati va qahramonliklari uchun bir qancha orden va medallar bilan taqdirlangan:

Orden va medallar tahrir

Ibrohim Rahimov ijodiy faoliyati davomida quyidagi unvon va mukofotlar bilan taqdirlangan:

Faxriy unvonlari va mukofotlari tahrir

  • Oʻzbekiston SSR xalq yozuvchisi (1976)
  • Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan artist (1966)
  • Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti laureati (1983)
  • Oʻzbekiston Respublikasi „Ofarin“ Davlat mukofoti laureati (2001)
  • Rossiyaning Kaluga viloyati Troitskoye qishlogʻi faxriy fuqarosi (1977)
  • „SSSR kinematografiyasi aʼlochisi“ (1965)
  • „49-armiya faxriysi“
  • „194-chi Rechitsa Qizil Bayroqli piyodalar diviziyasi faxriysi“
  • „65-armiya faxriysi“

Adabiyotlar tahrir

  • Arbat. Y. Uzbeki v boyax za Rodinu.- Toshkent.: O‘zbekiston SSR Davlat nashriyoti, 1943.
  • Shilov. K. Rechitskaya Krasnoznamennaya.- Moskva.: Harbiy nashriyot, 1984.
  • Kniga pamyati Uzbekistana. 1941-1945.- Toshkent, 1995.
  • Uzbekskaya literatura XX veka. — Moskva.: Sharq adabiyoti, 2010.
  • Kollektiv avtorov. Olovqalb adib.- Toshkent, 2013.

Sanʼatda tahrir

 
A. Abdullayev. Yozuvchi Ibrohim Rahimning portreti. 1967-yil
 
Y. Elizarov. Yozuvchi Ibrohim Rahimning portreti. 1964-yil

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. arxiv nusxasi, 2018-01-21da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2016-04-01
  3. http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=91.30
  4. arxiv nusxasi, 2017-07-21da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2016-04-01
  5. Указ Президента Республики Узбекистан от 27 avgust 1998 года № УП-2074 «О награждении в связи с семилетием независимости Республики Узбекистан группы работников науки, здравоохранения, культуры, просветительства, средств массовой информации и социальной сферы
  6. Указ Президента Республики Узбекистан от 26 avgust 1996 года № УП-1546 «О награждении группы работников науки, культуры, народного образования и других сфер общественной деятельности в связи с пятилетием независимости Республики Узбекистан