Quva tumani – Oʻzbekiston Respublikasining Fargʻona viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Janubiy-gʻarbdan Fargʻona, shimoliy-gʻarb va gʻarbdan Toshloq tumanlari, shimol va sharqdan Andijon viloyatining Boʻz, Shahrixon, Asaka, Marhamat tumanlari, janubiy-sharq va janubdan Qirgʻizistonning Oʻsh viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 440 km.kv. Aholisi: 275,764 kishi (2024). Tumanda 65 ta mahalla fuqarolari yigʻini bor. Markazi – Quva shahri.

Quva tumani
Mamlakat Oʻzbekiston
Tegishli Fargʻona viloyati
Tarkibida

Qoraqum,Toshkent,

Akbarobod,Doʻstlik
Maʼmuriy markazi Quva shahri
Asos solingan sanasi 1926-yil
Hokim Umarov Xalimjon Komilovich [1]
Hokim o`rinbosari Umarov Nodir Qodirovich
Rasmiy tillar Oʻzbekcha
Aholi (2016)

275,764
(Erkaklar-50,66%

Ayollar - 49,34 % )
Zichligi 626 kishi./km²
Millatlar tarkibi oʻzbeklar (90%), tojiklar (3,8%), qirgʻizlar (3,2%)
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 440 km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Pochta indeksi 713910
Rasmiy sayti www.quva.uz
Xaritada
Quva tumani xaritada
40°30′0″N 72°6′0″E / 40.50000°N 72.10000°E / 40.50000; 72.10000

Tarixi

tahrir

Quva – Fargʻona viloyati Quva tumanidagi shahar, 1974 yil 23 iyuldan tuman markazi. Fargʻona shahridan 40 km sharqda. Yaqin stansiyasi 4 km. Aholisi 40 ming kishi. Quva Fargʻona vodiysidagi eng qadimgi shaharlardan biri. Shaharning vujudga kelishi va nomi haqida turli rivoyatlar mavjud. "Fargʻona tarixi"ning muallifi Ibratning yozishicha, Qubod (yoki Qubo) deb atalib, keyinchalik „Quva“ shaklini olgan. Quva va Davan davlati toʻgʻrisida dastlabki maʼlumotlar miloddan avvalgi 2 asrga mansub Xitoy manbalarida keltirilgan. Oʻsha davrda Quva kengayib qo‘handiz, shahriston va rabod kabi uch qismdan iborat boʻlgan. Shahar tevaragi ikki qator qalin va baland mudofaa devori bilan oʻralgan. Rabodda baland (3,6 m) yaxlit tagkursi ustida budda ibodatxonasi qad koʻtargan. Ibodatxona 8-asr boshlarida arablar tomonidan vayron qilingan. 9-12 asrlarda Quva Fargʻonaning yirik, koʻrkam va obod shahriga aylangan. Istaxriyning taʼkidlashicha, Quva kattaligi jihatidan Fargʻonada Axsikatdan keyin ikkinchi shahar hisoblangan. Ibn Havqalning yozishicha, Quva Sayxun (Sirdaryo)gacha yetib boradigan nahr sohilida qad koʻtargan. Uning markazida Registon maydoni, koʻhandizda jomeʼ masjidi, rabodida esa saroy, qamoqxona va bozorlari joylashgan. Quva moʻgʻullar istilosi oqibatida vayron etilib, 14-16 asrlarda qasaba shaklidagi maskanga aylangan. Yoqut Hammaviy Quvani katta shahar deb ataydi. Shahar Mahmud Qoshgʻariyning "Devonu lugʻotit-turk" asariga ilova qilingan xaritasida koʻrsatilgan. Quvada hunarmandchilik rivojlangan. Temirchilik va shishasozlik yuksak darajaga yetgan, shaharning oʻz tangasi zarb qilingan. "Boburnoma"da Andijondan 4 ogʻoch (farsax)narida joylashgan qishloq deb aytiladi. Quvada 1956-60 yillarda Y. Gʻulomov boshchiligida (V.Jukov, I. Ahrorov, V. A. Bulatova, A.Muhammadjonov, H.Muhamedov, M. Aminjonova) arxeologik qazishma ishlari olib borildi. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, oʻrta asrlarda Quvaning umumiy maydoni 100-120 ga ni tashkil etgan. Shundan shahriston 12ga va uning shimoliy-sharqiy burchagidagi arki aʼlo 1ga maydonni egallagan (shahriston va ark qoldiqlari hozirgacha saqlangan). 1998 yil Ahmad al-Fargʻoniyning 1200 yillik yubileyiga tayyorgarlik koʻrish vaqtida Quvada arxeologik qazishmalar olib borildi. Buning natijasida shahristonning mudofaa devori ostidan 8m dan ziyod chuqurlikdan miloddan avvalgi 2-1 asrlarga oid moddiy madaniyat buyumlari topildi. 1998-yildagi qazishma ishlari natijasida shaharning uch darvozasi oʻrni aniqlandi, shahar xarobasi hududidan turar joy binolari majmuasi va uning shimolida 7-8 asrlarga oid budda ibodatxonasi hamda u yerdagi budda ilohlari haykallari topildi. Quvadan bir qancha mashhur kishilar, xususan , Ahmad ibn Muhammad al-Quboviy, Rukniddin Quboviy, Muhammad ibn Muhammad al-Quboviy, Abduqayum Vaxmiy, Shokirjon Hakimiy va boshqalar yetishib chiqqan.

Tabiati

tahrir

Yer yuzasi adir va adir oldi tekisliklaridan iborat. Janubdan shimolga pasayib boradi. Iqlimi kontinental; qishi yumshoq, yozi issiq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi −2,5° dan −3,2° gacha, iyulniki 27-29°, eng past temperatura −26°, eng yuqori temperatura 42°. Yillik yogʻin 170-230 mm.

Vegetatsiya davri 210-220 kun. Sovuqsiz kunlar 204 kun davom etadi.

Tuproqlari boʻz, oʻtloqi-boʻz, oʻtloqi va togʻ-oʻtloqi tuproqlar. Hududining koʻp qismi oʻzlashtirilgan, yovvoyi oʻsimlik kam saqlangan. Tumanning sugʻoriladigan qismida ajriq, shoʻra, terak, tol, jiyda va boshqa; adirlarda qoʻngʻirbosh, rang, qatron, betaga, chalov, shuvoq va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, quyon, jayra, toshbaqa; qushlardan bedana, kaklik, kaptar, qargʻa, qaldirgʻoch, suvlarda har xil baliqlar bor.

Aholisi

tahrir

Asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, qirgʻiz, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 626 kishi. Quva tumanida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Ibrohim Rahim, Oʻzbekiston xalq artistlari Tavakkal Qodirov, Abdulhoshim Ismoilov va juda koʻplab mashhur shaxslar tavallud topishgan.

Iqtisodiyoti

tahrir
 
Ahmad Al-Fargʻoniy xiyoboni

Asosan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. 2500 dan ortiq kichik korxona, mikrofirma va boshqa korxonalar mavjud. Sanoat korxonalaridan paxta tozalash zavodi, don mahsulotlari kombinati, avtokorxona, „Issiqnon“ korxonasi, mebel kombinati, mevani qayta ishlash korxonasi, qandolatchilik fabrikasi, toʻqimachilik korxonalari ishlab turibdi. Savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari aholiga xizmat koʻrsatadi. 3 qoʻshma korxona bor.

Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi – paxtachilik, gʻallachilik. Shirkat, fermer xoʻjaliklari bor. Tuman xoʻjaliklari Oxunboboyev nomidagi kanal, Janubiy Fargʻona kanali tarmoqlaridan va Karkidon suv ombori, shuningdek, shimoliy qismi U.Yusupov nomidagi Katta Fargʻona kanalida 29,7 ming qoramol, 34,8 mingdan ziyod qoʻy va echki, 48,2 mingdan ortiq parranda, 417 yilqi boqiladi. Pillachilik bilan ham shugʻullaniladi. Shaharda paxta tozalash, gʻisht, mebel, tikuvchilik, qandolatchilik fabrikalari, don mahsulotlari, aholiga maishiy xizmat koʻrsatish shaxobchalari, qurilish tashkilotlari, yoʻllarni taʼmirlash tashkiloti, taʼmirlash –qurilish boshqarmasi, toʻqimachilik korxonalari, dehqon bozorlari, savdo markazi, anor sharbati ishlab chiqaruvchi sex, avtokorxona bor.

Taʼlim

tahrir

Tumanda 73 umumiy taʼlim, bolalar musiqa maktablari, 3 litsey, 3 gimnaziya, 2 kasb-hunar kolleji bor.

3-7 yoshli bolalar soni 20348 tani tashkil etib, ulardan 16455 tasi (davlat MTT larida 12280 ta, nodavlat MTT larida 4175 nafar) maktabgacha taʼlimga qamrab olingan. (2022-yil koʻrsatgichi.)

Arxeologik yodgorliklar

tahrir

Fargʻona viloyatining Quva tumanida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar uning ming yillik tarixidan darak beradi. Shahristondan topilgan manbalar uning yirik hunarmandchilik va savdo markazi boʻlganligini koʻrsatmoqda. Quva mil.avv. IV-III asrlarda paydo boʻlgan.

Dastlabki arxeologik qazishmalarni Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti xodimlari 1956-1970 yillari akademik Y.Gʻulomov rahbarligida olib borgan. Arxeologik yodgorlikning turli joylarida qazishmalar olib borilgan, arkning X asrda buzilib, yaroqsiz holga kelib qolgani tasdiqlandi. Biroq shahar siyosiy va madaniy markaz sifatida XIII asr boshlariga qadar, yaʼni moʻgʻullar bosqinigacha saqlanib qolgan va yirik kentlardan biri boʻlgan.

1957-1959 yillarda Quva shahristonida oʻtkazilgan qazishmalar chogʻida arxeologlar kutilmaganda Budda ibodatxonasiga duch keladi. Xususan, arxeolog Vera Bulatova mazkur ibodatxonaning yoʻlaklari va devor qoldiqlarini, turli ilohiy mavjudotlar va hayvonlarning haykalchalarini va eng muhimi, Budda haykalining ibodatxona old sahnasida sindirib tashlangan qoldiqlarini topdi. Bu Fargʻona vodiysida yagona Budda ibodatxonasi boʻlib, bu islomdan avvalgi ijtimoiy-siyosiy muhitni tasavvur qilishdagi inqilobiy topilma hisoblanardi. 1968-1969 yillarda V.Bulatova ibodatxona hududini toʻliq tozalab chiqdi, uning xonalari va hovlis loyihasini oldi.

Topilmalar restovratsiya qilinib, Toshkentdagi Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi va Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeylariga topshirildi.

Tarix fanlari nomzodi Nodirbek Abdulahadovning yozishicha, bu ibodatxona Fargʻona vodiysida yagona boʻlib, hozirga qadar tadqiqotchilar eʼtiborini tortib kelmoqda. Chunki Fargʻonadagi bu ibodatxona Xitoy va Soʻgʻd orasidagi yagona buddaviylik ibodatxonasi ekanligi eʼtirof etilgan. Bundan tashqari mazkur nodir topilma Fargʻona vodiysida buddaviylik dini tarqalganidan dalolat beradi.

Quva shahristonining shimolida joylashgan katta toʻgʻri burchakli hovli (11.9×11.2 m) va ibodatxonadan (21×41 m) iborat boʻlgan diniy majmuaning kirish qismida, yer sathidan bor yoʻgʻi 40 sm chuqurlikda koʻmilib yotgan, odam gavdasidan ikki marta katta boʻlgan budda haykali qazishmalar chogʻida topilgan edi. Bu haqida tarixchi olim Yoʻlchiboy Qosimov yozgan edi:" Quvada qazib olingan budda ibodatxonasi ikki xonadan iborat boʻlib, ularning har birida alohida kirish joyi boʻlgan…

Unga kiraverishda otlarning gʻoyat katta haykallari va peshonasida bosh suyagi tasvirlangan, sersoqol maʼbud haykali oʻrnatilgan. Ibodatxona ichida qandaydir maʼbudalar haykali parchalari topilgan, ular budda ibodatxonasiga mansub haykalligi aniq… Buddaning yapaloqroq yuzi, „Hamma narsani koʻradigan“ uchinchi koʻzi ham oʻyilgan. Buddaning badani chiroyli qilib qoʻngʻiroqli zar-jiyaklar bilan bezatilgan, kiyimlariga yorqin koʻk va boshqa xilma-xil ranglar berilganligi Buddaning haykali juda diqqat bilan puxta ishlanganligini koʻrsatadi. Budda bu yerda taxtda emas, kiraverish qarshisidagi devorga tutashgan supada oʻtirgan qiyofada boʻlsa kerak. Arxeologlar Buddaning haykalini qazib ochishgach, uning joyidan agʻdarib tashlanganini aniqladilar."

Budda haykalining turgan holatiga koʻra, u arablarning harbiy yurishi davrida vayron etilgan boʻlib, haykaldagi koʻplab qilich izlari bundan dalolat beradi. Mazkur budda haykali va ibodatxona oʻzining koʻrinishi jihatdan Sharqiy Turkistondagi buddaviylik diniga mansub ibodatxonalarni eslatar edi. Bu esa Quvada buddaviylik dini rivojlanishida Buyuk Ipak yoʻlining taʼsiri boʻlganligini koʻrsatadi.

Bu haqda qadimshunos olim Shokir Pidayev jumladan shunday yozadi: „Oʻzbekiston janubidan tashqari, buddaviy yodgorliklar Fargʻona vodiysida ham maʼlum boʻlgan. Bu yerda u hozircha VII-VIII asrlarda Quva shahridagi ibodatxona majmui timsolida namoyon boʻlgan.

Mutaxassislarning taxminlariga koʻra, Quvada buddaviy ibodatxonaning bunyod etilishi buddaviylikning yangi yoʻnalishi-vajrayana bilan bogʻliq boʻlib, uning shakllanishi milodiy I ming yillik oʻrtalariga borib taqaladi. Quva ibodatxonasi oldi eshikli imoratlari boʻlgan katta toʻgʻri burchakli hovli va ibodatxonadan iborat boʻlgan. Quva ibodatxonasining oʻziga xos tomoni -ikki ibodatxonaning yonma-yon joylashganligidir.

Ibodatxona budda mifologiyasining haykal koʻrinishidagi turli siymolari-yaratuvchanlik maʼbudini ifodalovchi Maxeshvara, barcha Buddalarning yengilmaslik ramzi boʻlmish Bodxisatva Vajrapani, Buddaning oʻzi, Vajraxari, odatda turli qoʻrqinchli iblislar qiyofasida tasvirlangan dik va daklar bilan bezatilgan. Quva ibodatxonasidagi haykallar Baqtriya -Toxaristonda keng tarqalgan loy-ganch plastika texnikasi asosida ishlangan. Shu bilan birga, ularning oʻziga xos jihati koʻzlar oʻrniga qora va oq toshlar qadalishidadir Bu usul koʻproq Sinszyan haykaltaroshlik maktabiga xos. Ular oʻrtasidagi farq ikonografiyada haykallarning ayrim boʻlaklarini koʻk rangga boʻyashda va eng asosiysi baʼzi haykallarning qoʻrqinchli koʻrinishda ifoda etilishida kuzatilgan. Quva haykallari ilk oʻrta asrlar boshlaridagi Xoʻtan buddaviy mavzulari bilan oʻxshashlik topadi. Bu – Quvada buddaviy ibodatxonanig paydo boʻlishi beixtiyor Fargʻonaning Xoʻtan bilan yaqin aloqalari va ehtimol, u oʻsha vohadan kelib chiqqan kishilar tomonida qurilgan va bezatilgan, deb taxmin qilish imkonini beradi“.

Buddaviylik diniga doir asori-atiqalar Quva shahristonida keyingi davrlarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar chogʻida ham aniqlangan. 2002 yili Quva shahristonining shimoli – sharqiy qismida tarix fanlari nomzodi G.P.Ivanov boshchiligida olib borilgan navbatdagi qazishmalar chogʻida 280 sm chuqurlikda duch kelingan.

Taʼkidlash joizki, buddaviylik qadimgi Quva aholisining sigʻingan yagona dini boʻlmagan. 1956-1958 hamda 1997-1998 yillardagi qazishmalarda moniylik, otashparastlik dini bilan bogʻliq topilmalar ham aniqlangan.

Tibbiyoti

tahrir

Hozirda tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 2155 qabul quvvatiga ega 13 ta ambulatoriya poliklinika muassasalari, jumladan, 1 ta ko‘p tarmoqli poliklinika, 7 ta oilaviy poliklinika (OP), 6 ta oilaviy shifokorlik punktlari (OSHP) va 428 oʻrin joyga ega tuman markaziy shifoxonasi (6 ta boʻlim: Ichki kasalliklar 90 oʻrin joy, bolalar boʻlimi 60 oʻrin joy, rejali jarroxlik 50 oʻrin joy, yuqumli kasalliklar 60 oʻrin joy, tugʻruqxona 138 oʻrin joy, SHTTYOB 30 oʻrin joy), tez tibbiy yordam boʻlimi, SEOM va yordamchi boʻlinmalar faoliyat koʻrsatmoqda.

Bugungi kunga qadar tumanda jami 350 nafar shifokor, 2220 nafar oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat 128 ta „tibbiyot brigadalari“ tashkil etildi. (2022-yil maʼlumoti)

Manbalar

tahrir