Kamoliddin Rabbimov
Kamoliddin Rabbimov (1977-yil 14-oktabrda tugʻilgan) — oʻzbekistonlik siyosatshunos. Oʻzining geosiyosat, siyosat, jamiyatshunoslik haqidagi oʻzbek va xorij OAVga bergan intervyulari bilan tanilgan.
Kamoliddin Rabbimov | |
---|---|
Tavalludi |
14-oktyabr 1977-yil Ishtixon tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston |
Fuqaroligi |
![]() |
Kasbi | Siyosatshunos |
Tarjimai holi
Kamoliddin Rabbimov 1977-yil 14-oktabrda Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tugʻilgan. 1994—1999-yillarda Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universitetining Tarjimonlik fakulteti, Sharq tillari (arab tili va adabiyoti) yoʻnalishida oʻqigan. 1999—2002-yillarda Oʻzbekiston respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi aspiranturasida oʻqigan. 2000—2001-yillarda Oʻzbekiston respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida ilmiy tadqiqotchi, 2001—2004-yillar „Ijtimoiy fikr“ sotsiologik tadqiqotlar markazida ilmiy tadqiqotchi, 2004—2005-yillarda Fuqarolik jamiyatini oʻrganish institutida katta ilmiy xodim vazifalarida ishlagan. 2007—2021-yillarda Fransiyada yashagan.
Hibsga olinishi
Kamoliddin Rabbimov 2022-yil 17-aprel kuni oʻzi hamkorlik qiladigan „Azon.uz“ sayti xodimlari bilan suhbat uyushtirgan, shundan soʻng u bilan hech kim bogʻlana olmagan. 18-aprel soat 19:00 atrofida Kamoliddin Rabbimovning gʻoyib boʻlgani haqidagi xabar Facebook tarmogʻida keng tarqaldi. 22:00 atrofida u jurnalist Ilyos Safarov bilan bogʻlanib, oʻzining Toshkentdagi „Panelniy“ qamoqxonasida ekanini va 15 sutkaga qamalganini maʼlum qilgan[1]. Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov bu holatdan xavotirda ekanini bildirdi:
“ | Kamoliddin Rabbimov atrofida boʻlayotgan holatdan biz xavotirdamiz. Fond bu masalani oʻrganyapti. Oʻylaymanki vaziyat tez fursatda oydinlashadi[2]. | ” |
Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov Kamoliddin Rabbimov 17-aprel kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi „Chaqar“ mahallasida sanitariya-profilaktik tadbirlar olib borayotgan xodimlarning ishiga toʻsqinlik qilgani haqida xabar berdi, Toshkent shahar sudlari esa Rabbimov va uning sherigi „Toshkent“ savdo markazi oldida shovqin koʻtargani, ularning shaxsini aniqlashga kelgan IIB xodimlariga faol qarshilik koʻrsatgani va IIB xodimlarini haqorat qilgani haqida xabar berdi[3]. Rabbimovga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllanilib, u jarimaga tortilganini aytdi[4]. 18-aprel kuni kechqurun Kamoliddin Rabbimov ozod qilindi. Kamoliddin Rabbimov 19-aprel kuni jamoatchilikka qilgan murojaatida uning hibsga olinishiga siyosiy tus bermaslikni iltimos qildi va hibsga olinishida aslida oʻzining aybi borligini aytib oʻtdi[5].
Manbalar
- ↑ Kamoliddin Rabbimov yoʻqolib qoldi. Uning 15 sutkaga qamalgani aytilmoqda
- ↑ Комил Алламжонов Telegramdagi sahifasi
- ↑ Toshkent shahar sudlari Rabbimov ishi boʻyicha IIV faktlarini rad etadigan bayonot berdi
- ↑ Sh.G'iyosov | IIV matbuot kotibi Telegramdagi sahifasi
- ↑ Ўзбекистон: Франциядан келиб “Панелний”га? Камолиддин Раббимовга нима бўлди? // BBC (2022-yil 19-aprel)