Kepakxon ibn Duvaxon

(Kebekdan yoʻnaltirildi)

Kepakxon ibn Duvaxon, Kabakxon, Kebekxon, Kebek (1325/1326-yilda oʻldirilgan) — 1309-1310-yillar hamda 1318-yildan vafotigacha Chigʻatoy ulusi xoni boʻlgan.

Kepakxon
Chigʻatoy ulusi xoni
Mansab davri
1318-yilda – 1326-yilda
(Kepakxon ibn Duvaxon ismi ostida)
Oʻtmishdoshi Esenbugaxon
Vorisi Elchigedeyxon
Toj kiydirish marosimi 1318-yilda
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi XIII asrda (sanasi aniq emas)
Vafoti 1326-yilda
Bolalari Dulaytemur[1]
Otasi Duvaxon
Mansubligi chigʻatoylardan

Kebekxon 1282-1307-yillarda ulus xoni boʻlgan Duvaxonning oʻgʻli edi. Duvaxon Hindistonning Dehli sultonligiga bir necha marta yurishlar olib bordi. Shulardan 1306-yilgi yurishda Dehli saroy aʼyoni Amir Xusravning qaydnomalarida turlicha atalgan “Kebek” yoki “Kepak” sifatida koʻrsatilgan sarkarda boshchilik qilgan[2]. Fransuz tarixchisi Rene Grousset bu sarkarda Duvaxonning o‘g‘li Kepakxon ekanligini aniqladi[3]. Biroq Kishori Saran Lal bu general boshqa shaxs bo‘lgan bo‘lsa kerak deb hisoblaydi, chunki hind yilnomalarida u Hindistonda 1306-yilgi ekspeditsiya paytida qo‘lga olingan va o‘ldirilgani aytiladi[4].

1307-yilda Duvaxon vafotidan keyin Chigʻatoy ulusidagi vaziyat beqaror boʻlib qoldi, uning ikki vorislari bir yil ichida hukmronlik qilishdi va Xaydu avlodlari hamon xonlar ustidan nazoratni tiklashga harakat qilib kelishdi. 1308-yilga kelib Taliku ulusni boshqargan, ammo uning hukmronligi tezda barham topadi. Uning dushmanlari Kebekxon atrofida toʻplanib, 1308 yoki 1309-yillarda Talikuni magʻlub etib, agʻdarib tashladilar. Natijada Kebekxon ulus xoni boʻldi[5].

Bu vaqtda Xaydu oʻgʻillari chigʻatoylarga qarshi harakat qilishga qaror qilishdi. Yaqinda Taliku bilan urushdan qaytgan Kebek Yangichar, O‘rus, Chopar va Tugmelarning qarshiligiga duch keldi. Ikki tomon Olmaliq[6] yaqinida toʻqnashdilar. Kebekxon qo‘shinlari pirovardida keskin jangda g‘alaba qozonishdi. Shundan soʻng Chopar Yuan imperatori Xayisan (Vuzong)ga taslim boʻlishga qaror qilib, Xaydu oʻgʻillarining chigʻatoylarga qarshi tahdidini butunlay toʻxtatdi[7][8].

Yangichar va uning akalari magʻlubiyatga uchragach, Kebekxon ulusning kelajagi haqida qaror qabul qilish uchun qurultoy oʻtkazdi. Qurultoyda moʻgʻul shahzodalari Kebekxonning akasi Esen Buqani xon deb tan olishga kelishib oldilar. Esan Buqa Chig‘atoy ulusini o‘z qo‘liga olishga chaqirildi va Kebekxon uning foydasiga hokimiyatdan ketdi[9].

1314-yilda Esan Buqa Kebekxonni Elxoniylar davlatiga bostirib kirishi kerak bo‘lgan qo‘shin bosh qilib qoʻydi. Yanvar oyida Kebek ittifoqchi nekuderiy qoʻshinlari bilan birgalikda Amudaryo orqali Elxoniylar hududiga oʻtib, Murgʻobda dushman qoʻshinini magʻlub etdi. Keyin Chigʻatoy ulusi qo‘shini Hirotgacha yurdi, ammo keyin Kebekxon Esan Buqadan zudlik bilan ortga qaytish toʻgʻrisida chaqiruv oldi. Oʻsha chaqiruvda sharqdan kelayotgan Yuan imperiyasi bosqinini qaytarishda yordamga kelishi kerakligi aytilgandi. Koʻp oʻtmay, Chigʻatoy ulusi shahzodasi Yasovur Kebekxonni qoʻllash oʻrniga, elxoniylarga chigʻatoylar ustidan gʻalaba qozonishida yordam beradi. Mukofot sifatida Yasovurga elxon Uljaytu tomonidan Afgʻonistondagi yerlar beriladi[10].

Esan Buqa taxminan 1320-yilda vafot etadi va uning oʻrniga Kebekxon xon boʻladi. Uning birinchi harakatlaridan biri elxoniylarga qarshi muvaffaqiyatsiz isyon koʻtargan va shuning uchun zaif holatda boʻlgan Yasovurga qarshi harakat qilish edi; Kebekxon qoʻshinlari 1320-yil iyunida uni magʻlub etib qatl etadilar. Kebekxon xoqon saroyidan ikki malikaga uylangani tarixdan ma’lum[11]. Shuningdek, u 1323-yildan boshlab har yili imperiyaga oʻlpon yuborib turdi. Kebekxon akasi Esan Buqadan farqli oʻlaroq, xoqon bilan har qanday toʻqnashuvdan qochib, 1323-yilda chegara toʻqnashuvi boshlanganda Yuan imperatori Yingzong Gegenxonga taslim boʻldi. Ushbu dastlabki toʻqnashuvni hisobga olmaganda, Kebekxonning ikkinchi hukmronligi asosan tinchlikda oʻtdi[12].

U doimiy ravishda oʻtroq turmush tarziga oʻtish yoʻlidan bordi. U koʻchmanchilik odatlariga rioya etmay, Movarounnahrga koʻchib oʻtdi. Mamlakatni harbiy-maʼmuriy jihatdan tumanlarga boʻlib idora etish tartibini joriy qilgan. Kebekxon 1321-yilda pul islohoti ham oʻtkazib, muomaladagi har xil pullarning oʻrniga Oltin Oʻrdaniki singari kumush tangalarni zarb ettirgan. U butun davlat uchun oʻz nomi bilan bitta tanga zarb qilgan birinchi xon boʻldi. Ular kepakiy deb yuritilgan. Zarbxonalar Samarqand, Buxoro, Termizda joylashgan.

Kebekxon shahar hayotini tiklashga, dehqonchilik va savdo-sotiqni yoʻlga qoʻyishga harakat qildi. Kebekxon ko‘chmanchilar an’analarini buzgan holda Qashqadaryo vodiysi — Nasafdan 2 farsax (12—14 km) narida saroy qurdirgan. Kepakxonning islohotlari ko‘chmanchi zodagonlar tomonidan dushmanlik bilan kutib olindi. Keyinchalik bu saroy yonida shahar barpo etilib, Qarshi (mugʻulcha — saroy) deb atalgan. Poytaxt Nasafdan Qarshiga koʻchirilgan. Mirzo Ulugʻbekning yozishicha, Chingizxon davridan buyon harobaga, qamishzorga aylangan Qubbat–ul-islom — Balx yana qayta tiklangan.

Arab sayohatchisi Ibn Battuta Chigʻatoy ulusining hukmdori Kebekxon (1318-1326) haqidagi maʼlumotlarga asoslanib, uning turkiy tilda gapirgani haqida maʼlumot beradi: Xon (Kebekxon) hayron boʻlib: „Yaxshi“ deb aytgan[13]. Bu dalillar shuni koʻrsatadiki, Chigʻatoy ulusining chingiziylari XIV asr boshlaridayoq turkiy tilining mahalliy qarluq shevasiga oʻtishgan.

1326-yilda Kebekxon fitna natijasida oʻldirildi. Qarshi shahrida qabri ustiga gumbazli maqbara qurilgan. Kebekxondan keyin hokimiyat uning ukasi Elchigedeyxon qoʻliga oʻtadi.


Adabiyot

tahrir
  • Mirzo Ulugʻbek, Toʻrt ulus tarixi, T., 1994.[14]

Manbalar

tahrir
  1. Xitoy biografik maʼlumotlar bazasi
  2. Kishori Saran Lal (1950). History of the Khaljis (1290-1320). Allahabad: The Indian Press. OCLC 685167335.
  3. René Grousset (1970). The Empire of the Steppes: A History of Central Asia. Rutgers University Press. ISBN 978-0-8135-1304-1.
  4. Kishori Saran Lal (1950). History of the Khaljis (1290-1320). Allahabad: The Indian Press. OCLC 685167335.
  5. Michal Biran (1997). Qaidu and the Rise of the Independent Mongol State in Central Asia. Curzon. ISBN 978-0-7007-0631-0.
  6. Olmaliq – Balxash ko‘liga quyiladigan Ili daryosi qirg‘ogidagi G‘ulja shahriga yaqin bir shahar bo‘lib, bugungi kunda Xitoyning Tyanshan o‘lkasida joylashgan.
  7. René Grousset (1970). The Empire of the Steppes: A History of Central Asia. Rutgers University Press. ISBN 978-0-8135-1304-1.
  8. Michal Biran (1997). Qaidu and the Rise of the Independent Mongol State in Central Asia. Curzon. ISBN 978-0-7007-0631-0.
  9. René Grousset (1970). The Empire of the Steppes: A History of Central Asia. Rutgers University Press. P. 338.
  10. J. A. Boyle (1968). "Dynastic and Political History of the Il-Khans". The Cambridge History of Iran. 5: The Saljuq and Mongol Periods. Cambridge University Press. ISBN 978-0-521-06936-6.
  11. Reuven Amitai, Michal Biran - Mongols, Turks, and others: Eurasian nomads and the sedentary world, p.353
  12. Michal Biran (1997). Qaidu and the Rise of the Independent Mongol State in Central Asia. Curzon, p. 101.
  13. Ибрагимов Н. Ибн Баттута и его путешествия по Средней Азии. — Москва: Наука, 1988. — С. 99—100. — 128 с.
  14. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil