Madina sharifligi yoki Madina amirligi Hijozdagi muqaddas islomiy amirlik boʻlib, X asrning oʻrtalarida Bagʻdod xalifaligi imperiyasining parchalanishi davrida tashkil etilgan va Ali ibn Abu Tolib hamda uning oʻgʻli Husayn orqali Muhammadning avlodlari boʻlgan Banu Muhanna sulolasining bir qator shariflari tomonidan boshqarilgan. Amirlikning janubiy qismida taxminan bir vaqtning oʻzida paydo boʻlgan qoʻshni Makka sharifi kabi Madina shariflari ham, odatda, Misr hukmdorlariga vassal boʻlishga majbur edilar, chunki bu ikki muqaddas shaharning oziq-ovqat taʼminoti aynan Misr hududidan oʻtar edi. Mamluklar davrida Madina sharifligi asta-sekin oʻz muxtoriyati va ahamiyatini yoʻqota boshlagan, uning amirlari Qohira tomonidan tayinlanib, Hijozning noib sultoni sifatida Makka sharifiga boʻysungan.

Tavsifi

tahrir

Islomni qabul qilgan ilk shahar, paygʻambar Muhammadning Arabistonni zabt etishiga asos boʻlgan Madina shahri yangi tashkil etilgan xalifalikning birinchi poytaxti edi[1]. Ikkinchi Fitna (680–692) davrida poytaxtni Madinaga qaytarishga urinilganiga qaramay, musulmon dunyosining siyosiy qarorgohi tezda Hijozdan butunlay uzoqlashib, avval Damashq xalifaligi davrida Damashqqa (661–750), keyin esa Bagʻdod xalifaligi (750–1258) davrida Bagʻdodga koʻchgan. Shunga qaramay, Madina va Makka shaharlarining Islomning ikki muqaddas shahri sifatidagi oʻziga xos obroʻsi xalifalarning u yerda faoliyat olib borishini, shuningdek, ular mahalliy aholini xayr-ehson va sovgʻalar bilan ragʻbatlantirib turishini, shaharda tartib va farovonlikning saqlanishini taʼminlagan. Madina shahri, ayniqsa, Arabistonning yoki Hijozning asosiy maʼmuriy markazi boʻlgan, shaharga tayinlangan xalifalik valiylari koʻpincha hukmron sulolalarning aʼzolari yoki Quraysh qabilasining yuqori maqomli aʼzolari boʻlishgan[1].

 
Ilk islom davridagi Arabiston xaritasi

VIII asrning oxirlarida Makka va Madina shaharlari Bagʻdod hukumatiga qarshi Alilar muxolifatining qarorgohiga aylandi, ayniqsa, 762, 786, 815–816 va 865–866-yillarga kelib Alilarning turli boʻlimlari aʼzolari qoʻzgʻolon koʻtaradilar[1]. X asr boshlariga kelib, amirlik boshqaruvi aynan kimning qoʻlida boʻlgani toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar mavjud emas. Madinani bir paytlar Jaʼfariylar (Aliylarning raqiblari, Alining ukasi Jaʼfar ibn Abu Tolibning avlodlari) boshqarganligi haqida ham bir qancha manbalarda maʼlumotlar keltirilgan. Darhaqiqat, bu yillarda harbiy qoʻmondonlarning hokim etib tayinlanishi odatiy holga aylanganligi mintaqadagi beqarorlikdan dalolat beradi. Bu esa kutilgan natijani bermaydi va anarxiya davom etadi. Bularning barchasi 930-yilda Qarmatiylarning Makkani egallab olishi bilan yakunlanadi[1]. Abbosiylar Hijoz hokimiyati xavfsizligini taʼminlay olmagach, 935 va 942-yilda Makka va Madina siyosiy ishlarini Misrning Ixshidiylar sulolasiga topshiradi[1][2]. Ikki shahar xalifalikning dastlabki yillaridanoq Misrga qaram edi, chunki yangi aholining hududga koʻchib kelishi va oziq-ovqat taʼminoti aynan Qizil dengiz portlaridan foydalangan holda Misrdan olib kelingan edi[1].

Madina sharifligi tarixi

tahrir

Oʻrta asr manbalari 969-yilda Fotimiylarning Misrni zabt etguniga qadar Hijoz Ixshidiylar hukmronligi ostida boʻlgani, juma xutbasi Ixshidiylar amiri nomidan oʻqilganligi haqida xabar beradi[2], lekin taxminan 940-yillarda hokimiyat Husayniy Alilardan Ubaydulloh ibn Tohirning qoʻliga oʻtgan edi[1]. Ubaydullohning vorislari hisoblanmish Banu Muhanna sulolasi XVI asrgacha Madinada hukmronlik qilgan[1]. Makka sharifligi Madinanikiga qaraganda ancha katta va qudratli boʻlgan boʻlishi mumkin[2]. Ikki amirlik tez-tez bir-biri bilan toʻqnash kelar edi, chunki Makkaning shijoatli shariflari Madinani oʻz mulklariga aylantirishga harakat qilishardi[1]. Makka va Madina amirligi musulmon olamidagi buyuk davlatlarning ham bosimlariga duchor boʻlgan. Davlatlar birin-ketin Makka va Madina shariflarga oʻzlarining hukmronligini tan olishlari uchun bosim oʻtkazganlar, shuningdek, uning amirlari Qohira tomonidan tayinlangan[1]. Madina shariflari oʻn ikki imom tarafdorlari boʻlgan (Makkadagilar Zaydiylar boʻlgani kabi)[2].

Ubaydullohning oʻgʻli Abu Jaʼfar Muslim Misrda qoʻnim topgan. Ixshidiylar amiri Abu al-Misk Kafurning doʻsti boʻlgan, ammo uning vafotidan keyin hatto Fotimiylar istilosidan oldin ham Fotimiylar xalifasi al-Muizga bay‘at qilgan boʻlishi mumkin[2][1]. Juma xutbasi 969 yoki 970-yillarda Madinada al-Muiz nomidan oʻqilgan, oradan ikki yil oʻtib, Madina sharifi Fotimiylarga qoʻshilib Makka sharifini ham Fotimiylar hukmronligini tan olishga majbur qilgan[2]. 976–977-yillarda Abu Jaʼfar Muslimning vafotidan keyin uning oʻgʻli Tohir ibn Muslim Misrdan Madinaga qaytib kelgan va u yerda mahalliy Alilar tomonidan shahar amiri deb eʼtirof etilgan[2]. Keyinchalik taxminan 1000-yillarda Makka amiri Abulfotih al-Hasan ibn Jaʼfar Madina ustidan nazoratni qisqa muddatda Banu Muhannaning qoʻlidan tortib olgan, soʻngra Fotimiylar buyrugʻi bilan Abulfotihning oʻgʻli Shukrga (h. 1038/9–1061) va Makkaning birinchi Havoshim amiri Abu Hoshim Muhammad ibn Jaʼfarga (h. 1062–1094) topshirilgan[1][2]. Manbalarda XI–XII asrlardagi Madina tarixi haqida maʼlumotlar juda kam boʻlib, hatto Banu Muhannaning hokimiyat tepasiga kelgan vakillari nomlari ham aniq keltirilmagan[2].

Qosim ibn Muhanna haqida bir qancha maʼlumotlar mavjud boʻlib, u tax. 1170/1180-yillardan 1190-yilga qadar hukmronlik qilgani, chunki u Misrning Ayyubiylar sultoni Salohuddin al-Ayyubiyning doʻsti va ishonchli vakili boʻlgan[2]. 1176-yilda Qosim ibn Muhanna Makkaga joʻnayotgan haj karvoniga qoʻshiladi, amir al-hajj Toshtakin al-Mustanjodiy Makka sharifi Mukatsir ibn Isoni taxtdan tushirib, uning oʻrniga Qosim ibn Muhannani Makkaning yangi hukmdori etib tayinlaydi, biroq u Makka hokimiyatini boshqara olmasligini anglab, bor-yoʻgʻi uch kundan keyin boshqaruvni Mukatsirning ukasi Dovudga topshiradi[2]. Qosimning oʻgʻli va vorisi Salim ibn Qosim oʻz navbatida 1203-yilda Mukatsirni taxtdan agʻdargan va Makka ustidan nazoratni oʻz qoʻliga olgan Qatoda ibn Idrisning hujumlariga qarshi turishga majbur boʻlgan. Salimning jiyani va vorisi Qosim 1216-yilda Vodiy as-Safrada boʻlib oʻtgan jangda makkaliklarni magʻlub etishga muvaffaq boʻlgan[2]. Qosimning Makkaga qilgan hujumlari samarasiz yakunlangan, chunki oʻsha paytda Misr Ayyubiylari oʻz yordamlarini Makkaliklarga oʻtkazgan edilar[2]. Shiho ibn Hoshimning uzoq davom etgan hukmronligi (1226/1227–1249/1250) davomida mamlakatda tinchlik va farovonlik hukm surgan, bu esa Shihoni Ayyubiylarning Makka ustidan nazoratni qayta tiklashga boʻlgan urinishlarini qoʻllab-quvvatlashga va hatto amirlik boshqaruvini ham qoʻliga olishiga sabab boʻlgan[2][3].

Shihoning oʻgʻli Jamoz ibn Shiho otasining Makkani egallab olish uchun qilgan urinishlarni davom ettirgan, ammo shahar ustidan 1271-yilda atigi 40 kun, 1288-yilda esa bir necha oy davomida hukmronlik qilgan[3]. Shuningdek, Qohiraning Mamluklar davlati tomonidan Madina ustidan nazoratni kuchaytirish ishlari ham amalga oshirilgan. 1283–1284-yilda Mamluklar Al-Masjid an-Nabaviyga sunniylik mazhabidan boʻlgan imomni tayinlaydilar va shu orqali Mamluk sultonlari Madina amirligining siyosiy ishlariga faolroq aralasha boshlaydilar. Banu Muhanna oʻrtasidagi sulolaviy nizolar ham ularga qoʻl keladi. XIV asrga kelib, Qohira Madina amirini tayinlash huquqi ham aynan ularga berilishini talab qiladi[3]. Madina amiri sifatida ttanlangan voris Mansur ibn Jamozga oʻzining ukalari Muqbil va Vudaylar qarshi chiqadi. Muqbil ham, uning oʻgʻli Barjis ham amirlikka daʼvo qilib Qohiraga murojaat qilishadi, Mansur esa oʻz mavqeini saqlab qolish maqsadida Qohiraga tashrif buyuradi[3]. Ularning yoʻqligida raqiblari, aniqrogʻi birodarlari, jiyanlari yoki amakivachchalari hokimiyat boshqaruviga koʻz tikishadi, Mamluklar shafoati orqaligina ular raqiblarini qaytarishga erishadilar[3]. Keyinchalik Mansur ham, Kubaysh ham raqib oila aʼzolari tomonidan oʻldiriladi[3]. 1350–1357/1358-yillarda raqiblari Madinadan quvib chiqarilgan davrdan keyin Mansurning avlodlari hokimiyatda qolishadi[3].

Nihoyat, XV asrda Madina Hasan ibn Ajlondan boshlab Hijozning Makka sharifiga boʻysuna boshlaydi[3], lekin bu Makka va Madina hamda kengroq maʼnoda Hijozning asta-sekin Mamluklar imperiyasiga yanada qattiq qoʻshilib ketishidan dalolat beradi[3]. 1426-yilga kelib, Mamluk sultoni hatto Makka va Madina amirlari lavozimiga tasdiqlanishidan oldin ularga oʻlpon sifatida katta miqdorda pul toʻlashni talab qilgan. Hashram ibn Davgʻon Sulton Barsboyga 5000 tilla dinor toʻlash evaziga amir Ajlon ibn Nuayrning taxtdan agʻdarishni soʻragan, biroq amir taxtdan tushirilganidan keyin ham Hashram vaʼda qilingan mablagʻni oʻtkaza olmagan, oradan bir yil oʻtib esa uning oʻzi ham taxtdan agʻdarilgan[3]. 1439–1440-yillarga kelib, shuningdek, katta ehtimol bilan 1424-yildan boshlab, amirlikda tartib saqlash va hokimiyat ustidan Qohiraning nazoratini yanada mustahkamlash maqsadida har yili Madinaga kichik Mamluk garnizoni yuborilgan[3].

Amirlari

tahrir
  • Tohir ibn Muslim ibn Ubaydulloh (976–992), vafotiga qadar amir boʻlgan[2].
  • Al-Hasan ibn Tohir ibn Muslim (992–1007), toʻntarish natijasida taxtdan agʻdarilgan[2].
  • Dovud ibn al-Qosim ibn Ubaydullah (1007–?)[2].
  • Hani ibn Dovud ibn al-Qosim[2].
  • Muhanna ibn Dovud ibn al-Qosim (? – 1017/8), vafotiga qadar amir boʻlgan[2].
  • Abulgʻanaym ibn Muhanna ibn Dovud (taxminan 1017–1018), oʻldirilgan[2].
  • Hoshim ibn al-Hasan ibn Dovud (1036–1037 – ?)[2].
  • Al-Husayn ibn Muhanna ibn Dovud (taxminan 1076–1077)[2]
  • Mansur ibn Umara ibn Muhanna (? – 1103/114), vafotiga qadar amir boʻlgan[2].
  • NN. ibn Mansur ibn Umara[2].
  • Muhanna ibn al-Husayn ibn Muhanna[2].
  • Al-Husayn ibn Muhanna ibn al-Husayn[2].
  • Qosim ibn Muhanna ibn al-Husayn (taxminan 1170–1180 – 1190–1200), vafotiga qadar amir boʻlgan, 1176-yilda Makka sharifi boʻlgan[2].
  • Salim ibn Qosim ibn Muhanna (taxminan 1190–1200 – 1215)[2].
  • Qosim ibn Jamoz ibn Qosim (1215–1226/1227), oʻldirilgan[2].
  • Shiho ibn Hoshim ibn Qosim (1226/1227–1249/1250), oʻldirilgan[2][3].
  • Umayr ibn Qosim ibn Jamoz (1241)[2].
  • Is ibn Shiho ibn Hoshim (1249/1250 – 1251/1252), toʻntarish natijasida taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Munif ibn Shiho ibn Hoshim (1251/1252 – 1259), vafotiga qadar amir boʻlgan[3].
  • Jamoz ibn Shiho ibn Hoshim (1251/1252–1300/1301 yoki 1302/1303; 1251/1252–1259-yillarda boshqa amir bilan hamkorlikda amirlik qilgan), taxtdan voz kechgan,1271 va 1288-yilda Makka amiri boʻlgan[3].
  • Malik ibn Munif ibn Shiho (1266/1267–1267/1268 va 1269)[3].
  • Mansur ibn Jamoz ibn Shiho (1300/1301 yoki 1302/1303 – 1325), oʻldirilgan[3].
  • Muqbil ibn Jamoz ibn Shiho (1309–1310-yillarda boshqa amir bilan hamkorlikda amirlik qilgan), Madinani egallashga urinishi chogʻida oʻldirilgan[3].
  • Vuday ibn Jamoz ibn Shiho (1316–1317 hamda 1326–1327-yillarda zoʻravon amir sifatida tanilgan, 1335-yilda boshqa amir bilan hamkorlikda amirlik qilgan, 1336–1343-yillarda yolgʻiz oʻzi boshqargan)[3].
  • Badr al-Din Kubaysh ibn Mansur ibn Jamoz (1325–1328), oʻldirilgan[3].
  • Tufayl ibn Mansur ibn Jamoz (1328–1336 hamda 1343–1350), taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Humoyin binti Muborak binti Muqobil (1350-yil mart), ikki kun davomida amaldagi amir[3].
  • Saʼd ibn Sobit ibn Jamoz (1350–1351), jangda olgan jarohatidan vafot etgan[3].
  • Fadl ibn Qosim ibn Jamoz (1351–1354), vafotiga qadar amir boʻlgan[3].
  • Mani ibn Ali ibn Mas’ud ibn Jamoz (1354–1357/1358), taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Jamoz ibn Mansur ibn Jamoz (1357/1358–1358), oʻldirilgan[3].
  • Atiyya ibn Mansur ibn Jamoz (1359–1371/1372 hamda 1381–1382), vafotiga qadar amir boʻlgan[3].
  • Hibo ibn Jamoz ibn Mansur (1371/1372–1381), taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Jamoz ibn Hiba ibn Jamoz (1382–1385/1386, 1386–1387, 1402–1408, 1409), vafotiga qadar amir boʻlgan[3].
  • Muhammad ibn Atiyya ibn Mansur (1383–1384-yilda boshqa amir bilan hamkorlikda amirlik qilgan, 1385–1386-yilda yoʻlgʻiz oʻzi amir boʻlgan)[3].
  • Sobit ibn Nuayr (1387–1402, 1408-yilda qayta tayinlangan, lekin farmon kelguniga qadar vafot etgan)[3].
  • Ajlan ibn Nuayr (1408–1409, 1409–1410, 1417–1418/1419, 1421–1426), taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Sulaymon ibn Hibo ibn Jamoz (1410–1413), taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Gʻurayr ibn Hayaza ibn Hibo (1413–1417, 1418/1419–1421), taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Hashram ibn Davgʻan ibn Jaʼfar ibn Hibo (1426–1427), taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Mani ibn Ali ibn Atiyya ibn Mansur (1427–1435/1436), oʻldirilgan[3].
  • Umyon ibn Mani ibn Ali (1436–1439, 1446/1447–1451), vafotiga qadar amir boʻlgan[3].
  • Sulaymon ibn Gʻurayr (1439–1442), vafotiga qadar amir boʻlgan[3].
  • Haydara ibn Davgʻon ibn Hibo (1442–1443), oʻldirilgan[3].
  • Yunus ibn Kabsh ibn Jamoz (1443), taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Daygʻom ibn Hashrom ibn Najjod ibn Nuayr (1443–1446/1447), taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Zubayriy ibn Qays (1451–1461, 1482–1483), vafotiga qadar amir boʻlgan[3].
  • Zuhayr ibn Sulaymon ibn Hibo (1461–1465, 1465–1469), vafotiga qadar amir boʻlgan[3].
  • Dugʻaym ibn Hashrom (1465, 1469–1478), taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Qusaytil ibn Zuhayr ibn Sulaymon (1478–1482), taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Hasan ibn Zubayriy ibn Qays (1483–1495/6), taxtdan agʻdarilgan[3].
  • Foris ibn Shaman (1495/1496–?)[3].

Manbalar

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • Landau-Tasseron, Ella „Arabia“, . The New Cambridge History of Islam, Volume 1: The Formation of the Islamic World, Sixth to Eleventh Centuries. Cambridge: Cambridge University Press, 2010 — 397–447-bet. ISBN 978-0-521-83823-8. 
  • Mortel, Richard T. (1991). "The Origins and Early History of the Husaynid Amirate of Madīna to the End of the Ayyūbid Period". Studia Islamica 74 (74): 63–78. doi:10.2307/1595897. 
  • Mortel, Richard T. (1994). "The Ḥusaynid Amirate of Madīna during the Mamlūk Period". Studia Islamica 80 (80): 97–123. doi:10.2307/1595853.