Koshgʻariy

Turkiy tilshunos olim, filolog
(Mahmud Qoshgʻariydan yoʻnaltirildi)

Mahmud ibn al-Husayn ibn Muhammad al-Koshgʻariy (Mahmud al-Koshgʻariy, Mahmud Koshgʻariy, Koshgʻariy, yaʼni Koshgʻarlik Mahmud; 1028- yoki 1029-yil Issiqkoʻl janubi-sharqidagi Barsxon shahrida tugʻilgan  — 1101- yoki 1126-yilda Koshgʻar yaqinida — Oʻpalda vafot etgani taxmin qilinadi) — turkiy tilshunos olim, filolog.

Mahmud ibn al-Husayn ibn Muhammad al-Koshgʻariy
Asl ismi arabcha: محمود بن الحسين بن محمد الكاشغري
Tavalludi 1028 yoki 1029
Issiqkoʻl janubi-sharqidagi Barsxon shahri
Vafoti 1101 yoki 1126
Koshgʻar yaqinidagi Oʻpal
Taxallusi Koshgʻariy
Kasbi Turkshunoslik
Ijod qilgan tillari Turkiy tillar
Shoh asari „Devonu lugʻotit turk“

Turkiy xalqlarning arab tilidagi ilk ensiklopediyasi — „Devonu lugʻotit turk“ (1072—1074) muallifi, turkshunoslik ilmining asoschisi. „Devonu lugʻotit turk“da turkiy xalqlarning tillari, ogʻzaki ijodi, tarixi, yashash joylari va turmushi aks etgan boʻlib, asar turkiy xalqlar tarixi boʻyicha muhim manba hisoblanadi[1].

Hayoti va faoliyati

tahrir

Koshgʻariy hayoti haqida yagona manba uning oʻz qalamiga mansub asarlaridir. Bizga maʼlum maʼlumotlarga koʻra, u Qoraxoniylar davlatida, qoraxoniylar sulolasiga aloqador zodagon oilada tugʻilgan.[1] Qoraxoniylar davlatidagi ichki nizolar tufayli vatanini tark etib, 15 yil davomida atrofdagi qardosh xalqlar orasida yurishga majbur boʻlgan, pirovardida Bagʻdodga yetib borgan. Koshgʻariy Bagʻdodda olimlar oʻrtasida turkiy xalqlar va ularning tillariga katta qiziqish borligini kuzatgan, shu sabab bu mavzuda ikki asar yozishga qaror qilgan.

Devoni lugʻatit turk

tahrir

„Devoni lugʻatit turk“ ustida 1072-yilda ishlay boshlagan[1] (ayrim manbalarda, jumladan, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida shu yili asarni yakunlagan, deb xato koʻrsatilgan[2]). Bu haqda asarning oʻzida quyidagi fikrlar bayon etiladi: „Bu kitobni yozgan yilimiz toʻrt yuz oltmish oltinchi yilning muharram oyida ilon yili kirgan edi.“[3]

Asarning oʻzida keltirilgan maʼlumotga koʻra, 1075—1094-yillarda asarning toʻrt nashrini tayyorlagan. Asarning ilk nusxasi yoʻqolgan. 1266-yilda koʻchirilgan qoʻlyozma nusxasi esa saqlanib qolgan. Asarda Koshgʻariy shunday deb yozadi:

„Men bu kitobni maxsus alifbe tartibida hikmatli soʻzlar, sajʼlar, maqollar, qoʻshiqlar, rajaz va vasl deb atalgan adabiy parchalar bilan bezadim. ... Men isteʼmoldagi soʻzlarnigina berdim, isteʼmoldan chiqqanlarini tashladim. ... Soʻngra men har bir qabilaga mansub soʻzlarning yasalish xususiyatlarini va qanday qoʻllanishini qisqacha izoqlab koʻrsatish uchun alohida yoʻl tutdim. Bu misol tariqasida turklarning tilida qoʻllanilib kelgan sheʼrlaridan, shodlik va motam kunlarida qoʻllanadigan hikmatli soʻzlaridan, maqollaridan keltirdim.“[2]

„Devonu lugʻati-t-turk“ („Turkiy tillar devoni“) asarini muallif xalifa Abul Qosim Abdulloh ibn Muhammad al-Muqtadiy bi-Amrillohga tuhfa qilgan[4].

Asar tarkibi

tahrir

Ushbu asar muqaddima va lugʻat qismdan iborat boʻlib, Markaziy Osiyo xalqlari madaniy hayotida alohida oʻrinni egallaydi. Chunki, olim asarga dunyo xaritasini ham ilova qiladi va Kichik Osiyodan to Xitoy hududlarigacha choʻzilib ketgan hududlarda yashagan turkiy xalqlar tarixi, geografiyasi, etnogenezi, urf-odatlari, turmush tarzi va madaniyati toʻgʻrisida gʻoyatda qimmatli maʼlumotlarni beradi. Asarda turkiy qavm-urugʻlar: qipchoq, oʻgʻuz, yamak, boshqirt, basmil, qay, yaboku, tatar, qirgʻiz, chigil, yagʻmo, tuxsi, igroq, jaru, jamil, uygʻur, tangut, tabgʻochlardan tashqari fors, arab, xitoy va rus xalqlari haqida ham maʼlumotlar bor. Shunisi muhimki, „Devonu lugʻotit turk“ shaharlarda soʻgʻd-turk ikki tilliligi rasmiy holat boʻlganligi Mahmud Koshgʻariyning asarida ham qayd etilgan[5].

Asar tarjimalari

tahrir

„Devonu lugʻotit turk“ asarining arabcha matni 1915—1917-yillarda uch jildda Istanbulda, mukammal oʻzbekcha sharhli tarjimasi S. M. Mutallibov tomonidan amalga oshirildi va 1960—1963-yillarda Toshkentda chop etilgan. 6727 ta lugʻat maqolasida turkiy urugʻ, qabilalarning tili, adabiyoti, tarixi, urf-odatlari boʻyicha noyob maʼlumotlar jamlangan. Kitob hijriy 466-yili yozilgan, bizga hijriy 664-yili kotib Muhammad binni Abu Bakr Damashqiy koʻchirgan qoʻlyozma yetib kelgan. „Devonu lugʻat at-turk“ asarining usmonli turkcha 1939—1941-yillarda B.Atali, inglizcha 1982—1985-yillarda R.Dankoff bilan J.Kelli, uygʻurchasi esa 1981—1984-yillarda bir guruh tarjimonlar tomonidan amalga oshirilib, chop ettirilgan[6].

Javoqirun-nahvi fi lugʻotit turk

tahrir

Koshgʻariyning ikkinchi asari — „Devonu lugʻotit turk“dan avvalroq yaratilgan, „Javoqirun-nahvi fi lugʻotit turk“ („Turk tillari sintaksisi qoidalari“) asari saqlanib qolmagan. Asar haqida bizga faqat Koshgʻariyning oʻzi yozgan manbalardan maʼlum[7].

Vafoti

tahrir

Koshgʻariy 1105-yoki 1126-yilda vatanida vafot etgan, Oʻpal deb nomlangan hududning Aziq qishlogʻida dafn etilgan[2].

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 E. Van Donzel, ed (1997). "Al-Kâshgharî" (inglizcha). The Encyclopedia of Islam. IV. LeidenNew York: E. J. Brill. 
  2. 2,0 2,1 2,2 "Koshgʻariy". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti. 2006. 
  3. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 107-bet.
  4. Z. Munavvarov va boshqalar. Ренессанс олимлари қомуси (oʻzbekcha, inglizcha va arabcha), 2021-yil — 10-bet. ISBN 978-9943-7557-7-2. 
  5. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 107-108-betlar.
  6. Madraimov A., Fuzailova G. Manbashunoslik / Darslik. -T.: Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2008. 154-bet.
  7. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 107-bet.

Havolalar

tahrir