Muhammad Rahimxon I
Muhammad Rahimxon I (toʻliq ismi Muhammad Rahimxon ibn Avaz inoq ibn Muhammad Amin inoq) (1775—1825) – oʻzbek qoʻngʻirotlar sulolasidan Xorazm xoni (1806—1825).
Muhammad Rahimxon ibn Avaz inoq ibn Muhammad Amin inoq | |
---|---|
Muhammad Rahimxon I | |
Mansab davri 1775 – 1825 Inoqlik lavozimida | |
Oʻtmishdoshi | Eltuzarxon |
Vorisi | Olloqulixon |
Mansab davri 1806 – 1825 Xonlik davri | |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Otasi | Avaz Muhammad inoq |
Faoliyati
tahrirMuhammad Rahimxon I 1775-yilda Xiva shahrida Muhammad Avaz inoq oilasida dunyoga kelgan. Yoshligidan yaxshi taʼlim olgan, fors va arab tillarini bilgan. 1806-yilda Buxoro amirligiga qarshi olib borilgan yurishda akasi Eltuzarxon (1804—1806)ning fojiali vafot etishi natijasida Xiva xonligi taxtiga Muhammad Rahimxon I oʻtiradi. Muhammad Rahimxon I hukmronligi davrida bobosi Muhammad Amin inoq boshlagan Xiva xonligidagi xalqlarni birlashtirish ishini muvaffaqiyatli amalga oshiriladi. Uning hukmronligi 1806-yildan 1825-yilgacha davom etadi. Shu yili Xivada vafot etadi. Muhammad Rahimxon I oʻzi qurdirgan Pahlavon Mahmud maqbarasi katta xonaqohining toʻriga dafn etilgan.
Ichki siyosati
tahrirEltuzarxon 1806-yilda vafot etadi. Xonlikdagi bu paytda Qutlugʻmurod inoq lavozimida edi. U sobiq xon Abulgʻozi III ni taxtga qaytarish maqsadida uning huzuriga koʻchib oʻtadi. Bu vaqtda Muhammad Rahim zodagonlar va qoʻshinlarning bir qismi koʻmagida Xiva shahrini egallaydi va u yerda oʻzini xon deb eʼlon qiladi. Shundan keyin Qutlugʻmurod inoq harbiy harakatlarga jur’at eta olmaydi.
Muhammad Rahimxon I Xiva xonligini birlashtirishda ijobiy natijalarga erishgan. Bir qancha siyosiy, iqtisodiy, maʼmuriy islohotlar oʻtkazgan. Xon saroyi qoshida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi Kengash (Devon) taʼsis etilgan[1]. Muhammad Rahimxon I davrida xonlikda ichimlik ichish, bang chekish qatʼiyan taqiqlangan. Bu qoidani buzgan kishining ogʻzi qulogʻigacha kesilishi toʻgʻrisida farmon chiqarilgan. Shaharlarni obodonlashtirish, faqirlarni xursand qilish asosiy maqsad qilib qoʻyilgan[2].
Tashqi siyosati
tahrirMuhammad Rahimxon I mamlakatni kengaytirish uchun 1808—1809-yillarda turkman – chovdurlar ustiga yurish qilgan. Chovdurlar Xiva xoni yurishlaridan keyin, asl vatani boʻlgan Mangʻishloqga koʻchib oʻtishga majbur boʻladilar. Yorliqabek boshchiligidagi boshqa bir qismi 1810-yilda Xiva xonligi tarkibidagi Xoʻjayli hududiga joylashishga ruxsat oladi, ularga ekin yerlari berilgan[3]. Shu yili Hasanboy elini boʻysundirib Qoʻngʻirotga hujum qilgan, biroq u yerda qattiq qarshilikka uchragan. Oymirza hukmronlik qilayotgan qoraqalpoqlarning bir qismini Oq yoshq degan mavzega koʻchirgan. Muhammad Rahimxon I Orol boʻyi qoraqalpoqlarini boʻysundirish uchun bir necha marta yurish qilib, 1811-yilda Toʻramurod soʻfini yengib xonlikni mustahkamlagan. 1812—1818-yillar davomida Sirdaryo boʻyi qozoqlari va Marvdagi taka turkmanlar ustiga yurish qilib, ularni xonlikka qoʻshib olgan. Bu gʻalabalar Xiva xonligining mavqeini mustahkamlab, uni mustaqil qudratli davlatga aylantirgan. 1823—1824-yillarda Buxoro amirligiga tegishli Qoqishtivon, Ogʻor va Poykend qalʼalariga talonchilik yurishlari qilgan. Buxoro amiri Haydar bilan 1825-yilda sulh tuzgan.
Muhammad Rahimxon I davrida Dashti Qipchoq, Xuroson Xiva xonligiga soliq toʻlab turgan. Xonlik hududi janubda Xuroson, shimolda Orol dengizi va Sirdaryoning quyi oqimidagi yerlar, sharqda Buxoro amirligiga tutash hududlar, gʻarbda Kaspiy dengizi qirgʻoqlarigacha boʻlgan yerlarni oʻz ichiga olgan.
Diplomatik munosabatlar
tahrirMuhammad Rahimxon I davrida Rossiya imperiyasi, Usmonlilar imperiyasi va Afgʻoniston bilan diplomatik aloqalar oʻrnatilgan.
Afgʻoniston bilan aloqalar ayniqsa doʻstona munosabatda boʻlgan, chunki afgʻon hukmdori Muhammadshoh (1809—1818) bir muddat Xivada surgunda yashagan. Keyinchalik u yana Afgʻoniston hukmdori boʻladi va xorazmlik savdogarlarga mamlakatda erkin savdo qilishiga ruxsat beradi[4].
1819—1820-yillarda rus elchisi N. Muravyov (1794—1866) Xivada boʻlib, u oʻz sayohati haqida kitob yozgan[5]. Uning maʼlumotlariga koʻra, Xiva xonligining aholisi uch yuz ming kishini tashkil qilgan. Asosiy aholini oʻzbeklar va turkmanlardan iborat boʻlgan[6].
1820 yilda A. F. Negri boshchiligidagi rus diplomatik missiyasi Xivaga tashrif buyuradi va Muhammad Rahimxon I qabulida boʻladi.
Madabiy va maʼrifiy sohadagi islohotlari
tahrirMuhammad Rahimxon I arab, fors tillarini bilgan. Ilm ahliga homiylik qilgan. Olim, shoir va donishmandlar bilan suhbatlar oʻtkazib turgan. Muniaa Eltuzarxon davrida boshlangan „Firdavs-ul-iqbol“ asarini davom ettirishga sharoit yaratib bergan. 1813-yil Munisga „Ravzat-us safo“ asarini tarjimasini topshirgan. Mamlakatda bir qancha kanallar qazdirib obodonlashtirishga eʼtibor bergan. Arkda zarbxona tashkil qilib, oltin va kumush tangalar chiqargan. Muhammad Rahimxon I davrida ichkilik va bangilik taʼqiqlangan. Muhammad Rahimxon Pahlavon Mahmud maqbarasini qaytadan qurdirgan. Xivada bir qancha madrasa va masjidlar qurilgan. Ular qatoriga Qutlugʻmurod Inoq madrasasi, Bogʻbonli masjidi va boshqalar kiradi. Bojxona va boshqa muassasalar ishga tushgan (yana qarang Xiva xonligi).
1815-yilda Muhammad Rahimxon buyrugʻi bilan bosma naqshli kumush bilan qoplangan yangi taxt yasaladi. Hozirda u Moskvadagi muzeylardan birida saqlanmoqda.
Adabiyot
tahrir- Munis, Firdavs-ul-iqbol, T., 1952;
- Muhammad Yusuf Bayoniy, Shajarayi Xorazmshohiy, T., 1964.
- Yoʻldoshev M., Xiva xonligida feodal yer egaligi va davlat tuzilishi, T., 1959;
- Gulyamov Ya. G., Pamyatniki goroda Xivi, T., 1941;
- Xudoyberganov K., Xiva – 2500. Xiva xonlari shajarasi, Xiva, 1996.
- Gulomov X. G., Diplomaticheskiye otnosheniya gosudarstv Sredney Azii s Rossiyey v XVIII – pervoy polovine XIX veka. Tashkent, 2005
- Gulyamov Y. G., Istoriya orosheniya Xorezma s drevneyshikh vremen do nashikh dney. Tashkent. 1957
- Istoriya Uzbekistana. T.3. T.,1993.
- Istoriya Uzbekistana v istochnikax. Sostavitel' B. V. Lunin. Tashkent, 1990
- Istoriya Xorezma. Pod redaktsiyey I. M. Muminova. Tashkent, 1976
- Nemat Polvonov.[7]
Manbalar
tahrir- ↑ „Мухаммад Рахимхан“. alsamarkand.com. 2023-yil 4-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 20-oktabr 2023-yil.
- ↑ Абдуллаев, М. Қадимий Хоразм тарихи ва Хоразм давлатчилиги. Tошкент: «Ўзбекистон » нашриёти, 2019 — 45-bet.
- ↑ „ХИВИНСКОЕ ХАНСТВО И ПРИНЦИПЫ ЕГО УПРАВЛЕНИЯ. Приход к власти представителей династии Кунград и их мероприятия по укреплению институтов государственности“. xorazmiy.uz. Qaraldi: 20-oktabr 2023-yil.
- ↑ История народов Узбекистан. Т.2. Ташкент, 1947, 175-b
- ↑ „Путешествие в Туркмению и Хиву в 1819 и 1820 годах. Н. Муравьев“. kungrad.com. Qaraldi: 20-oktabr 2023-yil.
- ↑ История народов Узбекистан. Составитель Б. В. Лунин. Ташкент, 1988, 178,182,190-betlar
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |