Qamara Burnasheva (1920-yil 8-mart Andijon — 2000-yil 31-may) — aktrisa, qoʻshiqchi. Oʻzbekiston xalq artisti (1960).

Qamara Burnasheva
Tavalludi 1920-yil 8-mart
Vafoti 2000-yil 31-may
Toshkent
Kasbi Qoʻshiqchi, aktrisa
Unvoni

Biografiyasi

tahrir

Qamara Burnasheva 1920-yili 8-mart kuni Andijon shahrida ziyoli oilada dunyoga kelgan. Otasi Valijon Burnashev hamda onasi Aziza Burnasheva Andijonda oʻqituvchilik bilan shugʻullangan. Qamara Burnasheva oilada uch qiz farzandning kenjasi boʻlgan[1].

Qamara Burnasheva maktabda oʻqib yurgan davrda „Koʻk koʻylaklilar“ drama toʻgaragiga qatnagan. 7-sinf oʻquvchisi Burnasheva toʻgarakdagi boʻlib oʻtgan sahna koʻrinishida qatnashgan va uning ijrosi Toʻxtasin Jalilov eʼtiborini tortgan[1]. Qamara Burnasheva 1934-yili 14 yoshida Y. Oxunboboyev nomidagi Andijon musiqali drama va komediya teatriga ishga qabul qilingan (1943-yil Samarqand teatrida aktrisalik bilan shugʻullangan) va u yerda 1991-yilgacha faoliyat koʻrsatgan. Teatr sahnasida ikki yuzga yaqin rollarni ijro etgan[2].

Qamara Burnasheva „Boy ila xizmatchi“ spektaklida Gulbahor, „Xolisxon“da Tojixon, „Romeo va Julyetta“ spektaklida Julyetta, „Shohi soʻzana“da Hafiza, „Momaqaldiroq“ spektaklida Katerina, „Farhod va Shirin“ asarida Shirin, „Layli va Majnun“ asarida Layli, „Nurxon“da Nurxon, „Kelinlar qoʻzgʻoloni“ spektaklida Farmonbibi, „Nodira“da Nodira, „Oshiq Gʻarib va Shohsanam“ spektaklida Shohsanam, „Kampirga sovchi keldi“da Oysha xola, „Sanam“da Sanam va boshqa obrazlarni yaratgan[2]. Aktrisa „Layli va Majnun“ asaridagi Layli obrazini 1001 marta ijro qilgan[1].

Qamara Burnasheva qoʻshiqchi sifatida ham ijod qilgan. Uning ijrosida „Tokay“, „Firgʻonikim“, „Mubtalo boʻldim senga“ singari 10 dan ziyod qoʻshiqlar mavjud va ular Oʻzbekiston teleradiokompaniyasining „Oltin fond“dida saqlanadi[1].

Qamara Burnashevaga Abbos Bakirov, Xadicha Aminova, Vahob Azimovlar ustozlik qilgan[1].

Aziza Aminova, Maʼrifat Ubaydullayeva, Naziraxon Hakimova, Qimmatxon Turgʻunova, Shirinxon Mansurova, Mavluda Boymatova, Sharofat Toshiboyeva Qamara Burnashevaning shogirdlari boʻlgan[1].

Qamara Burnasheva serqirra aktrisa boʻlib, oʻtkir hajviy, lirik va murakkab psixologik rollar ustasi sifatida tanilgan[2].

Shaxsiy hayoti

tahrir

Qamara Burnasheva Abbos Bakirov bilan turmush qurgan. Ular toʻrt nafar farzanga — ikki qiz, ikki oʻgilga ota-onalik qilgan. Oʻzbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirova ularning farzandidir[1].

Vafoti

tahrir

Qamara Burnasheva 2000-yil 31-may sanasida 80 yoshida Toshkent shahrida vafot etgan[2].

Mukofotlari

tahrir

Qamara Burnasheva 1960-yili „Oʻzbekiston xalq artisti“, 1998-yili „El-yurt hurmati“ ordeni bilan taqdirlangan[2].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 226-bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. Qaraldi: 15-iyun 2023-yil. 
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil