Shavkat Rahimovich Hamroyev (tugʻ. 1964-yil 13-avgust, Buxoro, Oʻzbekiston SSR, SSSR) — oʻzbek davlat arbobi va irrigator, 2018-yil 12-fevraldan boshlab Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri. 2016-yilda Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan irrigator, 2017-yilda esa Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan irrigator faxriy unvoniga sazovor boʻldi.

Shavkat Hamroyev
 Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri
 
Mansab davri
2018-yil 12-fevral
Hukumat boshligʻi Abdulla Oripov
Prezident Shavkat Mirziyoyev
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 13-avgust 1964-yil (1964-08-13) (59 yosh)
Buxoro, OʻzSSR, SSSR
Maʼlumoti Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti
Mukofotlari

Biografiya tahrir

Shavkat Hamroyev 1964-yil 13-avgustda Buxoroda tugʻilgan.

Taʼlim tahrir

1986-yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiyasi institutini (hozirgi „Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti“ Milliy tadqiqot universiteti), 2001-yilda esa — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini[1] tamomlagan.

Mehnat faoliyati tahrir

Mehnat faoliyatini 1986-yilda katta gidrotexnika muhandisi, keyin Buxoro viloyati Qoraulbozor tumani suv xoʻjaligi boʻlimi bosh muhandisi sifatida boshlagan. 1994-1997-yillarda Buxoro viloyati suv xoʻjaligi boshligʻi oʻrinbosari boʻlib ishlagan.

1997-yildan 2001-yilgacha Buxoro viloyati Vobkent tumani hokimining birinchi oʻrinbosari boʻlib ishlagan. 2001-yilda Buxoro viloyati qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, shuningdek, suv resurslarini tartibga solish xizmati rahbari etib tayinlangan. 2003-yilda Amu-Buxoro havzasini sugʻorish tizimlarini boshqarish boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi.

2005-yilda Shavkat Hamroyev Oʻzbekiston Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari — Suv xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi va ushbu lavozimda 2017-yilgacha ishladi. 2018-yil 12-fevralda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan u Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri etib tayinlandi[2].

2019-yil 6-sentyabrda Bali orolida (Indoneziya) irrigatsiya va drenaj boʻyicha xalqaro komissiyaning Xalqaro Ijroiya kengashining 70-yigʻilishida Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyev bir ovozdan vitse-prezident etib saylandi[3].

Xorijiy tashriflar tahrir

2018-yilda Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyevning Braziliyaga tashrif buyurishi xabar qilingan[4].

Suv muammolariga munosabati tahrir

Shavkat Hamroyev Markaziy Osiyodagi suv bilan bogʻliq muammolar haqida fikrlari bilan oʻrtoqlashgan. Uning munosabatida Oʻzbekiston hududiga suv kirib kelish miqdori 2050-yilga qadar kamida 5 milliard kubga kamayishi kutilayotganligi maʼlum qilingan.

Global isish muammosi Oʻzbekistonga ham juda katta salbiy ta'sir koʻrsatyapti. Ba'zilar muzliklarni tez erishi yaxshi-ku, koʻproq suv kelyapti, deyishadi. Muzliklar koʻp erigandan keyin u qayta tiklanadi. Masalan, Orol dengizi qurishidan oldin qor, yomgʻirlar koʻp yogʻardi, ya'ni suv suvni tortadi. Lekin muzliklar erigan sari tiklanish jarayoni ham kamayib boradi.
Oʻzbekiston 80—90-yillarda kurashsiz, janjalsiz 64 milliard kub suv olardi. Ammo global isish natijasida suvlarning kelish oqimi 51-52 milliard kubga kamaydi. Bu miqdor kelajakda ham kamayib boradi. Hisob-kitobimizga koʻra, yurtimizga suv kelishi 2050-yilgacha yana kamida 5 milliard kubga kamayadi.
Shuningdek, suv omborlari qurilishi, yer oʻzlashtirishlar, boshqa sohalarning rivojlanishi sabab yana suv oqimi kamayishi kutilmoqda. Mening taxminlarimga koʻra, 10 milliard kubga kamayishi mumkin. Vaziyat yana murakkablashadi, biz bunga tayyorgarlikni boshlaganmiz.

— Shavkat Hamroyev, [5]

Mukofotlar tahrir

  • "Doʻstlik" ordeni (2011)
  • Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan irrigator (2016)
  • Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan irrigator (2017)
  • Tojikiston Respublikasining I  darajali „Sharaf“ ordeni (2018)[6]

Manbalar tahrir