Husayn Boyqaro

Temuriylar sulolasining vakili, Xuroson podshosi, shoir va davlat arbobi
(Sulton Husayn Boyqarodan yoʻnaltirildi)

Husayn Boyqaro (Husayniy) (1438-yil, Hirot1506-yil, 4-may, Bobo-Ilohi, Hirot yaqinida) — Temuriylar sulolasining vakili, Xuroson podshosi, taniqli turkiy shoir va davlat arbobi.

Husayn Boyqaro
Tavalludi 1438-yil iyun
Vafoti 4-may 1506-yil (68 yoshda)
Fuqaroligi Temuriylar imperiyasi
Dini Islom
Otasi Umarshayx
Onasi Feruzabegim

Hirot yaqinida tugʻilgan. 1469-yildan umrining oxirigacha Xuroson podshohi. Uning hukmdorligi yillarida iqtisodiy va madaniy hayot yaxshilangan. Navoiyning maktabdosh doʻsti va homiysi.

Tarixiy manbalardan shu narsa maʼlumki, Husayn Boyqaro Temuriy shahzodalar orasida jasoratli, mard, odil va tadbirkor saltanat sohibi boʻlgan. Husayn Boyqaro Hukmronlik qilgan davrda Xuroson fuqarolari birmuncha osoyishta va farovon hayot kechirgan. Ayniqsa, vaziri Alisher Navoiyning saʼy-harakatlari natijasi oʻlaroq, mamlakatda yirik suv inshootlari, maʼmuriy va madaniy qurilishlar, madrasa, masjid, karvonsaroy, rabotlar, ko‘priklar va sh.k. qurilish ishlari keng koʻlamda olib borilgan. Shu bois Husayn Boyqaroning hukmronlik davrida Hirot fan va madaniyat markaziga aylangan edi. Bu davrda ilmu fanning barcha jabhalarida qalam tebratgan allomalar, soʻz ustalari, adiblar, shoirlar, musiqashunoslar, hunarmand naqqoshlar va musavvirlar Hirotning dovrugʻini jahonga mashhur qilganlar.[1]

Husayn Boyqaro, Husayniy (toʻliq nomi Husayn ibn Mirzo Mansur binni Mirzo Boyqaro) (1438— Hirot — 1506) — Xuroson hukmdori (1469-1506), shoir. 15-asr oʻzbek mumtoz adabiyotining namoyandalaridan. Temuriylardan Umarshayx mirzoning evarasi. Onasi Feruzabegim temuriylardan Mironshohning nabirasi. Husayn Boyqaro, Bobur taʼriflaganidek, ikki tomonlama ulugʻ („karim ut-tarafayn“) boʻlgan.

Hukmdorlik yillari

tahrir

14 yoshda Abulqosim Bobur saroyiga xizmatga kirgan. 1454-yil Abulqosim Boburning Samarqandga — Abu Said Mirzoga qarshi yurishida qatnashgan. Abulqosim Bobur yengilgach, sulh tuzib, Hirotga qaytgan. Husayn Boyqaro esa onasining tavsiyasi bilan Abu Said Mirzo saroyida qolgan. Koʻp oʻtmay, qamoqqa olingan. Feruzabegim uni qutqarib, Hirotga olib kelgan. Shoh vafot etgach, Husayn Boyqaro Marv hukmdori Sulton Sanjar xizmatiga kirgan va uning qizi Beka Sultonbegimga uylangan. Sulton Sanjar Husayn Boyqaroni oʻz oʻrniga qoʻyib, Mashhadga yurish qilgan. Bu orada Marvda Husayn Boyqaroga qarshi fitna uyushtirilib, u ovga chiqqanda, shahar darvozalari berkitib olingan.

Husayn Boyqaro 1457-yilni qoʻshni Marv bilan Xiva oraligʻidagi biyobonda oʻtkazgan. 1458-yilda 300 kishilik qoʻshin bilan Sulton Sanjarning yaqinlaridan Bobo Hasan qoʻshinini yengib, Niso viloyati, soʻng Astrobodni egallagan. 1459-yilda Husayn Boyqaro huzuriga Abdurazzoq Samarqandiy elchi boʻlib kelgan. 1460-yilda vaziyat taqozosi bilan Husayn Boyqaro Astrobodni tashlab chiqishga majbur boʻlgan. Ammo 1461-yil shaharni qaytarib olgan. Shu yil yoz oxirlarida Hirotga yurish qilgan. Biroq Abu Said Mirzoga bas kelolmay, orqaga chekingan, buning ustiga, Astroboddan ham mahrum boʻlgan. Amudaryo orqali Xorazmga oʻtib, Vazir shahriga — Mustafoxon huzuriga elchi yuborib, Abu Saidga qarshi birgalikda kurashishga daʼvat etgan. Lekin elchi kelguncha, uning ogʻasi Pir Budogʻ bilan kelishib, Mustafoxonga qarshi yurish qilishgan, lekin Vazir shahrini ololmay, bitim tuzganlar. Husayn Boyqaro Adoqqa borib, 1461-yil oxirlarigacha oʻsha yerda qolgan. Adoqda turib, Astrobod, Gurgon va Eronning boshqa tumanlariga hujumlar uyushtirgan, magʻlubiyatga uchraganida, shu yerdan panoh topgan. Mustafo zulmiga qarshi koʻtarilgan isyondan foydalanib, avval Vazirni, 1462-yilda Urganch va Xivani qoʻlga kiritgan. Oradan 1 yil oʻtmay, Abu Said uni Xorazmdan surib chiqargan.

1463-1464-yillarda Urganch, Xiva, Hazorasp, Tirsakni qoʻlga kiritgan. Shu yerda kuch toʻplab, yana Xurosonga hujum qilgan. Ammo Abu Said qoʻshinlari Xivani egallay. Husayn Boyqaro uni qaytarib oladi. 1467-yilda yana Urganchni egallaydi. Shu yili u oʻzbeklar xoni Abulxayrxondan yordam soʻrab, Dashti Qipchoqqa boradi. Xon yordam vaʼda qiladi, lekin betob boʻlib qolganligi tufayli, bu vaʼda amalga oshmaydi. 1469-yil martigacha Xorazm va Buxoro oʻrtasida sarson-sargardon yurgan Husayn Boyqaro, Abu Said vafot etgach, Hirotni egallab, Samarqanddan doʻsti Alisher Navoiyni maxsus yorliq bilan chaqirib oladi va muhrdorlik vazifasiga tayinlaydi. Navoiy doʻstini taxtga chiqishi bilan qutlab, unga „Hiloliya“ qasidasini taqdim etgan.

1469-1470-yillar Shohrux mirzoning avlodlaridan Yodgor Muhammad Mirzo va Abu Said Mirzoning oʻgʻli Sulton Mahmud Mirzo taxt daʼvogarlari sifatida maydonga chiqadilar. Yodgor Mirzoning tarafdorlari, xususan, onasi Poyanda Sultonbegim Hirot ichkarisida zimdan ish olib borgan. 1470-yilning iyulida Husayn Boyqaro qoʻshin bilan dushmanga qarshi jangga ketganda, poytaxtda sotqin bek va amaldorlar Yodgor Mirzo nomiga xutba oʻqitganlar. Husayn Boyqaro 1 oydan soʻng Navoiyning tadbirkorligi bilan Yodgor Mirzoni qoʻlga olib, taxtni qayta egallagan va umrining oxirigacha hukmdorlik qilgan. Saltanatiga Xorazm, Seyiston, Qandahor, Balx, Gʻaznadan Domgʻongacha boʻlgan yerlar kirgan. Yurak xastaligidan vafot etgan Husayn Boyqaro oʻzi qurdirgan madrasa ichidagi maqbaraga dafn etilgan. Hozir maqbara vayron boʻlgan, qabr va uning ustiga oʻrnatilgan „Sangi haft qalam“ saqlanib qolgan.

Xuroson mamlakati Husayn Boyqaro davrida

tahrir

Husayn Boyqaro Temuriylar orasida ancha shijoatli va maʼrifatli, shariatga qatʼiy amal qilgan hukmdor boʻlgan. Husayn Boyqaro Xurosonda hokimiyatni egallagach, asosiy eʼtiborni mamlakatda tinchlik, osoyishtalikni qaror toptirish, ichki hududiy nizolar, ziddiyatlarni bartaraf etish va markaziy hokimiyatni mustahkamlashga qaratgan. U oʻlkada madaniy-maʼrifiy va obodonchilik ishlarini rivojlantirishga alohida ragʻbat koʻrsatgan: iqtisodiy hayot yuksalib, savdo-sotiq rivojlangan, yuzlab karvonsaroylar, rabot, koʻprik, maktab, madrasa, masjid, xonaqoh, hammom, tabobatxona, yetimxona, suv havzalari qurilgan, kanallar qazilgan, bogʻlar barpo etilgan.

Hirot mamlakati Husayn Boyqaro davrida

tahrir

Husayn Boyqaro davrida Hirot Sharqning fan, madaniyat, hunarmandchilik rivojlangan yirik markaziga aylangan: turli mamlakatlardan isteʼdod sohiblari Hirotga panoh axtarib kelganlar. Til, adabiyot, tarix, tasviriy sanʼat, xattotlik, kitobat sanʼati, tabobat, handasa, musiqa, qogʻoz tayyorlash, tomosha sanʼati va boshqa sohalar rivojlangan. Hirot, Mashhad, Marv, Nishopur singari shaharlarda koʻplab noyob obidalar barpo etilgan. Mahalliy hunarmandlar ishlab chiqargan mahsulotlar Xurosondan tashqarida ham mashhur boʻlgan. Husayn Boyqaro, Navoiy va Jomiy koʻplab isteʼdodlarni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlaganlar; oʻz davrining zabardast shoir, olim, muarrix, musiqachi, xattot, naqqoshlari xuddi shu zamonda yetishib chiqqanlar va faol ijod qilganlar.

Husayn Boyqaro turkiy tilda yozishni ragʻbatlantirgan va shunga daʼvat qilgan. Oʻzi ham badiiy ijod bilan shugʻullanib, „Husayniy“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan, sheʼriyat majlislari tashkil etib, shoirlarga rahnamolik qilgan. Undan bizgacha sheʼrlar devoni va Navoiyga bagʻishlangan "Risola" asari yetib kelgan. „Risola“ asari 1945-yilda turk olimi Ismoil Hikmat tomonidan topilib, ilmiy muomalaga kiritilgan. Shoh shoirning hozirgacha 202 gʻazal, Navoiy gazaliga bogʻlangan 3 muxammas, 6 ruboiy, shuningdek, fors-tojikcha 2 gʻazal 1 ruboiy va bir necha baytlari maʼlum. Gʻazallarining barchasi ramal bahrida. Lekin ular Husayn Boyqaroning tabʼi baland, didi nozik shoir boʻlganligini koʻrsatadi. Navoiy "Majolis un-nafois" tazkirasining 8-majlisini toʻliq Husayn Boyqaro ijodiboʻgʻina bagʻishlab, uning devonidagi 164 gʻazalning matlaʼini keltiradi va u qoʻllagan badiiy timsollar, sheʼriy sanʼatlar, nozik maʼno va ohorli tashbehlar xususida fikr yuritadi. Husayn Boyqaro gʻazallari tilining musiqiyligi va jarangdorligi bilan ajralib turadi.

Farzandlari

tahrir

Husayn Boyqarodan 14 oʻgʻil, 11 qiz qolgan. Badiuzzamon Mirzo, Shohgʻarib Mirzo, Muhammad Husayn, Ibrohim Husayn kabi oʻgʻillari badiiy ijod bilan ham shugʻullanishgan. Keyinchalik oʻzaroichki urushlar, Husayn Boyqaro va saroy amaldorlarining maishatga berilib ketishi oqibatida Xuroson davlati zaiflashgan. Uning vafotidan soʻng 1507-yili Hirot shayboniylar tomonidan zabt etilgan.

Husayn Boyqaro badiiy ijod bilan shugʻullanib, gʻazalnavis shoir sifatida adabiyot tarixida iz qoldirgan. Boburning xabariga koʻra, devonidagi gʻazallari aksariyat bir vaznda (ramali musammani maqsur) yozilgan. Gʻazallarida dunyoviy muhabbatni kuylagan, betakror satrlar yaratgan.

„Risola“ nomli nasriy asarida Navoiy ijodiga keng va ob’yektiv baho bergan. Husayniy asarlari OʻR FA ShI jamgʻarmasida saqlanadi.

Shoir ijodi bilan E.Rustamov, S.Gʻanieva, E.Ahmadxoʻjaev, A.Erkinov va boshqalar shugʻullanganlar.

Nashr qilingan asarlari

tahrir
  • Husayn Boyqaro. Devon, risola. (nashrga tayyorl. S.Gʻanieva) — T.: 1968;
  • Shoh va shoir: Husayniy (nashrga tayyorl. A.Erkinov). — T.: 1993;

Manbalar

tahrir
  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 906.

Adabiyotlar

tahrir
  • H.Arasli. Husayn Boyqaro risolasi haqida. Oʻzbek tili va adabiyoti" jurn. 1968, № 3;
  • Oʻzbek adabiyoti tarixi. Besh tomlik. T.1. — T.: Fan, 1978.
  • Alisher Navoiy, Majolis unnafois [Mukammal asarlar toʻplami], 13j., T., 1998;
  • Zahiriddin Muhammad bobur, Boburnoma, T., 1989;
  • Oʻzbek adabiyoti tarixi, 2-j., T., 1977;
  • Ahmedov B., tarix saboqlari, T., 1994;
  • Buyuk siymolar, allomalar, 2-kitob, T., 1996;
  • Homidiy H., Koʻhna Sharq dargʻalari, T., 1999.
  • Begali Qosimov. O'zME. Birinchi jild. Toshkent, 2000.
  • Devon [Risola], T., 1968;
  • Husayn Boyqaro [Risola], T., 1991;
  • Jamolingdin koʻzum ravshan [Sheʼrlar), T., 1991;
  • Devon, T., 1995.

Havolalar

tahrir