Temur laʼnati yoki Temur qargʻishi (ruscha: Proklyatie Tamerlana) – bu Temur qabrini ochgan har qanday odam baxtsiz hodisaga duch keladi, degan mish-mishdir. Laʼnat haqidagi mashhur hikoyalardan birida keltirilishicha, sovet antropologlari 1941-yil iyun oyida Temur qabrni ochgan va unda qabrni ochgan kishi Temurdan ham yomonroq bosqinchini chaqiradi, degan yozuvni topishgan. Qabr ochilgandan bir hafta oʻtmay, Gitler Sovet Ittifoqiga hujum boshlaydi. Bu voqeani koʻplab odamlar laʼnat oqibati sifatida qabul qilgan. Bundan tashqari ushbu afsona, Stalingrad jangidan taxminan bir oy oldin Temurning qayta dafn qilinishi laʼnatning koʻtarilishiga hamda Sovetlar gʻalabasiga olib kelganiga ishora qiladi.

Tarixiy asos

tahrir
 
Temurning (Amir Temur) yuz rekonstruktsiyasi

Temur yoki Amir Temur zamonaviy Afg'oniston, Eron va Markaziy Osiyo hududlarida Temuriylar imperiyasiga asos solgan Temuriylar sulolasining birinchi hukmdori boʻlgan turkiy-moʻgʻul sarkarda. U hozirgi Oʻzbekistonning Samarqand shahrida joylashgan Goʻri Amir maqbarasiga dafn etilgan[1].

Laʼnatga taalluqli hodisalar

tahrir

1740-yilda Temurdan ilhomlangan Nodirshoh Temurning sarkofagini olishga keladi, uni sindirib, qabrdan jade toshini oladi. Koʻp oʻtmay, uning oʻgʻli juda qattiq kasal boʻlib qoladi va koʻplab falokatlar bilan yuzlashganidan soʻng, maslahatchilarining tavsiyasi bilan toshni qaytarib beradi. Oxir-oqibat, uning oʻgʻli kasallikdan tuzaladi[2][3].

1941-yil iyun oyida sovet antropologlari Stalinning buyrugʻi bilan Goʻri-Amir maqbarasida ekspeditsiya uyushtiradi. Maqsad haqiqatdan ham bu joy Temurning qabri ekanligini tasdiqlash va Temurning qoldiqlarini oʻrganish edi. Ekspeditsiyaga rus antropologi Mixail Gerasimov boshchilik qilgan. Tarkibida koʻplab markaziy osiyolik ziyolilar, jumladan Toshmuhammad Qori-Niyoziy[4], Yahyo Gʻulomov, Xodi Zarifov[4], Sadriddin Ayniy[5] hamda rus olimlari Aleksandr Semyonov[5], Mixail Masson, Lev Oshanin[6], Valentina Zezenkova, Boris Zasypkin[7], Vasiliy Kononov[4], Valeriy Shishkin[8] ham ishtirok etishgan. Jarayonni suratga olish va hujjatlashtirish uchun bir guruh jurnalistlar va kamerachilar ekspeditsiyaga qoʻshilgan. Ular orasida „Pravda“ gazetasidan Mixail Sheverdin, suratkash I. P. Savalin[4], filmlar brigadasi rahbari Nikolay Kim, kamerachi Malik Qayumov, yordamchilar Arif Tursunov, Kazem Muhamedov va Pavel Marshalov bor edi[4].

Turli manbalarning taʼkidlanishicha, qabr ochilishidan oldin uch nafar qariya Sadriddin Ayniyga yaqinlashib, unga juda eski qoʻlyozmani topshirishgan va bu qoʻlyozmada qabrni ochish mumkin emasligi, unda laʼnat borligi aytilgan edi. Ammo bu qadimgi qoʻlyozma emas edi. Balki XIX asrning mahalliy afsonalardan tashkil topgan „Jangnoma“ kitobi boʻlgan. Qariyalar ularni qabrdan ochmasliklarini iltimos qilishgan, lekin Ayniy ularni tayoq bilan haydab yuborgan[8]. Ayniy laʼnat haqidagi tushunchani Temur oʻlimidan keyin qabr talonchilari uchun yaratilgan hikoya deb aytgan va boshqa aʼzolar ham qoʻlyozmani tekshirgan[9]. Qayumov 2004-yilda hujjatli film guruhiga bergan intervyusida choyxonada guruhga uchta qariya kelganini, Sadriddin Ayniyning oʻgʻli Kamol ham choyxonadagi uchta qariyaning qoʻlyozmani topshirganligini tasdiqlagan. Ammo Qayumov bu qoʻlyozmani oʻqiy olmagan, chunki u fors tilida yozilgan boʻlib, u bu tilni bilmaganini aytgan[10].

Qohira shohi laʼnati hikoyasiga oʻxshab[10], qabr ochilganda yomon hid chiqadi va guruh texnik muammolarga duch keladi: chiroqlar oʻchadi, lekin yana yonib ketadi, elektrchi esa bunga sabab topa olmadi[9].

Natijada laʼnat haqida mish-mishlar Stalinga yetib boradi, u maxsus transport samolyoti bilan Temurning qabri Samarqandga qaytarilishi haqida buyruq beradi. 1942-yil noyabr oyida Temur islomiy marosimlar bilan qayta dafn etildi. Koʻpincha aytilganidek bir necha kun emas[11], balki besh hafta oʻtgach Qizil Armiya Stalingrad jangida oʻzining birinchi katta gʻalabasini qoʻlga kiritdi va bu gʻalaba urushning burilish nuqtasi boʻldi. Bu esa laʼnatning koʻtarilishi bilan bogʻliq edi. Hikoyaning bir versiyasida maxsus transport samolyoti Stalingrad ustida aylanib oʻtgan deb aytiladi[12][13].

OAVda yoritilishi va hikoyadagi bahslar

tahrir

Turli manbalarda qabrdagi va tobutdagi yozuvlar haqida turli xil maʼlumotlar keltirilgan. Nodirshoh olishga uringan jade toshda „Men oʻlikdan tiriladigan boʻlsam, dunyo larzaga keladi“ va sovet antropologlari ochgan tobut ichida esa „Kim mening qabrimni ochsa, mendan ham dahshatliroq bosqinchini chaqiradi“ degan yozuv borligi aytilgan[2][12]. Aslida esa, tobutning ichida yoki jade tosh qabrida hech qanday laʼnat yozuvi yoʻq edi[14]. Balki tobutda oddiy islomiy duolar yozilgan boʻlib, jade toshda esa faqat Temurning ajdodlari roʻyxati mavjud edi[15].

Sovet Ittifoqida laʼnat haqidagi hikoyaning birinchi marta batafsil sharhi 1990-yilda „Zvezda Vostoka“ jurnalida chop etilgan maqolada boʻlgan va keyinchalik bu hikoya 2004-yilda Aleksandr Fetisov tomonidan suratga olingan va „Rossiya“ telekanalida efirga uzatilgan hujjatli film mavzusiga aylangan[16]. Hujjatli filmda kamerachi va ekspeditsiyaning soʻnggi omon qolgan aʼzosi Malik Qayumov bilan intervyu oʻtkazilgan boʻlib, u choyxonadagi uch kishini eslab oʻtgan. Sadriddin Ayniyning oʻgʻli Kamol ham choyxonada uch kishi borligini tasdiqlagan, lekin Qayumovning voqealar versiyasiga qarshi chiqib, suhbatning oʻzbek tilida emas, balki tojik tilida boʻlgani sababli Qayumov bu suhbatni tushuna olmaganligini aytgan. Ammo u qabr ochilishini xohlamagan odamlarga nisbatan hech qanday qarshilik koʻrsatmagan[10].

Keyinchalik „Pravda“ gazetasida chop etilgan maqolada Qayumovning qabrdagi yozuvni ochgan har qanday kishiga qarshi urush tahdid qilgan, deb aytganligi keltirilgan. Natijada koʻpchilik Temur laʼnati haqidagi hikoyani Malik Qayumov bilan bogʻlagan. Ammo qabrning laʼnatlanganligi haqidagi gʻoya faqat Qayumov bilan bogʻliq emas[10][17].

Manbalar

tahrir
  1. Duiker, William J.; Spielvogel, Jackson J.. The Essential World History, Volume I: To 1800 (en). Cengage Learning, 2019-01-02. ISBN 978-0-357-39036-8. 
  2. 2,0 2,1 Ocker, J. W.. Cursed Objects: Strange but True Stories of the World's Most Infamous Items (en). Quirk Books, 2020. ISBN 978-1-68369-237-9. 
  3. Ibbotson, Sophie; Lovell-Hoare, Max. Uzbekistan (en). Bradt Travel Guides, 2016. ISBN 978-1-78477-017-4. 
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 McChesney 2021, s. 112.
  5. 5,0 5,1 Özcan, Gül Berna. Diverging Paths of Development in Central Asia: Market Adaptations, Interventions and Daily Experience (en). Routledge, 2018. ISBN 978-1-351-73942-9. 
  6. Voprosy istorii (ru). Izd-vo "Progress", 1946. 
  7. История Самарканда: С древнейших времен до Великой Октябрьской социалистической революции (ru). Fan., 1969 — 399-bet. 
  8. 8,0 8,1 Shterenshis, Michael. Tamerlane and the Jews (en). Psychology Press, 2002. ISBN 978-0-7007-1696-8. 
  9. 9,0 9,1 Moiseenko, Andrey. „Верил ли Сталин в проклятие Тамерлана“ (ru). Komsomolskaya Pravda (2004-yil 23-noyabr).
  10. 10,0 10,1 10,2 10,3 Yevseev, Anton. „Мельница мифов: проклятия Тамерлана нет“ (ru). Pravda (2012-yil 30-noyabr).
  11. Bissell, Tom. Chasing the Sea: Lost Among the Ghosts of Empire in Central Asia (en). Knopf Doubleday Publishing Group, 2007-12-18. ISBN 978-0-307-42524-9. 
  12. 12,0 12,1 Beg, Mirza Jahanzeb. The Timurid Legacy: A brief history of Timurid Turco-Mongol Clan of Udhyanpur. (en). Mirza Jahanzeb Beg, 2023-07-23. ISBN 979-8-8425-5017-3. 
  13. Bescoby, Alex. The Last Overland: Singapore to London: The Return Journey of the Iconic Land Rover Expedition (with a foreword by Tim Slessor) (en). Michael O'Mara Books, 2022. ISBN 978-1-78929-475-0. 
  14. McChesney 2021, s. 122-123.
  15. Shaw 2011, s. 54-55.
  16. Shaw 2011, s. 63.
  17. „When the tomb of Tamerlane was opened, the war began. The Curse of Tamerlane's Tomb: Why the Great Patriotic War Started“. kerchtt.ru.

Adabiyotlar

tahrir