Termiziy Abu Iso
Muhammad ibn Iso al-Termiziy (arabcha: محمد بن عيسى الترمذي), Termiziy Abu Iso, Imom Termiziy (toʻliq ismi: Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zaxdok Sullamiy Bugʻiy Termiziy; 824-yil, Termiz – 892-yil, Bugʻ qishlogʻi, hozirgi Sherobod tumani) – buyuk muhaddis.
Hadis | |
---|---|
Ism |
Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zaxdok Sullamiy Bugʻiy Termiziy |
Tavalludi |
|
Vafoti | |
Falsafa maktabi |
|
Ismi va nasl-nasabi
tahrirSullamiy deb nisbat berilishiga sabab bobolaridan biri sullam degan arab qabilasiga doʻst tutingan, Bugʻiy deyilishiga sabab oʻsha vaqtdagi But nomli qishloqda vafot etib, shu yerga dafn qilingan. Umrining oxirida koʻzi ojiz boʻlib qolgani uchun ad-Darir taxallusi bilan ham atalgan.
Hayoti
tahrirTermiziyning yoshlik yillari Termiz shahrida oʻtgan, dastlabki maʼlumotni ham shu yerda olgan. Bolaligidan oʻta ziyrakligi, xotirasining kuchliligi, noyob qobiliyati bilan oʻz tengqurlaridan ajralib turgan. Diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan oʻrgangan, bu boradagi bilimlarini yanada oshirish uchun koʻpgina sharq mamlakatlariga borgan. Uzoq yillar Iroq, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Uzoq davom etgan safarlari chogʻida qiroat ilmi, bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, oʻzi yoshlikdan qiziqqan hadis ilmi boʻyicha oʻsha davrning yirik olimlarndan taʼlim oladi. Mashhur muhaddislardan Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Sayd, Ishoq ibn Muso, Maxmud ibn Gʻaylon va boshqa uning ustozlari edi.
Termiziy Imom Buxoriy bilan uchrashganida (bu uchrashuv Nishopurda boʻlgan va ikki alloma 5 yil birgalikda yashashgan) hadisning matninigina emas, uning hikmati va falsafasini tushunib yetganini eʼtirof etadi. Oʻz navbatida Imom Buxoriy oʻz shogirdini maqtab, kamtarinlik bilan degan:
.
Bu Termiziyga berilgan juda katta baho edi.
Termiziy yoʻlda, safarda boʻlganda ham, yoki bir joyda muqim turganda ham ustozlaridan, uchratgan roviylardan eshitgan hadislarni yozib olar, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borardi. 868-yil xorij safaridan oʻz yurtiga qaytgan Termiziy ilmiy-ijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashgʻul boʻldi va yirik muhaddis olim, imom sifatida shuhrat qozondi. Taqvodorlik, islom dini va oʻz obroʻsiga gard yuqtirmaslikka intilish, dunyo mol-matosi va boylikka beparvo qarash, oxiratning gʻamini yeyish Termiziyning hayoti tarzi edi. Termiziyning shogirdlari uning ishlarini davom ettirdi. Ular ichida Makhul ibn al-Fadl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Hamod ibn Shokir, Abd ibn Muhammad Nasafiy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf Nasafiy va boshqalarni koʻrsatish mumkin.
Asarlari
tahrirTermiziy qalamiga mansub asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelgan. „Al-jomeʼ as-sahih“ („Ishonarli toʻplam“), „Ash-Shamoil an-Nabaviya“ yoki „Ash-Shamoil annabiy sallolohu alayhi va sallam“ („Paygʻambar alayhissalomning shakl va sifatlari“), „Al-Ilal fil hadis“ („Hadislardagi illatlar“), „Risola fil xilof val jadal“ („Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola“), „at-Taʼrix“ („Tarix“), „Kitob uz-zuhd“ („Zohidlik kitobi“), „Kitob ulasmo valkuno“ („Ismlar va kunyalar kitobi“) va boshqa Termiziyning asarlari ichvda eng mashhuri, shubhasiz, „Al-jomeʼ as-sahih“ boʻlib, 6 ta ishonchli hadislar toʻplamidan biridir.
Sahihi Termiziy
tahrirSahihi Termiziy asari ilmiy manbalarda „Jomeʼ at-Termiziy“, „Sunani Termiziy“ nomi bilan ham ataladi.
Ash-Shamoil an-nabaviya
tahrirTermiziyning muhim asarlaridan yana biri „Ash-Shamoil an-nabaviya“ Muhammad (alayhisallom)ning shaxsiy hayoti, u zotning suvrat va siyrati, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni oʻz ichiga qamragan manbadir. Bu kitob azaldan islomshunos olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini oʻziga tortib keladi. Arab tilida bitilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan. Uning tili ravon, uslubi gʻoyatda oddiy. Asar fors va turk tillariga tarjima qilingan. „Ash-Shamoil an nabaviya“ning 1-qismida keltirilgan hadisi shariflar paygʻambarning suvrat (tashqi qiyofasi)iga, 2-qismida keltirilgan hadisi shariflar esa ichki dunyosi-yu, axloqiy fazilatlarini bayon qilishga, yaʼni siyratga bagʻishlangan. Kitobning XVI asrga oid bir qoʻlyozmasi Toshkentda, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanadi. „Ash-Shamoil an-nabaviya“ oʻzbek tiliga oʻgirilib soʻnggi yillarda Toshkentda bir necha bor nashr etildi. 1990-yil Termiziy tavalludining 1200-yilligi yurtimizda keng nishonlandi. Mustaqillik yillarida Termiziyning yodgorlik majmuasi 2016–2017-yillari qaytadan taʼmirlanib, qutlugʻ ziyoratgohga aylantirildi[1].
Nashr qiligan asarlari
tahrir- Sunani Termiziy, 1j., T., 1999;
- Shamoili Muhammadiya, T., 1991;
- Sahihi Termiziy, T., 1993.
Manbalar
tahrir- ↑ „Termiziy Abu Iso“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (T-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.
Adabiyotlar
tahrir- Buyuk muhaddislar (Imom al-Buxoriy, Imom Muslim, Imom atTermiziy), T., 1998;
- Buyuk allomalarimiz, T., 2002;
- Uvatov U., Donolardan saboklar, T., 1994.
Havolalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Islom shaxsiyati haqidagi ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |