Terrasa (frans. terrasse, lot. terra — yer) — 1) (geologiya va geografiyada) daryo, koʻl va dengizlar qirgʻoqlari hamda togʻlarning yon bagʻirlaridagi kelib chiqishi turlicha boʻlgan, tik yon bagʻir bilan chegaralangan gorizontal yoki nishab tabiiy sahn; shuningdek, ular dengiz sathidan pastda suv tagida ham uchraydi. T. yakka holda yoki ustma-ust joylashgan boʻlib, zinapoya koʻrinishga ega. T. tektonik koʻtarilishlar, iqlimning oʻzgarishi natijasida daryo oʻzanining vaqti-vaqti bilan oʻyilishi, dengiz va koʻllar sathining pasayishi natijasida vujudga keladi. Erozion, erozionakkumulyativ va akkumulyativ T. farq qilinadi. Erozion T. tektonik koʻtarilishlarning kuchayishi, suv oqimining koʻpayishi va daryolar quyiladigan dengiz va koʻllar sathi (bazis eroziya)ning pasayishi oqibatida kelib chiqadi hamda tub jinslardan tuzilgan boʻladi. Erozion akkumulyativ T.ning yuqori qismi daryo yotqiziqlari (allyuviy), pastki qismi tub togʻ jinslaridan iborat. Akkumulyativ T. faqat daryo yotqiziqlaridan tashkil topgan. Daryo T.si keng tarqalgan boʻlib, ular daryo oʻzani va qayirining osti hisoblanadi. T.ning soni erozion sikllar va ularda daryo yotqiziqlarining toʻplanish sonini koʻrsatadi. Eng yuqori T. nisbatan qad., pastdagisi eng yoshi hisoblanadi. Daryo vodiysidagi T. soni turlicha boʻladi. Masalan, Chirchiq daryosining quyi qismida 4—5 ta, yuqori qismida 20 dan ortiq T. bor. Eng keng T. tekisliklarda oqayotgan daryolarda boʻlib, eni oʻnlab km ni tashkil qiladi. T.dan qishloq xoʻjaligida, yoʻllar, shahar va qishloqlar barpo etishda foydalaniladi; 2) asosiy binoning umumiy tomi ostida qoʻshimcha qurilgan yoʻlaksimon ayvon, peshayvon, ustunli, baʼzan oynavandli, bir yoki koʻp qavatli T., uch tomoni ochiq, baʼzan usti ham ochiq boʻlishi mumkin. Dala hovli, dam olish uylari, sanatoriylarda koʻp uchraydi, ochiq havoda dam olish xonasi vazifasini oʻtaydi. T.lar bino va inshoot qiyofasiga koʻrkamlik baxsh etib, foydalanish uchun qulaydir.