Abdulaziz ad-Dehlaviy

Abdulaziz ad-Dehlaviy mufassir va muhaddis

Abdulaziz ad-Dehlaviy (arabcha: عبد االعزيز الدهلوي – Abdulaziz ibn Shoh Valiyyulloh Ahmad ibn Abdurrahim al-Umariy al-Foruqiy ad-Dehlaviy) – mufassir va muhaddis.

Abdulaziz ibn Shoh Valiyyulloh Ahmad ibn Abdurrahim al-Umariy al-Foruqiy ad-Dehlaviy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 1746-yil (hijriy y1159-il)
Vafoti milodiy 1824-yil (hijriy 1239-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi mufassir va muhaddis

Hayoti tahrir

Siroj ul-hind“ unvoni bilan tanilgan. Abdulaziz ad-Dehlaviy hindis­tonlik mashhur hadis va kalom olimi, naqshbandiyya tariqati shayxi hisoblangan otasi Shoh Valiyyulloh ad-Dehlaviyning hind musulmonlari orasidagi yuksak mavqei bois oliy darajada tahsil koʻrgan. Yoshlik chogʻidanoq tajvid va qi­roat ilmini oʻrgangan holda, Qur’oni karimni yod oladi. Oʻn bir yoshida otasi tomonidan tayinlangan ikki ustozga shogird tushadi. „Kutubi sitta“, „Muvatto“, „Mishkāt al-masābih“, „Shamāil at-Tirmizӣ“ kabi asarlarni otasiga oʻqib bergan yoki otasidan taʼlim olgan vaqtlarda ting­lagan. Soʻng undan bu kitoblarni rivoyat qilish iznini olgan. Oʻn olti yoshida tafsir, hadis, fiqh, usul al-fiqh, aqoid, kalom, mantiq, al-jabr, geometriya, astronomiya, tarix va joʻgʻrofiya kabi ilmlar borasidagi bilimi bilan koʻpchilikning diqqatiga tushadi. 1762-yilda otasining vafotidan keyin bobosining nomi bilan atalgan „Rahimiyya“ mad­rasasida otasining oʻrnida ustozlik qilishni bosh­laydi. Bir tomondan asar yozsa, boshqa tomondan daʼvat va irshod vazifalarini yurituvchi muridlar va shogirdlar tayyorlaydi. Abdulaziz ad-Dehlaviy yigirma besh yoshga toʻlganida ketma-ket koʻrlik, moxov va boshqa kasallik­larga chalinadi. Shu bois madrasadagi darslaridan chekinib, hayotining soʻnggi kunlarigacha kitob yozish hamda seshanba, juma kunlari vaʼz oʻqib fatvo berish bilan mashgʻul boʻladi. 1824-yilda ahvoli ogʻirlashgach, merosini vorislari orasida taqsimlab beradi va oʻziga kiygan kiyimlarini kafanlik qilishlarini vasiyat qiladi. Shundan soʻng, koʻp oʻtmay vafot etadi va otasining qabri yoniga dafn qilinadi.

Sifatlari tahrir

Abdulaziz ad-Dehlaviy oriqdan kelgan uzun boʻyli, bugʻdoy rang, katta-katta koʻzli, sersoqol kishi boʻlib, oʻq otish, ulov minish, husnixat va musiqa sohalarida katta mahorat sohibi edi. U oʻzining jasur, erkin va maʼqul fikrlari bilan Hindiston musulmonlariga chuqur taʼsir oʻtkazdi va ularni oʻzining ortidan ergashtirdi. Uning fikricha, Islom olamida boʻlib oʻtgan barcha yomonlik­larning asosiy sababi, musulmonlar dinning asl manbalari hisoblangan Qur’on va sunnatdan uzoqlashganlaridir. Musulmonlarning Qur’on va sunnat koʻrsatmalariga qaytishlari va Islomga yot bid’atlarni butunlay tark etishlarigina haqiqiy najot yoʻlidir.

Asarlari tahrir

Abdulaziz ad-Dehlaviy qalamiga mansub ellikka yaqin asarlar mavjud.

– „Tafsӣr fath al-’azӣz“. „Fotiha“ va „Baqara“ surasi hamda „Taborak“ va „Amma“ poralarining forsiy tafsiri yoritilgan mazkur asarning katta qismi Hindiston inqilobi davrida yoʻqolgan. Hozirgi kunda uning ikki jildi mavjud boʻlib, Kalkuttada nashr qilingan (1248-1249-hijriy yillar).

– „Tuhfai isno ’ashariyya“ (Lakhnav 1255, 1295-hijriy yillar). Oʻn ikki imom bilan bogʻliq shia mazhabi eʼtiqodiga tanqidiy ruh­da yozilgan va Hindiston sunniy musulmonlarining shialarga qarshi eng kuchli reaksiyasi sifatida qaralgan mazkur forsiy asar, shialar va sunniylar orasida shiddatli tortishuvlarga sabab boʻlgan. Bunga javoban, shia mazhabi olimlari ham kitoblar bitganlar. Gʻulom Muhammad ibn Muhyiddin ibn Umar „Tuhfa“ni arab tiliga tarjima qilgan, Mahmud Shukriy al-Alusiy unga „Al-Minha al-ilāhiyya talxӣs tarjimati-t-Tuhfa al-isnā ’ashariyya“ nomli muxtasar asar yozgan. Mazkur asarni Muhibbuddin al-Xatib muqaddima va ilovalar bilan 1953-yilda Qohirada nashr ettirgan.

– „Boʻston ul-muhaddisiyn“ (Dehli, 1876, 1898-yillar). Hadis kitoblarining bibliografiyasi koʻrinishidagi yakunlanmagan mazkur forsiy asarda mualliflarning biografiyalariga ham oʻrin berilgan. Kitob Ali Usmon Koʻchkuzu tomonidan turk tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan (Anqar,1986-yil).

– „Ujolai nofi’a“ (Dehli, 1312, 1348-hijriy yil). Hadis usuliga oid fors tilidagi asar.

– „Sirr ash-shahādatayn“ (Dehli, 1261-hijriy yil). Karbalo shahidlari haqidagi bu asarga muallifning shogirdi Salomatulloh fors tilida sharh yozgan (Lakhnav, 1882-yil).

– „Azӣz al-iqtibās fӣ fazāil axyār an-nās“. Xulafoi roshidiynning fazilatlariga oid hadislar jamlangan mazkur asar fors va urdu tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan (Dehli, 1321-hijriy yil).

– „Mӣzān al-aqāid“ (Dehli, 1321 hijriy yil). Aqoid ilmiga oid arab tilidagi asar.

– „Fatavoi Aziziy“ (Dehli, 1311-1314; Haydarobod 1313; Dehli 1341-hijriy yillar). Ikki jilddan iborat ushbu fors tilidagi asarida Abdulaziz ad-Dehlaviy oʻzining fatvolarini jamlagan.

Yuqoridagilardan tashqari, Abdulaziz ad-Dehlaviyning mantiq, hikmat, tush taʼbiri va boshqa mavzularga oid yana koʻplab asarlari mavjud[1].

Adabiyotlar tahrir

  • Abdulhay al-Kattoniy. Fihris al-fa­hāris. – Bayrut: 1982. II, 874-875;
  • Yunus as-Somarroiy. Ulamā al-’arab fӣ shibh al-qārra al-Hindiyya. – Bagʻdod: 1986. 619-620;
  • Sh. Inayatullah. „Abd al-Aziz Dehlewî“. El2 (Fr.). I, 60-61;
  • Gulâm Resul Mehr. „Şâh Abdülaziz Muhaddis ed-Dihlevî“. UDMİ. XI, 634-637;
  • Abdulhay al-Hasaniy. Nuzha al-xavātir. VII, 268-276;
  • Muhammad Ishoq. İndiaʼs Contribution to the Study of Hadith Literature. – Dacca: 1976. 179-181;
  • Azduddin Khan. „Abd al-Aziz Dehlavi“. Elr., I, 99-101;
  • Talat Koçyiğit. „Abdülazîz ed-Dihlevî“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 188-189.

Manbalar tahrir

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.